Aks
Quduq lim lim
Quduq
lim lim
Oʻrgimchaklar ilonlar aksi
Padarining boʻsh chanogʻini
Quchoqlagan tashnalar raqsi
Quduq lim lim
Quduq
lim lim
yigʻi kulgi qorilgan
Koʻkdagi sharafalar
Naqshlari yorilgan
Quduq lim lim
Quduq
lim lim
Sekingina suzadi tuntogʻ
Toʻkiladi toshni anqitib
Chigirtkaning boʻgʻzidan buloq
Quduq lim lim
Quduq
lim lim
Yorishadi yulduzzor sekin
Koʻzu parda bir hovuch tuproq
Sham shimadi shamdonning sirin
Quduq lim lim
Quduq
lim lim
* * *
Neki tutsam qoʻlimda bir sarob boʻldi,
Neki desam ul sarob bir javob boʻldi,
Neki koʻrsam koʻzimga bir azob boʻldi,
Ey Xudoyo, bu oʻyindan ne nashʼu namo boʻldi?
Dil berganim dili mandan qocharo,
Qoʻl berganim tishlab uzib otaro,
Yoʻl berganim yoʻlda meni sotaro,
Ey Xudoyo, bu oʻyindan ne nashʼu namo boʻldi?
Libos kiydim, tanim uryon qolaverdi,
Sukut qildim, dilim biyron qolaverdi,
Senga yurdim, yoʻlim giryon qolaverdi,
Ey Xudoyo, bu oʻyindan ne nashʼu namo boʻldi?
* * *
To azal, bazmi gʻamdin kuy kelur,
ne sado bu bilmadim.
To azal, raqqoslar “hol”din kulur,
ne vabo bu bilmadim.
Sare giryon, diyda hayron, yoqa vayron,
oʻzni tomosho aylasam,
To azal, kimga yursam mandin qochur,
ne jazo bu bilmadim.
To azal, karvon halak, sarbon halak,
manzilimni bilmadim.
To azal, armon boʻlak, hijron boʻlak,
man dilimni bilmadim.
Jon tutib kaftda yorga ol desam,
begonalarga xor etur,
To azal, taqdirga koʻn der ul malak,
man bu bilimni bilmadim.
* * *
Samum suyak simillatar,
Nafas togʻni qimillatar,
Nigoh qadam imillatar,
Biz yoʻlchimi, ul yoʻlchimi bilmay qoldik,
Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.
Qafas qoʻlda kumushmidi, tillomidi,
Foʻta belda qamishmidi, hullomidi,
Malak dilda oqqushmidi, Ollomidi,
Biz yoʻldami, ul yoʻldami bilmay qoldik,
Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik…
“Roviy toʻxta, gʻayb manzar: oynaga qara,
Sochlarida tun uxlagan sarvlarga qara,
Uchsang qanot ulashguvchi maylarga qara,
Ibodat shul – dutor, tanbur, naylarga qara,
Raqqos ruhga ishqni kiydir, kuylarga qara!..”
Bul qanday oyatdir, qaysi kitobdan,
Vujud kosasiga suflayotgan kim.
Iymonkush pichogʻing buncha muloyim,
Rishtamga oʻzimni puflayotgan kim.
Boshdin tovongacha jilgʻa juldirar,
Firoq chechaklari oqar, kuldirar.
Kim qanot chayadir, kim pichoq chayar,
Bul ikki taʼm axir bizni oʻldirar.
Suyak ekib hosil kutar bir obid,
Qopqon tutib mehmon kutar bir obid,
Kosa liq-liq, olov kutar bir obid,
Biz manzilmi, ul manzilmi bilmay qoldik,
Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.
Qozon toʻla quyoshni qovuradi bir kampir,
Yoʻlni oʻrib elakda sovuradi bir kampir,
Oyni sogʻib nurlarin yogʻdiradi bir kampir.
Biz mehmonmi, ul mehmonmi bilmay qoldik,
Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.
* * *
Yalangʻoch koʻchani yashirar pichirlab
qanotlarin yoygan darparda.
Pichir-pichir, pichir-pichir.
Osma soat.
Sandalda olov.
Yostiq uzra ikki oʻrim soch.
Pichir-pichir,
Pichir-pichir.
Oʻrgimchakday oʻrmalar shiftda
erinchoq nigoh.
Bir soat, bir yil, umr
oʻtadi yo oʻtmaydi.
Vaqt yoʻqolgan.
Pastga sira tushmaydi nigoh,
balki yoʻqolgandir uyning osti ham.
Na xayol.
Na orzu.
Pichir-pichir, pichir-pichir –
shiftdan qulagan nigoh oʻrmalayotir
devordagi suratga tomon.
Neolit
Qabiladoshlar,
Hamma uxladimi?
Endi tush koʻringlar
Mamontning hil-hil pishgan tanasin.
Toʻydingizmi?
Yana tush koʻringlar –
Egningizda yoʻlbarsning yap-yangi terisi.
Xursandmisiz?
Qoʻlimdan kelgani shu,
Endi qoʻshni qabila hech qachon
Tortib ololmaydi sizlardan buni.
1979
Tish doktori Pinxasovaga
Daqiqalar oʻtadi –
ogʻriqlar,
ogʻriqlar,
ogʻriqlar.
Sizni qadamlar kutadi
– asablar,
bardoshlar,
azoblar.
Doktor Pinxasova,
Siz olib kirasiz
navbatdan tashqari asabni,
Tishlari ogʻrib qolaveradi
alamlarga toʻlgan sabrning.
Doktor Pinxasova,
Ogʻizlarga qaraysiz
Ularga nimalar kirishidan,
Ulardan nimalar chiqishidan
qatʼiy nazar.
Tandirday,
oʻchoqday,
oʻymoqday ogʻizga
koʻzingiz sigʻar.
Doktor Pinxasova,
Tishlarga qaraysiz,
Ogʻrigan tishlarga,
singan tishlarga,
chirigan tishlarga.
Goʻshtlar yeb ogʻrigan,
Mushtlar yeb ogʻrigan
tishlarda alam…
Doktor Pinxasova,
Siz davolaysiz.
Kelib-ketaverar
Tunlar, tunlar, tunlar,
Nogiron tishini bogʻlagan
kunlar.
Tishlarga qistirib joʻnataverasiz
Dorular, ogʻular, daqiqani ham,
Chigiti olingan paxtalarni ham.
Doktor Pinxasova,
Tugaydi vaqtingiz.
Tishlari toʻkilgan paltoning,
Qoʻynini toʻldirib chiqasiz.
Soʻng tishi ogʻrigan shaharning,
Ogʻziga eshikdan kirasiz.
1979
***
Quyosh qilichingni berib tur birpas,
Axir, sen oʻshanda bilmagan eding
Daryolar dodlashib bermaganda sas…
Men yomon koʻrganim qora bulutlar
Ayovsiz qamchilab, koʻz yoshi kechdi –
Daryoning bagʻrini yomgʻirlar tilar,
Jonsarak qirgʻoqlar oppoq qon ichdi.
Qochar orqaga boqmay bechora daryo
Dodlaydi kimnidir chorlar yordamga.
Shunda sen kelding, qiliching goʻyo –
Kamalak, sermading oʻxshab odamga.
Qamchilar uzildi, bulutlar qochdi.
Lekin… lekin qarshimda dunyoni hamon
Shafqatsiz savalar: “Bu oldi-qochdi”
Hasad quturtirgan telba olomon.
Shuhrat qoplarini ustiga ortar
Vijdoni emas, tutib jilovin.
Yurmagan dunyoning boshida siltar
Ochkoʻz nigohlardan eshgan qamchisin.
…Quyosh qilichingni berib tur birpas,
Axir sen oʻshanda bilmagan eding
Men koʻrib turibman bermasa ham sas.
1979
***
Kimdandir qasdingni olasan
tushadi bahaybat muskulli mushting
kimningdir mumsik jagʻiga.
Kimnidir sevasan, quchasan
mast boʻlasan muhabbatidan
qoʻrqmasdan kirasan
kimningdir devorsiz bogʻiga.
Mashina yutasan lotoreyangga
soʻrashmay oʻtasan
yomon koʻrgan odaming bilan
qoʻrqmasdan yashaysan hatto
pullaring tugagan chogʻida
Uygʻonib ketmasang boʻlgani.
Aziz Said
“Ijod olami”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/nazm/senga-yurdim-yolim-giryon-qolaverdi/