Oʻylar
Zulfiya opamning bu dunyodan koʻz yumganlarini tunda eshitgandik. Sahar turib tashqariga chiqsam, Naim aka mushtumlariga yoʻtalib, shu boʻyi soatlariga qarayotgan ekanlar.
– Shukurjon, faqat oʻzimizmi? Boshqalar chiqishmayapti, – dedilar.
– Chiqib qolar. Mashina boʻladigan boʻldimi?
– Amir Toʻra vaʼda beruvdi.
– Oʻziyam borar ekanmi?
– Borar.
Biron yarim soatdan keyin bogʻning adogʻida tanish UAZ koʻrindi. Shofyordan boʻlak yozuvchilar bogʻimizning direktori Amir Toʻrayev bor ekan, xolos.
– Boshqalar qani? – dedi direktor oʻynoqlab. – Har bittasining eshigini qoqib aytganman oʻzim… – Keyin uch qavatli ijodxona ayvonlariga qarab baqirdi: – Xoʻ, musulmonlar! Yozuvchi boʻlsanglar ham, musulmonsizlar-ku!
Hech kim tushmadi. Soat yettidan osha boshladi. Biz mashinaga oʻtirib joʻnadik. Jimmiz. Men chekaman. Naim aka mushtumiga yoʻtalib-yoʻtalib qoʻyadi. Amir Toʻra gap sotadi:
– Juda-a zoʻr shoira edilar-a?.. Neru mukofoti laureati! Sotsialistik mehnat qahramoni! “Mushoira”ni opa yozganlar-a? Yozib qoʻyganlar… Barcha shoirlar – bir oilaning farzandi deganlar. Toʻgʻri-da: negrmi u, arabmi, hindimi – darrov til topishadi. Lekin siyosatchilar ajratishadi, a?
Zulfiya opaning mahallasiga yetdik. Darvozalarga yaqin borib, moshinadan tushdik. Kenggina yoʻl chetlariga skameykalar qoʻyilgan, biroq nari borsa, besh-oʻnta odam bor edi: ular ham – mahalla odamlari.
Qirq minutlardan soʻng odamlar koʻpaya boshladi: Mirmuhsin, Shukrullo akalar kelishdi. Keyin Erkin Vohidov bilan universitet domlalari. Ular bir-birlari bilan tabassum ila – sipolik ila koʻrishar, soʻrashar, bir-biriga mulozamat qilib oʻrindiqlarga oʻtirishar va, aftidan, Zulfiya opaga daxlsiz mavzuda gaplashishar edi. Nihoyat, bashang kiyingan shoiralarimiz bir saf boʻlib kelishdi: erkaklarning orqasidan oʻtib, hovliga kirib ketishdi: shu zahoti hovlida yigʻi boshlandi. Biz kelganimizdan beri eshitganimiz ilk yigʻi edi bu. Keyin bizga tanishu notanish kishilar ham kelib qoʻshilishdi. Joy tegmaganlar tikka turishar, past tovushda gaplashishar, ajabo, ularning ham chehrasida siniq esa-da, tabassum koʻrinar, nazarimda, birovlar birovlarni kuzatishar, ust-boshlariga zehn solishar, koʻzlar toʻqnashganda bosh egib qoʻyishar edi.
Goʻyo bu yerda Zulfiya xonim – buyuk shoiramiz, buyuk onamiz, oʻzbek ayolining bir ramzi qazo qilmagan, balki boshqa nimadir boʻlgandek edi: ha, nazarimda, Zulfiya opa ham hali-zamon chiqib kelib, bir chetda turib, koʻzi tushganlar ila tabassum ila soʻzsiz soʻrashadigandek edi.
Mening bu kuzatishim, ushbu vaziyatdan hayratda ekanimga sabab Abdulla Qahhorning ham, Oybek domlaning ham, Shayxzoda, hatto Uygʻun akaning ham vafoti kuni ular tobuti qoʻyilgan teatrlarda boʻlganim, u yerda bosh egib turib, hofizlarning mungli qoʻshiqlarini tinglaganim, keti uzilmas olomonning ular tobuti yonidan xomush oʻtishganini kuzatganim edi.
Oʻsha kezlardagi mungli dabdaba, tantanavor-gʻamgin muhit, marhum haqidagi taʼsirli maʼruzanamo soʻzlar… ularning qadrini, nazarimda, tiriklik chogʻlaridagidan ham koʻtarib-yuksaltirib yuborar, qanday ulugʻ zotlardan ayrilganimizni botinan anglatar, bizni beixtiyor shunday ulugʻlarimizni ham ayamagan shafqatsiz oʻlim bilan yuzma-yuz qilar, boshlarimizni egar-egdirar, koʻzlarimizni halqa-halqa yoshga toʻldirar edi.
Biz Naim aka ikkimiz bir oʻrindiq chetida musofirlar kabi mungʻayib oʻtirarkanmiz, illo-billo yuqorida aytganim manzaralar mening xayolimdan kechar, shuning uchun oddiy mahalla koʻchasiga boqib, qandaydir maʼnosi noaniq maʼrakaga kelgan kabi tik turishgan, oʻtirishgan tanishu notanish odamlarga boqib, ularni kuzatib, darhaqiqat, Zulfiya opaning qazo qilganlariga – ha,-ha, oʻsha ulugʻ ijodkorlarimizdan birining navbati kelib, dunyodan koʻz yumganiga ishona olmas edim: shu bois u kishi chiqib keladigandek tuyulardi.
Bir zamon hovlida ayollarning yigʻisi yangradi-yu, sal vaqt oʻtmay darvozadan tobut chiqdi. Uni koʻtarganlar koʻchaning oʻrtasiga qoʻyishdi. Keyin oʻtirganlar sekin-sekin oʻrinlaridan koʻzgʻalishdi. Tik turganlar tobut tomonga jilishdi. Mahallaning korchalon qariyalari tobutni aylanib, uning ustiga qadalgan xivichlarni ushlab-ushlab koʻrib, kimlargadir nimalarnidir buyurishdi. Nihoyat, ichkaridan murda yotqizilgan ichki tobut chiqdi. Uni tezlikda keltirib, bu sirtqi tobut ustiga joylashtirdilar.
Ana shu toʻrt burchak yogʻoch qutida Zulfiya opam yotardi: u kishi koʻrinmas edi, lekin – shu yerda… Bir zamon ichkaridan biri qizil duxoba, biri banoras paranji chiqarib, tobutning ustiga oʻxshatib yoptilar: Zulfiya opam ichkarida…
– Ey, Naim aka, Zulfiya opa paranjida ketadilar-a? – dedim.
Naim aka bir soniya gangib qoldi-da:
– Ha, – dedi. – Zulfiya xonim paranjida ketadilar… Qiziq-a, Shukurjon?
– Juda. Menga taʼsir qilyapti, Naim aka. Nahotki Zulfiya opa shuni vasiyat qilgan boʻlsalar?
– Ehtimol, – dedi Naim aka yana gangib. – Juda qiziq manzara, a, Shukurjon?
– Tavba, – dedim. – Zulfiya opam paranjini yomonlab yozganmilar hech?
– Yozgan boʻlishlari kerak.
– Vo, ajab.
– Nima-nima?
– Onamni esladim.
– Yuring, tobut koʻtarildi!
Biz tobut sari intildik. Shunda butun olomonga jon kirgandek, nima uchun bu manzilga kelganlarini endi eslagandek shoshib, bir-birini itarib, turtinib-surtinib, tobutga intilishar, uning yogʻochiga qoʻl tegizish uchun ancha yergacha kalovlanib borishga toʻgʻri kelardiki, nazarimda, it egasiga boqmay qoldi: nazarimda, bu yerda turganlar Zulfiya opaning bu dunyodan butkul ketayotganlarini endi eslab qolgandek, qandaydir parishonhol holatlarini unutib qoʻyishgan, barchaning chehrasini iztirob-hayajon qoplab olgan, o, boyagi shikasta tabassumlardan, olifta qarashlardan, qandaydir andisha orqasidagi yasama sukutlardan asar ham qolmagan edi.
Ha, ulugʻ shoiralari bilan vidolashish uchun kelgan kishilar endi oʻz burchlarini anglab qolishgandek, boshqa hamma-hamma narsa yodlaridan koʻtarilib ketgan edi.
Men bu manzarani koʻrib-kuzatib, tobora orqada qolarkanman, koʻnglim qandaydir taskin topib xoʻrsinar, odamlarning boshdagi kayfiyatlari shunchaki sunʼiy ekani, nimalarnidir bir-birlaridan yashirganlariga tobora ishonar edim. Va, hayrat ila anglar edimki, boshda menda paydo boʻlgan kayfiyat ularda ham bor boʻlgandek, ammo ular buni yashirishni oliymaqom qilib uddalab turishgandek edi: ha, ular ajalning haqligini, buyuk shoirlaridan umrbod judo boʻlayotganlarini boyayoq fahmlab turishgandek edi: ha, dabdabali nutqlarsiz, hofizlarning mungli qoʻshiqlarisiz, mashhur teatrlarning mahobatisiz anglab turishgandek edi.
Bu gʻalati oʻlim boʻldi: gʻalati, ammo oʻta tabiiy bir makonda yuz berdi bu holat: nazarimda, boshqa ulugʻ ijodkorlarimiz tobutlari orqasidan bunchalar hayajonu iztirob, tabiiy talotoʻp boʻlmagan, ular bari oʻsha koshonalar ichida qolib ketgandek edi: bu yerda esa – bu oddiy mahallada hamma narsa tabiiydek edi: ha, tabiiy edi. Faqat odamlarning, hatto yaxshi-obroʻli ijodkorlarning oʻzlarini gʻalati tutishgani, mashhur shoiralarimizning ham favqulodda bashang kiyinib kelishlari, oʻsha ilmiliq tabassumlar, bosh irgʻashlar va ular zamirida yotgan qandaydir andishalar meni ancha vaqt oʻylatib yurdi.
Ha, u zamonlar – u ijodkorlar qazosi davrlari boshqacha ekan. Zulfiya opamning qazo onlari boshqacha ekan: buni keyin tushundim: keyin aqlim yetdi.
Ha, ular zamonidagi siyosat boshqa, endigi siyosat boshqa ekan. Biroq tobut hovlidan chiqqunga qadarli boʻlgan holat – istisno bir holatdirki, bunda ham mavjud siyosatning gʻalati-andishali tasviri bor ekan…
1996 yil
(Adibning shaxsiy arxividan)
Shukur Xolmirzayev,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
“Ijod olami”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/paranjida-ketdilar/