Hikmatli bir qish kuni

Keyt Shopen

Amerika yozuvchisi

 

Poyezd roppa-rosa bir yarim soatga kechikdi. Menga hamroh boʻlib kelgan ikki-uch nafar yoʻlovchi ertalabki soat oltida bunday izgʻirin, achitqi havoda kelgandan koʻra, yana bir oz avvalgi joyimizda qolsak durust boʻlarmidi, deya bir-birlariga norozi toʻngʻillashganlaricha poyezddan tusha boshladilar. Biroq qarshimizda Emil Sutirning issiqqina oshxonasi oʻzini koʻz-koʻz qilib turardi. Biz Emilning oshxonasida harholda biroz isinib olsak boʻlardi. Yana ovqatlanib ham olmasak boʻlmaydi. Yoʻldan ochqab kelgan biz kabi horigan yoʻlovchilar uchun bu oshxonada choʻchqa goʻshti ham, qaynatilgan tuxumu qovurilgan joʻja ham, boringki, dengiz chigʻanogʻiyu mazali qahvalargacha hamma-hammasi istalgan paytda muhayyo turardi. Negadir shunga astoydil umid qilib, ichkariga kirdik.

Oshxonada Emilning choʻchqaday semiz va piypaslangan xotini omborxonaday ivirsiq bu goʻshasida hammavaqt mudrab oʻtirardi. Ehtimol, u bechora ham tundagi qattiq sovuqdan eti junjikib qolganu, saharga kelib oʻt yoqilgan pech tagida uxlab, qotib qolgandir. Haytovur, u bizning sharpamizdan koʻzini ochdi-da, jinday mulozamat koʻrsatgan boʻldi. Kecha kechasi erining shaharchadan oʻlguday boʻkib ichib kelganini aytib, mingʻillagancha shikoyat qila ketdi. Emil oshxonada haliyam kayfi tarqamagan alpozda oʻtirar, xotinining peshonasida tinmay javrab, kuyunishlarini zigʻircha boʻlsayam parvoyiga keltirmasdi, u bir ogʻiz ham gap qaytarmasdan hadeganda gurillab yona qolmagan pech ichiga pista koʻmir tashlash bilan ovora edi. Emilning xotini qalin surp koʻylagi ustidan erining ogʻir chakmonini kiyib olgan, chakmonning yongʻoqday dumaloq-dumaloq tugmalari almoyi-aljoyi boʻlib solingan, xotin esa engil-boshining nobopligidan yanayam beshbattar pishillagancha, xuddi ertalab yugurib kelganday, toʻxtovsiz harsillab turardi. Bu ayolning qiliqlariga men hecham tushunolmay oʻtirardim. U boʻsagʻada oʻzining biqqi, kir qoʻllarini eshik raxiga tiragancha xuddi qorovulday gʻoʻdayib turib qolar, dam-badam ovqat pishiradigan pech va boshqa roʻzgʻor buyumlari qalashib yotgan qoʻshni xonaga koʻz qirini tashlab qoʻyardi.

“Ha, bu Emil yashshamagur kundan-kunga haddidan oshib ketyapti, zormanda hech uyga qaramay qoʻydi, Xudo biladi, bu ketishda qaysi goʻrdan toparkinman uni?!”

Hayotga bu qadar bepisandlik ayolning koʻzlaridagi yoshlik va goʻzallik nuqsini allaqachon soʻndirib yuborgan, umri xuddi pechdagi yonib-yonmayotgan olov singari sustkashlik bilan qorishiq oʻtardi.

Biz boʻlsa faqat qahva hoʻplab oʻtirardik. Ichimizdan hech birimiz na qovurilgan joʻja, u ham goʻyo taxta ustida bijgʻib yotganday boʻlib tuyulardi; na chigʻanoqlar – ularning keltirilganiga ham balkim necha-necha zamon boʻlib ketgandir; yoki qoʻy goʻshti, negadir butun uy ichini goʻshtning qoʻlansa hidi tutganday edi; hatto qaynatilgan tuxumlar ham palagʻda boʻlib aynib yotganday boʻlib tuyulardi; hech qaysisini koʻnglimiz tortmasdi, tomogʻimizdan faqat qahva oʻtardi, xolos.

Emil niyatimizni sezib qolganday bizlarga ustma-ust qahva tayyorlash bilan mashgʻul edi, u goh tim qora, goh oppoq sutli qilib qahva hozirlar, oʻzicha bizlarga erkakcha shinavandalik qilardi.

Bizga qoʻshni xonada qandaydir shovqin va toʻs-toʻpolon ovozi chalinib turardi, dastlab oshxonaga sovqotib kirgan paytimizda bunga unchalik ham eʼtibor bermagan ekanmiz. Bir mahal Emilning choʻchqasifat xotini lapanglagancha oʻsha xonaga oʻtib ketdi. Uning bu taxlit yurishini koʻrib, oʻzimizni kulgudan zoʻrgʻa ushlab qoldik. Ikki nafar sherigim ham – ular natchitocheslik edilar – men bilan agʻraygancha berigi xonaga quloq tutib qoldik, gʻayrioddiy nimadir sodir boʻlgandek edi. Ichkarida Emilning bir bolasi xona oʻrtasida qaqqayib turgan baland xum ustidan chalqanchasiga yiqilib tushgan, to otasi yo onasi yordamga yetib kelgunicha ikki soatdan buyon chinqirib toʻpolon qilayotgan edi. “Boʻyning chirigur! – deya qargʻangancha oshxonaga chiqdi Emilning xotini bolasini koʻtarib, – butun aft-angori qorayib ketibdi! Xumga chiqishiga balo bormidi bu itning?! U xumning ichi toʻla ilon bilan kaltakesak boʻlsa! Bahaybat bir ilon yerga tushib oʻralashib yotibdi-ya!”

Bolakayning yuzi hadeb qichqiraverganidan qip-qizarib ketgan, u onasining yelkasi osha bizlarga qararkan, koʻzlari chaqnab, yakkash iljayib turardi.

Men esa qanday qilib shunday yosh bola ikki soatdan beri bunday qoʻrquv va azobga dosh berdiykin, deya dam vahmim, dam hayratim oshgancha miq etmay oʻtirardim. Ammo kichkina bolalar uchun dunyo misoli bir ajoyibotxona, ular uchun xayol hamda haqiqat oʻrtasidagi tafovutni ajratib olish benihoya dushvor vazifadir.

Nihoyat, diqqinafas oshxonadan tashqariga chiqarkanmiz, tobora avjiga minib yogʻayotgan qordan toʻyib-toʻyib nafas oldik. Butun yer yuzini oppoq qor shiddat bilan egallab borardi, shimolning oppoqqina, yumshoqqina qori koʻzni qamashtirguday yorqin va har qanday manzaradan-da yuz martalab chiroyliroq edi. Jami borliqni qoplab borardi bu qor, qalin oʻrmonzorlar bagʻridagi qaragʻay shoxlari oralab yerga, daraxtlar boshiga quyuq toʻkilib yogʻardi u; chakalakzorlaru ekinzorlar, keng dalalar qoʻynida ham oppoq qor raqsi hukmron edi. Shundagina men butunlay yengil tortdim. Biz oʻtirgan keyingi poyezd qishki sukunat choʻmgan jimjit qishloqlar oralab yeldek uchib ketdi.

Tashqarida mening koʻzlarimni quvontirib ketayotgan bir-biridan betakror, oʻzgacha ruhdagi ajoyib manzaralardan yonimda ketayotgan qaysidir hamrohimni ham bahra olishini men ich-ichimdan intiq istab ketardim. Yonboshimda ketayotgan sherigim biroz takabburday boʻlib koʻrindi.

“O, buni qarang-a!”-deya toʻlqinlanib ketdim men. “Oppoq qor va oppoq paxta!” Shundoqqina yonginamizdan paxtalari qolib ketgan chala yaydoq dalalar lip-lip oʻta boshlagandi.

“Ishyoqmas mahluqlar!” – dedi u aftini burishtirib. “Shuginani ham terib olisholmabdi-da. Landovurlar! Endi nima foydasi bor buning!”

“Haa”, – dedim men xomush, “rostdanam, nima foydasi bor buning?..” Koʻzimga sovuq paxta dalalari oralab dildiragancha kezib yurgan yupun negr ishchilari koʻrindi.

“Haliyam bu dalalarda paxta qolib ketibdi! Natchitochesdagi qishloqliklar bunchayam yalqov boʻlishmasa?”

“Ha, endi paxta yerniki-da, keragicha terib olingandan keyin yer haqiga ham qoladi-da. Axir buni koʻring: naq sehrli orolga oʻxshaydi-ku!” – deya hamrohimning gapiga yarim hazil, yarim tanbeh bilan javob berdim men.

“Nahot siz ekuvchilarning bunaqa chala tayyor yer bilan qancha qiynalishlarini bilmasangiz? Ular bu joyda na poda boqa olishadi va na ekin eka olishadi? Oʻzingizniki boʻlganda shunaqa gapni aytmasdingiz sira!”

“Tagʻin Xudo biladi-ya, biroq ozgina shafqat ham kerak-da, birodar”, – dedim men nasihat ohangida. “Axir koʻrib turibsiz-ku, qancha negrlarning haliyam izillab yurganlarini, axir ular nima qilib yurishibdi? Ular haliyam paxta titib yurishibdi-ku!”

Mana shunday ahmoqlar ham boʻladi-da, deb ijirgʻandim ichimda. Negadir shaharga borib-kelayotganim uchun oʻzim oʻzimdan afsuslanib ketardim. Yoʻlda har qanaqa odamlar toifasi duch kelarkan, nega ular ozgina boʻlsa-da, tabiatdan, hayotdan bahra olishni bilishmaskin? Qor goʻyo ularning miyasini ham qoplab yuborganday edi…

“Pardalarni zich qilib yopib qoʻysangizlar”, – boʻlmamizga bosh suqib, buyurib ketdi bir poyezd xodimi.

Endi xayolimga hech narsani keltira olmadim, faqat quloqlarimgina ishlayotgandek edi, poyezdning betartib taraqa-turuqiyu, yuragimning xijil nafasigina eshitilib turardi faqat.

Deraza pardasini poyezd xodimi tayinlaganday zich qilib yopdim: goʻyo turmushning bor lavhasi-yu, Emil Sutirning iflos oshxonasiday tayinsiz turmushi ham, ayozda aralash boʻlib ketgan qor manzarasi-yu yupun ishchilarning horgʻin gavdalari – bari-bari shu parda orqasida qolib ketgandek boʻldi. Bu kunda hech nima qolmagandek edi. Bu joylarda na bir ibodatxona, na bir maktab, na ruhoniylar va na oʻqituvchilar – bari yashamagan va boʻlmagandek ham edi. Ammo qoʻrgʻonlangan eshik bilan temir panjara oʻrnatilgan deraza nechogʻlik mustahkam boʻlmasin, hayot nafasini ular baribir tutib qolisholmaydi. Muqaddas uy qadri va inson qimmati yogʻib, erib, quyulib, ezgʻilab tushayotgan mana bu qor bilan birga asta-sekin yoʻqlikka singib borayotgandek edi goʻyo. Nafasni qisgudek boʻlmamda tarqoq xayol surgancha xomush kelardim.

Biroq ertasi kuni ertalab yuraklarga quvonch hamda yorugʻlik ulashgancha koʻkka quyosh koʻtarildi va u shunaqangi koʻp nur sochdiki, gupillab yoqqan qalin qorni ham bir necha soniyalar ichida eritib yubordi, faqatgina tom boʻgʻotlarida, keyin soya-salqin yerlardagina ozgina-ozginadan qor uyumlari qoldi. Qator ekilgan magnoliya daraxtlari shoxlari oftob tigʻida yaltirab, xuddiki mayin jilmayayotgandek boʻlardi. Qovjirab yotgan gul koʻchatlari misoli nurlar taftidan quvvat olgandek, vujudlarini asta tiklayotgandek edilar. Gunafshagullar ham sovuq kunlar adogʻ boʻlganini koʻrish uchun novdalaridan ohista moʻralayotgandek koʻrinardi.

“Oh!! Mana, quyoshli kun!”

Oʻz manzilimga yetib kelib, tanish koʻprik ustidan xotirjam qadam tashlab borarkanman, oʻz-oʻzimdan qichqirgim, negadir ovozimni baralla qoʻyib, baxtiyor kulgim kelardi. Iliq, bahoriy shabada yuzlarimni silab oʻtardi. Men oʻz uyimga tobora yaqinlashib borardim. Qadrdon eshigim ostonasida esa mening mehribon va intizor ayolim jilmaygancha istiqbolimga peshvoz turardi.

 

Ingliz tilidan

Qandilat Yusupova

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/nasr/hikmatli-bir-qish-kuni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x