Oyisi Xurshidni bogʻchadan vaqtli olarkan, tarbiyachisiga: “Bugun bolaginamning tugʻilgan kuni!” – dedi. Kunduzgi uyqudan vaqtli uygʻotilgan Xurshid “tugʻilgan kun”ning nima ekanligiga aqli yetmasa-da, quvnab irgʻishlay boshladi.
– Tugʻiygan kunim, tugʻiygan kunim! – deya qichqirgancha oldinga tushdi. Oyisi uni zoʻrgʻa tutib turib, maykasi ustidan oq shoyi koʻylakchasini arang kiygizdi. Xurshid battar irgʻishlar, lablarida muzikaga oʻxshatib, turli ovozlar chiqarardi.
– Duvvuv… tugʻiygan kunim…
Xurshid yoʻl boʻyi oyisiga bidirlab keldi, hovliga yaqinlashganda chopa-chopa darvozadan birinchi boʻlib kirdi, atrofga alanglab, bir nimalarni izlagan boʻldi. Koʻziga hech narsa ilinmadi. U yugurgancha katta uyga oʻtdi: uyning oʻrtasida uzun stol qoʻyilgan. Stol ustida turli xildagi yemishlar. Xurshidning koʻzi oʻrtasi qip-qizil gulli tortga tushdi. Mazza! U tortga qoʻlini choʻzgan edi – yetmadi. Yaqinginadagi stulni qoʻyib, chaqqonlik bilan oʻrmalab chiqdi, tortning gulli joyiga changal urdi. Bittasining gulini tamomlab, ikkinchisiga qoʻl choʻzayotganda oyisining ovozini eshitdi.
– Voy oʻlmasam, nima qilib qoʻyding! – oyisi yugurgancha kelib, uni stuldan olib, tashqari sudradi. Ular eshiqdan chiqaverishda Xurshidning koʻzi toshoynaga tushdi: burni, yuzlari oppoq. Xuddi sirqdagi amakiday. Oynaga qayta oʻgirilib qararkan, bilagi bilan burnini artdi. Oyisi hamon javrardi: – Endi man nima qilaman, birpas shoshilmasang-ku, oʻzim kesib berardim.
Oyisi uni choʻmiltirdi. Patli sochiqqa oʻrab, oʻzi oʻynaydigan uyga olib kirdi. Xurshid gilam ustida bir dumalab, oʻrnidan turdi-da, ochilib ketgan sochiqni oyoqchalari bilan tepa boshladi. U semizgina, dumdumaloq. Oyisi uni zoʻrgʻa quvib tutarkan, kiqir-qiqir kular, labchalarini choʻchchaytirib, allaqanday ovozlar chiqarardi. Yangi kiyim kiydirayotganda Xurshid battar quvnab, oyisining boʻynidan achomlab oldi. Matroscha koʻylak va kalta shimining choʻntaklariga qoʻlini tiqib koʻrdi. Oyisi uning ensiz yelkalaridan tutib, pushti, namchil, nuqra yuzchalariga shirin bir mehr bilan boqdi. Shu payt Xurshidning burni bilan qosh oraligʻida mayin ajinlar paydo boʻldi, ogʻzi yarim ochildi… aksirdi. Oyisi: “Oʻh, urdi!” deya sochiqning uchi bilan uning burnini qattiq artdi. Xurshidning burni osti qip-qizarib, koʻzlarida yosh aylandi.
– Qani sizlar? – uyga otasi kirdi. Xurshid burun ostining ogʻriganini ham unutib, otasiga qarab yugurdi, otasi choʻnqaygan edi, uning boʻynidan achomlab oldi. “Sizni tugʻilgan kuningiz bilan chin qalbdan tabriklayman, hurmatli Xurshid Savriyevich!” – dedi otasi yoʻgʻon ovozda uning betlaridan “choʻlp-choʻlp” oʻparkan. Xurshid oʻzini otasining bilagiga tashlab, yayradi. Otasi oʻrnidan turganda uning koʻllariga osilib, oyoqlari orasida argʻimchoq uchdi.
Ota xursand, ona shod, bola baxtiyor.
– Qani onasi, tezroq boʻling, halizamon mehmonlar kelib qolishadi, – dedi otasi. Xurshid “mehmonlay, mehmonlay!” degancha irgʻishlab, tashqariga otildi. U qoʻshni bolalarga borib qoʻshilarkan: “Mani tugʻiygan kunim boy!” – dedi maqtanib. Unga hech kim eʼtibor bermagach, hafsalasi pir boʻlib, uyga qaytdi. Oyisi oshxonada ekan.
– Oyyi… tugʻiygan kunim tani? – deya soʻradi oyisining oyoqlariga yopishib. Oyisi qah-qah urib kuldi.
– Tugʻilgan kuning kechqurun boʻladi… mehmonlar kelganda! – dedi uning boshini silab. – Bor endi, bolam.
Xurshid qoʻshni xonaga kirib, kech boʻlishini kuta boshladi. Uy burchida toʻntarilib yotgan pachoq “samosval”ga ip bogʻlab, uyning u boshidan, bu boshiga “pirillatgancha” borib kela boshladi. Keyin biqiniga “Moloko” deb yozilgan sariq mashinasini “samosval”ga koʻndalang qilib yuklab, ohista sudray boshladi. Tezda bundan ham zerikdi. Katta uyga yana bir bor kirmoqchi boʻldi. Borsa, eshik ochilmadi. Uzoq unnadi. Ochilmadi. Oʻtirib olib, bor ovozda yigʻlashga tushdi. Otasi kelib:
– Nega yigʻlaysan? – deb soʻragan edi, oyoqlarini tipirchilatib, battar yigʻladi. Shu asnoda darvoza qoʻngʻirogʻi jiringladi. U ham koʻzlaridagi yosh bilan otasiga ergashib, darvozaga yugurdi. Hovliga uchta amaki kirdi. Ikkitasining boʻyi otasinikidan baland, bittasiniki otasiniki bilan baravar. Oldingi amakining qorni katta. Har uchala amakining ham qoʻltiqlarida qogʻozga oʻralgan narsa. Nima boʻldi ekan? Oshxonadan oyisi yugurib chiqib, mehmonlarni xursand qarshi oldi. Qorni katta amaki, keyin boshqalari ham qogʻozga oʻralgan narsalarini oyisiga berishdi. Oyisi oshxonaga, otasi bilan mehmonlar katta uyga yoʻl olishdi. Ulardan keyin yana bitta amaki, ikkita xola keldi. Ularni ham onasi “Xush keldiyizlar”, deb qarshi oldi. Xurshid ularga agʻrayib turar, oʻziga eʼtibor bermaganlaridan oʻksinib, bir chetda mungʻayib turardi. Chunki, ularning uylariga bundan oldin kelgan mehmonlar doim uni oʻpib, yuziga sekin urib qoʻyishardi. U ham mehmonlarga ergashib, katta uyga kirdi. Hamma oʻzicha gapiradi. Otasi radio yonida. Musiqa yangraydi. Qorni katta amaki toʻrda guldirab kuladi. Xurshid burchakka qisilib, ularga yer ostidan qaraydi. Yon tomondagi xola unga qarab jilmaydi. Tishlari tilla. Yaraq-yaraq qiladi.
Xurshid gʻizillab tashqari chiqib ketdi. Bir ozdan keyin qaytib kelib, avvalgi joyini egalladi. Tilla tishli xola unga qarab, takror jilmayganda, u ham jilmaydi. Uning tishiga choyning yaltiroq qogʻozi qoplangan edi. Xola bir qaradi-yu, keyin qovogʻini solib, chetga burildi. Xurshid “achchigʻi chiqdi” deb oʻyladi, sekin ogʻzidan soxta tishini olib, barmoqlari orasida ezgʻilab, sharikcha yasay boshladi. Shu orada uyga mehmonlardan yana besh-olti kishi keldi. Stolning oxirrogʻida oʻtirgan sochi koʻp togʻa unga qarab turib jilmaydi, keyin oʻng koʻzini qisib qoʻydi. Xurshid ham uning qiligʻini takrorlarkan: “Yaxshi togʻa…” deya koʻnglidan kechirdi.
Bir ozdan keyin korni katta amaki oʻrnidan turib, yoʻgʻon ovozda bir nimalar dedi. Xurshid oʻzining otini eshitganda, dikqat bilan quloq sola boshladi.
–… Vot tak, Xurshidjon bizning eng talantli ukamiz, oʻzi yosh boʻlishiga qaramay respublikada xizmat koʻrsatgan artist degan sharafli unvonga sazovor boʻlgan Savrijon Salimovning nuri diydalari, toʻngʻich farzandlari… toʻgʻri, agar oʻtgan yili tugʻilgan farzandlari ham boʻlganda edi… xoʻp, buning zarari yoʻq, bundaqa neudachniyliklar hayotda boʻlib turadi… men imkoniyatdan foydalanib, Savrijon Salimovning talantlari haqida ikki ogʻiz gapirmoqchiman. Darhaqikat, u kishi teatrimizning yosh, umidli va istiqbolli aktyorlaridan. U kishi boshqa baʼzi artistlarga xos bir-birini koʻra olmaslik, jizzakilik, boringki, ichiqoralik xislatlaridan tamoman toza va musaffo. Men u kishi bilan ilk marta teatrshunoslik institutining foyesida…
Xurshid bu soʻzlarning farqiga bormaydi, boshi ogʻirlashib, guvillaydi. Poygakka yaqin joydagi stulda oʻtirgan otasining oyoqlariga suykanadi. Otasi uni koʻtarib, tizzasiga oʻtkazarkan: “Jim oʻtir!” deb oʻpib qoʻyadi. Mehmonlar qadahlarni urishtirib, ichishadi. Tilla tishli xolaning yuzi xuddi “dori” ichgandek burishib ketadi. “Achchiq ekan…” oʻyladi Xurshid. Bir qarsakdan keyin otasi uni yerga tushirib, oyisi uzatgan olacha toʻnni “qorni katta amaki”ga kiydiradi. Hamma qarsak chaladi. Otasi “qorni katta amaki”ni zoʻrgʻa quchoqlab, oʻpadi. Yana chapak, “He-hey, qiziq boʻldi…” oʻyladi Xurshid. Otasiyam, oyisiyam tashqari chiqib ketgach, Xurshid nimagadir oʻzini noqulay, yakka his etadi, boshini egganicha uyalib turadi. Qulogʻiga vilkalarning tovoqlarga bir maromda tegib turgan “shiq-shiq”i eshitiladi. Xurshid yer tagidan mehmoshtarga qaraydi. Hamma kulib turibdi, u bir oz dadillashadi. Hamma oʻz gapi bilan ovora.
U stol qirrasiga osilib, vazadagi olmaga intiladi. Boyadan beri unga ikki-uch marta koʻz qisib, kulib qoʻygan “yaxshi togʻa” bitta olma olib beradi. Xurshid “yana, yana” deya stolga sakraydi. “Yaxshi togʻa” yana bitta olma beradi. Xurshid ikkala olmani ikki qoʻlida koʻksiga qisgancha eshikka tomon buriladi. Oyisi kelardi. U chopqillab, oyisiga tashlanadi va bitta olmani unga tutqizadi. Xurshid oyisi bilan kelib oʻtirarkan, yana oʻz nomini eshitib qoladi. Deraza yonida bir amaki soʻzlardi.
–… Xurshidjonning tugʻilgan kunlari shunday bir davrda oʻtayaptiki, shonli xalqimiz, shu jumladan, bizning teatrimiz hayotida juda katta voqealar sodir boʻlayotgan bir paytda… bu paytda hali soʻzga chiqqan teatrimizning otaxoni, hurmatli Shodmonxon akamiz ham juda yaxshi gaplarni aytdilar. Aziz doʻstlar, mana qarang, bugunga yubiley, toyes, imenina dasturxonini tovuqdan tortib tortgacha, aroqdan tortib konyakkacha bezab turibdi, turli xildagi zakuskalar, hammasi muhayyo…
Xurshidning boshi tagʻin chuvillay boshladi. U gapirayotgan amakining boshida uy shiftida osilgan lyustraning gʻujum chiroqlarini koʻradi… Qiziq! Oyisidan sekin soʻraydi.
– Oyi, anu amakimmi chochlayi tani? – Oyisi peshonasi yaltiroq, oriq teatr suflyori Shonazar akaga qaraydi, kulgisini bildirmaslik uchun quyi labini tishlab, Xurshidni jerkiydi.
Xurshid koʻzlarini ochib, yuma boshlaydi. Dasturxonga yangidan keltirib qoʻyilgan kabobdan uning ham yegisi keladi. Xayriyat, onasi tashqari chiqdi. Xurshid oʻziga olma bergan “yaxshi togʻa”ga qaraydi, u yonidagi xola bilan gaplashib oʻtirardi. Nima qilish kerak? Stolning toʻridan qoʻyib kelinayotgan kabobdan bugʻ koʻtariladi, sochi yoʻq amaki boʻlsa hamon soʻzlar, chamasi, hozirgina qoʻyilayotgan kabob haqida gapirardi. Ana, nihoyat, “yaxshi togʻa” oʻz oldida tovoq uchun joy ochadi. Xurshid bir oz mulohazali qarab turadi, soʻng erkalanib borib, “yaxshi togʻa”ning tizzalariga suykanadi. Mehmon bitta suyak olib, bolaga tutqizadi. Xurshid suyakni oladi-yu, ikki qoʻllab, ogʻziga eltadi, boshini egri kilib, uzoq mijiydi. Chandir ekan. U qoʻlidagini sekin stol ustiga tashlaydi va “yaxshi togʻa”ning tizzasiga yopishib, endi oʻzi stolga koʻtarilmoqchi boʻladi.
– Ana xolos, hamma joyimni yogʻ qilib yubording-ku! – deydi “yaxshi togʻa” uning bilakchalaridan qattiq ushlab. U qaytib yerga tushadi, “yaxshi togʻa” boʻlsa roʻmolchasi bilan shimini tozalaydi. Bu voqeadan xabar topgan oyisi uni qattiq jerkigancha sudrab, avvalgi joyi – eshik yonidagi boʻsh stulga oʻtqazadi.
– Ana shu yerda koʻmilib oʻtir! – deydi past, shiddatli ovozda. Xurshid boshini koʻksiga solgancha birpas pishillab oʻtiradi, hamma oʻzi bilan ovora. Hech kim unga eʼtibor bermaydi. U nima qilishini bilmay, bosh barmogʻini soʻra boshlaydi. Zerikadi. Oyoqlarini oʻynatadi. Bir vaqt yana u oʻz otini eshitib qoladi.
–… Men Xurshidjonning oyilari haqida gapirmoqchiman, – deya sipolik bilan soʻzlardi “tilla tishli xola”. – Haqiqatan ham Shohistaxon oʻz nomlariga yarasha, ismlari jismlariga monand juvon. U kishi mening qizlikdagi dugonam. Hali esimda, biz institutda oʻqib yurgan vaqtimizda men atlas koʻylak tikdirsam, ikkita tikdirardim, u kishi biror tufli olsalar bitta emas, ikkita olardilar. Ikkalamizning ham razmerimiz bir edi-da. Hali baʼzi birovlar meni koʻrib qolishsa, siz Shohistaning singlisimisiz, deb soʻrashadi.
Oyisi poygakda turib qichqiradi.
– Singlisi emas, opasimisiz, deb soʻrashsa kerak?!
Hamma kuladi. Xurshid ham oʻz-oʻzidan jilmayadi, yer ostidan “yaxshi togʻa”ga qaraydi. U ham kulib oʻtiribdi. Mehmonlar “tilla tishli xola”ning gapidan keyin oʻz qadahlaridagini ichishadi. Oyisi ham ichadi. Ularga mazza. Xurshidning ham suv ichgisi kelib ketadi, chaqqonlik bilan stuldan tushib, hurkibgina “yaxshi togʻa”ning biqiniga borib tiqiladi. Lekin “yaxshi togʻa” undan xafa – chetga burilib olgan. Xurshid kichkina kaftchasi bilan “yaxshi togʻa”ning tizzasi ustida qovushtirilgan oʻng qoʻlini ohista siypalaydi. “Yaxshi togʻa” eʼtibor bermasdan, yonidagi kishi bilan soʻzlashadi. Xurshidning yuragi siqiladi. Suv ichkisi keladi. U oyoqlari uchida turib, shishaga qoʻl choʻzadi – qoʻli yetmaydi. Dik etib sakraydi – yana yetmaydi. Ikkinchi marta sakraganda suv toʻla shisha tarelka ustiga agʻdariladi. Dahshatli ovozdan Xurshid choʻchib tushadi, soʻng apil-tapil stol ostiga biqinadi. “Yaxshi togʻa” oʻrnidan turib ketadi.
– Obbo… endi bunisi bormidi?! – derdi u shimiga toʻkilgan suvni dastroʻmoli bilan sidirarkan.
Mehmonlarning “suv – ravshanlik” deyishlariga qaramay, oyisi Xurshidni stol ostidan sudrab chiqaradi, uning koʻzlari yoshli, oyisiga iltijoli qarar, mehmonlardan madad soʻrab javdirardi. Xayriyat, oyisi urmadi.
– Yur endi, uyqung keldi! – deya uni sudragandek qilib, narigi uyga olib oʻtadi. Burchaqdan bir uyum qoʻgʻirchoqlarni olib, uning oldiga tashlaydi: – Ma, mana bularingni oʻynab oʻtir, mehmonlar uyat qilishadi… uyga oʻta koʻrmaki…
Xurshid teskari qarab gʻingshiydi:
– Tugʻiygan kunim tani?
Oyisi eshikka yoʻnalarkan:
– Erta topib beraman! – deydi ishontirib.
Xurshid qoʻgʻirchoqlariga qiyo ham boqmay, uzoq oʻtiradi. Zerikadi, yuragi toʻlishib, koʻzlariga oʻz-oʻzidan yosh keladi. Xoʻrsinadi. Unsiz yigʻlaydi. Shu holicha kichkina gavdasi egila-egila ohista bikinga agʻdariladi. U oyoklarini choʻzib, qoʻllarini yonga tashlaydi. Uning bir oz siniqqan, loʻppi yuzchalarida koʻz yoshlari qotib qolgan, pishillab nafas oladi.
Qoʻshni xonada hamon uning tugʻilgan kuni nishonlanar, mehmonlarning biri otasini maqtasa, ikkinchisi onasini maqtardi. Ahyon-ahyonda u uyqu aralash oʻz nomini eshitganda:
– Tugʻiygan kunimmi bey… bey! – deya gʻingshib qoʻyar, chamasi allaqanday qoʻrqinchli, mavhum tushlar koʻrardi.
Neʼmat Aminov
“Ijod olami”, 2018/3
https://saviya.uz/ijod/nasr/tugilgan-kunim-qani/