Umberto Ekoning nabirasiga maktubi

 “Qadrli nabiraginam, ushbu Rojdestvo maktubim oʻta pand-nasihatga toʻla boʻlishini istamayman. Shundoq ham gaplarimga quloq solmaysan (kap-katta yigit boʻlib qolding, mening esa yoshim bir joyga borib qoldi), negaki qadriyatlar mezoni shunchalik oʻzgarib ketdiki, pand-nasihatlarim senga erish tuyulishi mumkin.

Gapning indallosiga oʻtsam, hozir planshetingdan foydalanayotganingda asqotishi mumkin boʻlgan maslahat bermoqchiman. Axmoq chol boʻlib koʻrinishdan qoʻrqqanim uchun bu matohdan foydalanma, deb maslahat bermayman. Chunki undan oʻzim ham foydalanaman. Jilla qursa, turli-tuman qizlar bilan tanishish imkonini beradigan bemaʼni saytlarga kirmagin, deyman. Bunaqa narsalar uydan chiqmasdan chinakam nafosatli qizlar bilan tanishmasliging uchun oʻylab topilgan bemaʼnilikdir. Gaplarimga ishonaver, chunki sendan koʻra koʻproq koʻylak yirtganman (agar men ham sen kabi yoʻl tutganimda, otang tugʻilmagan, sen ham dunyoga kelmagan boʻlardinglar).

Lekin sen bilan bu haqida emas, sizlar va allaqachon universitetlarda tahsil olayotgan sizlardan oldingi avlod kasalligi haqida gurunglashmoqchiman. Men xotira tanazzulini nazarda tutyapman.

Toʻgʻri, agar Buyuk Karl kimligini yoki Kuala-Lumpur qayerda joylashganini bilmoqchi boʻlsang, komyuter tugmachasini bosasan-u, barchasini internetdan bilib olasan. Internetdan kerak boʻlsagina foydalan, biroq keyin olgan maʼlumotlaringning mazmunini yodingda saqlab qol, bular senga, masalan, maktabda qoʻl kelishi mumkin. Eng yomoni shuki, kompyuter savolingga istagan paytingda javob topib beradi-yu, axborotni eslab qolish istagidan mahrum etadi. Bu holatni quyidagicha ifodalash mumkin: bir koʻchadan ikkinchisiga piyoda borish imkoniyati turganda ham kishi avtobus yoki metroga oʻtiradi, nega deganingda, piyoda yurishga zarurat qolmadi, deb hisoblaydi-da. Ammo sen piyoda yurishni kanda qilaversang, bir kun kelib nogironlar aravachasiga muhtoj odamga aylanasan. Oʻ, bilaman, sport bilan shugʻullanasan, tanangni chiniqtirasan, ammo hozir gap sening miyang, aql-zakovating haqida ketmoqda.

Xotira oyoqlaring mushaklariga oʻxshaydi. Agar mashq qilib turmasang, boʻshashib qoladi va sen tentakka evrilasan. Qolaversa, hammamiz ham keksayganda, Alsgeymer kasalligiga chalinishimiz turgan gap, buning chorasi esa bitta – xotirani har doim charxlab turish lozim.

Har tong bironta qisqaroq sheʼr yodla, bizni bolaligimizdan shunga oʻrgatishgan. Doʻstlar bilan xotira musobaqasi oʻynash ham mumkin. Agar sheʼriyatni yoqtirmasang, futbol jamoalari tarkibini eslab qolishga harakat qil, lekin nafaqat Rim futbol klubi jamoalarini, balki boshqa jamoalar oʻyinchilarini, avvalgi tarkibni (bir tasavvur qilgin-a, men Turin klubi oʻyinchilari, ularning avvalgi tarkibdagi oʻyinchilari – Superga tepaligiga samolyotda qulaganlar: Bachigalupo, Ballarin, Marozo va h. k. – ismlarini hali-hamon yodimda tutaman) bilishing kerak boʻladi. Oʻqigan kitoblaringning mazmunini kim yaxshi eslab qolishi borasida bahs yuritinglar: ogʻaynilaring uch mushketyor va d’Artanyanning xizmatkorlari ismlarini bilishadimi (Grimo, Bazen, Mushketon va Planshe)… Basharti “Uch mushketyor”ni oʻqishni xohlamasang (bu bilan nima yoʻqotayotganingni bilganingdaydi), bu oʻyinni oʻqigan kitobing orqali sinab koʻr.

Bular senga bor-yoʻgʻi bir oʻyindek tuyuladi, ammo vaqt oʻtib miyang personajlarga, tarixiy voqealarga va turli xotiralarga toʻlib boraveradi. Nega bir zamonlar kompyuterni elektron miya deb atashgan, deb soʻrarsan. Chunki kompyuter sening (bizning) miyang andozasi boʻyicha oʻylab topilgan, lekin kompyuterga nisbatan inson miyasining xotira sigʻimi kengroqdir. Miya – bu doimo oʻzing bilan birga olib yurishing mumkin boʻlgan kompyuterdir, uning imkoniyatlari mashqlar davomida kengayib boradi, stoling ustidagi kompyuter esa uzluksiz foydalanish oqibatida tezligini yoʻqotadi va bir necha yildan soʻng boshqasiga almashtirishingga toʻgʻri keladi. Miyang esa hatto toʻqson yoshinggacha xizmat qilishi mumkin. Toʻqson yoshingda ham miyangni charxlab boraversang, u hozirgidan ham yaxshiroq xotiraga ega boʻladi. Qolaversa, u senga beminnat xizmat qiladi. Yana tekinga-ya…

Bilib qoʻy, xotirangni birgina kitoblar va jurnallar orqali emas, internet orqali ham chiniqtirishing mumkin. Internetda doʻstlaring bilan soatlab valaqlashasan, ammo-lekin kalavaning ikkinchi uchi ham bor – shu soatlarni internetdan jahon tarixini oʻrganishga sarflash mumkin-ku. Kolumbning uchta kemasining nomi nima edi? Dinozavrlar qachon qirilib ketgan? Nuh alayhissalomning kemasida shturval deganlari bormidi? Buqaning ajdodi qanday ataladi? Yuz yil oldin yoʻlbarslar hozirgidan koʻpmidi? Mali imperiyasi haqida nimani bilasan? Tarixda ikkinchi papa kim boʻlgan? Mikki Maus qachon yaratilgan?

Savollarni tinimsiz davom ettirishim mumkin, ular tadqiqot uchun yaxshigina mavzular boʻla oladi. Bularning barchasini eslab qolish kerak. Kun kelib, sen ham munkillagan cholga aylanasan, lekin oʻzingni Vaterloo jangida qatnashgandek, Yuliy Sezarning oʻlimiga guvoh boʻlgandek minglab hayotni yashab oʻtgandek his etasan. Xotiralarini mogʻor bosib qolishiga yoʻl qoʻyib bergan oʻrtoqlaring esa bitta hayotni bosib oʻtishadi.

Binobarin, xotirangni boyit. Ertagayoq “La Vispa Teresa”ni yodla”.

 

Rus tilidan

Saidjalol Saidmurodov

tarjimasi

 

 

“Ijod olami”, 2018/3

https://saviya.uz/ijod/nasr/umberto-ekoning-nabirasiga-maktubi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x