“Tong yoqasi”da yoxud mangu yosh shoir rivoyati…

 (Yigirma yoshlik shoir kitobiga yigirma yildan keyin nimadir demoq)

 

Emishki, Tangri Odamning musibat yomgʻiru qorlaridan toʻkilaverganini koʻrib, uning zuvalasida oʻzi qoʻshib yaratgan ujmohdagi jununvash yorugʻlikni – ajabtovur feʼlni dardiga davo maqomida Yerga indirdi. Balki yerdan chiqardi, bu yogʻi endi bizga qorongʻu. Ishqilib, oʻsha feʼl ustuvor bandasi beshikdaligidayoq goʻzal chehrani koʻrsa gʻilmonmonand hislari joʻshib, sevgi izhor qilar, onasiga qoʻlini uzatib bogʻni, dalani koʻrsatar, gulga uzoq termulib qolar, shodlanib nimalardir deb yuborar, qalbi tugʻyonga toʻlib dengiz kabi mavjlanib ketardi. Uning bu alomati kun sayin avjlanib, uch-toʻrtida ajib maʼsum harakatlar qiladigan, boʻldi yetti-sakkizida oʻspirinlikdan hatlab balogʻatga yetdi. Oʻn toʻrt-oʻn beshida endi aqli ham kamolotning eng choʻqqisi-la boʻylashib, shunaqa bir munavvar oʻlan desa degulik aytimlar tilidan uchadigan boʻldiki, dardi shirinligidan qavmi mast boʻlar, rosti achchiqligidan mardumning basirat koʻzi ochilib ketar edi. Xullas, Tangri unga bergan bu iqtidor onlari – ilhomi gʻalayon qilganida u chunon quvvat sarf qilganiga qaramay vaqt toʻxtab qolar, qarimas edi. Ajabtovuri, u aytimini boshlashi bilan karomat hol yuz berar: hayvonot va nabotot olami butunlay boshqa xilqatga, qadrdon odamlar huru gʻulmonga evrilar, nigohlarda olam goʻzal bir ravzaning boʻlagidek, dardlar olislarga chekinar, alvon-alvon rangda bulutlar sutday oydin tun, yulduzlar shuʼlasi yerning koʻnglini yoritib, eng ogʻir, ayanchli gʻamlarga giriftor boʻlib yurganlar ham masrur bir kayfiyatda gʻamini unutar, yo eng omadliman deb yurgan kimsa-da asl haqiqatdan xabar topib, ulugʻ bir gʻamga botar edi.

Xaloyiq unga shoir degan rutba-nom berdi. U bir umr zohiran ham qalbiday oʻn besh, oʻn olti yoshida qoldi. Dunyodan ketarida ham shunday hur, shunday bokira, hislariga dogʻ tushmagan, tuygʻulariga gard yuqmagan edi. Dunyoni pok, odamni maʼsum, mehrni mushfiq ona, sevgini ilohning nuri, sevgilini qalbning shafoatgoʻyi kabi bildi. Kuylab-boʻzlab, bu dunyodan unisiga oʻtdi. Bundan ham gʻaroyibi oʻsha yosh shoir koʻnglini Qiyomat qadar bizning dunyomizga meros, aytimchilarga vasiyat, ziynat va taskin qilib qoldirib ketdi…

Dostonchi bobom “Mangu yosh shoir” rivoyatini ham goh-gohida ana shunday boshlab qolardi… Emishki…

 

Mashrab va Rembo

Xotiramda anchadan buyon farang shoiri Artyur Remboning shov-shuvli maʼsum va badbin hayoti yashaydi. Ochigʻi, uning jismoniy hayoti laʼnatlashdan ham tubanroqdir. Lekin insonni hech vaqt inson qoralashga, ayblashga, gunohkor sanashga haqqi yoʻq! U oʻziniki bilmaydi, boshqani qayoqdan bilsin; oʻziniki gunohdan tiya olmas ekan, qanday qilib boshqani gunohkor, buzgʻunchi, badkor-badbin deya oladi? Ozgina aqli-farosati bor odam bundan andisha qiladi.

Artyurni dunyoni hayratga solgan xazinasi, dunyoni dunyoga yoniq va goʻzal qilib koʻrsatgan karomati SHEʼRIYATIdir. Uning 16-19 yosh orasida joʻsh urib, qalbidan toʻkilgan gʻaroyib, koʻlvor sheʼrlari betimsol bir yetuklik kasb etib, oʻz idroki ila dunyoning qaytadan kashfi boʻldi. Remboning fitratidan taralgan mastona musaffolik koʻngilni jannat sari boshlab, nazarkardalik bilan, oʻquvchini soflab, behad hayratlantiradi. Bu uning badiiy olami karomati. Jumladan, uning “Sarxush kema”siga tushgan, poklik va tiniqlikning teran ummonida moddiyat hech qachon daxl qilmas maʼnaviy injular topadi. Goʻzallik olami sayohatida tasavvurlari hududini kengaytiradi va koʻrkamlashtiradi. Yoniq, yosh, goʻzal, bokira ana shu tuygʻular manzarasi, hislar hayoti, fikrlarning favqulodda tirik va teranligi hamon taxayyul olamidan mujdalar berib, orziqtiradi. Aql bovar qilmas toza va musaffo hislarni uygʻotib, odamzotning nekbin va hursifatligiga ishonchni mustahkamlaydi. Isyonkorligi va dalliligi bilan chirkinliklarga bosh egmas ruh siymosi boʻlib, ruhiyatlarga quvvat beradi. Ana shu bir onlik hur xayollari bois uni Gʻarbning Mashrabi deb bildim. Holbuki, butun hayoti isboti ila Mashrab osmon boʻlsa, u Yercha tubanlikda, Yer qadar Mashrabdan olislikda…

Zero, Rembo ham bu xoslar, goʻzal xayollarni sevarlar olamida juda kam istiqomat qildi, ehtimol, uning chinakam baxti bu olamda harqalay yashagani, hatto garttak jannat isini tuyganida edi. Avom koʻngillar esa bu olamni juda keraksiz, xomxayol va dumbul; fuqarolarini devonalar deb hisoblab, yaqiniga yoʻlashni-da istamaslar. Shuning uchun ham koʻngliga oshuftalarni xayolparast, qushlar qavmi deya – shoirlar ustidan kulib, gadoylar kabi soʻz ahlidan, ishq qavmidan hazar qilishadi… Bu jannatni uch yil oʻtmay turib, Remboning oʻzi ham tashlagan, undan tobora uzoqqa – jahannamga chopgan, yana shuncha yil yashab, qayta qoʻliga qalam olmagan edi. Lekin alal-oqibat 37 yoshida bedavo xastalikka yoʻliqib, oʻlimi oldidan yana sheʼriyatni qattiq sogʻinganini his qiladi…

 

* * *

Javonimda qay bir fikrga dalil kerak boʻlibmi “P” harfi qatorida turgan kitoblarni oʻngdan chapga oʻtkazar ekanman, bir kitobchaga koʻzim tushib, maqsadim esimdan chiqib ketdi. Bektemir Pirnafasov. Tong yoqasi. Sheʼrlar. 1996 yil.

“Yosh shoir” sifati koʻpincha ijodkorning adabiyotdagi “yoshi”ga qarab qoʻllaniladi. Lekin Bektemir haqiqatdan ham yosh, u ilk kitobi “Tong yoqasi” ni yigirma bir yoshda eʼlon qildirdi. Yigirma yashar yigitning zalvorli soʻzlarini oʻqiymiz, bu soʻzlar tajribasiz bir ijodkornikidan tafovut qiladi. Demak, shoir nazmdagi oʻz soʻqmogʻini allaqachon topgan” (Bahrom Roʻzi Muhammad. “Daxlsizlik huquqi” maqolasidan, 1997 yil).

Demak, Bektemir ham naq Artyurday suyagi qotib ulgurmagan oʻspirin holida oʻzidan bir muchal yoshulli sheʼriyat vakili tomonidan eʼtirof bilan qarshi olingan. Shu bir bosma taboqli kitobcha munosabati bilan Bahrom Roʻzi Muhammad shu hajmi mitti kitobcha turtki berib, yangilanayotgan dunyo sheʼriyatiga nazar soladi.

“Tong yoqasi”da tong yoqasiga chiqib umidlanganimizga ham yigirma yil boʻlyapti. Adabiy muhitda birdan tan olingan yosh shoir oʻshandan keyin vaqtli nashrlarda, bayozlarda yangi sheʼrlari bilan juda siyrak koʻrindi. “XX asr oʻzbek sheʼriyati antologiyasi”da tengdoshlaridan faqat uning sheʼrlari kiritilganiga qaramay shu yigirma yil orasida boshqa alohida kitobi yorugʻlik yuzini koʻrmadi. Biz bu bilan uning isteʼdodi soʻndi yo avji pasaydi demoqchi emasmiz. Lekin maʼnaviy hayotning dalillari oʻjar, isteʼdodga yarasha ishonchni oqlamoq, fidoyilik talabi ham shafaq qadar yuksak boʻladi… Shu yigirma yil orasida sheʼriyat olamida qanaqa talotoʻplar, ne bir yoʻqotishlar boʻlmadi, deysiz. Yana qaytaramiz, bugungi badiiyatga ragʻbati susaygan, maʼnaviy ochlik kuchaygan ochunda shoirning botini nafsning bosqinidan qanday holdaligidan koʻpincha omma bexabar qoladi… Shoir ham odam axir, unga ham moddiyan ikkita umr berilmagan…

Taxminlarni qoʻy, naqddan gapir deng!..

Menga “Tong yoqasi” muallifining oʻshandagi u-bu zohiriy-botiniy holati bir qadar maʼlum… Bir adabiyotchi domlamiz yozadi: “Odatda Usmon Nosir toʻgʻrisida soʻz borganda, tugʻma talant, degan ifoda tez-tez tilga olinadi. Lekin Usmonning Qoʻqondalik yillarida yozgan sheʼrlarida ham, Samarqand yulduzlari ostida tugʻilgan aksar sheʼrlarida ham tugʻma talantning nishonalari koʻrinmaydi” (N. Karimov. “Usmon Nosir” risolasi qoʻlyozmasi, 91 b.). Menimcha, boshidanoq isteʼdod namoyandasining yozganlarida tugʻma iqtidor nishonalari boʻladi, keyin u sharoit, muhit, ilm, tajriba, mahorat, mehnat va fidoyilik bilan yarq etib yuzaga chiqadi yoki aksincha. Baribir bosh-avvaldan shoirona isteʼdod birinchi belgi, usiz qolgan hamma harakatlar boʻlgani bilan ham qalamkash chinakamiga margʻub asarlar yaratolmaydi. Isteʼdod boʻla turib, yozishga ulgurish va ulgurmaslik esa boshqa masala.

 

Voqealar rivoji

Birinchi voqea (Shoira va adiba Salima Umarova hikoyasi).

“Karmana tumani gazetasida ishlayman. Jaloyir qishlogʻidan bir xat keldi. Katak daftarning qogʻozida qisqa-qisqa, lekin teran ifodalangan fikrlar yoʻllangan edi. Ular odatiy xabarlardan farq qilar, tabiatni kuzatish va solishtirishdan tugʻilgan chiroyli va ohorli sochmalar; hayotiyligidan tashqari, yana sehrlovchan lirik nimasidir bor edi… Men bu sochmalarni ellik yoshdan oshgan, tajribasi yetarli, qishloqda istiqomat qiladigan dehqon-muallim yozgan boʻlsa kerak, deb oʻyladim va gazetaga berib yubordim. Chop etilgach, kunlardan bir kuni tahririyatga tortinib bir oʻspirin kirib keldi.

– Ha, bolam? – 15 yoshlardagi yigitchaga qaradim.

– Men Bektemir Pirnafasov edim.

Endi men bir oz shoshib qoldim…”

Zarafshon daryosining Sarmish togʻi tomonidagi Kavobi qishlogʻida tugʻilgan Bektemir, otasining bevaqt qazosidan keyin daryoning Qizbibi togʻi tomonida joylashgan Jaloyir qishlogʻiga togʻasini qora tortib koʻchib kelishadi. Oilaning toʻrtinchi farzandi Bektemir oʻshanda sakkizinchimi, toʻqqizinchi sinfida oʻqirdi.

Sochmalar voqeasidan keyin Karmana tumani gazetiga tez-tez boradigan boʻladi. Tahririyatdagi Odil aka Hotamov, Salima opa Umarova va boshqalarning taʼsirida inson va ijodkor sifatida yana ham tez ulgʻayadi. Aslida bular sabab. Isteʼdod tez taʼsirchan, oʻzlashtirishga boshqalardan koʻra qobil va shiddatliroq, oʻzida ham boshqalarda koʻrinmagan alomat va oʻzgacha hollar bor bir zuvala. Birinchi navbatda hayotning oʻzi quvonchli va iztirobli tashvishlari bilan oziq va ashyo beradi, ulgʻaytiradi. Ammo xayrixoh ustozsiz uning holi juda murakkab kechadi. Har kim toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi ustozga va himoyaga, ayniqsa, umrining tongotarida muhtoj boʻladi.

Ikkinchi voqea. Shu ustozlardan biri aytgan chiqar, Toshkentdan qishloqqa kelganimdan Bektemir xabar topibdi. Ungacha men ham u haqida eshitgan edim. 1991 yilning qish fasli ekani aniq, kun ochiq kunda u velosiped minib bolaligim kechgan hovlimizga tanishmoqchi boʻlib kirib kelgan edi. Negadir oʻsha uchrashuv xotiramda uygʻonsa, hovlimiz qishloqning kunchiqar tomoni eng chekkasida joylashgan edi: shudgorlangan dala osha, qori ketmagan oqishtob Nurota togʻlari tomonga yaqin qish oftobiga goh koʻz tashlab, badani koʻk tollar ostida, qizgʻish va goʻzal kunchiqar shafagʻi ham nazarimizdan qochmay anchagina gurunglashganmiz uyga kirganimizcha ham. Menga oʻshanda uning birinchi fazilati dadil va jurʼatliligi boʻlib koʻringan. Oʻn yetti yoshli yigitchaning soʻzlari xotirjam va joʻyali, joʻnlikdan xoli, tengdoshlarinikidan farqli oʻlaroq qaytariq soʻrovlar emasdi.

Shundan men adabiyot, qolaversa, hayot haqida aqli va shuurini ishga solib, hamma narsada yangilik koʻradigan bir oʻspirin doʻst topdim. Bizni adabiyot va haqiqatga tashnalik maʼrifati birodarlashtirdi. Keyin u “Tong yoqasi”ning nashr etilishigacha bor-yoʻgʻi besh yilni juda shiddatli, barakali, qaltis, murakkab, favqulodda yashadi. Men biridan xabardor boʻlsam, oʻnidan gʻofilman…

Uchinchi voqea. Maktabni bitiriboq, universitetga kirdi. Anchadan buyon esa Toshkent adabiy muhitining haqiqiy markazlaridan biri esa ToshDUning jurnalistika, filologiya fakultetlari boʻlib keladi. Yangi sheʼriyat, bahslar, munozaralar, hech kimni tan olmay, hech kimga qoʻl bermay, dunyo adabiyoti oʻrganish va targʻib qilishning uch burchagi boʻlgan bu dargoh kuni kechagacha. Adabiy “izm”lar va urflar ham shu yerda birinchi boʻlib bayrogʻini koʻtarardi.

Toʻrtinchi voqea.”Yoshlik” jurnalida nasibamni terib yurardim. Bir kuni yosh shoir kursdoshi shoira qiz bilan tahririyatga kirib keldi. Menga ular yoshlik shijoatiday koʻrindi. Bu faslda odam mangu yashaydigandek juda begʻubor, betaktor tuygʻular bilan nafas oladi. Ojizlikni zarracha ham tan olmaydi. Koʻp oʻtmay uning “Nigohingni chayib ol, kursdosh qiz” satri yonib turgan sheʼriga koʻzim tushdi…

Beshinchi voqea. Shoir goʻzal haqiqatgoʻy. Uning jim turishi oʻziga, oʻzligiga xiyonat. Haqiqatchi esa shunga yarasha haqqini oladi… Hamishagidek oʻsha yillardagi talabalar davrasi fikrlarining hammasiga ham qoʻshilavermaslik tabiiy, ammo yoniq va ayovsizligiga havasingiz kelmasligi mumkin emas. Shunday nafis majlislarning birida mashhur shoiraga haqiqat yuzasidan ikki-uch berilgan savollar haddan shakkok tuyulib, maddohani shoshirib qoʻyganlar ertasi kuni universitet talabalari roʻyxatidan oʻchiriladi. Ular orasida Bektemir ham bor edi.

Albatta, ular nohaq ayblangan, ammo haqiqat qaror topib, oʻqishlari tiklangunicha oradan ikki yil oʻtadi.

Oltinchi voqea. Uning oʻqishi tiklanib, yana Ibrohim Gʻafurovdek adib va buyuk tarjimon asos solgan “Milliy tiklanish” gazetiga ishga joylashdi.

Yettinchi voqea. 1994 yili Bektemirning bitiklaridan bir turkumini tepasiga ikki ogʻiz soʻz ham yozib, adabiy jurnallarimizning oqsoqoli “Sharq yulduzi”ga taqdim etdim. “Hali boʻsh joy koʻp sukunatda” deb atalgan turkumi tez nashr etildi, faqat mening ikki ogʻiz soʻzimsiz…

Sakkizinchi voqea. 1996 yili birinchi kitobi va keyingi yigirma yilda birgina toʻplami boʻlib turgan jussasi juda ham oriq “Tong yoqasi” nashr etildi.

 

***

Birovlar kabi yillar davomida kutib emas, ana-mana deyishga ham ulgurmasdan shiddat bilan yorugʻlik yuzini koʻrgan toʻplamini Bektemir menga tutqazarkan, yozgʻirganday: “Vatan haqida biron nima boʻlishi kerak”, deb qoʻyishmagach, mana bu ikkisini qoralab eltsam, kitobning boshiga qoʻyishibdi…” dedi. Shunda meni boshqa narsa, soxta mezon oʻylantirdi, hozir ham tashvishlantiradi: inson hislarini bunisi ijtimoiy, bunisi shaxsiy deb orasiga toʻsiq qoʻyish toʻgʻrimikin? Axir, har qanday ijtimoiy gʻoya, niyat, falsafa, hikmat shaxsiy hayotda asl yo noaslligini aniqlab oladi; qolaversa, shaxsiy dardi boʻlmagan ijtimoiylik yoxud shaxsiy, intim tuygʻuda omma oʻzini koʻrmasa, u oʻyin, ohanjama, olifta va soxtaligi bilan maʼnosiz va keraksiz holida, yoʻqlik qaʼriga ravona boʻladi.

Ushbu ikki sheʼri saralaganlari ichida eng nimjoni boʻlishiga qaramay, ikki doirada ham isteʼdod kuchi shaxs dardi va maslagini ifodalashga oʻzida hofiza topgan edi.

 

Qoʻshiq kirib chiqdi tushimga,

Kipriklarim titib uygʻondim.

Tong keltirdi meni hushimga.

Yellar topib keltirgan baxtday,

Ufqqa chorlab umidlarimni

Chopdi sochlarini silkib daraxtlar.

 

Xususan, yuqoridagi birinchi misra juda ham tabiiy holda sheʼrxonga adabiyot, maʼnaviyat, sanʼat bandasining botiniy olamidan mujdalar berib, izhor, koʻngil ochish, salom yangligʻ yangraydi. Oshiq koʻngilning tushiga birinchi tashrif buyuradigan borliq, albatta, qoʻshiq boʻladi-da. Bu misrada yosh shoirda salaflariga xos, lekin oʻzgacha kinoya, real emas, ideal borliq balqiydi, yaʼni hushda, moddiyatda koʻrinmaydigan olam tushda jonlanadi. Hayotda xayol qoʻshiq tush olamida qahramonni sel qiladi. Ikkinchi uchlikdagi oxirgi qator manzarasi – “Chopdi sochlarini silkib daraxtlar” Shavkat Rahmonning “Chopib kirdi sovuq shaharga yalang oyoq yashil daraxtlar” misrasiga monand.

Isteʼdod ijtimoiy buyurtmaga shaxsiy hayoti tarixidan misollar topib, uni goʻzal ifodalay olsa, u boshqalarning hayotiga uyqash jihatlarni tiriltirar, boshqaning qismatini bus-butun oʻz ichiga olishi va oʻzi ham boshqalarning dardi bilan nafas ola olar ekan. Bektemirning gapi taʼsiridami “Vatan haqida sheʼr”ini sidirgʻasiga oʻqib ketgan ekanman… Ammo bir tarix oʻqituvchisi bilan gurungimizda – maktab oʻquvchilariga moziyning maʼnaviy haqiqatlarini yetkazishda bu sheʼr fikrlariga turtki berib, bilimiga isbotday yordamga kelganini eʼtirof etarkan, mana bu misralar insoniyatning maʼnaviy tarixidan rivoyatgoʻy ekani menga-da ayon boʻldi.

 

Men vatanman oʻzimga oʻzim,

Bu yurtda men ham shoh, ham vazir.

Menda yashar ongim va koʻzim,

Koʻnglim oʻzga yurtda musofir.

 

Sheʼrda, avvalo, inson vatanda vatan timsoli ekanligini aqlan anglatib, koʻngilning vatanini koʻrsatadi. “Koʻnglim oʻzga yurtda musofir” misrasi esa yana ham botiniy munosabatlar haqida tuganmas xayol surishga boshlaydi. Koʻngil doimo musofir, u jannatdan tushgan, yana jannatga intiladi… Yana bu shoir bitiklariga ishoraday tuyuladi… Qolaversa, muhabbat qismati borasida ham xayollar qoʻzgʻaydi…

 

Menda yashar oʻz vatanidan

Quvgʻin boʻlgan bir necha yurak.

Ularga ham koʻnglim kabi-da,

Mehr kerak, muhabbat kerak.

 

Shoirning toza hislari, mubolagʻador tasavvurlariga bu moddiy olamda joy yoʻq, hech ham joy yoʻq, balki… Ular bu moddiy dunyoning fuqarolari emas, koʻngil olamining boylari, maʼdan izlovchilaridir…

 

***

Muallif oʻzi tanlab, kitobiga kiritgan: “Nilufar hidlagan baliqlar… deya boshlanuvchi birinchi sheʼr ilk oʻqiganimday har safar ajib kayfiyat yaratib gʻaroyib olamga yetaklaydi. Bu olam quruqlikda emas, daryoning tubida. Unda esa baliqlar nilufarni “emaydi”, balki hidlaydi. Zero, gul hidlash ham maʼnaviy ehtiyoj. Bu maʼnaviy ehtiyojning ruhoniy turi sheʼriyatning ham ramzi. Sheʼrning manzili daryoning tubi, nilufar hidlayotgan baliqlar orasida. Shuning uchun shoir “aqldan ozganday muallaq” toʻlqinlarning oraligʻidan ovozini izlaydi ilhaq…

Aqldan ozganday muallaq holat ham baliqlarga, ham shoirga tegishli. Bundan baliqlar mast, inson esa oʻzining qavmi odamlar orasidan emas, toʻlqinlarning oraligʻidan ovozini izlashga mahkumligi bois baliqlar toʻntarilib yotganday favqulodda ahvolda ekanligini maʼlum qiladi. Zero, sheʼriyatning hayrati va jozibasi aql birdan tushunib, qabul qilishi qiyin, murakkab jarayon. Shuning uchun moddiy dunyoda aqldan ozishday tasavvur uygʻotadi.

Sheʼriyat – yorugʻlik mayogʻi. Shuning uchun daryo qaʼridan bir lahzada parvoz qilib, osmon qopqasini taqillatishi hech gap emas ekan:

Yulduzlar chugʻurlaydi:

– Kimsiz?!

Bektemirning lirik qahramoni borgan sari bu olamlarning mehvariga – odamzot haydalgan va qaytib borishi muqaddas orzu – illiyunga intiladi. Shuning uchun uning “Usti(m)dan kuladi parilar”. Faqat “parilar” polifonik obraz ekanligini ham unutmaylik…

Eng asosiy topgan timsoli esa yangi va azaliy, koʻzlar va yuraklar tashna boʻlgan qadrdonlikka, mehr-oqibatga javob:

 

… Bahorim kelganda mening ham,

Turnalar chogʻlansa parvozga.

Bir qoʻshiq aytishni istayman,

Adirlar sogʻingan ovozda…

Adirlar sogʻingan ovozda…

 

Adirlar – bu yurt odamlari. Qancha ovozlarimiz gum boʻlib ketdi, oʻzimizga-da eshitilib-eshitilmay: yoʻlda qoldi, choʻlda soʻndi, boshqa koʻchalarga burilib ketdi…:

 

“Qolib ketdi oʻshal ovozim,

Ikki daryo oraligʻida” (A. Oripov).

 

Vodarigʻ, toʻlqinlarning orasidan ovozini izlab, bizni gʻaroyib olamga boshlagan Bektemirniki-chi???

 

***

Sheʼriyat xayrli niyatni, fidoyilik, oshiqlikni yoqtiradi, qadrlaydi, ammo daʼvoni jini suymaydi, undan hazar qiladi, iddaoni mazax, kalaka qiladi, sharmanda, badnom etadi.

Oʻn toʻqqiz bahorni qarshilagan shoir xomxayollarni xayoliga keltirmay, insonning botiniy hayoti fojialarini kechadi, komediyalari shamollarida mavjlanadi! Shunda uning oʻz yurak sirlari ochilib ketadi. Bundan koʻngli titrab turarkan, tilidagi ramziy kalit, haqiqatga tabiatdan pardali soʻz topib, izhori dili qiladi. Bu tavba ham:

 

Ketyapman xiyobon boʻylab,

Quchogʻimda parishon yellar.

 

Muhabbat, vaslni xor etib, tubanga tashlagan, jism maylini “sevgi” deb maʼnaviyatni bulgʻayotgan fahmsiz qofiyabozlar, husni xulq koʻchasidan oʻtmaganlar ishq mana shu ekanligini bilsalar edi, anglasalar edi. Yoʻq ular bu hisning rangin iztirobidan mosuvo soʻqirlardir.

“Quchogʻimda parishon yellar” – goʻzal tashbehning ruhi sirli, pardali.

 

Tongga qadar visolni oʻylab

Atrofimda qizargan gullar.

 

Qizargan gullar – insonning insonga va Allohga muhabbatining ulgʻayishi va yuksalishi. Shu bilan yana hayo doirasi ichida. Gullarning qizarishi tasviri ila bir yoʻla ham estetikani, ham etikani jamuljam qila olgan. Hayodan judo sheʼrimiz yalangʻoch, kiyimsiz, bezbet va hissiz boʻlib borayotgani qanchalik magʻlubiyat. Bu ham qadriyatimizning, ham badiiy didimizning jallodi. Tana namoyishining esa taʼmagir yoʻlbuzarlaridan. Tanni koʻz-koʻzlovchi tizmalarning hech ham koʻngil muhabbatiga qavm-qarindoshchiligi yoʻq.

Ehtimol, yosh shoir bularni oʻylamagandir, biroq oʻzbekona ruhoniy tarbiyada qarashlari qorilgan dard izhorida hayotiy manzaralar iqtidoriga eshik ochgan.

“Menkim, fotih Temur” asarida yozilishicha, Amir Temur hazratlari birinchi marta muhabbat dardiga mubtalo boʻlganlarida oʻzlarini poralab tashlashni istagan ekanlar. Ulugʻ shoirimiz Rauf Parfi: “Men oila qurdim – yengildim”, deydi armon bilan. Bu abadiy jarayonga qarshilik emas, balki moddiyat olamida nafs tarozisining bosib ketishidan iztirob. Inson yarmi ilohiy borliqdan iboratligini anglab, tabiat qonuni qarshisida buyuk qalblarning koʻngilsizlikka isyoni, oliy ishqqa munosib boʻlish daʼvatidir.

Bektemirning sheʼri ham har bir koʻngilli boshiga tushadigan shu qismatdan bahs qiladi:

 

Nafasimdan titragan maysa

Chehrasida toblanar gulob,

Shivirlari toʻkilar gʻamgin;

– Sogʻinchlar – men koʻnikkan azob…

 

Ishq ham, sheʼriyat ham judolikda komillikka erishadi. Ikki dunyoning fikri va koʻzlovi bir xil boʻlishi mumkin emas. Shu qarama-qarshilikni koʻrib, his qilib, koʻngil, yurak tomonida qolishi va yashashi, oshiq va shoirning qismati. U noroziligini bildira turib, maslagini maʼlum qiladi va insonni oʻsha choʻqqiga nazarini qaratadi:

 

Olislarga chirmashar nigoh

Xayolimdan dunyodan gina –

Bu dunyodan maysalar kabi

Oʻtib ketsam indamaygina…

 

Bunaqa jasorat kimning ham qoʻlidan kelardi, kimning? Majnunning, Farhodning, Otabekning, Gʻaribning qoʻlidan kelmadi… Rasvoi jahon boʻldi buyuk qalblar, kuyigi jon boʻlishdi ishq ahli… Lekin oʻshalar yoshida qoʻliga qalam olgan koʻngil (Darvoqe, yuqorida sanalgan zotlar ham shoir boʻlishgan) shu mardllikka, koʻngil komilligiga oʻzini, oʻquvchini chogʻlaydi…

Bektemir muhabbat kuychisi. Chin oshiqning qismati esa boshqalarnikiga oʻxshamaydi:

 

… Baribir Bir kuni

Koʻzlaring chaqirib oladi meni

Parilar sochingni oʻrar maydalab,

Humo xayol surar tilagimizda.

Koʻksimiz togʻ boʻlib oʻsar qaytadan,

Ohular yugurar yuragimizda.

 

Bu sarxush holatning baʼzi ustunlari xalqona tashbeh bilan tiklangan. Zero, Bektemir anʼanaviylikni rad qilmaydi, balki shu tizimda yangi va ohorli his va fikrlarini ifodalaydi. U xalqonalikni joʻn deb kerilmaydi. Qaytaga ruhi, ohangi, tashbehi bilan goh oʻzini kuchlantiradi. Faqat asosiy fazilati yangi topildigʻi ila azaliy holat onlarini ranginlantirib yuboradi:

 

Ohular yugurar yuragimizda

Tunlar oʻzi uchun topib olar rang,

Yomgʻirlar may boʻlib yogʻadi faqat.

Mening yuragimdan boshlanadi tong,

Sening koʻzlaringdan boshlanar shafaq.

 

Shunday ramzlar bilan holat oʻzgarishiga munosib ishoralar kelaveradi. Ishoralarda oʻquvchining oʻzida oʻzgacha xayol surishiga ham masofalar qoldiriladi. Hayotiy misollar esa koʻngil oziqasi sifatida kelib, maʼnoni kuchaytiradi ham. “Yomgʻirlar may boʻlib yogʻadi faqat”. Shafaq ikki xil maʼno beradi: yigʻlaganda koʻzlarning qizarishi va quyoshning chiqishi. Faqat bu ikki maʼno bir-birini toʻldiradi.

Bektemirning tuygʻular tadriji hamisha ham anʼanaviy sheʼr yoʻliga sigʻavermaydi. Sheʼriyatimizda oʻtgan asr boshidan kuzatilib, 70-80-yillardagina borib nomi topilgan sheʼrlar paydo boʻldi. Mansur sheʼrlar, nasrdagi nazm va hokazo. Ushbu sarlavha ham ana shu nasriy-mansur uslub-ifoda orqali hislar hayotini, kechinmani koʻrsatishdan tugʻilgan. Demakki, nomning birinchi soʻzi sheʼrning shakliga, ikkinchisi voqeasiga tegishli. Sheʼrni hikoya sifatida xotirga tolib oʻqirkansiz, sevgisini yoʻqotgan oshiqning xotiradagi olishuvi zavq va armonga botiradi. Bu surat bilan siyratning suhbati. Eski daftarimni varaqlaganda chiqib qolar yirtiq surating. Faqat koʻzlar qolgan, koʻzlaring haliyam oʻzining ixtiyorida.

Bir voqeadan ikkinchisiga harakat bilan oʻtiladi:

 

Hozir qaragandek boʻladi menga,

Bazoʻr jilmaygandek koʻrsatib oʻzin

Olib qochadigandek boʻlaveradi…

Keyin yigʻlaydi…

Uchinchi voqeada xotiradagi maʼshuqaning ruhiy holati, oshiqning ham bor taqdirini aytmasdan aytib, iltijo qiladi. Oʻquvchini koʻproq aytilmagan, boʻlib oʻtgan va oʻtajak savdolarni oʻzicha tasavvur qilishi maroqlantiradi.

 

Har gal… qoʻrqaman termulishdan

Har gal oʻtinaman,

Nigohingni uz mendan Surat,

Yopib qoʻyay eski daftarni!

(“Ishonmayman muhabbatdan soʻng

Begonalik boshlansa nahot” –

Abdulla Oripov).

Zanjirday bogʻlangan har bir voqeada oʻzini fosh etishda koʻngil istagini hech qachon bir mezon bilan oʻlchab boʻlmasligi oʻquvchini-da oʻz ishq tarixiga qaratadi:

 

Men senga achinib ketaman

Men daftarni yopganimdan soʻng…

Kimga qarab qolar surating

(“Koʻrgali husnungni zoru

mubtalo boʻldim sanga,

Ne baloligʻ kun edikim,

oshno boʻldim sanga,

Har necha dedimki,

kun-kundin uzay sendin koʻngul,

Vahki, kun-kundin batarrak

mubtalo boʻldim sanga. Alisher Navoiy)

… Bilsayding naqadar ogʻirligini

Sening suratingga boqmay qoʻyishim.

Naqadar ogʻirligini bilsayding

Sening suratingga qarashimni ham!..

 

Ana shu shafqatsiz qarshilantirish, falsafiy va bir umr yashovchan xulosalarni u yigirma yoshgacha yozgan. Albatta, ular nasihat emas, lekin keskirligi bilan yoshidan qatʼi nazar, oʻquvchini haq fikri bilan oʻyga toldiradi. Dunyo va inson munosabatlarining chigal va ulugʻligidan hikmatlar koʻzini ochib, ilhom ham Xudoning marhamati ekaniga yana bir bor imon keltirtiradi.

Uning “Vido” degan sheʼri bor. Haqiqiy shoirlarning “vido”lari bir-biridan taʼsirchan. Bedilnikimi, Yesenin yo Oripovniki boʻlsin, kishining jonu jahonini oʻrtaydi. Rauf Parfiniki butun ijodida sochilib yotibdi. Hayot har lahza davom etar ekan, har bir fursat, soʻnggi fursat boʻlish ehtimoli ham qilich yalangʻochlab turaveradi. Vidolashish – qismat. Lekin kimlar butun umr unga tayyorlanib, shunga yarasha yuk bosar, eng muhim soʻzlarini aytadilar. Kimlardir vidolashishga ulgurmay ham oʻtib ketaveradilar. Vidolashishning eng ogʻiri sevgan odami, yoʻqotgan yaxshisi bilan vidolashishdir.

Bektemirning shunday sheʼri bor. U juda yangroq ham emas, Naqaroti koʻrkam ham deb boʻlmaydi. Qaytarigʻi “Yuragim kengroq payti kelgin, sevgilim” deb murojaat qilishi ham erish tuyuladi kishiga… Lekin unda ham bir teran aql, kishining ruhiyati ochilish paytida diydorlashishga daʼvatida hech bir ijodkornikiga oʻxshamas vidosi toʻxtamlari mardona tushkunlik chohiga uloqtirmaydi, balki koʻnglingizni shifolaydi va yangi hayot sari yoʻllaydi!

Hayot uchrashuv va ayriliqdan iborat. Visol va hijron oraligʻi hayot, judolik va yetishish oraligʻi oʻlim. Va, ayni holda, aksi ham. Biz vaslda edik jannatda.

Bu dunyoga haydaldik, sinovli ayriliqda umid-ilinj yashaydi, faqat azob va jabri-jafolarga chirpirak boʻlib, xavf va rajoni yurakka bosgancha, vasl sari talpinaveramiz. Inson buni hayot deydi. Qismat manglayiga yozgan bilan, uni chala-yarim oʻqishga tutinadi. Vaslda hech qachon vasl xayolga kelmaydi… ammo musibat, ayriliq, oʻlim har lahza xotirada qalqib turadi. Aslida biz oʻylagan vidoning u tomoni vaslga yoʻl, abadiy yoʻl va balki hech ogʻishmay boriladigan yoʻl…

Ojiz tasavvurimizcha, qayerdan ham oʻspirinning vidosi boʻlsin? Lekin yetuk idrok juda tez anglaydiki, har lahza bu dunyoda oʻtkinchi, dunyoda ayriliqqina muqarrar: Bogʻlab qoʻygani yoʻq bolalarni ham (A. Oripov).

 

Bektemirning sheʼri ham shu iztirobdan koʻz ochgan.

Yuragim kengroq payti kelgin sevgilim

Kimlardir baxt vaʼda etsa ham pinhon.

Xiyonat qilsang-da tilamam oʻlim,

Men sening yoʻlingni toʻsmayman, ishon.

 

Yurakning keng boʻladigan payti… Maʼnaviy borliqda farishtalar olamiga yetilgan fursatdir, balki. Oʻshanda oddiy odamning ojizligiga tushuniladi, unga rahmi keladi odil yurak; uni mehr-muhabbat bilan yigʻlab kechira oladi. Holbuki, maxluqning hayvoniy hayoti tarzi hazar qilish qadar dahshatli… Ammo kenglikda sevgan yurak uchun basharning oddiy yashash xohishi dunyoning ziynatiga sotilishi, oʻzidan ketishi yo sevilganning xiyonati hech; – Men sening yoʻlingni toʻsmayman, ishon!

Kishining farishtalar olamida istiqomati – Bektemirning ifodasicha “yuragi keng”lik fursati qancha? Uni Yaratgan biladi, belgilaydi va sevgan bandasiga inʼom etadi. Shoir ikkita holatini chizgi qiladi:

  1. “Men tongda sheʼrlar yozib boʻlganimdan soʻng…” Sheʼr yozish – ham poklanish, ham tavba qilish onidir.
  2. “Va yo yoʻl olganda izdihom sari”. Odamlar oldiga chiqqanda kishida asl haqiqatlarni aytish, anglatish, oʻshanga boshlash, oʻsha uchun yashash, oʻsha uchun kurashish istagi boʻlishi kerak. Boʻlmasa izdihomga talpinmagan, ommadan juda ham nari yurmoq kerak. Bektemirda ham ana shu maʼnaviy olamga arzigulik nimasinidir bildirib qoʻyish ehtiyoji borki, oʻshandan keyin eng yaqin kishisi bilan, sevgilisi bilan xayrlashmoqchi, sevgisi bilan emas… Ular yuragi kenglik paytida boshqa-boshqa olamlarning odamlari esa-da, zohiran nimalaridir oʻxshash, loylari pishirilganda nimalaridir bir-biriga intiluvchan, talpinuvchan ekanki, hamroz qildi, sevdirdi. Moddiy olamda koʻngil istiqomatiga makon yoʻq, shunda ham uning saodati pok sevgi tor, noqulay yaralgan maxluqiy, olamda lahzali baxtiyor va farovon etdi. Ilohiy ishqning soyasini, majozini, isini, ramzini, zavqini, armonini koʻngilga, yurakka berdi. Shundan uning basirat koʻzi tilga kiradi:

 

Oʻshanda oʻylayman oxirgi oʻyim:

Sendan ham taʼmasiz parvonalar bor,

Sendan ham goʻzalroq olamlar mavjud,

Sendan ham kechmoqlik mumkin baxtiyor.

 

Sheʼrdagi tuygʻu moddiy, tirikchilik olamining munosabatlaridan kuyunayotgani yoʻq. Balki mumtoz sheʼriyatimizda xoʻp oʻylangan komillikka uzangan tuygʻudir. Hali oʻspirin koʻngilning mezoni baland:

 

Sendan ham goʻzalroq olamlar mavjud.

Sendan ham kechmoqlik mumkin baxtiyor…

 

Asl ishqdan darak topgan, taʼmali, hisob-kitobli, soxta mehribonlikdan kechishni, biladi, ammo “baxtiyor kechish”da alam ham, saboq ham kinoyavash keladi…

Kecholmaslik – qullik, kechish esa behojat olamga yuz burishning ibtidosi…

 

Yuragim kengroq payti kelgin, sevgilim,

Toki shundan keyin hech narsa yozmay,

Toki hamma aybim oqlasin oʻlim,

Toki oʻlim topay aqldan ozmay.

 

Ana shu oxirgi band chindan ham vido. Shoirlikning ham tugashi. “Toki shundan keyin hech narsa yozmay”, deyishi qalamkashligini daʼvoga tiqishtirishday tuyuladi birinchi oʻqishda. Holbuki, Bektemirning sheʼrlari ham sermaʼno, serqatlam.

Odamni soʻylatishga va kuylatishga, suhbatga boshlaydigan narsa sevgi. Haqiqiy shoir mashhur boʻlish, kimnidir qoyil qoldirish uchun emas, balki aytilmasa yorilib oʻladigan dardi borligidan qoʻliga qalam oladi, yonib-kuyib, yigʻlab, izhori dil qiladi. Demakki, sevgisiz, sevgilisidan ayrilgan odam uchun “hech nima yozmay”, deyishi tabiiy hol, zero, butun dunyosini boy berdi. Va bu dunyodan ketishki – toki hamma aybim oqlasin oʻlim – tavba, oʻzlikka qaytish, gunohlarga istigʻfor. “Toki oʻlim topay aqldan ozmay!” Zero, qismatning hammasini anglab, insonni shunga munosib etganidan rozi, oʻlim bir olamdan ikkinchisiga koʻprik ekaniga farosatning yetishi koʻngilning aqlga, aqlning koʻngilga qiyomatli doʻst ekani va birgalikda yuksalishidir.

 

***

Bektemir bu dunyo botiniy kayfiyatini kutilmagan vaziyatida koʻra olgani uchun sheʼrlari boshqalarnikiga oʻxshamaydi. Uning olamida tabiat hodisasi jamiyat evrilishlarini bemalol tasavvur qilishga yordam beradi.

Uning “Yomgʻirda” sheʼri metonimiya. Aslida bu hodisani hamma ham payqayvermagani dunyoga tafakkur nazari bilan boqmaganida, boqolmaganida. Shoirni oʻtkir nigohidan keyin yomgʻir paytida butun borliq suv ostida qolish maʼlumoti, ilmi bizga yetadi. Shoir kashshof ekan…

 

Daraxtlar – nilufar,

Toʻlgʻonadi suv ostida.

Uylar – xarsang

Uylar – teshik gʻor.

Baliqlar uxlagan gʻorlarda,

Toʻlqin – epkin – nasim

Tolim, tolim, tolim suv –

Boʻyiga, eniga shabboda

Men bedor baliqman bu tunda –

Tong oldidan

Suv yuziga chiqishni

Istagan baliq…

 

Bor-yoʻgʻi, unda ham sindirilgan holda koʻpayib, oʻn ikki qator chiqqan sheʼrda qariyb shunga yaqin miqdorda tashbeh, bir narsa boshqasiga solishtirib, holatlar, yana u juda ham nozik harakatda beriladiki, yer usti suv osti dunyosi hayoti bilan tiklanadi.

Umuman, nilufar, baliq, sukut, sukunat obrazlari Bektemirda bir joydagina kelmaydi. Faqat real, ramziy, koʻp maʼnoli; har safar boshqa maʼnoni tashiydi, boshqa yuki bor, boshqaning qiyofasini, boshqalarning niqoblarini sidirish uchun yollanadi…

 

***

Ochigʻi, uning har bir yangiligi ildizi baribir shakllangan birikmalar bilan muxoliflikda mangu va milliy savollarga javobday keladi.

– Siz oʻshami? (“Oʻtkan kunlar” romanining favqulodda savoli). Millatning har bir aʼzosi, endi hamrozi shu savol berish darajasida bu hislarni oyoqqa turgʻazadi. Oshiqlarni, maʼshuqalarni saralaydi. Asl va soxtani aniqlashga undaydi. Bektemir, oʻylashimcha, javobda butunlay boshqa maʼnaviy orziqishlarni aytish uchun bu milliy timsolga goʻyo yuz yillar oʻtib, Otabek nomidan javob qaytaradi…:

 

Men oʻsha – koʻzlardan haydalgan itman,

Ishqning tarixiga emas begona.

Shafaq qirgʻogʻida ohular kutgan,

Sahrolar sogʻinib qolgan devona.

 

Darvoqe, ijodkor millatning maʼnaviy tarixini yaxshi bilib, har qachon xotirasida naqshlab, lekin boshqa bir davrda yashayotgani uchun unga boʻylashishga urina turib, ifodani yangilashni, oʻz menidan nimadir qoʻshish xayolida qalam suradi… Shuning uchun ham bu toʻrt satrda Otabekning qismatini ham tasavvur qilamiz qandaydir darajada… Ammo shularning oʻzi emas… Millatning ruhoniy tarixini koʻramiz. Yana ham chuqurlashsak, shaxsning qullik davridan qutulib-qutulmay, oʻzini namoyon qilishga qiynalgan zamondoshimiz qiyofasi, ijodkor siymosini ham bemalol tasavvur qilamiz. Nega isteʼdod jihatidan Qodiriyday adib, inson sifatida Otabekday oʻzini koʻrsatgan siymo 70-80 yilda yetishmadi?

 

* * *

Menda oʻtgan yillar davomida har bir millat adibining jarayonlarni ifodalashda soʻzlarni qoʻllash shaklidagi farq aniq-tiniq bilindi. Masalan rus bilan arabniki, tarjimada ham shunga yaqin ohang, uslub topish, bunga oʻrganmaganingiz uchun biroz erish ham tuyuladi. Bu hodisa tilning oxirgi ijodkorlari shoirlarning soʻz qoʻllashida, ayniqsa, boʻrtib koʻzga tashlanadi.

Yangi shoir qotgan qarashlar, shakllangan fikrlarni sindiradi, dunyoning boshqa qoidasini oʻz ichiga, oʻziga xizmat qildirib ixtiro etadi. Buning mutlaq toʻgʻri boʻlishi shart emas. Yangiligi va oʻzgachaligi – eʼtiborli birinchi belgisi. Balki shuning uchun ham juda koʻp novator shoirlar ularni xalq qabul qilishida juda katta qarshiliklarga uchrashar, koʻpi rad etilib, unutiladi. Baʼzan omadlari kulib, favqulodda qarashlarni oʻzgartirib yuboradilar. Anʼanaviylar esa tez ommalashadi, lekin kamdan-kami favqulodda fenomen darajasiga chiqadi, haqiqiy yangilardan farosatli muxlislar oldida martabalari hamisha past boʻladi. Faqat teran fikr, hikmat bilan toʻyinsalargina asl shoirlar boʻlib yetishadilar, boʻlmasa kosibchi boʻlib, davru davron suradilar, xolos…

Bektemir koʻpincha anʼanaviy barmoq vaznida yozadi. Xalqona ohanglari faqat oʻzining realiyasi, botinini tadqiq etadi. U ziddiyatda yolgʻon sevinchdan qochib, mungning suratlarini turfa xilga soladi, gʻadir-budir, koʻpincha nasrga yaqin esa-da, yangi fikr topsagina ifodalashga chogʻlanadi. Toʻgʻri, u oʻzbek sheʼriyatining 60-80-yillaridagi yutuqlaridan oʻrgangan, taʼsirlangan. Avvalo, Rauf Parfi ijodi taʼsiri yorqin koʻzga tashlanadi, soʻng Abduvali Qutbiddin, Shavkat Rahmon va boshqalarning ramzlari, ohangdorligi ham elas-elas bilinadi. Va XX asrning eng yaxshi anʼanalari, yapon xakkulari, Yevropa sonetchiligi, xususan, Garsia Lorka xalqona oʻynoqiligi “Tong yoqasi”ni quvvatlab turganini aytish mumkin. Bari bir yangilik izlashdagi oʻz oʻrganishlari va topilmalari uning sheʼriyatini belgilaydi. U iqtidorning kashshofligiga qattiq ishonadi va oʻrni kelgan joylarda koʻra olish layoqati bilan bunga ishoralar ham qila olgan: (“Hali ochiq joy koʻp sukutda”). Bu vaʼda va ishonch imkoniyatlari ham.

Sheʼrning asosiy matni manzarasidan koʻra, xuddi ikkinchi darajali, eʼtibor berish shart emasdek qavs ichida berilgan topilmasi yangiligi va kashf qilishga daʼvatkorligi bilan hayajonlantiradi:

 

Atrof esa hali juda keng,

Hali ochiq joy koʻp sukutda.

Olis ovozlarni yutinar

Yolgʻizlikdan ortib qolgan joy.

 

Olti qatorli mana bu moʻjaz sheʼrda esa “ilmiy qarashlar”ni rasmana sindirish, juda nozik hissiy tushunchalarni yangicha tiklash, ishoraviy maʼnoda kuchaytirib sharhlash bor.

Yaldo kechasi – eng uzun tun. U tabiiy qonuniyatga asoslanadi. Bektemir esa maʼno olamida buni tan olmaydi, rad etadi, ustidan qizil chiziq tortadi:

 

Tun hech qanday uzun emas,

Tun faqat keng, kunduzdan ham keng.

 

Qurʼoni karimda “echib olinadi” degan ibora keladi, xuddi olamning ikki libosi bor: tun va kun… Qolaversa, bu yangi tushunchani real tabiiy jarayon sifatida shoirga ishonib, qabul qilishimiz bilan birga, “tun faqat kengligi (hamma joyni egallaganida) kunduzdan ham kengligi – nurdan koʻra zulmatning urchib ketganligi – yovuzlikning bejo xatti-harakatiga ishora boʻlib, ogohlikka chorlovday yangraydi: “Tun faqat keng, kunduzdan ham keng…”

Sheʼrdagi ikkinchi kashfiyot:

 

Sukunat esa uzun

Shu qadar choʻzilgan, shu qadar ingichka

Har qanday tovush

Chiqib yurolmaydi uning ustidan.

 

Bu ifodada na bir oʻynoqi ohang, na bir vaznga tushadigan barmoqcha uslubni kuzatamiz, ammo bir shitob bilan tarona keskin-keskin burilib, sukunatning ramziy suratlarini chizib beradi. Qancha haqiqatlar koʻksida yotibdi, keskir qilichning qaltis dam ustiga sado chiqishi bilan kesadi… Shu bois ham shoirning topgan katta maʼnosiga chindan ishonamiz, sukutga botamiz, sukunatga boʻysunamiz.

 

Zero, “Har qanday tovush

Chiqib yurolmaydi uning ustidan.”

 

***

Shoirona, betakror, yorqin obrazlar yaratish, Xudo yuqtirgan bir saodatki, hamma shoir ham u choʻqqiga chiqa olmaydi. Agar topilma tashbeh favqulodda yangi obraz darajasiga yetmasa, quruq tashbehbozlik ham zeriktiradi, eskiradi, unutiladi, oʻzida katta maʼno va tasvirni sigʻdirolmaydi. Yoʻlsiz daraxtzorda, qadrdon kiminidir izlab topolmagan yoʻlovchi bu oʻrmonni tashlab chiqadi. Maʼnosiz bezak behuda soʻzamollikday.

Oʻtgan asrning 70-80-90-yillarida tashbehchilikka ustaliklaridan kerilib yurganlar bugun unutilgani achchiq haqiqat. Tashbeh – shoirning qimmatli sarmoyasi. Ammo u obraz – qiyofa darajasiga koʻtarilsagina tasvirga jon kiradi, bekamu koʻst koʻrinadi, oʻquvchi ham uni darrov tanib oladi va qadrdonlashadi. Shu moʻjaz kitobchada ham kam boʻlsa-da esda qolar qiyofa – obrazlar bor. Bundan sheʼrxon toʻlqinlanadi. Keling Bektemirning bir sheʼrida bir-biriga jon qadar yaqin va bogʻliq ana shunday obrazlar istiqomatini kuzatamiz.

 

Nigohimda ezilgan soʻqmoq,

Olislarga tutashib ketgan.

 

Bu qishloqning mushtipar siymosi. Fikran esa ona timsoli.

 

Kimsasizlik hokim xiyobon

Barcha tovushlarni unutgan…

 

Bu endi shaharda qishloq bolasi adashib kelib qolganday holat. Bir umr koʻngilning koʻnikolmagan ruhiy kechinmalari. Guyo hayoti algʻov-dalgʻov odam. Izdan chiqib ketgan poyezd.

Shahar va, qolaversa, kuz alohida kimsadek jonlanadi. Ana shu tasvirlarda qishlogʻini sogʻingan, qishloqcha qadriyatlarni unutgan yigitning qismati ham ramziy, ham allegorik tarzda his qildiriladi…:

 

Qoʻzgʻaladi qadamdan choʻchib,

Atrofimda zaʼfaron sharpa.

Besarishta kezinar koʻngil

Goʻyo endi oxirgi marta.

 

Manzaralar – qiyofalar. Hayot – shahar. Xayol – qishloq. Obrazlarni esa xotira tiklaydi. Lip-lip etib, makon biridan ikkinchisiga koʻchadi.

Mana shahar: “Argʻuvonlar chaqirar shamol”.

Qishloqning munis va ulugʻ siymosi bosib ketaveradi: “Teraklar yoʻl koʻrsatar oyga…”

Negadir xayolimdan rus shoiri Tyutchev oʻtdi, goʻyo faqat u shunday yozishi mumkinday… Keyin Rauf Parfining tirik manzaralari…:

 

Ovozini yashirib jimlik,

Yuzlarini yuvadi soyda.

 

Lekin Bektemirdagi yaxlitlikda personajlar yana ham gʻuj.

 

Magʻrur xazonlarni telba yel

Suvga choʻkkan tunga botirar.

 

Bu manzaralarni hatto rassom ham koʻrolmaydi. Shoir esa juda yorqin koʻz oldimizga keltiryapti.

  1. Magʻrur xazonlar. 2. Telba yel – Tirik tabiat jarayonlari: “Suvga choʻkkan tunga botirar”. Oʻzni emas tunga; suvga emas tunga, xazon suvga choʻkmayapti, tunga botyapti… Magʻrur xazonni telba yel qanday qismatga giriftor qilyapti… Murakkab va taʼsirli. Shunda inson qismati haqida oʻylaysiz. Oʻzingizni goh magʻrur xazon, goh telba yel, goh suvga choʻkkan tun va suvga botib borayotgan xazon holida koʻraverib, yuragingiz ezilib ketadi. Boshidayoq maqsad onani xotirlash, uning mehriga isinganlikni eslash edi, ammo hech bir joyda “ona” soʻzi tilga olinmasdan anglatiladi, zero, buyuk bir sevgini, mehrni tavsiflab boʻladimi? Ehtimol ramziy tasvir bilan boshqalarni loqaydlikdan, oʻz xudparastligidan tortib olmoqlik mumkindir, xolos. Bektemirning ushbu obrazi oʻz ijodida emas, XX asr 90-yillari oʻzbek sheʼriyatidagi eng gʻamgin va yorqin, favqulodda va rost chizgi degim keladi:

 

Derazadan kuzatar meni,

Sochlari oqargan xotira…

 

“Tong yoqasi”da adabiy portretlar koʻp emas… Lekin odatiy, bagʻishlov, maqtov va taʼriflardan xoli boʻlib, ishora bilan insoniylikni his qildiradi, koʻngilni junbushga keltiradi, qadrdonlar safiga qoʻshdiradi. “Egachi” sheʼri shularning eng esda qoladigani. Oʻzbek opa-singillari taqdiri palaxmontoshi, boshqa bir mamlakatda qismatga asirday ekanligidan ularni sogʻinib, oldilaridagi qarzdorligini his qilib yashaydi. Oʻzining xudbinligini ular taqdirini oʻylab anglaydi.

“Egachi” ana shu hasratning tashbeh va istioralar bilan avjlangan gʻamgin qoʻshigʻi, mungli hikoyasi:

 

Egachi osmonmi chehrangiz,

Turfa dam toʻkilar turfa rang.

Koʻzimga xazonday ixraysiz,

Shamolday izgʻiyman men – garang.

 

Butunlay boʻlak mavjudotlarning tabiati va xatti-harakati opa-ukaning qismatini ochadi. Lahzada evriluvchan tasvirlar ayolning fazilat va holatlariga ism, maʼno boʻladi. “Osmonmi chehrangiz”, “turfa dam toʻkilar turfa rang…” Shu bir detal bilan ming xil harakat, evrilish, odamning butun hayoti uning chehrasi oʻzgarishida aks etadi. Qarshilantirishlarni qarang: “Koʻngilga xazonday ixraysiz, Shamolday izgʻiyman men – garang…”

Ayol, opa – quruqshagan (kuzgi) xazon. Shamolday izgʻiyman – uka… Bu ikki biri uchuvchi erksiz, birini uchiruvchi hayot personajlari oʻz holicha ikkita qismat dostoni. Shu bilan birga ukaning xatti-harakati oʻz jinsdoshlari feʼl-atvorini-da shafqatsizlarcha fosh qilib, ukaning opa oldidagi burchini eslatib, umuman erkakning ayolga munosabati adolatli boʻlishini ham esga solayotganday. Axir har birimizning ayolimiz ham kimningdir opa yo singlisi!

Ota-onadan keyin aka-uka, opa-singillarning baxtidan chinakamiga sevinib, ularni yoʻqotganda esa astoydil kuyunish hissi boshqa hech bir yaqin kishingizga nisbatan boʻlmaydi. Boʻlsa ham, biri ikkinchisining oʻrnini bosa olmaydi.

 

Falak – baxtimizni ataylab,

Chegalab tushirgan chegachi.

 

Maʼsum bolalikda bir uyda, bir koʻrpaga sigʻganlar, ulgʻaygach, ayovsiz qismat bois hamma oʻz baxti, tolei tomon shoshadi. Oʻz fojia va zafarlari ortidan yurib, oʻtgan bedogʻ damlaridan uzoqlashib boraveradi. Sogʻinchning isyoni shundan. Bektemirning rostgoʻyligi, oʻzini fosh qilishi yanayam bu satrlarning taʼsirini oshiradi!

 

Sizni bekor kutaman oylab,

Siz ham meni kutmang, egachi.

 

Bektemirning sheʼrini tushunib oʻqilsa, ikki begona qirra bir-biriga urilib, olov, uchqun chiqishini kuzatib boraverasiz. Moddiy hayot va maʼnaviy olam.

 

Egachi, dilingiz sahromi,

Bunchalar chuqur yoʻl, adashasiz.

Ayriliq – hasadgoʻy mahramim,

Qay imkon bor menda chidashsiz.

 

“Dilingiz sahromi?” da kamida ikkita maʼno, ramz mavjud. Kenglik va ship-shiydamlik. Biri tirik belgisi, boshqasi ( oʻt-oʻlanning yoʻqligi) esa qalban ado boʻlganlik. Dilning kimsasiz, kishining yolgʻiz qolishi esa odam fojiasini kattalashtirib anglatadi.

Bunchalar chuqur yoʻl, inson hayotining chigal va ogʻirligi, “adashasiz” endi mavhum hayot, kuyunish. Imkon – chidash. Ming bor aql shu iqrorga kelaveradi:

 

Qay imkon bor menda chidashsiz.

Ayriliq – hasadgoʻy mahramim.

 

Turfa odamlarning suvratlari bular. Tevaraginggizda ular oz emas, balki juda yaqiningizdir… Lekin begona, rafigʻu raqib, sizni aslo tushunmaydi, ustingizdan kuladi, sizdan nafratlanadi, dunyoni qizgʻanadi… Shundan rohat, orom oladi… bu mahramlar…

Nima boʻlganda ham, bari bir qadrdon odamning, betaʼma mehribonning, olisdan boʻlsa ham kuyunadigan jigarning borligiga nima yetsin. Fojialar oralaymiz: Qurbon qilamiz, qurbon boʻlamiz, bu nafs botqogʻida, xudparastlik ummonida kimlarga duch kelmaymiz…

 

Adashgan yoʻlovchi boʻldim men,

Daraxtlarning tagidan oʻtdim.

Telbaday tirjayib xazonga,

Yana yolgʻiz sizni dil kutdi…

Egachi-i…

 

Dilida mehri adoqsiz bir odam ketib boryapti. Koʻrasiz. U togʻlar ortida, daryolar narisida. Oʻrmonlar tepasida turib u ham sizni koʻradi. Lekin kelolmaydi, hech kelolmaydi. Siz ham borolmaysiz, faqat yigʻlab chaqirasiz, tinimsiz dil onaday mehribon bir insonni chaqiradi. Egachi-i…

Voqealar davomi va…

Toʻqqizinchi voqea. Oradan yetti yil oʻtib, 2003 yili “Oʻzbek modern sheʼriyati” nomida bir bayoz tayyorlanib nashr etildi. Yangi sheʼriyat vakillari deya topilganlar safida Bektemir Pirnafas sheʼrlariga ham oʻrin berildi.

Oʻninchi voqea. Yana oradan besh yil oʻtib, “XX asr oʻzbek sheʼriyati antologiyasi” nashr qilindi. Unda oʻzbek va qoraqalpoq sheʼriyatining oʻtgan asrdagi namoyandalaridan 103 nafari tanlab kiritilgan, majmua oʻzbek sheʼriyatining mumtoz vakili Abdulhamid Choʻlpon sheʼrlari bilan ochilib, Bektemir Pirnafasovniki bilan yopilgan.

 

* * *

Yigirma yil oldin… “Tong yoqasi” nashr etilganda bir ustozi avval kulib, yoqalarini koʻrsatib tirjayib, gʻalatilikni inkor qilib, tushunmaganini, tushunishni istamaganini pisanda qilgani kechagidek xotiramda… Zero, yangilik voqea. Uni koʻrish, tushunish, qabul qilish ham mardona voqea…

Tong yoqasi – faqat koʻngil koʻrar va faqat koʻngil odamlari yetar manzildir. Kimdir peshinga, kimdir asrga, kimdir shomi qorayib xuftonga yetib kelganda ham Shoirni keyingi manzillarga koʻrinar deb kutamiz. Qani u, qani shoir? Yo bu hayotda unga oʻrinli ish qolmaganmi?

Bektemir talaba edi unda. Universitetni bitirib, gazetlarda ishladi, oinaijahonda johongashtalik qilib necha yillar beqoʻnim qoʻnim topdi, jamiyatni qurish akademiyalarida taʼlim oldi. “Jahon”ga chiqdi, Bobur saltanat tuzgan yurtlargacha yetdi, lekin buning sheʼriy daragi-chi? Sogʻiniblar yana “Tong yoqasi” olamiga qaytdik. U moʻjaz va ulkan, maʼsum olam ekanki, sanʼati, haqiqati, qismati koʻnglimizni toʻldirdi. Soʻzning soni emas, chini; fikrning chalkashi emas, terani; tasvirning ezilgani emas, samimiysi va tasavvurning dilbari lahzamizni shodon etdi. Xudo yuqtirgan 16-21 yoshli Bektemir Pirnafasni qirq birinchi bahorida yoʻlovchi shamol kabi yoʻqladik, xolos. Chunki, asl sheʼriyatga doʻst izlagan koʻngil hamisha birodarga muhtoj boʻladi! Muhtoj boʻldik… Qani Bektemir kabi mangu yosh shoirlar: Xayrullo, Farhod Arziyev, Abduvohid Hayit, Pahlavon Sodiq, Zokir Xudoyshukur, Bahodir Joʻralar… Qani?

Hey, qaydasiz, mangu yosh shoirlar?

 

Vafo Fayzulloh

 

“Ijod olami”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tong-yoqasi-da-yoxud-mangu-yosh-shoir-rivoyati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x