Yuk

Sulton gʻaroyib tushlar koʻrar edi. Misol, koʻpincha dadasining va oyisining yelkasiga kimdir minib olganini koʻrar, bu gal yalang oyoqli ikki odam ikkovining yelkasida oʻtirganini koʻrib, birdaniga bu men emasmanmi, deb yubordi. U endi tuk bosa boshlagan oyoqlarni tanigan edi. Uygʻonib ketdi. Biroq uygʻonsa ham, shu holat koʻz oʻngida turaverdi. Garchi ota-onasi bazmi jamshiddan tunda kech qaytgan esa-da, erta turib bomdod namozini biri dahlizda, biri mehmonxonada ixlos bilan oʻqimoqda edi. Ikkita Sulton ikki yelkaga mahkam oʻrnashib, qoʻllari bilan ikkovining ham iyaklari ostidan qisib boʻgʻib olgan edi. Sulton onasining egnida buvisidan qolgan uzun etakli yashil koʻylakdan taralgan bir munis boʻyni tuydi. Bir entikdi, ayni paytda bu hid buvimning oq chorsi roʻmolidandir deb ham oʻyladi, yoʻq, oyisi sochini oʻtkir hidli ajabtovur shampunda yuvgan, shu bois roʻmolning hidi u bilan qorishib ketgan edi.

Buvisi uni ayricha yaxshi koʻrardi. Emishki, dadasi tugʻilganida yarim oyni, bu nevara tugʻilganida butun oyni tush koʻrgan emish. Dadasi bolasining boʻsh-bayovligidan nolib, baʼzan achchiqlanib tanbeh bera boshlaganida buvisi oʻgʻlini toʻxtatar, bu bolaning hali kelgusida katta martaba egasi boʻlishini kuyunib uqtira boshlar, shunda ota tek turmay: ha, koʻrib turibmiz, maktabni tuzuk-quruq yolchitib oʻqimayapti-ku; bundayligimda men oltin medal olaman deb harakat qilar edim, bu esa gʻirt savodsiz boʻlib oʻsyapti-ku; ertaga zoʻr odam boʻlishi uchun hozir oʻqimaydimi, tentak desang – tentak emas, sogʻ desang – sogʻ emas; tavba, hali koʻp kuydiradi bizni, derdi.

Otasi shunday kez oʻgʻlini urib yuborguday xezlanar, ammo qari buvisi uni bagʻriga olib atay erkalataverganini koʻrib shashtidan tushar, bir ilinj istab nari ketar, kampir nevarasining barmoqlarini ushlab, uzunligini qara buning, barmogʻi uzun bola baxtli boʻladi, hali qarab tur, bu toychogʻim yigit boʻlib yetishsa, hammang huzur-halovatini koʻrasan, unda men bu dunyoda boʻlmayman-da, derdi.

Ota oʻylab qolardiki, rostdan ham, uzun barmoq egasi baxtli boʻlarmikan, deb. Oʻzining dagʻal qoʻllariga qarab men baxtsizmanmi, agar baxtsiz boʻlsam, shu esar oʻgʻil sabab, derdi qatʼiy. Sultonning ikki opasi baxtini topib ketdi. Ilgari ular ham ukasini erkalatgisi kelaverardi. Oyisi goho uning boshini silab, yelkalarini uqalar, otasining koʻzi tushib qolsa, chaqaloqmi bu, emizaqol, ustunday boʻlib, onasining tizzasida yotishini qara, derdi tutaqib. Choʻchib uygʻonganday turib, tashqariga chiqib, uzoq yurar, bir mahallar qaytib kelib, oʻrnida uxlab qolardi. Agar shu hol roʻy bermasa, yaʼni oyisi uni silab-siypab oʻtirganda otasi kelib qolmasa, onasining tizzasida yuvosh mushukday dong qotardi.

Otasi unga deb uy qurar, manaman markali mashina olar, doʻstlaridan kam boʻlmasin deb ohorli, zoʻr kiyimlar xarid qilar, oyisi shaharning malikasiman, degan qizlarning ostonasini supurib yurardi.

Yolgʻiz oʻgʻil boʻlsa, bunday oʻmgagini koʻtarib, yaxshi odam boʻlishga oshiqmas, oʻylangani oʻylangan, biror narsaga bel bogʻlab harakat qilmas edi. Uyqudan turib ham yana karaxt, uyqusirab yurishi otaga sira botmas, shunday vaqtlari toʻyib ichib olib, yuragida borini toʻkib-sochar, himoyaga otlangan onasini ham ayab oʻtirmasdi. Hamma yoq bosilgach, oyisi erining figʻonu hasratlari taʼsirida boʻlsa kerak, “Qachon odam boʻlasan axir?” derdi yigʻlamsirab.

– Oyi, hali zoʻr boʻlaman, koʻrasiz, – derdi oʻgʻil. Bu oxirgi vaʼda emas edi. Odam oʻzgarsa vaʼdalarsiz, shunday, bir ichki xulosaga kelib intilish boshlanadi, tamom. U esa shuncha gapdan keyin ham xonasiga kirib, juda tinch, hech narsa boʻlmaganday pishillab uxlab qolar, yana zoʻr ishni qotirganday choshgohgacha yostiqdan bosh koʻtarmas, oyisi uygʻotsa turib yuz-qoʻlini chayib, dasturxondagi har narsadan choʻqib pala-partish, toʻyib ovqatlanar, keyin xonasiga kirib, bir rus faylasufining kitobini yuziga qoʻyib, tagʻin uyquga ketardi. Uning uyqusi koʻp va pala-partish, toʻyib ovqatlanishi aqli raso odamning ishi emas, deb qoʻrqib ketardi oyisi. Orzu-niyatlari birin-ketin chippakka chiqayotganidan koʻngli toʻlib hoʻngrab yigʻlab yuborardi. Oʻgʻil bu kuyunishlar oʻzi uchun ekanini sezar, his qilar, odam boʻlish, yaxshi odam boʻlish haqida xayol surar, biroq atrofidagi odamlar bilan til topishish naqadar ogʻir koʻrinar, oʻyining uchiga yetolmay, tagʻin toʻshakka choʻzilardi…

Uyqudan turib yana oyisiga ont ichardi.

Turmushdagi bunday birxillik uning oʻziga ham yoqmasdi, albatta. Ammo shu birxillikni yoʻqotish, yangicha yashay boshlash uchun na jurʼati, na kuchi bor edi.

Buvisi ham namoz oʻqiganda ustiga katta oq bulut koʻlanka solib turardi. Chamasi, bulut vaznsiz koʻringani bilan oʻta zalvorli, qari va ozgʻin kampirni bukchaytirib qoʻyar, sajdadan qaʼdaga turganida bu yaqqol sezilar, “samiʼallohu limanhamidah” kalomini yigʻlab-ingrab, bazoʻr aytar edi.

Nevarasidan bu haqda eshitganida, buvi gapning maʼnosini tushunmagan, ishqilib, bir narsa yelkamga ogʻirligini tashlab turadi, deb qoʻyaqolgan va oʻylab qarasam, bola chogʻimdayam shu yuk bor edi, hech qutulmadim, balki oʻlguncha qutulmasman, deb uf tortgan edi. Buvi kuchdan qolib qoyimni eplayolmay, oʻtirgan koʻyi yuz rakʼat nafl namozi oʻqigan kezlari ham shu oq bulut uni sira tark etmas, qizigʻi shundaki, bulut faqat Sultonning koʻziga koʻrinardi, xolos. U ham bulut buvisining yelkasiga oʻtirib olardimi, tegib turardimi, tegmasmidi, shunisini bilmasdi. Buvisi nihoyatda qiynalib qad rostlayotganida bulutni ustidan tushirib tashlashni yo haydab yuborishni xohlab qolardi. Lekin birovning ibodatiga xalaqit berish mumkin emasligini yaxshi anglardi.

Dadasi qoʻshnisining xaroba yarim yerini katta pulga sotib olib, yana buning evaziga qolgan yarmiga uy qurib berib, yarmini oʻzinikiga qoʻshib imorat solib, uning bir qismini onasi uchun yaxshilab taʼmirlab, atay, garchi gaz va issiq polda uy isib tursa-da, oʻtini qishda charsillab shuʼla sochib yonadigan pech qurib, qiblasiga mehrob yasatib va koʻrkam patgilam joynamoz toʻshab berganida, momo tamom qarigan, namoz oʻqish asnosi muk tushib uxlab qolaverar edi. Uzun kunlarning birida oʻgʻli qoʻy soʻyib odam chorladi, maʼrakada muftiy va domla-imomlar ham bor edi, ziyofat chogʻi choʻqqi soqol bir moʻysafid onaxonga kattagina oʻrogʻliq qogʻozni ochib oʻqidi, unda Habibulloh ismli arab talabasi onaxonni haji badal qildirgani, buning tasdigʻi uchun Saudiya podshosining muhri urilgan qogʻozning tepasiga hajni ado etgan yigitning fotosurati tushirilgan, onaxonning ismi va otasining nomi qizil arabcha harflar bilan bitilgan edi. Bir mis koʻzada zam-zam suvi, bir talay tasbeh, taxlam-taxlam joynamoz, yana Qurʼonning nihoyatda bejirim qilib chop etilgan nusxalari tuhfa qilindi. Kampir kalomullohning birini olib tavof qilar ekan, qurib qolgan koʻzlariga yosh quyilib keldi, oʻpkasi toʻlib, negadir “Rahmat, eshon bobojon, bosgan qadamingizga gul bitsin”, deb yigʻladi.

Atrofda qarindoshlar, qizlari va nevaralari toʻplangan edi. Nevaralar gul tutar, qizlari esa qimmatbaho roʻmol va kimxob liboslar kiydirishar edi. Momo shu uyda bir oy yashadi, toʻgʻrirogʻi, bir oy koʻrpa-toʻshak qilib yotdi-yu, soʻng omonatini topshirdi.

Sulton yana bir oy shu yerda oq bulut aylanib uchib yurganini koʻrdi, soʻng u ham qaygadir gʻoyib boʻldi.

Yilday uzun qish kechalarida Sulton uyqusi qochib buvisiga atalgan uyni aylanar, mehribon yuzli momoni koʻz oldiga keltirar, mehrob yoniga kelib joynamozga choʻkar, ammo namozni bilmagani uchun yotib-yotib uxlab qolaverar edi.

Uydan chiqqanida papka yelkalagan oʻrtoqlari maktab sari oshiqib borayotganini koʻrar, u ham oyisining qistovi bilan sumkasini koʻtarib yoʻlga otlanar, ammo oyogʻiga tosh osilganday zoʻr-bazoʻr borar hamda qoʻshga qoʻshilgan hoʻkizday horib qaytib kelardi.

Shu yoʻlning boshida jomeʼ masjidi bor edi. Juma kunlari koʻchaning oyoq tomonidan uch-toʻrt, baʼzan toʻda-toʻda namozxonlar ibodatga shoshib qolishadi. Sulton ularga qoʻshilib masjidga bordi. Darvozada bir serjant toʻxtatib, ism-sharifi, manzili, otasi, oʻqiydigan maktabini soʻrab-surishtirdi. Sulton qoʻrqib ketdi. Mahallasidagi oqsoqol Ahmadjon domla unga rahmi keldimi, melisaga roʻbaroʻ boʻlib, bolani himoya qila boshladi. Nima dedi, nima qoʻydi, ishqilib, serjant uni ichkariga kiritdi. El qatori tahoratxonaga oʻtdi, undan chiqib odamlar safiga qoʻshildi. Miyasi yorishdi. Ibodat chogʻida har bir odamning yelkasida bittadan yuk koʻrdi. Ajablandi. Biroq nimagadir xuddi avvaldan oʻqib yurgandek tagʻin toʻrt rakat sunnat namozi oʻqidi.

Qaytgan chogʻidan boshlab onasining yelkasida ham, otasining yelkasida ham oʻzini koʻradigan boʻldi. Buning nima ekanini tushunmadi. Aksiga olib, ularning ustidan tushay desa ham tusha olmasdi.

Jumadan boshqa kunlari ham masjidga qatnadi. Bir kuni peshinga chiqqanida hammaning yelkasida mol va odamlar oʻtirib olganini aniq va tiniq koʻrdi. Uyalganidan masjid hovlisiga chiqib, kesilgan daraxt kundalaridan ortmoqlab yelkasiga bogʻlab oldi. Chunki oʻzidan boshqa hammaning yuki bor edi. Namozdan keyin imom uning yoniga kelib, bu ishi yaxshi emasligi, boshqalarni ibodatdan chalgʻitganini uqtirdi.

– Hammalaringizda yuk bor-ku, nega endi menda boʻlmasin, orim qoʻziganidan shunday qildim, – dedi Sulton.

– Imom hayron boʻldi. Sekin chekkaga oʻtkazib soʻradi:

– Xoʻsh, mening yelkamda ham yuk bormi?

– Bir qoʻchqor oʻtiribdi.

– Yoʻgʻ-e, qanaqa qoʻchqor?

– Qizgʻish qora qoʻchqor.

Imomning koʻzlari olayib ketdi. Soʻng oʻziga kelib:

– Toʻgʻri aytasiz, uka, shu qoʻchqor meniki, Qurbon hayitiga soʻymoqchiman, namoz vaqti hayitgacha oʻlib-netib qolmasmikan, bir oʻzi qoziqda maʼragani maʼragan deb oʻylagan edim… Abdusattor soʻfida nima koʻrdingiz?

– Loy.

– Loy? Ha, darvoqe, kambagʻal, tomini yopaman deb loʻmbozga hasharchi chaqirgan, namozdan qaytgunimcha loyning nami qochib qolmasmikan, deb alagʻda boʻlgan chiqar.

– Jalol domlada-chi?

– Mashina. “Neksiya”.

– Toʻgʻri, oʻgʻli ikkovi toʻplagan pul mashinaga yetmayapti.

Sulton otasi va onasiga yuk boʻlib yurganini balogʻatga yetgan kuni tushundi, oʻsha kuniyoq yelkasiga olacha xurjunni tashlab, padari buzrukvoridan duoi fotiha soʻradi. Ota duo berdi, ona ertakdagi singari moʻltillab koʻz yoshi qilib qoldi. Internet orqali uygʻur doʻstlar orttirgan edi. Ular vaʼda qilingan gazlamalarni Samarqanddagi Toshmatning saroyi omboriga tushirishlari kerak, Sulton borib mollarga ega chiqishi, uch kun ichida Samarqand, Urgut, Chelakdagi ulgurji xaridorlarga tarqatib, bir haftadayoq pulini yigʻib berib yuborishi zarur. Har shaharning oʻgʻrisi ham, toʻgʻrisi ham bor, Samarqand oʻgʻrilari Sultonga ola qarashdi. U uygʻur joʻralari bilan samarqandcha palovxontoʻrani sob qilib, xufton mahali xonai xobiga kirgach, yomon niyatlilar uyquda bosmoqchi boʻlishdi. Qarasalar, karovatda bir boshsiz odam yotibdi. Chiroq yoqib qaradilar hamki – shu ahvol, biroq xurrak eshitiladi. Ne boʻlganda ham murdaning tovoni boʻynimizga tushib qolmasin, deya pusib asta chiqib ketishdi. Ertasi kuni qarashsa, kechagi “jasad” gazlamalarni bozorga yuklamoqda. Qaytib kelishini kutdilar. Kechagiday tunash maqsadida yana poylashdi.

Ne koʻz bilan koʻrsinlarki, bu gal yarimta gavda jonsiz boʻlib yotibdi. Yo, astagʻfurulloh, yo falak, bu ne sir, bu ne sinoat! Qoʻrqa-pisa ortga qaytdilar.

Ertalab Sulton Urgut bozoriga ikki moshina gazlama ortadi. Qaroqchilarning koʻzi chiqib ketadi. Buncha molning pulini hisoblab koʻrib taxta boʻlib qotib qoladilar. Kecha oʻsal boʻldik, bugun ne boʻlsa ham ishonmaymiz, tappa bosib puliniyam, moliniyam tortib olamiz deb kelishadilar.

Kechqurun saroyda baliqxoʻrlik boʻladi. Mehmonlar Zarafshonning maydaqiltiq shirmohisi bu qadar mazali ekanini aytib, maqtab-maqtab yeyishadi. Xuftonni ado etib, tagʻin uxlaydilar. Sulton kechagi xobxonaga kirib gʻoyib boʻladi. Gʻoyib boʻlganini qaroqchilar oʻz koʻzlari bilan koʻrishadi. Yostigʻi, oʻrin-koʻrpasini ham ushlab koʻradilar: yoʻq, bus-butun odam yoʻq! Qilichi sinib, qalqoni teshilgan gʻayurlar ertasi yana poylashadi, bir ish chiqishiga koʻzlari yetmagach, oxiri shopmoʻylov, taqirbosh sardor kabobxoʻrlik qilayotgan savdogarlar oldiga kelib, Sultonni imlaydi. Oʻzining oʻgʻri ekanini tan olib, uni soʻroqqa tutadi.

– Birinchi kuni charchagan edim, xuftondan soʻng “Oyat al-kursiy”ni bir marta oʻqib edim, shunga boshsiz koʻringan boʻlsam kerak, ikkinchi kuni ham charchoq bosib, yotishda oyatlarni ikki marta qaytargan edim, yarmimni yashiribdi, kecha esa uch marta oʻqiganman. Demak, uch marta oʻqilsa, butun gavdani yashirarkan-da, qoyilman. Mazmuni oddiy: “Ey moʻminlar, na oldi-sotdi, na oshna-ogʻaynigarchilik va na oqlov boʻladigan KUN kelishidan ilgari hayoti dunyoda sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq-ehson qilinglar! Kofir boʻlgan kimsalargina zulm qiluvchilardir. Ollohdan oʻzga hech qanday tangri yoʻq. Faqat Uning oʻzi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir…”. Shuni oʻqiyman, xolos.

– Tan berdim, oshna, – dedi taqirbosh qoʻlini uzatib, – lekin, oʻlay agar, hech baloni tushunmadim.

– Zulm qiluvchi boʻlmang, unda sizni hech kim oqlamaydi. Oyatda shu narsa aytilayotir.

Sardorning hafsalasi pir boʻldi. Himoyasiz bu churvaqalarning pul topib, boyib yotishi baribir uning gʻashini keltirdi.

Sulton uyiga qaytib, otasiga ikki kundan soʻng Urumchiga ketishi, uchta “Fura” moshina gaplashib qoʻyganini aytdi.

Otasi avval ishonmadi, keyin qoʻrqdi, oʻgʻlining rejalarini tinglagach, ziyrak tortib:

– Endi boshogʻing pishibdi, bolam, – dedi va teskari qaradi.

– Oyi, men yelkalaringizdan tushdim, yelkangizda oq bulut yuribdi.

Onasi bu gapni eshitib, shu mening bolammi yo boshqami, deb hayron qaradi.

Onasining ham, otasining ham oʻpkasi toʻldi.

Sulton boshqa odamga aylangan edi.

 

Sobir OʻNAR

 

“Ijod olami”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/nasr/yuk/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x