Patrisia Bernard
Yuvati ota-onasi oʻtirgan odamlarga liq toʻla qayiq Karnapxuli[1] daryosining uncha katta boʻlmagan irmogʻidan qayrilib, ulkan va tezoqar daryo bagʻrida koʻzdan gʻoyib boʻlguniga qadar (ota-onasiga) qoʻl silkitib turdi.
Advika va Lalit ham unga javoban qoʻl silkishardi. Yuvati ularga qarab bazoʻr iljaydi. Advika erining shimini kiyib olgan, oʻlchami ancha katta boʻlganidan shim qurgʻur uning egnida qopday osilib turar, ustiga ustak kalta koʻylagi va uzun sochlarini yashirib turgan poxol shlyapasida u juda kulgili koʻrinardi. Eshkak eshib qayiqni harakatga keltirish erkaklar ishi boʻlgani uchun, u erkakcha kiyinib olgan, modomiki, jut[2] hosilini daryoning soʻl qirgʻogʻida joylashgan tegirmonga eltishda eriga yordam bermoqchi ekan, bu juda muhim edi.
Bundan bir yilcha burun hosilni qayiqqa ortib, narigi sohilga eltishda otasiga Yuvatining oʻn yetti yoshli akasi Sabbir koʻmaklashardi. Daryoning narigi sohilida jutdan tola olinar, olingan tola eshilib, oʻrimlash orqali undan arqon yoki ip tayyorlanar, baʼzan hatto ulardan dagʻalroq boʻlsa-da, mato ham toʻqilardi. Keyinroq Sabbir Chittagong[3]ga ketib qoldi. U yerda nisbatan yaxshiroq haq toʻlanadigan ish topdi. Yigit shaharda kuniga oʻn soatlab velosiped qoʻshilgan riksha[4] haydab, kirakashlik qilar, kamiga yana kechqurunlari qovurilgan yeryongʻoq sotardi. Shaharga ketganidan beri u bor-yoʻgʻi ikki marta uyga keldi xolos. Har safar kelganida topgan-tutganini oilasiga qoldirar va har gal u joʻnab ketgach, Advika haftalab koʻz yosh toʻkardi. Yuvati ham akasini juda sogʻinar, biroq, buni sezdirmaslikka tirishardi, negaki, uydan ketib qolgani uchun undan qattiq xafa edi.
Ayni damda jut koʻchatlarini ekishda ota-onasiga koʻmaklashish ham Yuvatiga qolgan, uning nihollari kun sayin koʻkka boʻy choʻzar, onasining nihollariga nisbatan ancha baravj edi. Ota-onasi sabzavotlar ekish bilan mashgʻul boʻlgan paytlarda Yuvati jut hosilini yigʻib, poyalarni qoq belidan bogʻlab dastalar, ularni daryo qirgʻogʻidagi langarga mahkamlardi-da, to ularning poyasidagi shilimshiq, yopishqoq suyuqlik yuvilib bitmaguncha suvga boʻktirib qoʻyardi.
Oradan yana bir oycha oʻtib, shunday boʻldiki, Yuvatining onasi olti yoshli Rajat va uch yoshli Nabin bilan ovora boʻlib qoldi, buning ustiga ovqat tayyorlash, mayda-chuyda roʻzgʻor yumushlaridan ortmadi. Shunday paytlarda, koʻpincha, Yuvati beliga arqon bogʻlagan koʻyi loyqa va olagʻovur daryo sohilida jut bogʻlamlarini ushlab turar, agar beliga arqon bogʻlamasa, daryo suvi uni oqizib ketishi mumkin edi. Soʻngra u jut poyalarining nam tortib, ivib ketgan poʻstlogʻini shilib, tolasini ajratib olardi.
Yuvati jut poyalarining poʻstlogʻini sidirib, tolasini ajratishni juda yomon koʻrardi. Boisi tabiatan anchagina pishiq-puxta boʻlgan jut tolalari uning barmoqlarini kesib yuborar, keyin bu yaralar chidab boʻlmas darajada ogʻriq berardiki, buning kasriga Yuvati kechalari na tayinli uxlay olar, va na husnixat mashqlarini bajara olardi. Biroq, u juda yomon koʻrgan mana shu yumushni bajarish – ularning odamga oʻxshab yashashlari, kiyinishlari uchun juda zarur edi. Qolaversa, bu mashaqqatli ish – ota-onasi tirikchilik vajidan oqimga qarshi suzib yurishgan bir paytda, Yuvati va kichik ukalarining bu orolda jon saqlab qolishlari uchun ham juda muhim edi.
“Sen chaylamizga va orolga koʻz-quloq boʻlib turishing kerak, – deya yuz martalab takrorlardi unga otasi. – Yana… sen oʻzingni yigitlardek mardonavor tutishing, ularga oʻxshab koʻrinishing lozim, yoʻqsa, qayiqlarda suzib yurgan, manzilu makoni yoʻq, ul-bul ekib dehqonchilik qilay desa, yeri yoʻq odamlar, xuddi biz qachonlardir egasi yoʻq ekan, deya bu orolga joylashganimiz kabi, orolimizni egallab olishlari mumkin”.
Nabin qoʻllarini ikki yoniga kerib erkakcha yurish qiladi-da, “Men yigitmaaan!”, – deya pichirlaydi Yuvatini mazax qilganday. Soʻngra bolakayning bu beoʻxshov qiligʻidan hammalari xandon otib kulib yuborishadi.
Biroq, hozir Yuvati kuladigan ahvolda emasdi. Egniga akasi Sabbirning eski shimini ilib olgan (shimning boʻksasi xiyla kattaligidan qiz uni dambadam tortib qoʻyardi), poxol shlyapasi ostiga sochlarini yashirgan Yuvati ayni paytda sabzavotlarni oʻtash bilan mashgʻul edi.
Yomgʻirning ilk tomchilari tushgunga qadar u turli xil sabzavotlar ekilgan paykalning uchtasini begona oʻtlardan tozalashga ulgurdi. Keyin u sharros yogʻayotgan yomgʻirdan qochib, ukalarining qoʻlidan tutib, qamish poyalaridan naridan beri tiklangan chaylalariga yashirindi. Yomgʻir shu yogʻishida naq toʻrt kungacha tinmadi. Chaylaning bosilaveriganidan zarang boʻlib ketgan tuproq sahni, qamishdan yopilgan tomi ivib, zaxlab ketgandi. Eng yomoni, ular yashaydigan orolcha tobora kichrayib borardi.
Agar daryo paykallarni yuvib ketgudek boʻlsa, yomgʻir tez orada tinmasa, toʻplangan katta miqdordagi suv Gang daryosiga quyilib ketmasa, ularning oilasiga qashshoqlik, nochorlik xavf solishini Yuvati juda yaxshi tushunardi.
Beshinchi kuniga kelib, sabzavotlar ekilgan tomorqa hamda tashqi hovli sahnidagi, odatda, oila bekasi ovqat tayyorlaydigan oʻchoqboshi ham allaqachon suv ostida qolgandi. Buni koʻrgan Yuvati oʻrin-koʻrpalarni taxlab, otasining mehnat anjomlari turadigan javonning eng yuqori tokchasiga joylashtirdi. Soʻngra tizzasigacha loy kechib, oʻzining kichikroq qayigʻi turgan tarafga qarab chopib ketdi. Bu qayiqni bir paytlar akasi Sabbir daryoning narigi sohiliga oʻtib, oʻtin terishi hamda oʻtinlarni ortib uyga keltirishi uchun yasab bergandi. Ayni damda qayiqni orolcha bilan bogʻlab turgan vosita – oroldagi yagona daraxt edi. (Yuvati qayigʻini mana shu daraxtga bogʻlab qoʻygandi.) Bu daraxt onasiniki edi. Negaki, har doim shu daraxtni kesib oʻtin qilib yuborish xavfi paydo boʻlganida, faqat onasi bunga qarshi chiqar, sababi, uning baland va baquvvat shoxlari suv toshqini paytida jon saqlasa boʻladigan eng xavfsiz va xatarsiz bir joy edi.
Yuvati qayiqqa tangʻib tashlangan arqonning bir uchini daraxtning eng yuqori shoxiga bogʻladi-da, yana loy kechib ortiga – chaylasi tomonga shoshildi.
“Endi qayerda uxlaymiz?” – norozi ohangda opasini savolga tutadi Rajat.
“Sen va Nabin huv anavi baland tokchaga chiqib olasizlar. Men esa ota-onamizning kelishini poylab, kutib oʻtiraman”.
Ertasi kuni tong endigina oqara boshlaganda Yuvati ukalarini uygʻotdi.
“Daryo sohilni vayronaga aylantirib yuvib ketibdi. Hamma joyni suv bosgan. Endi daraxtga chiqib olmasak boʻlmaydi!”.
Kichkintoy Nabin vahimaga tushib:”Oyimga borgim kelyapti. Otamni koʻrishni istayman!” – deya yigʻlay boshladi.
“Ular tez orada kelib qolishadi”, – deydi Yuvati bolani yupatish uchun. Ammo bu gapiga uning oʻzi ham ishonmayotganligi, qizning yuz-koʻzidan shundoqqina bilinib turadi.
Illo, Yuvati ayni shu chogʻda quturgan, toʻlib-toshgan ulkan daryo bagʻrida almisoqdan qolgan eski qayiqda harakatlanayotgan ota-onasi har lahzada yoʻldan adashishlari, kuchli va beshafqat toʻlqinlar domiga tushib, nomaʼlum tomonga suzib ketishlari ham mumkinligini ichki bir tuygʻu bilan idrok etadi. Lekin, qizaloq tezda bu kabi mudhish xayollarni oʻzidan nari qilishga urinib, butunlay boshqa narsalarga fikrini qaratadi…
Chindan ham daryo oqimining quyi qismida qoʻshimcha dambalar tiklangunga qadar haybatli toʻlqinlar orolni oʻz domiga tortib ulgurishi, ota-onasining jut poyasidan toʻqilgan mitti qayigʻini pista poʻchoqdek oqizib, ularga qadrdon boʻlib qolgan irmoq sohilidan bir necha milya[5] olisga – Bengal qoʻltigʻi tomonga osongina uloqtirib yuborishi ham hech gap emasdi.
Yuvati Rajat bilan Nabinni yelkasiga opichib onasining daraxti tomon borardi. Suv uning beligacha koʻtarilgan, bolalarni mahkam opichlab oʻtib borarkan, qiz suvning kuchli bosimiga imkoni boricha dosh berishga urinardi. Rajat bilan Nabin onalari avaylab-ardoqlagan, alohida mehr bilan parvarishlagan daraxtning suvga egilib turgan ingichka bir novdasiga osilib daraxtning yoʻgʻon va baquvvat tanasiga oʻtib olishdi. Keyin Yuvati Rajatga arqon uzatdi.
“Men koʻrpa-toʻshaklarimizni, baʼzi bir anjomlarni, yana ovqat pishiradigan qozonimizni ham olib kelaman. Ularning barini daraxtga bogʻlab qoʻyamiz”, – dedi Yuvati iziga qaytar ekan.
“Joʻjalarim-chi! Ularga nima boʻladi?”, – bezovtalanib soʻradi Rajat. Rajatning ikkita joʻjasi bor edi. Rajat ularni chaylaning shiftiga osib qoʻyilgan bambukdan toʻqilgan qafas ichida boqardi.
Yuvati ukasiga qarab qoshlarini chimirdi. Ukasining bu injiqligi unga yoqmagan edi. “Agar daraxtga bogʻlab qoʻysak, ular ivib, nobud boʻladi”, – dedi u zardali ohangda.
Yuvatining javobidan Rajatning yuzi burishdi. “Biroq, kulbamizda qoldirsak ham suvga choʻkib oʻlishadi-ku!”. Rajat shu gapni aytib, bexosdan yigʻlab yubordi.
“Mayli, yigʻlama! Joʻjalaringni ham olib kelaman”.
Birozdan soʻng Yuvati joʻjalarning qafasini boshiga qoʻndirib kelayotgan edi, qayiq kichkina emasmi, xuddi poʻrtanaga duch kelganday, suvda aylana boshladi va qizning yonboshiga kelib urildi. Garchi qayiqning asosi bambukdan yasalgan, ustiga yelimshak va boʻz mato qoplangan boʻlsa-da, uning zarbi qizaloqqa yaxshigina azob berdi. Qiz ogʻriqning zoʻridan yigʻlab yubordi-yu, jon holatda daraxtga yopishdi.
Qafasni Rajatga uzatgach, qiz otasining anjomlarini, onasining choʻyan qozoni, katta sirlangan idishi hamda oʻqlovini olib kelish uchun yana uch marta chaylaga borib keldi. Keltirgan buyumlarni qayiq ichiga qoʻydi-da, keyin oʻzi ham daraxtga tirmashib Nabinning yoniga chiqdi; ukasini namiqqan koʻrpachaga oʻradi-da, bir boʻlak yelimshak taxtacha bilan yomgʻirdan pana qildi. Keyin har ehtimolga qarshi, ukalarining ikkovini ham daraxtga bogʻlab qoʻydi.
Shundan keyingi ikki kun davomida ham yomgʻir tinay demadi. Nabin holsizlikdan mudray-mudray oxiri uxlab qoldi. Yuvati bilan Rajat esa uyqusiragancha ota-onasining yoʻliga koʻz tikib oʻtirishardi.
Hamma narsa, hatto joʻjalar ham ivib, shalabbo boʻlganidan dir-dir titrab, qunishib turishardi. Rajat ularning har birini galma-galdan kaftiga olib isitib turardi. Onasi ketishi oldidan ularga pishirib ketgan chapatilar allaqachon sovub, tarashaga aylangan, ozginagina karam va ismaloqdan boshqa yegulik ham qolmagandi. Rajat oʻziga tegishli chapatining yarmisini maydalab joʻjalariga berdi.
Oltinchi kuni juda ochiqqan va zerikkan Rajat tobora choʻzilib borayotgan azobli kutish dilgirligini qisqartirish uchun Yuvatidan ota-onalarining qanday tanishganligi, u tugʻilmasidan avval oilasidagilar qanday yashaganligi haqida soʻzlab berishni iltimos qildi. Uyqu zoʻr kelganidan Yuvatining koʻzlari yumilib ketardi, biroq shunga qaramay, u Nabinni quchogʻiga mahkamroq bosdi-da, oilaning hammalariga maʼlum oʻsha eski tarixini soʻzlay boshladi.
“Onamiz Tippera[6] urugʻiga mansub bir oilada tugʻilgan boʻlib, ularning qabilasi Chittagong togʻlari yonbagʻrida yashaydigan oʻn ikki qabilaning biri edi. Qabila yerlari Birma[7] chegarasiga yaqin hududlarda joylashgan. Bu qavmga mansub odamlarning boʻylari pastroq, jussalari kichik, yuzlari dumaloq, burunlari mittigina, koʻzlarining shakli onamiz va Nabinning koʻzlariga oʻxshash bodomqovoq. Ular bengal tilida soʻzlashmaydilar. Qabila ayollari sari kiymaydilar. Ularning kiyimlari sarong[8] deb nomlanadi, boʻynilariga qavat-qavat marjonlar shodasi-yu quloqlariga kumushdan yasalgan halqasimon ogʻir ziraklar taqishadi”.
“Faqat onam taqinchoqlarini bizlarga yegulik olish uchun sotib yuborgan”, – deya opasining gapini boʻladi Rajat.
Yuvati bosh irgʻab ukasining gapini tasdiqlaydi.
“Bengaliyaliklar esa qorachadan kelgan, boʻylari uzun, – hikoyasini kelgan joyidan davom ettiradi Yuvati, – burunlari dadamning, Rajat va mening burnim kabi qirrali… Bilasizlarmi, ularni nima deb atashadi?” – soʻraydi Yuvati bolalardan.
“Jummarlar[9]”, – birvarakayiga javob berishadi ular.
“Onamiz oʻzlari yashaydigan qishloq atrofidagi oʻrmonlarda oʻsuvchi turli gulu chechaklardan asal yigʻar edilar, holbuki, bu yumush, bundagi oʻrmonlar shunchaki oʻrmon emas, balki, butkul chakalakzor boʻlganidan, juda xavfli edi. U yerlarda yirtqich yoʻlbarslar izgʻib yurar, aytishlaricha, ular asal yigʻib yurgan juda koʻp odamlarga toʻsatdan hujum qilib, ularni tilka-pora qilib tashlagan, umriga zomin boʻlgan ekan”.
Hikoyaning shu yeriga kelganda, bolalar qoʻrquvdan opalarining pinjiga tiqilishib, bir-birlariga yanayam yaqinroq oʻtirib olishdi.
“Otamiz, – soʻzida davom etardi Yuvati, – Chittagong shahri bandargohiga keltirilgan, eskirib yaroqsiz holga kelgan ulkan yuk tashuvchi va yoʻlovchi kemalarini qismlarga ajratardi”.
“Ulardan ajratib olingan poʻlat faqat Bangladeshda eritilib, qayta toblanadi”, – qoʻshimcha qildi Rajat, oʻzini kattalardek bilagʻon koʻrsatib.
“Ming mashaqqat bilan yigʻib toʻplagan asallarini Chittagong bozorida sotib boʻlgan onamiz bir kuni uyga qaytayotib, sohilda buzilib, yarim-yorti boʻlib yotgan ulkan bir kemani koʻrib qoladi. Uni yanada aniqroq koʻrish uchun onamiz bandargohga yaqin boradi.
“U yerda, – yana gapni ilib ketadi Rajat, – kattakon bosqonni xuddi ertaklardagi devqomat pahlavonlardek qoʻlida mahkam tutib olgan otamiz poʻlat kemalarni bir zarb bilan qulatar edi”.
“Xuddi shunday, – davom ettiradi yana Yuvati. – Egniga sarong kiyib, boʻyniga shoda-shoda marjonlar ilib olgan, juda maftunkor bir qoʻgʻirchoqni eslatuvchi onamizni koʻrgan otamiz, oshiqu beqaror boʻlib qoladi. “Men faqat mana shu parivashga uylanaman!” deydi oʻziga-oʻzi. Onamiz ham juda kelishgan, alpqomat bu yigitni bir koʻradi-yu, uning peshonasiga bitilgan baxt aynan shu yigit ekanini darhol anglab yetadi. Holbuki, ularning baxtiga toʻgʻanoq boʻlib turgan muammolar juda-juda koʻp edi”.
Yuvati bu muammolarni barmoqlari bilan birma-bir sanay ketdi: “Chittagong togʻli hududi aholisiga mansub yigit-qizlar faqat oʻz qabilalaridan boʻlganlar bilan oila qurishardi. Bizning otamiz musulmon, onamiz esa Buddaga eʼtiqod qilardi. Onamiz bengal tilini uncha yaxshi bilmas, otamiz ham onamizning tilida mutlaqo soʻzlasha olmasdi”.
“Keyin onamizning ota-onalari dadamizga bu qishloqni tark etish toʻgʻrisida qatʼiy talab qoʻyishadi, shundan soʻng ular birgalikda qochib, u yerlardan bosh olib ketishadi. Otamiz onamiz uchun ijaraga qizil va sariq gulli chiroyli toʻy sarisi olib keladi hamda onamizga uylanadi”, – hikoyaga nuqta qoʻygandek oʻz gapini yakunlaydi Rajat.
“U yana onamiz uchun bir juft halqasimon billur koʻzli ziraklar ham sotib olgan”, – qoʻshimcha qiladi Nabin.
Yuvati yana boshini irgʻab ularning gapini tasdiqlaydi.
“Otamiz nimaga shunday qilganini bilasizlarmi? – soʻraydi Yuvati mayin va sokin ovozda, – chunki bengallarning anʼanasiga koʻra, kuyov toʻyi boʻlayotgan kuni oʻz qayligʻiga biron bir taqinchoq sovgʻa qilishi shart”.
Shu payt Yuvatining chehrasi gʻamgin tus oldi.
“Onamiz turmushga chiqqandan keyin bor-yoʻgʻi toʻrt martagina oʻz ota-onasini koʻrgani borgan xolos. Shunda ham har safar biz – farzandlar tugʻilganimizda. Axir ular toʻrtovimiz uchun ham ota-onalaridan oq fotiha olishlari, buning ustiga bizlarni Budda ibodatxonasiga olib borib choʻqintirishlari kerak edi-da!”
Qizni kuchli esnoq tutdi. “Boʻldi endi, uxlanglar. Men charchadim”.
Yuvati uyqudan uygʻonganda, suv ularning chaylasini tamomila yuvib ketgan, orol esa butkul koʻzdan gʻoyib boʻlgandi. Daryo suvi vahshatli naʼra tortib, shovullagancha tobora koʻtarilib borar, ular oʻtirgan daraxt tanasiga kelib kuchli zarb bilan urilar, hatto daraxtning nisbatan baland qismidagi yoʻgʻon shoxiga bogʻlab qoʻyilgan Rajatning toʻshagiga ham yetib qolgandi. Bolalar daraxtning yanayam yuqoriroq qismiga qarab tirmasha ketdilar. Ular yuqorilagan sari daraxt shoxlari ingichkalashib, sinib ketish xavfi ortib borardi. Yeyish uchun ularning ixtiyorida bor-yoʻgʻi namiqib ivigan xom guruchu, bir necha tutam soʻligan ismaloq barglarigina qolgandi. Shoʻrlik bolalar qanchalar ochiqqan boʻlmasinlar, noilojlikdan guruch chaynashardi. “Guruchni yutishdan oldin yaxshilab chaynanglar”, – derdi Yuvati ukalariga.
Birozdan soʻng kichkintoy Nabin yana ota-onasini qumsab yigʻlay boshladi.
Nihoyat, sakkizinchi kuni yomgʻir tindi. Biroq, atrofdagi manzara hech bir jihati bilan koʻngilni koʻtaradigan emasdi. Tevarak-atrof cheksiz-chegarasiz ummon edi goʻyo. Butun borliq, yeru koʻk faqat va faqat suvdan iboratdek, ufqning u boshiidan to bu boshiga qadar faqat dengiz… goh sokin va koʻzni qamashtiruvchi tarzda jilvalanib turgan, gohida esa ertaklardagi afsonaviy mahluqotlar kabi pishqirib dahshat solguvchi ulkan ummondan iboratdek…
Olis-olislarda allaqanday yelkanli qayiqlar suzib yurar, lekin ular ham toʻlqinlar haybatidan goh koʻrinib, goh koʻzdan gʻoyib boʻlardi. Garchi uzoqlardan elas-elas koʻzga tashlanayotgan bu qayiqlarni bolalar bir yo ikki marta koʻrishgan boʻlsa-da, ularga ortiqcha umid bogʻlashmas, chunki ular har qancha baqirib-chaqirsalar-da, ovoz yetmas darajada olisda edi.
“Bizlar ham qayiqdagilar nima qilayotgan boʻlsa, xuddi shunday yoʻl tutishimiz kerak, – dedi qatʼiyat bilan Yuvati Rajatga yuzlanib. – Avval, biz ham ularning ortidan Sundarban[10] tomonga, keyin Bengal qoʻltigʻiga suzib borishimiz kerak. Oʻsha yerdagi sohilga chiqib olsak, marra bizniki, u yerda bizga yordam beradigan odamlar topilib qolar, bizni bunday nochor ahvolda qoldirishmas…
“Biroq, dengizda timsohlar, ilonlar va yoʻlbarslarga duch kelishimiz mumkin”, – dedi Rajat qoʻrquv toʻla nigohlari bilan opasiga termulib.
Yuvati unga javob bermadi.
“Onamiz bizga har doim agar biror kor-hol yuz bergudek boʻlsa, bobomiz va buvimiznikiga borishimiz mumkinligini uqtirardi. Men anavi daraxt uchiga bogʻlangan idishga “Biz Chittagongga ketdik!” deb yozib qoʻyaman”.
Tez orada ular hamma narsalarini yigʻishtirib, pastda – suvda qalqib turgan qayiqqa tushira boshladilar. Nabin qayiq ichiga yigʻilgan suvni chiqarib tashlash uchun qayiqning oʻrtasiga choʻkkalab oʻtirdi. Yuvati bilan Rajat qayiqning ikki yonidan joy olishdi.
“Sizlar boshqaruvni qoʻlga olib, qayiqni muvozanatga ketirishingiz bilan, men onamning sarisini qayiqning chetlariga bogʻlashga urinib koʻraman, saridan yelkan yasaymiz”, – tushuntirdi Yuvati.
U xuddi aytganiday qildi. Qayiq markazida tizzalab oʻtirib, onasining sarisini bir uchidan qayiq yoniga bogʻlab, soʻng uni shamol yoʻnalishiga moslashtirguncha qizning qoʻllari tolib ketdi, ammo natija kutganidan ham aʼlo chiqdi: sari yelkan vazifasini juda yaxshi oʻtadi.
Birozdan soʻng Nabin qayiqning burun qismiga oʻtirib olib, pinakka ketdi. Rajat qayiqning yelimshak qoqilgan devoridan sizib kirayotgan suvlarni tashqariga peshma-pesh toʻkib turdi. Yuvati suv yoʻnalishi boʻylab oqib kelayotgan daraxtlaru shox-shabbalarni, vayron boʻlgan chaylalarning qoldiqlarini aylanib oʻtish uchun eshkakni shiddat bilan goh orqaga, goh oldinga aylantirardi. Ular shu koʻyi, ming mashaqqat bilan suzib borishar ekan, daraxt toʻnkasiga urilib agʻdarilib ketishlariga bir baxya qoldi. Yana bir safar esa yassi loytepalarni aylanib oʻtish chogʻida ham shunday qaltis vaziyatga duch kelishdi. Yoʻl boʻyi qayiqning ichi suvga toʻlaverdi, toʻlaverdi, bolalar ham asov dengizning qahri oldida boʻsh kelishmadi; galma-galdan suvni tashqariga toʻkib boraverishdi.
Nihoyat, borliqqa yana bir oqshom choʻkdi. Bu oqshom ham ular namiqqanidan shilimshiq boʻtqaga aylanay deb qolgan xom guruch chaynadilar. Tez orada mangra[11] daraxtlari bilan qoplangan, sershovqin makaka maymunlari-yu marabu laylaklarining chinqiroq ovoziga toʻlib-toshgan botqoqliklardan iborat kichik bir maydon koʻzga tashlandi.
“Odamlar koʻrinmaguncha qirgʻoqqa yaqin yoʻlamaymiz”, – dedi Yuvati. – Yoʻlbarslar suvda yaxshi suzadi, agarda ular och boʻlishsa, bizlarga hujum qilib qolishlari mumkin”.
Keyingi kuni ular mangra daraxtlari orasida chayla qurib olgan bir oilani koʻrishdi. Biroq, sohilga yaqinlashish uchun avval kuchli toʻlqinlarni yengib oʻtishlari lozim edi, zero, daryo oqimi ularni aylantirib qarama-qarshi yoʻnalishda oquvchi kanal muyulishiga keltirib qoʻygandi. Oʻsha kuni ular yassi loytepada choʻzilib olib quyoshda toblanayotgan toʻrtta timsohga ham duch kelishdi: bechora bolalar ularning yonidan nafaslarini ichlariga yutgancha suzib oʻtishar ekan, qoʻrquvning zoʻridan naq oʻtakalari yorilay dedi.
Timsohlar yotgan loytepa ortda qolgach: “Nima deb oʻylaysizlar, ular bizning qayigʻimiz faqat yelimshak va boʻzdan yasalganini bilisharmikin?” – deya pichirlab gap tashladi Rajat.
“Nafasingni chiqarma, – unga javoban shivirladi Yuvati. Agar omadimiz chopsa, biz shu ketishda Karnapxuli daryosigacha yetib boramiz”.
Rajat omadlari kulib boqishiga hali u qadar ishonmayotgandi, shu bois unga dalda berish maqsadida opasi yana qoʻshimcha qildi: “Bengal koʻrfazi sohilidagi plyaj dunyodagi eng uzun plyaj ekanligini bilasanmi?”
Rajat “bilaman”deganday boshini irgʻadi.
“Bangladeshda har yili naq olti oy toʻxtovsiz yomgʻir yogʻishini ham bilasanmi?”, – yana soʻradi Yuvati.
“Ha”, – javob berdi Rajat, keyin mangra daraxtlarining, mabodo ostida uzunligi toʻrt yarim metr keladigan boʻgʻma ilon yashirinib yotgan boʻlsa ham sezilmaydigan darajadagi yoʻgʻon, yam-yashil yaproqlari va loy yopishgan ildizlariga ishora qildi, opasining eʼtiborini oʻsha manzaraga qaratmoqchi boʻldi.
“Yoʻlbarslar sherlarga qaraganda kattaligini, dunyodagi barcha ilonlar ichida piton boʻgʻma ilonlari eng kuchlisi ekanini ham bilasanmi?”
Rajat yana “ha” deganday bosh silkidi.
“Modomiki, shunday ekan, unda ayt-chi: agar kutilmaganda qayigʻimizga shunday bir boʻgʻma ilon hamla qilsa-yu, Nabinning atrofida kulcha boʻlib, uni tanasi bilan oʻrab olsa, sen nima qilasan?”
“Men uni otamning chopqisi bilan urib oʻldiraman”, – qatʼiy javob qaytardi Rajat.
Oʻsha kecha yana sharros yomgʻir yogʻdi. Bolalar yomgʻir suvini ichish uchun uni qoʻllaridagi yelim idishga yigʻa boshladilar.
Bu paytga kelib ular bisotlaridagi guruchning oxirgi hovuchini ham, soʻlib qolgan ismaloqning soʻnggi bogʻlamini ham yeb tugatgandilar. Hammalari juda ochiqqan va oʻta holdan toyganlari uchun Yuvati yoʻlbarslar taʼqib etishi yoki oʻz oʻljasini poylab pisib yotgan boʻgʻma ilonlar hujum qilishi mumkinligini ham mutlaqo unutgan holda, qayiqni mangra daraxtining osilib turgan bir shoxiga bogʻladi. Ular qafasdagi joʻjalarni oʻrtaga qoʻyishdi-da, oʻzlari qafas atrofiga joylashib, shirin uyquga ketishdi.
Ertasi kuni atrof-javonibdagi manzara butunlay oʻzgacha tus olgan edi. Kechagina ilondek sirgʻalib oqqan irmoqlar endi katta daryoga qoʻshilib ketgan, daryolar esa, oʻz navbatida, xoldor bugʻular bilan liq toʻla, baland-baland oʻt-oʻlanlar bilan qoplangan yassitekisliklar oralab oʻtardi. Bir daryoning oʻzani ikkinchisiga ulangan, ikkinchisi esa yana boshqasiga birikib ketgandi goʻyo. Biroq, nima boʻlganda ham, endi daryolar avvalgidan koʻra sokinroq va sekinroq oqayotgan edi.
Bolalar chakalakzor oʻrmonlar bilan qoplangan baland tik qoyalar orasidan suzib oʻtishgach, mevali daraxtlarga liq toʻla dara roʻparasidan chiqishdi. Bu yerdagi non daraxtlari[12]ning mevalari pishib yetilgan, sap-sariq bananlar ham koʻzni quvontirib, ishtahani qitiqlardi.
Yuvatining yelkasidan togʻ agʻdarilgandek boʻlib, oʻzini biroz yengil his qildi.
“Nazarimda, Karnapxuli daryosiga yetib kelganga oʻxshaymiz”, – dedi u xushnud ohangda, ukalariga yuzlanib.
Bolalar ketma-ket suzib borayotgan bir nechta qayiq yonidan oʻtishdi. Qayiqlarning baʼzilari – baliq ovlashga moʻljallangan toʻrlar bilan jihozlangan boʻlib, ular shubhasiz baliqchilarniki edi; boshqalari – odamlar va turfa xil bozorgir mahsulotlar bilan liq toʻla, janub tomon yoʻl olgan savdo qayiqlari edi.
“Shu yerda toʻxtab mevalardan terib olsak boʻlmaydimi?” – soʻradi Rajat non daraxti mevalari ortilgan qayiqdan koʻz uzmay.
Yuvati ukasiga javob bermadi. Uning nigohlari hadsiz-hududsiz, koʻz ilgʻamas, olis-olislarga choʻzilgan sohilda bir tomonga xiyol engashib turgan ulkan kemada edi.
“Chittagong! Men Chittagongni koʻryapman! Bu Chittagong shahri!” – qichqirdi Yuvati hayajonini yashirolmay.
Chittagong shahri daryo sohili boʻylab bir necha kilometrga choʻzilgan. Sohildan shahar ichkarisiga yoʻnalgan yana bir chaqirimcha masofadan soʻng kichik-kichik kulbalar, yana sal narida esa ikki va uch qavatli uylar koʻzga tashlanardi.
Yuvati eshkakni shunday aylantirdiki, natijada u boshqarayotgan qayiq oʻz yoʻnalishini keskin oʻzgartirib, oʻsha ulkan kema turgan bandargoh tomonga burildi.
Bandargohdagilardan soʻrab-surishtirib, bobosi va buvisi yashaydigan qishloqni topib olishiga qizning ishonchi komil edi.
Va nihoyat, ular bahaybat kema yoniga yetib kelishdi. Ishchilar qoʻllaridagi ulkan bolgʻalari bilan kemaga har tarafdan hujum qilishar, hammalari oʻz ishlari bilan andarmon edilar. Biroq kichkinagina qayiqqa koʻzlari tushgach, negadir ular birin-ketin qichqira boshlashdi. Qizigʻi, ular hech kutilmaganda Yuvatining ismini aytib chaqirishar va bandargohga ishora qilib, bir nimalar deyishardi.
“Yuvati, ular sening ismingni qayerdan bilishadi?”, – hayron boʻlib soʻradi Nabin.
“Bilmasam”, – deganday yelka qisdi Yuvati. Shu alpozdagi xatti-harakati, gap-soʻzidan qiz boyaqishning soʻnggi kunlar ichida oʻz boshlariga tushgan tashvishlardan, sargardonlikdan nihoyatda zada boʻlib ketgani, charchagani shundoqqina koʻrinib turardi.
Shu payt Nabin birdaniga qayiqning burni tomonga oʻrmalay boshladi, uning bu keskin harakatidan qayiq juda qaltis va xatarli bir tarzda chayqalib ketdi. “Ona! Onajon! Otajon!”
Bandargohda turgan bir toʻda odamlar kimnidir olqishlayotgandek shovqin koʻtarib sakrashar, qoʻllarini silkitib oʻzlaricha turli imo-ishoralar qilishardi. Keyin odamlar toʻdasi ikkiga ajralib, ular orasidan Yuvatining otasi Lalit va akasi Sabbirning qorasi koʻrindi. Ular qayiqqa arqon tashlash uchun bandargohga mahkamlangan narvondan ketma-ket pastga tusha boshladilar.
Otasi qayiqni tortib qirgʻoqqa yaqinlashtirdi, Sabbir esa Nabinni dast koʻtarib sirpanchiq zinadan tushib kelayotgan otasining qoʻliga tutqazdi. Yuqorida bolani onasi ilib oldi-da, quchogʻiga mahkam bosdi, bolakay ham sevinchdan qiyqirib yubordi.
Keyin Sabbir Rajatning joʻjalar solingan qafasini koʻtarishib narvondan chiqishiga yordamlashdi.
Nihoyat, u Yuvatini ham belidan ushlab qayiqdan chiqarib oldi-da, akalarcha mehr bilan bagʻriga bosdi. “Singiljonim, endi seni hech qachon tirik koʻrmaymanmi, deb qoʻrqqandim”, – dedi sogʻinch toʻla nigohlari bilan singlisiga termulib.
“Siz bizni tashlab ketmasligingiz kerak edi”, – Yuvati shunday deb yigʻlab yubordi. Keyin shu kunlar ichida ham ruhan, ham jismonan toliqqan shoʻrlik qiz muvozanatini yoʻqotib, “shilq” etib yiqilib tushdi. Sabbir baquvvat qoʻllari bilan uni tutib qoldi, koʻtarib zinadan tepaga – ota-onasi, bobo-buvilari kutib turgan joyga chiqdi.
“Yuvati juda holdan toygan, – dedi Sabbir yaqinlariga vaziyatni tushuntirib. – Unga suv berish kerak”.
“Yegulik ham, – qoʻshimcha qildi Rajat. – Qornimiz juda och”.
Yuvati, Rajat va Nabin qatiq, asal va mevalar bilan tamaddi qilishayotgan paytda otasi ularga bor gapni bir boshdan aytib, tushuntira boshladi. Uning aytishicha, sirlangan idish chetiga yozib qoldirilgan yozuv ularning joniga ora kirganmish. Oʻsha yozuv tufayli Chittagongga kelib, bu yerdan Sabbirni qidirib topishibdi, uni singlisi va ukalarining yoʻqolib qolganidan xabardor qilishibdi.
“Beshovimiz sizlarning kelishingizni kutib mana shu yerda – bandargohda kun kechirdik”, – dedi Advika bolalariga birma-bir qarab. – Buving bilan bobong ham biz bilan birga edi. Ular har kuni ibodatxonaga borib tangridan sizlarning sogʻ-omon topilishingizni soʻrab, chiroq yoqib, ibodat qilishdi”.
Yuvati bir paytlar ota-onasining turmush qurishlariga qarshilik qilgan va ularni qidiruvga bergan bobosi hamda buvisiga hadiksirab sekingina koʻz tashladi.
“Endi hammasi joyida. Hozir hammangiz biz bilan qishloqqa borasizlar, qani, yuringlar!”
Advika otasining soʻzlarini bolalariga tarjima qilib berdi: – Bobongiz hammamizni uylariga taklif qilyaptilar. Otangiz tuzukroq ish qidirib topgunicha ularnikida yashab turamiz. Hali boshqa biror qoʻnalgʻa ham, boshpana ham topganimiz yoʻq. Hozircha Chittagongda qolmoqchimiz. Uchovingiz maktabga borasiz, – dedi Advika, Yuvati, Rajat va Nabinni birma-bir quchogʻiga olib, bagʻriga bosarkan. – Endi Rajat futbol oʻynashi mumkin, qolaversa, Sabbir ham biz bilan… qanday yaxshi… boʻldi hammamiz endi jamuljammiz… men juda baxtliman!”
Yuvati ayni damda onasidan-da baxtiyor edi. U endi hech qachon jut tolalarini poyasidan ajratib oʻtirmaydi, u endi hech qachon erkakcha kiyinmaydi, modomiki, buvisi Yuvatiga qatiq yedirib oʻtirgan ekan, demak, endi u oʻz nevarasining bagʻridan olis ketishiga aslo yoʻl qoʻymaydi.
“Chakalakzor oʻrmonlarda ham suv toshqinlari boʻladimi?” – soʻraydi Nabin.
Onasi uni yanada mahkam quchoqlab oldi-da: “Qoʻrqma bolajonim, ota-onamning uylari chakalakzorda emas, buning ustiga ularning uyi yogʻoch qoziqlar ustiga qurilgan, juda mustahkam”, – dedi.
Yuvati “Qanday yaxshi!”, – dedi oʻziga-oʻzi gapirayotganday past ovozda, soʻngra “xayriyat, hammasi ortda qoldi”, degandek, yengil xoʻrsinib qoʻydi.
“Opa, nima balo, jinni boʻldingizmi?” – pichirladi Rajat. Soʻngra bidir-bidir soʻzlashga tushdi. – Axir u yerda yoʻlbarslar, yovvoyi choʻchqalar, boʻgʻma iloon…
“Haya,… yana u yerda ulkan fil-lla-ar bor”, – ukasiga taqlid qilib uning hazilini davom ettirib ketdi Yuvati.
“Yana joʻjalar ham bor, – qoʻshimcha qildi Advika. Juda-ayam koʻp. Ular hali sening polaponlaring bilan yaqin doʻst boʻlib olishadi”.
Rajat esa shu topda yaqinlari suhbatlashayotgan narsalar haqida jimgina xayol surardi.
“Aminmanki, bu yogʻiga hammasi yaxshi boʻladi, sargardonlikda ancha qiynalgan, ruhan ezilgan bolalarining koʻnglini koʻtarishga urinardi Advika. – Endi boʻgʻma ilon joʻjalaringni yeb qoʻyishidan ham xavfsiramaysan… Chunki buvingning uyida ularni bexavotir boqishing uchun oʻta mustahkam qilib yasalgan qafas bor”.
Ingliz tilidan
Nodira ABDULLAYEVA
tarjimasi
“Ijod olami”, 2018/4
[1] Karnapxuli – Bangladeshning janubi-sharqiy qismi va Hindiston hududidan oqib oʻtuvchi daryo. Uzunligi 270 km, Bengal qoʻltigʻiga kelib quyiladi(tarjimon izohi – N. A.).
[2] Jut – jut yoki Hindiston kanopi. Toʻqimachilik sanoatida keng qoʻllaniladigan tabiiy tola beruvchi oʻsimlik. Jut tolasi qop, arqon va boshqa dagʻal matolar tayyorlash uchun ishlatiladi. Bangladesh jut tolasi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar roʻyxatida birinchi oʻrinda turadi. Bundan tashqari, jut oʻsimligi Hindiston, Xitoy, Myanma kabi boshqa davlatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham yetishtiriladi(tarjimon izohi – N. A.).
[3] Chittagong – Bangladeshning janubi-sharqida joylashgan yirik shahar va port. Karnapxuli daryosining Bengal qoʻltigʻiga kelib quyiladigan qismida joylashgan. Chittagong Togʻli viloyatining maʼmuriy markazi (tarjimon izohi – N. A.).
[4] Riksha – Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan ikki gʻildirakli, bir yoki ikki yoʻlovchiga moʻljallangan, bevosita insonning jismoniy kuchi yoki velosiped vositasida harakatga keltiriladigan usti yopiq arava, transport vositasi(tarjimon izohi – N. A.).
[5] Dengiz milyasi – uzunlik oʻlchovi, 1 milya – 1852 metr (tarjimon izohi – N. A.).
[6] Tippera – inglizcha – Tippera, Tipperah, Tripuri (Tripuri) yoki Tipra(Tipra) deb ham yuritiladi. Bangladeshning Chittagong togʻli hududiga qarashli Bandarban orolida yashaydigan qadimiy qirollik oilasiga mansub qabila nomi (tarjimon izohi – N. A.).
[7] Birma – Janubi-Sharqiy Osiyoda, Hindi-Xitoy yarimorolining gʻarbiy qismida joylashgan davlatning eski nomi. Hozirda bu mamlakat Myanma deb yuritiladi (tarjimon izohi – N. A.).
[8] Sarong – yoki sarung (sarung) – indoneziya tilidan olingan. Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniya xalqlarining anʼanaviy kiyimi. Asosan, paxta tolasidan toʻqilgan, inson tanasini oyoq toʻpiqlarigacha yopib turadigan uzun va enli mato. Erkaklar uni bellaridan, ayollar koʻkraklaridan aylantirib jussalariga oʻrab olishadi (tarjimon izohi – N. A.).
[9] Jummar – Chittagong togʻli tumanida yashovchi bengal qabilalari. Bangladeshning boshqa hududidagi mahalliy aholi ularni shu nom bilan ataydi(tarjimon izohi – N. A.).
[10] Sundarban – Yer kurrasidagi mangra oʻrmonlari bilan qoplangan eng katta tabiiy hudud. Gang daryosi deltasida, Hindiston va Bangladesh hududida joylashgan. Mazkur hududda suv koʻtarilishi tufayli tabiiy ravishda hosil boʻladigan juda koʻp kanallar, mangra chakalakzorlaridan iborat kichik-kichik orollar mavjud. Bu hududda Sundarban milliy tabiat bogʻi va biosfera qoʻriqxonasi ham tashkil etilgan (tarjimon izohi – N. A.).
[11] Mangra – mangra yoki mangrova (inglizcha – mangrove) – asosan, dengiz toʻlqinlaridan marjon qoyalari yoki orollar bilan himoyalangan tropik sohillar va daryo etaklarida keng tarqalgan, yaproqlari har doim yashil tusda boʻladigan daraxt yoki buta (tarjimon izohi – N. A.).
[12] Non daraxti – Janubi-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar va orollarda oʻsuvchi tropik oʻsimlik, mevali daraxt. Uni jekfrut, kanun yoki Hindiston non daraxti deb ham atashadi. Judayam serhosil daraxt boʻlib, deyarli yil davomida, noyabrdan avgustga qadar muntazam ravishda gullab meva tugadi. Mevalaridan xamir qorib, non yopish, ovqat pishirish mumkin. Shu bois ham mahalliy aholi uni non daraxti deb ataydi (tarjimon izohi – N. A.).
https://saviya.uz/ijod/nasr/yuvati/