1904 yilning 14 iyulida Chilining janubidagi Parral shahrida temiryoʻlchi oilasida Rikardo ismli oʻgʻlon tugʻiladi. U tugʻilganidanoq onasidan yetim qoladi.
Rikardo ziyrak, isteʼdodli va taʼsirchan bola edi. U sirli va moʻjizali tabiatni qalban his etishga intiladi, koʻp oʻqiydi va sheʼrlar mashq qila boshlaydi. Ilk sheʼrlaridan birini oʻgay onasiga bagʻishlaydi. Kambagʻal oilasini, tomidan chakki oʻtgan xarob kulbasini, mehribon va mushfiq onani jonli va samimiy satrlarda tasvirlaydi. “Ilk sheʼrimning qanday chiqqanini bilish uchun ota-onamga olib bordim, – deydi shoir. – Ular oshxonada kattalar dunyosini bolalar dunyosidan keng va teran daryodan ham katta boʻlib ajratib turuvchi oʻzaro shivir-shivir gurungga berilgan edilar. Yuragimga ilk bor tashrif buyurgan ilhomning hayajoni hamon bosilmagani tufayli qoʻllarim titrab, sheʼr yozilgan qogʻozni ularga uzatdim. Otam beparvolik bilan varaqni qoʻlimdan oldi, beparvolik bilan oʻqidi va yana shunday beparvolik bilan qaytarib berdi:
– Buni qayerdan koʻchirding? – dedi-da, onam bilan dunyoning koʻhna va bitmas-tuganmas ishlari haqidagi suhbatlarini kelgan joyidan davom ettiraverdi.
Ilk sheʼrim mana shunday paydo boʻldi, ota-onamning befarqligi kabi adabiy tanqidning ham befarqligiga duch keldi…”
1920 yildan boshlab uning sheʼrlari Pablo Neruda imzosi bilan nashr etila boshlandi. Baʼzi kitoblarda yozilishicha, Neftali Rikardo Reyesning adabiyotga qiziqishi oila aʼzolariga yoqmas va ota-onasi uning sheʼr yozishiga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqar edi. Otasi va oʻgay onasining gʻazabidan qoʻrqib yosh ijodkor asarlariga Pablo Neruda deya imzo qoʻygan. Chexoslovakiyalik mashhur shoir Yan Nerudaga havas qilib oʻziga Neruda deya taxallus tanlagan. Oxir-oqibat Pablo Neruda degan nom uning rasmiy ism-familiyasiga ham aylanib ketdi.
Pablo Neruda 1971 yilda “Bashariyat qoʻshigʻi” epopeyasi uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Ijod olami”, 2018/4
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/pablo-nerudaning-ilk-sheri/