Qadam tashlayotgan soʻqmogʻing tiriklikning eng koʻhna Ziyorat yoʻlidir. Uning oʻnqir-choʻnqirlari koʻp, baʼzi joylarini tikanli changalzorlar qoplagan, oʻpirilgan joylari ham bor. Chekinmasang… u seni, albatta, oʻzingga olib boradi.
Bu yoʻlning yogʻdu taratuvchi yana bir yoritqichi “Tarixi Tabariy” asaridir. Manzilga yetishing uchun qutlugʻ yogʻdular koʻmakka keladi.
Muallif: Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy milodiy 839 yili Tabariston viloyatida tugʻilib, 923 yili Bagʻdodda vafot etgan. Tarix, hadis, huquqshunoslik, tafsir kabi ilm-fanning turli sohalarida sermahsul ijod qilgan va koʻplab asarlar yozib qoldirgan. Ular orasida “Tabariy tarixi” (Tarixi Tabariy) alohida ahamiyatga egadir.
Asar ahamiyati: Bu yirik asarning salmoqli qismi VII asrdan X asr boshlariga qadar qadimiy Turon, oʻsha davr arab mualliflari iborasicha, Movarounnahrda kechgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga bagʻishlangan. Tabariy tarixida VII asr oxirgi choragidan Turkiston xalqlarining yangi din, notanish maʼnaviy dunyo, oʻzgacha falsafiy qarashlar, tuganmas shiddatga toʻlib toshgan yangi gʻayratli qavm, makkor va aqlli jangchilardan iborat qoʻshinga duch kelishi, ularga qarshi kurashi qiziqarli tafsilotlarda aks etgan. Muallif oʻsha davrlarda kechgan tarixiy voqealar orqali Buxoro, Samarqand, Xorazm, Sugʻd, Nasaf, Termiz, Kesh, Ustrushona, Shosh, Fargʻona viloyati va shaharlari oʻtmishi, ularning ahvoli, xalqining turmush tarzi, harbiy qudrati va kamchiliklari toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar beradi. Unda koʻplab qadimiy joy nomlari uchraydi, ayrimlari shu paytgacha saqlanib qolgan. Mashhur Qutayba ibn Muslim bosqini, Abu Muslim siyosiy harakati, Muqanna nomi bilan shuhrat qozongan Hoshim ibn Hakim qoʻzgʻoloni, Rofe ibn Lays boshchiligidagi xalq isyoni kabi tarixiy voqealar qiziqarli hikoya qilinadi. Ular bugungi jamiyat kishisiga bir yarim ming yil oldin yurtimizda roʻy bergan ijtimoiy hodisalarni aniq tasavvur qilishga yordam beradi. Millatning shonli oʻtmishini oʻrganish, undagi ulkan mavhumliklarni yoritish, oʻzlikni topish yoʻlida mazkur asarning koʻmagi katta va behad ahamiyatlidir.
“Tarixi Tabariy” shoʻrolar inqilobiga qadar yurtimizda eng mashhur asarlardan biri sifatida oʻqib-oʻrganilgan. Ikki marta turkiy tilga tarjima qilingan va ular qoʻlyozmalar xazinasida №9470, 1229 raqamlari bilan saqlanadi. №1229 raqamli qoʻlyozma (685 varaq, 1370 sahifa) Muhammad Yusuf Bayoniy (1859 – 1923) tomonidan Xorazmda turkiyga oʻgirilgan.
Qoʻlyozmalar xazinasida asarning yana oʻn toʻrtta (12593, 4226, 831, 7466…) forsiyga tarjima qilingan nusxasi saqlanadi. Mutaxassislar fikricha, 7322 raqamli qoʻlyozma X asrda Muhammad ibn Muhammad Balʼamiy tomonidan baʼzi bir toʻldirishlar bilan fors tiliga tarjima qilingan.
Asar jahonning bir qancha tillariga oʻgirilib, nashr etilgan. Yurtdoshlarimiz uning V.I.Belyaev arabchadan rus tiliga qisqartib qilgan tarjimasidan (Toshkent, 1987) foydalanishadi.
Asarning turkiyda tarixiy tayyor tarjimasi borligiga qaramay, hozirgacha oʻzbek tilida chop qilinmagan.
Abdusattor JUMANAZAR,
Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi
“Yoshlik”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ziyorat-yoli/