Haq gapning xotibi va kotibi

XX asr oʻzbek nasridagi eng eʼtiborli burilish nuqtalardan biri Togʻay Murod nomi, uning “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi bir qancha asarlari bilan bogʻliq. Zotan, badiiy adabiyotning bepoyon, nafis soʻz maydonida yuragi butun adiblar, chin isteʼdod egalarigina jiddiy burilish yasaydilar.

Togʻay Murod oʻzbek oʻquvchilarining suyukli adibi. U bunday tabarruk rutbaga faqatgina yaxshi ijod mahsuli bilan erishish mumkinligini bir necha karra isbotladi.

Gohida adib nomi aytilmay biror asari esga olinsa, izidan shu asarlardagi asosiy obrazlari va, albatta, muallifning betakror ijodi xayolga keladi. Ziyodulla kal, Momosuluv, Dehqonqul, Aqrab, Tarlon kabi atoqli otlar oʻzbek adabiyoti tarixida Togʻay Murod nomi bilan parallel yashab kelayotgani hech kimga sir emas.

Agar bu adibga bir jumla tavsif lozim boʻlsa, men Togʻay Murodni haq soʻzning xotibi va kotibi, degan boʻlar edim. Toʻgʻri soʻzligi bois barcha bilan birdek til topishib, kirishib keta olmagan, aynan, koʻplab chin isteʼdodlarga xos oʻzining individual tabiati bilan boshqalardan ajralib turadigan taqdir egasi edi Togʻay Murod. Men uni kitoblari ichidagi oʻzining qahramonlari orasida – gavjum bir muhitda, ammo hayotda hamon ot ustida yolgʻiz yoʻl yurib ketayotgan odamdek tasavvur qilaman. Asarlaridagi qahramonlari bilan astoydil tanishgan odam uning oʻzini ham yaqindan bilib oladi. Bolalarcha samimiyatu shiddat, ichikishu mardonavarlik, toʻgʻriligu arazlar Togʻay Murod tabiatiga juda-juda yarashadi. Shu jumladan, Ziyodulla kalga ham.

Koʻchirma: “Alamimdan arazlagim keldi!

Barchaga, inchunun, bakovulga eshittirib aytdim:

– Biz ketdik! Bizga qachon haq berilib edi-da, endi beriladi! – dedim oʻzimcha, koʻpkariga qoʻl siltab joʻnadim. Tarlonni tars-tars qamchiladim. – Ketdik, Tarlon, ketdik, odamlar biz sagʻirlarga qayishmaydi! – dedim.

Toʻdadan olislab bordim. Tarlonni tagʻin tars-tars qamchiladim.

– Ketdik, Tarlon, ketdik, bizning kallamiz kal! Biz kallarga haq yoʻq! – dedim. Ketimga qayrilib qaradim. Uzangi yoʻldoshlarim yoʻldan qayirar, deya umidlandim. Tarlonni imillatdim. Tagʻin oʻgirilib qaradim. Izimdan birov-da kelmadi!”

Yana “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida Boʻri polvon davra aylanadi va xitob qiladi: “Xaloyiq! Davrada halol olishib, elga tomosha koʻrsataylik. Haq-nohaqni men – oʻzim ajrim qilaman. Aytganim – aytgan, deganim – degan. Davradagi Boʻri polvon soʻzim: tarafkashlik, gʻirromlik, oshna-ogʻaynigarchilikka yoʻl qoʻymayman”.

Bu toʻgʻrilik kundasiga boshini qoʻyib, mana, kerak boʻlsa ol, deydigan, biroq ortga bir qadam tisarilib “oh” demaydigan oriyatli yigitlarning shu kungacha jaranglab turgan eng nodir yurak soʻzidir. Bu – Togʻay Murodning xitobi, bu Togʻay Murodning haqgoʻyligi, haqiqatparastligi sadosi. Bular – adibning yashayotgan kitoblaridagi hikmat va ibratlar…

Aslida har qanday yozuvchi yuzini iymon va vijdonining ulkan haqiqatlari oynasiga solib, oʻziga oʻzi hisobotlar berishi lozim. Pokiza adabiyot va umrboqiy asarlar shunday ochiq-oydin taftishlarni talab qiladi.

Oʻzbek adabiyotini dunyoga olib chiqish uchun tarjima, targʻib va tashviq muhim. Meni hayratlantirgan yangi dalil shuki, oʻzbek tilini biladigan xorijdagi ayrim mutaxassislar, garchand olmon tiliga haligacha tarjima qilinmagan boʻlsa ham, katta avlodga mansub oʻzbek adiblari qatorida Togʻay Murodga ham joy berishibdi. Qoʻlimdagi Rudolf Radler tahriri ostida Germaniyaning Myunxen shahrida bosilgan “Kindlerning yangi adabiyot lugʻati” (“Kindlers Neues Literatur Lexikon”, München 1998) degan ensiklopedik lugʻatning 22 jildida Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” ( Der Abend, als das Pferd wicherte) asari turibdi.

Ensiklopedik xarakterdagi bu lugʻat Yevropada juda mashhur. Bunga har kimning ham ism-sharifi yozilib, asarlari sharhlanavermaydi. Lugʻatda Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasiga yaxshi taʼrif-tavsiflar berilibdi.

Maqola muallifi Zigrid Klaynmixel oʻz fikri isboti uchun qissadan toʻrtta koʻchirma olibdi. Ensiklopedik lugʻatlar uchun bu juda katta gap, albatta. U bir oʻrinda Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi Qoranorni Tarlonga qiyosan tilga oladi. Boshqa bir oʻrinda koʻpkariga eskilik sarqiti sifatida qaragan qahramon fikrlari keltiriladi; keyin Abdulla Qodiriy va uning “Uloqda” hikoyalari esga olinadi.

Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasi mazmunini olmonzabon oʻquvchilarga tanishtirish uchun yozilgan izohlarida xorijlik olimaning nazari – xolis, niyati – ezgu. Solishtirish aslo tasodifiy emas, menimcha.

Muhtaram jurnalxon, yaxshisi, men ortiqcha soʻzlar bilan vaqtingizni olib oʻtirmasdan, oʻsha maqolani oʻqishni tavsiya qilganim maʼqul…

 

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori.

 

1966 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“XX asr oʻzbek sheʼriyati antologiyasi”, “XX asr oʻzbek hikoyasi antologiyasi”, “Oʻzbek adabiy tanqidi antologiyasi” kitoblarining gʻoya muallifi va tuzuvchilaridan biri. “Qodiriy qadri”, “Yangilanish sogʻinchi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin” kabi kitoblar muallifi.

 

“Yoshlik”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/haq-gapning-xotibi-va-kotibi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x