Kayvoni momoning aytganlari
Qaysidir yili edi, bir nechta uy bir boʻlib bahor yurtga koʻchib chiqdik. Hamma tomon koʻm-koʻk, koʻrgan sari koʻrging keladi. Qip-qizil lola-qizgʻaldoq koʻzni quvontiradi, havodayam allaqanday yoqimli hid suzib yurardi. Jon rohati boʻlgan kenglik oʻrtasida oʻtovlar tikildi. Bu paytda qoʻy-echki allaqachon toʻldan chiqqan, uloq-qoʻzi dala-dashtni toʻldirib, dusurlatib yugurib qolgan. Shu kunlarning birida qashqa biya qulunladi. Xoʻp gʻalati qulun, tim qora, belida xuddi xurjundek osilib tushgan oqi bor. Chorvador degani unchalik irimchi boʻlmaydi, nimagadir choli tushmagur “Bu qulun gʻalati ekan, uni eshonjonga nazr qilamiz”, deb qoldi. Bir koʻnglim qarshilik qil, deydi, lekin erga qarshi borib boʻlami? Toʻgʻri, hozirgilar er bilan teppa-teng tillashadi. Er bilan bellashib, beling uziladi, toʻxta, deydigan odam yoʻq. Mayli, oʻzi biladi. Til oʻziniki, er oʻziniki. Oxiratini oʻylagan poshikasta bunday qilmaydi.
Ayni bahormasmi, dala-dashtda oʻt koʻpligidan jonivorlarning yelini sutga toʻlgan. Bundan bolalari rosa miriqishayapti, oʻziyam. Haligi qulun, unga Olabel deb ot qoʻygandik, biyaning sutga toʻlgan yelinidan emarkan, kun sayinmas, soat sayin oʻsayotgandek. Bir oyga qolmay, duppa-durust qulun boʻp qoldi. Oʻsha kunlari ovulga eshon keldi. Erim qulunni unga atagandim, deb berib yubordi. Haliyam biya yoʻgʻida berdik, boʻlmasa, u “isyon” qilarmidi, deyman. Uyur bilan ovulga qaytgan biya qulunini topolmay xoʻp bezovta boʻldi, u yoqdan-bu yoqqa chopdi, mungli-mungli nolish qildi. Oldiga borganga goʻyo achchiq qilgandek goh tepar, goh tishlardi. Uning bu holini tushundim. Shuning uchun shoʻrlik ayriliqqa chidolmay, oʻzini jardan tashlamasin, ushlab kelinglar, deb boʻz yigitlarni yubordik. Ular koʻp urindi. Zoʻrgʻa shomga yaqin boʻynidan arqon oʻtkazib olib keldi. Mahkam boyladik, boʻyniga toʻrva osib, arpa soldik. Ammo qulunni oʻylab siqilgan biyaga arpaning nima qadri bor. Unga yupanch boʻlmay deb boʻyniyu yollarini silab turib qalt-qalt titrayotganini tuydim. Koʻziga qarasam, bechora chini bilan yigʻlayapti. Buni koʻrib, tomogʻimga bir nima tiqildi, gʻilt etib yutindim. Shu damda jonivorning nima deb nola qilayotganini uqib turardim:
“… Bolam, toychogʻim, yoʻqsan, senga nima boʻldi? Yaylovdan yelinim sutga toʻlib qaytdi, “qult-qult” qilib, tamshanib emmaysanmi, sogʻindim. Sutim toshib, oyoqlarimga oqib tushayapti. Kel, qayerdasan, toychogʻim. Senga nima boʻldi, koʻrinmaysan? Boshqa qulunlar enasi atrofida sakrab-sakrab oʻynab yuribdi, sening-da sakrashlaringni sogʻindim. Qayerdasan, toychogʻim?”
Yalt etib biyaning yeliniga, oyogʻiga qaradim. Yo piray, chini bilan sut uning oyoqlariga oqib tushardi, koʻzidan toshayotgan selni aytmasayam boʻladi. Oʻtovga kirgach, buni oʻylab, rosa siqildim. Turmush qurganimizdan beri erga gap qaytarmagan odamning qiligʻini koʻring, cholim nimani soʻramasin, ters-ters javob beraverdim. Bundan u hayron qolib:
– Nima, bugun chap yoning bilan turganmisan, – dedi yuzimga sinchkov tikilib.
– Hech balo boʻlgani yoʻq, – dedim qovoq-tumshuq qilib. – Anavi Qashqani oʻylab siqilayapman.
– Qashqaga nima boʻpdi? Dashtdan toʻlgʻonib-toʻlgʻonib qaytgandi-ku.
– Toychogʻini topolmagach, ne koʻyga tushganini koʻrmadingiz-da…
– Nima qildi?
– Bechora yigʻladi. Men-da yigʻladim.
– Qoʻysang-chi… Hayvon yigʻlashni bilarkanmi?
– Oʻz koʻzim bilan koʻrdim, koʻzidan yosh sizib turardi, yelinidan oqqan sut undan ziyoda. Ot odamday sezadi, deyishadi-ku…
– Qoʻyaver, oradan ozroq vaqt oʻtsin, sekin-asta oʻziga keladi, unutadi. Yana bir gap, koʻnavermasa, boshqa qulunni emizinglar, ancha yengil tortadi.
– Bilmadim, bu kor qilarkanmi…
– Kor qiladi, kor qiladi, aytganni qilsalaring-chi…
Ertasidan boshlab bir haftacha boshqa qulunni emizib koʻrdik, bir ish chiqmadi. Aksiga olib, biya bechora kundan-kun saratonning oʻtiday soʻlib boraverdi. Bir qarasang, burni yer iskaydigan boʻlib, mungli-mungli yurish qiladi, bir qarasang, quturgan aygʻirdek har tomon chopib, olamni buzaman, deydi.
Odamning aytgani boʻlmas ekan. Bahor oʻtib, saraton yaqinlashdiyamki, Qashqa toyini unutmadi, unutolmadi, bechora. Bu vaqt ichida unga qoʻshilib, mening-da boʻlarim boʻldi. Chiday olmadim, bir kuni kechqurun cholimga portladim:
– Hoy, chol, eshonga shu toydan boshqa beradigan molingiz yoʻqmidi, – dedim. – Qoʻra-qoʻra qoʻy-echki, poda-poda sigir, uyur-uyur yilqingiz bor, shulardan birini, kam desangiz oʻnini bering edi, qani, men biron nima dermidim.
– Yana nega popillab qolding?
– Har yerda yurasiz, uyda kam boʻlganingiz uchun bu yerda boʻlayotganidan xabaringiz yoʻq-da.
– Ayt qani, nimalar boʻlayotgan ekan?
– Qashqa oʻziga kelolmayapti. Oʻzini har yon uradi, yigʻlaydi, mungli kishnaydi. Buni koʻrib, ich-etimni yeb ado qilayapman. Bolam uzoq paytga ketgandayam buncha siqilmagandim. Endi boʻlarini aytsam, uning qulunini qaytarasiz.
– Nimalar deyapsan, qanday qaytarib olaman?
– Borini ayting, u kishi tushunadigan odam. Jonivorni shu holida tashlab qoʻyish gunoh boʻladi.
– Jim boʻl, bir oʻylab koʻray. Sen aytmasang-da, bir necha kundan beri uni kuzatib, ichimdan oʻtganini oʻzim bilib yuribman. Kecha biya jonivor yonimga kelib, tumshugʻi bilan yelkamga sekin turtib, koʻzlarini moʻltiratib boqdi. Nimadir demoqchi boʻldi, ammo men hech narsani tushuna olmadim. Yoʻq, allambalolarni anglagandekman. Nazarimda, u toychogʻini qaytarib kelishimni soʻradi. Jonivor tumshugʻi bilan meni nariga qarab surarkan, bor, bolamni olib kel, boʻlmasa oʻlib qolaman, deyotgandek boʻldi. Ha, kampir, bu biya odamday sezadigan xilidan ekan…
Azonda tursam, choli tushmagur otlanayapti.
– Qayerga, yoʻl boʻsin, – dedim.
– Bir joyga borib kelay, – dedi u yoʻl kiyimini kiyarkan. – Biyani koʻp oʻyladim, oxiri, buni eshonga aytayin, fikrini bilayin, deb turibman.
– Ana endi toʻgʻri oʻylabsiz.
– Faqat bir narsadan ikkilanayapman.
– Nima ekan?
– Bolasini olib kelsam, Qashqa uni taniydimi-yoʻqmi… Oradan ancha vaqt oʻtib ketdi.
– Ey chol, bunisini oʻylamang. Qashqa haliyam bolasini unutgani yoʻq, haliyam yigʻlab yuribdi. Qizigʻi, boshqa toylarni emizmay qoʻygan boʻlsa-da, haliyam yelinidan sut toshayapti. Avvaliga buni koʻrib, rosa ajablandim. Bechora biya qulunim yonimda, miriqib emayapti, degan oʻyda boʻlsa kerak-da, suti qurimagan.
– Shunaqasiyam boʻlarkan-da, a? Buyam bir hayvon, vaqt oʻtib barini unutadi, deb oʻylayapman. Endi bilsam, xato qilibman…
– Nimaga muncha ezilasiz, undan koʻra boring-da, toyni olib keling, shunda bari iziga tushadi…
Cholim ketgach, biyaning yoniga bordim. Keyingi paytlarda u tumshugʻini yerga tirab, bexiyal boʻlib qolgani uchun uyurdan olib qolayotgandik. Meni koʻrgach, tumshugʻini yerdan koʻtardi, ammo turishni xayoligayam keltirmadi. Farosat qilib qarasam, adirda oʻt moʻl boʻlsayam, jonivor ancha oriqlabdi. Uf-f, nima qilay, uniki yemishdanmas, uniki darddan, ayriliqdan. Unga yupanch boʻlay, deb yoniga choʻkkalab oʻtirib, yoli, boʻynini silay boshladim. U bunga parvo qilmadi. Silashni davom etib:
– Ha, jonivor-a, senda faqat til yoʻq, lekin barini sezib, bilib turibsan, – dedim. – Yana ozgina sabr qil, toychogʻingni olib keladi. Ertalab koʻrdingmi, cholim shuning uchun ketdi…
Xudoyjonning qudratidan oʻrgilay, jonivor buni tushundimi, sergak tortdi, yana nima derkin, degandek koʻzini moʻltiratib boqdi. Bunga chiday olmadim. Ichimdan bir dard quyilib keldi, bu dard Qashqaniki, meniki, ikkimizniki edi: “Aylanayin, toychogʻim, bovrim huvillab qoldi, kelgin-da bovrimni toʻldiragʻay. Sadagʻang ketay, dala-dashtni gumburlarga toʻldir, uyur tevaragida aylanib-aylanib chopgin-da. Kelib, bu tor dunyoni keng qilgin-da. Bosh aylandi, koʻz tindi, nafas qisayapti, hozir oʻladigandekman, bu dard davosi, bilsang, oʻzingsan, toyim, toychogʻim. Boshqa toychoqlarning enasini emayotganligini, ular atrofida dupur-dupur chopayotganliklarini koʻrib, ichimda bir nima uzilgandek boʻldi, omonat turgan dunyo buzilgandek boʻldi. Sogʻindim, toychogʻim…”
Asrdan oʻtaverib, uzoqdan bir otliq koʻrindi. Cholim boʻlsa kerak, deb ancha yergacha xalakilab bordim. Adashmabman. U kishim xursand, oʻzicha bir nimalarni xirgoyi qilib kelayaptimi-yey. Meni koʻrib:
– Kampir, bari zoʻr, – dedi ot jilovini qoʻyib yuborib. – Eshonga aytgandim, ancha vaqtgacha “attang”, deb bosh chayqab oʻtirdi, soʻng: “Koʻlik topib keling-da, ana, olib keting”, dedi.
– Unda, koʻlik qani, qulun qani, – debman bolasini kutayotgan enadek hovliqib.
– Hali zamon kelib qoladi.
Bu gapdan shunday quvondim, shunday suyundim, buni soʻz bilan aytib boʻlmaydi. Shunday pallalarda soʻz ojiz qoladimi, deb oʻylayman. Biyaning quvongani-chi, buni-da soʻzga sigʻdirish qiyin. Sevinganini qanday sezding, deysizmi? Nima, shuni sezmay oʻlibmanmi? Cholning xursand kelayotganini koʻrgan jonivor tumshugʻini yerdan uzdi, necha kundan beri yotgan joyidan kuch-quvvatga toʻlgan yosh baytaldek qalqib turdi. Cholim kelgan yoqqa uzoq termilishini qarang. Buning ustiga bir joyda tinch turolmayapti, u yoqqa boradi, bu yoqqa keladi. Avvallari koʻzida ogʻir mung choʻkkan boʻlsa, endi yosh bilan birga, allaqanday nur, ha, sevinch nurlari-da porlab turibdi. Bu hol uzoq choʻzilsa, biya yo aqldan ozadi, yo yuragi tars yorilib oʻladi, deyman. Shu uchun tezroq kela qolsaydi, deb olislarga uzoq termildim.
Bir payt qora moshina koʻrindi. Hayal oʻtmay uning shovqini eshitila boshladi, unga qandaydir ovoz joʻr edi. Eʼtibor bilan eshitsam, bu moshin ustida kelayotgan toychoq ovozi ekan. Tugʻilib oʻsgan qadrdon dalasini, ichki bir rishta bilan bogʻlangan cheksiz kengliklarni, teng-toʻshiyu, biyaning issiq bovrini sogʻingan bechora toychoq uzoq-uzoq kishnab, turgan joyida betoqat boʻlib tipirchilayapti. U bilan chalgʻib, biyani unutibman. Bir payt qarasam, Qashqa moshin yonida yelday chopib kelayapti. Oʻziga qoʻyib bersa, bir sakrab, ustiga chiqib oladigandek. To oʻtovga yetib kelguncha moshina bilan teppa-teng chopib keldi.
Oʻ-oʻ, enani boladan, bolani enadan ayirmasin ekan. Shopir moshin orqasini ochib, toyni arqondan boʻshatish uchun tepaga chiqdi. Biya esa ena goʻyo bolasiga “kel, kel”, deb qoʻl uzatgandek qilib, borib turdi. Toychogʻi-da koʻp kuttirmadi, uning sabri tugab, tamom boʻlgan. Arqondan boʻshalishi bilan bir sakrab yerga tushib, enasining iliq bovriga singdi. Ikkisi bir-birini iskadi, dam qoʻyib yana iskadi, oʻlsin dunyo, toʻymadilar, shekilli, yana, yana iskadilar. Soʻng ena bolasiga issiq bagʻrini tutdi, bechora goʻdak bir necha oylikni bir yoʻla olishga qacd qilgandek yutoqib-yutoqib emishga tushdi. U emib boʻlguncha biya toychogʻini necha martalab iskamadi, yalamadi, tumshugʻi bilan sekin-sekin turtkilab, erkalamadi, deysiz.
Buni koʻrib, ichimdan bir dard toshib keldi, xoʻp yigʻladim, xumordan chiqquncha yigʻladim. Bir tilsiz jonivor mehri shunchalik boʻladimi, deb yana yigʻladim. Nimasini aytayin, shundayi-da boʻlarkan. Faqat ularning tili yoʻq, lekin odamday sezadi, odamday kuyadi. Agar oʻzim koʻrmaganimda, buni ogʻizni toʻldirib aytmagan boʻlardim. E-e, yana nima deyin, ot jonivor odamdayin sezadi, odamdayin kuyadi…
Zokir XUDOYSHUKUR
1971 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
“Dil asrori”, “Suyukli maʼvo”, “Vafodor” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Soʻnggi ov” nomli qissa va hikoyalar toʻplami chop etilgan.
“Yoshlik”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/nasr/qashqa-biya-nolasi/