Men anglagan hayot

Men oddiygina ishchi oilasida tugʻilganman. Juda yosh kezlarimdanoq oʻz xayolot olamimda kuchli xohish-istaklar, shu mavjud hayotga boʻlgan beadad zavqu shavq hamda qoʻl yetmas orzular osmonini kashf qildim, ha, bu yorqin niyatlarim mening bola boshim uchun nechogʻlik mahol boʻlishiga ham rozi boʻlgan holda ularga butun qalbimni fido qildim. Holbuki atrofimdagi muhit gʻoyatda achinarli, qoʻpol va quruq edi. Shunday boʻlsa-da orzumand koʻzlarimni faqat yuksakka tikardim, oʻsha tegramdagi moddiy turmush lavhalarini nazarim hech ilgʻamasdi. Tan olishim kerakki, jamiyatdagi mening oʻrnim ancha quyida edi. Bu yerdagi hayot ruh uchun ham, tana uchun ham qabihlik hamda baxtsizlikdan oʻzga narsani ravo koʻrmasdi sira. Vaholanki, qashshoqlik iskanjasida ruhu tana barobar ochlikdan sillasi qurib, beayov azoblanmoqda edi.

Shu gʻarib boshim uzra jamiyatning hashamatli turmush tarzi boʻy koʻrsatib, oʻzini tinmay koʻz-koʻzlab turardi, birdan ichimda xuddi oʻsha fusunkor saroy tomon koʻtarilib chiqish istagi paydo boʻlib qoldi. Men oʻsha saroyga qarab shu past joyimdan bor kuchimni sarflab boʻlsa ham oʻrmalab chiqishga allaqachon azmu qaror qilgandim. Qasrdagi barcha erkaklar nafis kiyimda edilar, egnilarida qop-qora kostyum bilan ohorli koʻylak, xonimlari boʻlsa jozibali liboslar ogʻushida xirom bilan yurishardi. Yana bu yerda eng sara taomlar hozirlanar, toʻyguningcha maza qilib yeyishing mumkin edi. Bu ovqatlarning bari bitta odamga juda koʻplik qilardi. Hammasidan ham bu joyda ruhing orom topadigandek edi. Butun aqlu xayolimni oʻgʻirlagan oʻsha serhasham hayot muhitida, men aniq bilardimki, ruhning ozodligi, toza va olijanob fikrlash, risoladagiday umr kechirish kabi hayotning nodir tuhfalari mujassam edi. Bularning barini men oʻzim oʻqigan “Dengizboʻyi kutubxonasi” turkumidagi romanlar orqali yaxshi bilardim, albatta; kitoblardagi yovuz qahramonlar va sarguzashtsevar darbadarlarni hisobga olmaganda mazkur oliy tabaqa vakillari hamma vaqt gʻoyatda teran mulohaza etishar, ravon tilda soʻzlashishar, nazokatli harakatlar qilishardi. Muxtasar qilib aytganda, misoli quyosh chiqishini shodu xurramlik ila kutib olganim kabi tepamda yarqirab, jilolanib turgan gulgun hayot ichida ham osudalik, ham aslzodalarga monand salobat va marhamat mavjud ekanligiga shaksiz ishondim, garchi bu kabi tushunchalar faqir qismatim uchun nomunosib boʻlib koʻrinsa-da, biroq ular tiriklik mazmuniga xushlik hamda viqor bagʻishlashiga iqror boʻlgandim, eng muhimi, bu hayotda odamning yashagisi kelardi.

Ammo kambagʻal ishchi oilasining bolasi uchun yuqoridagi porloq toleʼ tomon koʻtarilib chiqish oson emasdi, albatta, chunonchi biz kabi odamlar odatda xomxayollar va sarob orzular ogʻushidan to oʻlgunimizcha mosuvo boʻlmaymiz. Men Kaliforniyada, oʻz ranchoyimda istiqomat qilardim, bor jon-jahdim bilan oliy tabaqa doirasiga chiqib olish uchun mustahkam narvon qidirardim. Bolalik paytlarimdanoq pul dardida qiynalib yashardim, oʻsha aslzoda kishilarning dunyoga qanday qilib badavlat, begʻam boʻlib kelganlariga aqlim yetmay, hadeb bola ongimni azoblardim. Keyinchalik shuni anglab yetdimki, inson qancha koʻp ter toʻksa, u shuncha boyib ketadi, ana oʻshandagina uning tirikchiligi ham toʻkis sharoitda boʻladi. Ushbu xulosamdan zudlik bilan hisob-kitob qilib oldim, basharti men to ellik yoshimgacha tinimsiz ter toʻkib, mehnat qilsam va tuzukkina mablagʻ jamgʻara olsamgina mening jamiyatdagi oʻrnim ham yuqorilashib, dunyoning lazzat hamda baxt kabi mujdalaridan bahra olishimni tiniq idrok etdim. Shubhasiz, bu yoʻlda qashshoqlik tushovidagi ogʻir tosh singari uylanish dahmazasini ham qatʼiy bir chetga surib qoʻydim.

Shunga qaramay, jonimni jabborga berib, astoydil ter toʻkishimga toʻgʻri kelardi. Binobarin, oʻn yoshimdanoq shahar koʻchalarida gazeta tarqatib yuradigan bolakay qiyofasiga kirdim, sarsonlik va pul topish mashaqqati menga yanayam koʻproq narsalarni oʻrgatdi. Baribir atrofimdagi borligʻimni qurshab turgan ochlik, yupunlik va miskinlik balosidan hech qutulib ketolmasdim, tepamda esa hamon oromijon jannat bogʻi meni oʻziga tinmay chorlab turardi, shunda xayolimda boshqa narvon topish fikri uygʻondi. Yangi narvon – biznes narvoni edi. Xoʻsh, men nima uchun arzimagan mayda chaqalarimni ham ming azob bilan hukumatning loy koʻchalaridan qidirib yurishim kerak ekan, ikki donagina gazetani besh sentga olib, keyin ularni atigi oʻn sentga pullash orqali katta mablagʻ toʻplashim mumkinmikan? Yangi oʻylab topganim biznes narvoni boʻlsa boshqa gap, bu fikrim oʻzimga chunonam yoqib tushdi, darhol sochlarimni oldirdim-da, omadi chopgan savdogar shahzoda qiyofasida uzoq safarga otlandim.

 

Chigʻanoq qaroqchilari shahzodasi

Afsus! Koʻrinishimni oʻzgartirib chakki qilibman! Oʻn olti yoshimga toʻlib ulgurmasimdanoq “shahzoda” ham boʻlvoldim endi. Lekin bu unvon bir gala kallakesar hamda oʻgʻrilar toʻdasi tomonidan berilgandi, ana oʻshalar menga xuddi shu laqabni yopishtirib qoʻyishdi: “Chigʻanoq qaroqchilari shahzodasi”. Ammo oʻsha damda men bu biznes narvonining birinchi zinasiga qadam qoʻyishga muvaffaq boʻlgandim. Endi men yaxshigina sarmoyaga ega edim. Oʻz qayigʻim, chigʻanoq ovlash uchun hamma uskunalarim bor edi. Safarda hamrohlik qilishi uchun bir sherik ham tanlab olgandim. Qayiq egasi hamda kapitani sifatida qoʻlga tushirgan oʻljamizning uchdan ikki qismi mening hamyonimga tushar, uchdan bir qismi esa sherigimga qolardi, lekin bechora miq etmay xuddi men kabi mehnat qilar, joni va ozodligini tahlikaga qoʻyishga hammavaqt shay turardi.

Biroq qismatimiz shoʻr ekan, arang koʻtarilgan narvonimizning birinchi zinasi ham tez orada barbod boʻldi. Bir oqshom xitoylik yaramas baliqchilar hujumiga uchradim. Qayigʻimdagi jamiki toʻr va arqonlarim menga allaqancha dollarga tushgandi. Bu rostakam oʻgʻirlik edi. Lekin men ham oʻzimga yetguday haqparast edim. Ular bilan mening oramdagi yagona farq ham shu jihat boʻlsa kerak. Yulgʻichlarga qarshi qurol ishlatishga majbur boʻldim.

Ammo oʻsha tunda yonimdagi hamrohim bitta boʻlgani uchun yovuz toʻdaga qarshi bas kela olmadim, sherigim landovurlarcha qayiq yoniga katta gulxan yoqdi va buning oqibatida butunlay qayiqni xarobaga aylantirib yubordi. Oʻsha kecha hech qanaqa mablagʻim ham qolmadi, qaytanga biz saqlab qololmagan toʻr va arqonlarimizga iflos bosqinchilar ega boʻlib olishdi. Chorasiz qoldim, kutilmagan inqiroz aqlimni dovdiratib qoʻydi, kissamda qolgan oltmish besh dollar bilan qanday qilib kun kechirishimni bilolmay tang ahvolda edim. Vayron boʻlgan qayigʻimni tashlab, boshqa qaroqchilar kemasida Sakramento daryosi tarafga hujumga ketdim. Omadsizlikni koʻringki, bu safarimda ham yana bezorilar toʻdasi bilan toʻqnash keldim, ular yangi qayigʻimni ham talon-taroj qilishdi. Zoʻravonlar hamma narsamni oʻmarib ketishdi, hattoki langargacha chang solishdi; keyinchalik esa noiloj taqdirga tan berib, quruq qolgan qayigʻimni arzon-garov pulga sotib yubordim. Bir amallab chiqib olgan biznes narvonimning birinchi zinasidan ana shu tarzda toyib ketdim va qaytib hech qachon biznes narvoni toʻgʻrisida quruq xayol qilishni bas qildim.

 

Qora mehnat qoʻynida

Shundan keyin soʻqir qismatim meni nihoyatda berahm mulkdorlar qoʻlida shafqatsizlarcha ezgʻiladi. Misoli jallod zodagonlar muskuldor bilaklarimdan pul ishlab, oʻz nafslari uchun farovon yashashni yoʻlga qoʻydilar, holbuki mening peshonamga bu kabi yashash sira-sira nasib qilmasdi. Hayot boshimga bir-biridan mashaqqatli kunlarni soldi, avvaliga dengizda yugurdak, portlarda yuk tashuvchi boʻlib ishladim, soʻngra konserva zavodi, fabrikayu kirxonalarda kuchim ketdi; ustiga ustak maysazorlarni oʻrdim, gilam tozaladim, deraza yuvdim. Biroq shuncha qilgan mehnatlarimga yarasha haq ololmadim hech. Konserva zavodi direktorining bezatilgan izvoshda yayrab ketayotgan qiziga alam bilan tikilardim, u mening muskullarim tufayli rohat qilib borardi, oʻsha izvosh aravasi ham rezina shinalari ustida faqat mening quvvatim sababligina joyidan qoʻzgʻala olardi. Fabrika xoʻjayinining nufuzli kollejga qatnaydigan oʻgʻliga boqib turib, yana bir karra oʻkinardim, u ham baquvvat muskullarim turtib turgan mana shu bilaklarim orqasidan taʼlim olardi oliy kollejida, uning kayfu safo qilib yurishlarida mening ham hissam anchagina edi.

Biroq men bulardan aslo gʻazablanmadim. Axir, bu hodisalarning bari oʻyin-ku. Hayot-ku bu, axir. Oʻyindagi kuchli taraf esa hozircha ular edi. Mayli, dedim oʻzimga oʻzim, hechqisi yoʻq, men ham ojiz emasman, menam kuchliman. Ammo men jamiyatdagi oʻz oʻrnimni ular singari boshqalarning peshona teri evaziga emas, aksincha top-toza va halol qoʻllarim bilan yaratmoqchi edim. Mehnatsiz hayot halokat edi men uchun. Tobora tez, tobora qattiqroq ishlab, oxir-oqibat jamiyatga hattoki tirgovich ham boʻla olardim.

Shunda taqdir yuzlarimga biroz kulib boqqanday boʻldi, orzu-xayollari xuddi menikiga oʻxshash bir ish beruvchi bilan roʻbaroʻ kelib qoldim. Halol ter toʻkishga mendagi ishtiyoq nechogʻlik baland boʻlsa u mendan-da qolishmaydigan mehnatsevar edi. Oʻzimcha tijoratni oʻrganayapman-da, deb oʻylab yurgandim. Aslida esa har ikkalamiz uchun ham bir oʻzim mehnat qilayotgan ekanman, haqiqatda boʻlsa, u meniyam haqqim boʻlgan ellik dollarni indamay choʻntagiga urib qolayotgan ekan, ikki kishi uchun ter toʻkayotgan ishimga esa men oyiga qirq dollargina olar, baʼzan buyam qoʻlimga oʻttiz dollar boʻlib tegardi. Bu razil kimsa meni oʻldirguday qilib toza ishlatdi. Odam dengiz chigʻanogʻini yaxshi koʻrib yeyishi mumkin, ammo haddan ortiq chigʻanoq ham darrov koʻngilga uradi. Ortiq ish degan doʻzax azobini koʻrgim kelmay qoldi. Axiyri u yerdan qochib ketdim. Endi eshikma-eshik sargʻayib, koʻchalarda tilanchilik qilib sarson boʻldim, butun boshli Qoʻshma Shtatlarni tentiragancha yalangoyoq kezib chiqdim, xaroba kulbalar va zax qamoqxonalar ichida aʼzoyi badanim chirib ketguday boʻlib, yomon qiynaldim.

 

Uvol boʻlgan quvvatim…

Qismatimga kambagʻal boʻlib tugʻilish bitilgan ekan, na chora, mana hozir, umrimning avji barq urgan chogʻi – oʻn sakkiz yoshimda bu alamni yana-da teran, yana-da oʻkinch bilan his etardim. Men tamomila jamiyatning eng xilvat yertoʻlasida qolib ketgandim, mutlaq nochorlik hamda notavonlik qurboniga aylangandim. Hatto hasrat qilishga ham arzimaydigan noxush vaziyat bechorasi edim. Butun jismu jonim bilan tubsiz jarlik qaʼrida ingrar, jamiyat taraqqiyotining tomir-tomirlariga chirmashib ketgan tartibbuzarlik, parokandalik va chirkin qonunlar botqogʻidan qutulolmasdim. Hayotning yana bir haqiqati shu ekan, koʻzlarim bu haqiqatga ters qarayolmadi. Omadsizligim va baxtsizligim oqibat oʻz orzularimga xiyonat qilishga, ulardan yuz oʻgirishga majbur etdi, bori koʻrganlarim va anglaganlarim shu boʻldiki, oliymaqom tabaqa vakillarini qurshab turgan yorqin shuʼla gardishi endi dilimga gʻaddor bir qoʻrqinchni solib qoʻydi. Men hatto orzu qilishga-da qoʻrqib qoldim. Oʻzim nafas olayotgan mukammal taraqqiyot doirasidagi eng oddiy, eng oshkora qoidalarni aniq koʻrib turardim. Hayot aslida bir boshpana va bir kosa yovgʻondan iborat jarayon ekan, xolos. Qorin va uy gʻamida esa odamlar bor narsalarini pullar edilar. Savdogar oyoq kiyimini, siyosatchi odamgarchiligini, soʻzsiz baʼzi bir davlat vakillarini hisobga olmaganda, ular hatto oʻz eʼtiqodlarini-da zigʻircha andishasiz indamay sotib yuboraverardilar; umuman olganda, hamma bozorda va bu bozorda inson nafsoniyatigacha sotilar edi. Sotuvchilik yoʻlida ayollar ham harakatga tushib qolishdi, ular torkoʻchalar ichida yoxud xilvat goʻshalarda oppoq tanalaridan istaganlaricha foydalanishar, afsuski, bilmas edilarki, ular makruh lazzatlari bilan ayollikning muqaddas va ezgu maqomini-da yer bilan bitta qilib poymol etishardi. Hayot misoli faqat mollar sotiladigan doʻkonga oʻxshab qolgandi, hamma odamlar sotishar va sotib olishardi. Yolgʻiz mehnatninggina sotiladigan moli bitta: u ham boʻlsa kuch edi, xolos. Jadallashib borayotgan taraqqiyot bozorida birgina ogʻir mehnatning bahosi yoʻq edi. Uning tanho mulki kuchli muskullar va yana shu muskullar edi faqat.

Ammo bu yerda muhim boʻlgan katta tafovut ham bor edi. Sotib yuborilgan oyoq kiyimlar va yo eʼtiqod, boringki, nafsoniyat ham oʻzlarini yangilab, qayta yaralish imkoniyatini topa olardilar. Ular beqaror, oʻzgaruvchan oddiy narsalardir. Biroq odamning kuch-quvvati bu boshqa masala, ketgan kuchni yana qaytarib, uni yangilab boʻlmaydi. Poyabzal tijoratchisi oyoq kiyimlarini pullagani bilan u yana oʻz savdosini yurgizib ketaveradi. Lekin qora ishchining baquvvat muskullari vaqt oʻtishi bilan borgan sayin yupqalashib, tobora kuchsizlashib boraveradi. U qancha mehnat qilsa, shuncha koʻp kuchini yoʻqotadi. Bechora nima ham qilsin, yagona davlati mana shu gʻudrush qoʻllari boʻlsa, boshqa nimayam qila olardi, oʻtayotgan har bir kuniga muskuldor bilaklarini qurbon qilgancha tirikchiligini bir amallab oʻtkazishdan boʻlak iloji yoʻq edi uning. Nogahon joni osongina uzilib qolmasa, shoʻrlik mehnatkashlarning umri to adogʻigacha shu zaylda mehnat va mehnat bilan oʻtib ketardi. Bordi-yu kuchdan qolguday boʻlsa, noiloj kulbasi derazalarini yopib, oʻzini achchiq kulfat izmiga topshirishdan boʻlak chorasi qolmasdi. Qora ishchining muskullari inqirozga uchragan on unda hayot nishonasidan ham hech qanday belgi qolmaydi, bemajol va behol ruhda jamiyatning oʻsha chirkin yertoʻlasiga yiqilib tushib, baxtiqaro holida jimgina oʻlib ketaveradi.

Oradan biroz vaqt oʻtib, xuddi sotilajak mollar singari inson miyasi qudratini, mulkini kashf etdim. Odamning ongi esa uning bilaklaridan mutlaqo farqli boʻlgan bebaho boyligi hisoblanardi. Ong “sotuvchisi” esa dastlabki davrni endigina ellik-oltmish yoshga kirganidagina boshlagan boʻladi, uning haqqi ham boshqa mablagʻlardan koʻra borgan sari koʻtarilib boraveradi. Bechora qora ishchilar kabi qirq besh-ellik yoshlaridayoq ishga yaroqsiz boʻlib qolmaydi. Jamiyatning zax yertoʻlasida yashab kelarkanman, butun umrimning shu xarob yerda oʻtib ketishiga aslo-aslo rozi boʻlolmasdim. Bu joydagi quvurlar va uskunalar umuman yashash tartibiga javob bermas, hammayogʻi isqirtlikka botib ketgan, havosidan esa umuman nafas olib boʻlmasdi. Omadim kulib, istiqbolim gullaganida bormi, jamiyatning muhtasham mehmonlariday yashay olmagan taqdirimdayam istagan narxda oʻzimbop birorta boshpana sotib olgan boʻlardim. Toʻgʻri, u yerda ham yashashning oʻziga yarasha masʼuliyati boʻlardi, albatta, biroq jilla qursa, erkin nafas olishim uchun loaqal toza havodan bahra olish baxtiga erishardim. Shunday qilib, ortiq bilaklarimdagi kuch-quvvatimni behuda sarf etmay, endi aql “sotuvchisi” boʻlishga qaror qildim.

 

Isyonchi jamiyatshunos

Mazkur qarorimdan soʻng belimni mahkam bogʻlab, ilm ketidan shiddat bilan quvishga kirishdim. Kaliforniyaga qaytib kelib, kitoblarimni ochdim. Aql va miya “savdogari” boʻlib shakllanarkanman, oʻz-oʻzidan shaxsimni jamiyatshunos qilib tarbiyalashim muqarrar boʻlib qolgandi. Bir qator kitoblar ichidan ongimda oʻzim yaratgan jamiyatga oid tushunchalarning ilmiy rejasini tuzib chiqdim. Shaksiz, mendan avval oʻtgan va mening tafakkurimdan-da shuurlari oʻtkir boʻlgan kimsalar ham bu xil nazariyalarga eʼtibor qaratgan boʻlishlari mumkin. Biroq men oʻz nazarimda insoniyat uchun bagʻoyat kerakli boʻlgan ulkan qoidalarni yaratmoqda edim. Oʻzimni jamiyatshunos boʻlib yetishayotganimni payqardim.

Aslida jamiyatshunos degani bu isyonchi odamlar demakdir men uchun, shu sababdan ular hozirgi davr sharoitini tubdan oʻzgartirib, kelajak yillar uchun yaxshi bir tuzumni barpo qilishni koʻzlardilar. Men ham ular kabi haqiqiy jamiyatshunos va ularday chinakam isyonchi boʻlib qolgandim. Bir qancha dunyoqarashi keng isyonchilardan tarkib topgan ishchilar guruhiga qoʻshilib oldim va ilk marotaba ong bilan yashashni boshdan kechirdim. Bu yerda men oʻtkir mulohazalar va chuqur idrokka toʻla mushohadalardan voqif boʻldim, kuchli, aqli yuksak, mehnatkash odamlar bilan topishdim. Muqaddas ibodatxonalarda quruqdan-quruq safsata sotib, voizlik qilayotgan vaʼzxonlaru dorilfunun ostonasini oyoqosti qilayotgan bilimsiz professorlarni ham oʻz qobiliyatlari hamda chuqur ilmlari bilan mot qiladigan shunday kuchli doira vakillarini topdim, ular bor shijoatlari bilan odamzodni cheksiz botqoqlik changalidan qutqarib qolishga harakat qilardilar.

Mana shu haqgoʻy odamlar orasida men insonga xos boʻlgan iliq eʼtiqodni, orzuparastlikni, xudbinlikdan chekinishni, bor illatlarni rad qilib, mehnat uchun jafokashlikni, ruhning bor saodatini anglab yetdim.

Bu yerdagi hayot halol, pok va jonli kechardi. Nahotki yer yuzida mana shunday hayot ham mavjud boʻlsa, gʻaroyib, shonli; qayta tirilganimdan nechogʻlik baxtiyor edim!.. Nihoyat izlay-izlay topganim bagʻoyat buyuk qalblar bilan hamnafas yashayotgandim, zotan bu dillarning ruhi gʻaram-gʻaram dollarlaru millionlab aqchalar ustidan masrur, beparvo uchib oʻta oladi, biroq jami jahon tevaragidagi iqtisodiy tanglik borasida ular zinhor sukut saqlamaydilar, qahatchilikda halok boʻlayotgan bolakaylar faryodiga quloqlarini berkitib olmaydilar. Hayot naqadar goʻzallashib ketdi, ana olijanobligu ana oliyhimmatlik, ana qahramonlik qudrati, endi kunlarim quyosh nuriga choʻmilgan holda, tunlarim yulduzlar shuʼlasi ichra charogʻon oʻtardi; bir dam koʻz oldimdan mislsiz qiynoqlarga toʻla, bir-biridan oʻtli, bir-biridan ogʻriqli kechgan qora kunlarim oʻta boshladi, nahot bir odam bolasiga shuncha zulm, shuncha koʻrgilik yogʻildi, berahmlik qurboni boʻldi u, ammo oqibat shoʻrlik baribir oʻsha yovuz muhitdan, achchiq hayot iskanjasidan qutulib chiqdi va hamma-hamma koʻrganlarini ortga tashladi. Men ahmoq boʻlsa oʻsha mudhish balolarning barini rohat-farogʻatga erishish yoʻlidagi arzimas zahmatlar deb tushunibman va oʻsha zahmatlar meni bir kunmas bir kun jamiyatning baland shohsupasiga koʻtarib chiqadi, deya xomtama boʻlibman, behuda roʻyo ortidan chopibman. Kaliforniyadagi ranchoyimga kelib endi oʻzgacha mulahazalar bilan “Dengizboʻyi kutubxonasi” romanlarini qaytadan mutolaa qilishni boshlagan kunimdanoq xayolimdagi koʻp quruq dahmazalarni, toʻgʻrirogʻi, roʻyolarning barini chiqarib tashladim. Shundagina butkul amin boʻldimki, ichimda to shu kunlarimga qadar saqlab kelgan oʻsha xomxayollarning barchasini oʻz idrokim bilan tamoman barbod qilibman.

 

Anglash

Ong “sotuvchisi” sifatida ancha omadim keldi. Jamiyat bor eshiklarini mening istiqbolimga lang ochib berdi. Ana endi bemalol, toʻgʻri muhtasham mehmonxonalarga kirib borar, qoʻl tekkizishim mumkin boʻlmagan narsalarni behadik ushlay olardim, biroq, biroq tezda yuragimni yana sovuqqonlik, bu xil turmushdan ixlossizlik, bezganlik hislari qurshay boshladi. Men oliymansab janoblar bilan bitta dasturxonda ovqatlanar, ularning serhasham ayollari va qizlari bilan birga taom yerdim. Tan olaman, bu kibor xonimlar did bilan kiyinishgan, yaxshilab bezanishgan edi, ammo sodda bir hayrat bilan shu narsani nogoh kashf qilib topdim, mening asl tabaqamdagi qora ishchi ayollarning ham badani shu xonimlarniki bilan bir xilda edi. Mana, polkovnikning sertamanno xotini bilan oddiygina ishchi Judi O’Gredining tanalari bitta tusda ekan, faqat xonimning yaltiroq liboslari uni yashirib turardi, xolos.

Aqlimni lol qilgan narsa faqat bu emasdi. Rost, maloikalarday koʻrinishga urinayotgan bu boylikka oʻch ayollar, pulsevar erkaklar chiroyli tilda soʻzlashar, fikrlarini ravon ifodalay olishardi; ammo shunday boʻlsayam ular yashayotgan hayot lavhalari nihoyatda rasvo, yemaklari harom edi, oʻzlari esa oʻlguday xudbin edilar! Qilib qoʻygan ozginagina xayr-saxovat ishlarini ham ming martalab ogʻiz koʻpirtirib maqtanishar, holbuki, egnilaridagi allaqancha dollar turadigan bebaho kiyimlarini, qimmat taqinchoqlarini, ogʻizlaridagi shirin taomlarini kichkina ishchi bolakaylarning peshona teri orqasidan, nechogʻlik ogʻir mehnat evaziga kelayotganini bilishmasdi. Bu kabi asoslar xayolimda birdan Judi O’Grediga tanadosh mana bu xonimlarning toʻsatdan insofga kelib, goʻyo qonga boʻyalgan koʻylaklari va tilla taqinchoqlarini ustilaridan yulqib olishib, qattiq dargʻazab boʻlgan qiyofalari jonlanib ketdi negadir, men emas, goʻyoki endi ularning oʻzlari uvollik va zavollik toʻgʻrisida vaʼz oʻqishar, jamiyatning zax yertoʻlalarida halok boʻlayotganlar qismatiga dil-dillaridan achinishardi. Biroq real hayotda bu lavha hech qachon akslanmasdi, albatta, olti yoshli bolakayning har tunda oʻn ikki soatlab qora terga botib ishlayotgan taqdiri bilan ularning bir mirilik ishi yoʻq edi, aslida mening hayotimni kulfatga aylantirayotganlar ham shular – Judi O’Gredidan bir pogʻona ham yuksakda turmaydigan kalondimogʻ xonimchalar edi.

Yaxshisi, ular bilan mening ham ishim boʻlmagani maʼqul edi. Men orasta kiyingan, aslzoda, aqlli koʻrinadigan erkaklar bilan tanishishga kirishdim, ularning orzu-oʻylari ham xuddi koʻrinishlari kabi tiniq, asl va jonli boʻlishi kerakday edi, nazarimda. Jamiyatning eng baland kursilarini egallab oʻtirgan bir guruh voizlaru siyosatchilar, biznesmenlaru professorlar hamda noshirlar bilan ulfatchilik qilib yurdim. Ular bilan birga ovqat yer, birga sharob ichar, bitta mashinalarda yurar va shu asnoda ularni oʻrganib ham borardim. Toʻgʻri, kiborlar orasida rostdanam aqlli, aslzodalarni uchratdim ham, biroq ular benihoya kam edi, boʻlganlari ham u qadar joʻshqin emasdilar. Goho shu qadar ongim xiralashib ketardiki, hatto ikkala qoʻlimdagi barmoqlarim hisobidan adashib ketardim. Baribir bu xil omma vakillarining bari chirik muhit ichida jonlana olmasdilar, harom turmush bagʻriga butunlay qorishib ketishgandi, faqat ahyon-ahyonda aslzodalarcha madaniyat qirralarini namoyon qilib qoʻyishardi, xolos. Lekin shunchaki edi bular. Ayniqsa, men tanishib olgan universitet professorlarining gaplarini aytib oʻtmasam boʻlmasdi, ularcha “koʻp aqlli boʻlishdan hech foyda yoʻq edi”.

Jaholat urushlariga gʻoyalari qarshi boʻlgan Tinchlik Shahzodalari deb ataluvchi “qahramonlar”ni uchratganimda, balki endi fikrlarim oʻzgarib ketar, deb oʻylagandim, ammo keyin bildimki, bu “tinchliksevar” kishilar oʻz fabrikalaridagi ish tashlashga chiqqan xodimlarini kiprik qoqmay otib yuboraverishar ekan. Yanayam dahshatlisi, oʻz olchoqligi bilan shafqatsizlarcha, tuturiqsiz vaysagan odamning qoʻrqinchli hikoyasi boʻldi, oʻsha yovuz kimsa har yili tugʻruqxonalardagi chalajon tugʻilgan goʻdaklarni oʻgʻirlab, ularni oʻldirar, evaziga kelgan moʻmay daromaddan qornini qappaytirib yurar edi.

Men yoʻlimda uchragan har bir klublaru uylardagi, mehmonxonalardagi odamlar bilan hamsuhbat boʻlaverdim, sanoat fabrikalarining zarhal kursilarida yastanib oʻtirgan boshliqlari bilan yuzma-yuz keldim va hayron qoldim, nega bu boshliqlar shuncha oz fursat ichida bunchalik boyib ketishdiykin? Bir tomondan ulardagi aql, yaʼni biznes tuygʻusining yaxshigina rivojlanganini koʻrdim. Yana ularning ruhiyatlarini ham tushunib qoldim, bizneslari nol boʻlgan kun ularning ham paytavalariga qurt tushib, tipirchilab qolishardi.

Mana bu oriqqina, kibor qiyofadagi qoʻgʻirchoq-maniken fabrikasi va turli asbob-uskunalar korporatsiyasining direktori maxfiy ravishda beva ayollarni va yetimlarni oʻgʻirlab kelardi. Eng sara nashriyotlarni egallab olgan mana bu janob boʻlsa oʻzini goʻyoki adabiyot homiysi kabi tutar, shaharchadagi barcha bosmaxonalarni ham oʻziniki qilib olgandi. U oʻsha nashriyotlarida tibbiyot boʻyicha maslahatlar chop etishdan hayiqmasdi-yu, ammo yonidagi bir varaq qogʻozga oʻzining naqadar xudbin va olchoq ekanligini yozishga jurʼat qilolmasdi.

Qarshimdagi bu janob esa, allaqancha ishchi va asboblarga ega odam, haromdan haq olishda ustasi farang, haqiqatni aytganda, tarbiyasiz bir xoʻjayin; manavi hokim bilan oliy sud hakami ham xuddi shunday; uchalasi ham bitta tovoqdan luqma yeyishardi. Idealizmning goʻzalliklari hamda Yaratganning marhamati toʻgʻrisida jon kuydirib soʻzlayotgan janob esa hozirgina biznes ishida oʻz doʻstlarini sotib kelgandi. Ibodatxonalar dahosiga aylanib qolgan mana bu kishi boʻlsa oʻzini behad saxovatpesha qilib koʻrsatishga taraddudlanardi hadeb, holbuki uning xususiy magazinlarida kuniga oʻn soatlab ishlaydigan bokira qizlarni ochlikdan sillasi qurigancha chunonam ishlatar, keyin esa toʻppa-toʻgʻri fohishaxonalarga ravona qilardi. Oliy taʼlim boshqarmalaridan birining boshligʻi esa daromad soligʻi boʻicha sudda yolgʻon guvohlik berib, ikki nafar begunoh nochorni nohaqdan-nohaq oʻlimga roʻbaroʻ qilgandi.

Hamma joyda ahvol shu edi: jinoyat va xiyonat, xiyonat va jinoyat – joʻshqin odamlar bor edi-yu, ammo ular chinakamiga na pok va na olijanob edilar, illo pok va olijanoblari esa joʻshqin va haqparast emasdilar. Oʻrtada notavon ulkan olomon ham turardi, ular na olijanob va na joʻshqin edilar, oz-moz halol edilar, xolos. Ehtimol hech kimni ayblab boʻlmas ham, jamiyat holatini uzil-kesillik yoxud ehtiyotkorlik bilan mutlaq bir yoqli qilib boʻlmaydi, bu beqaror va betizgin jarayon, lekin ayni damdagi axloqsizlik, sharmisorlik, yuzsizlik hamda olchoqlik kabi illatlarga-da aslo sustkashlik bilan yoʻl qoʻyib boʻlmasdi. Zotan hali haqsevar, vijdonli, oliyhimmat insonlar tirik ekanlar, xiyonat va jinoyat dunyosi uchun foydali boʻlgan bor amallarni tag-tomiri bilan yoʻqotib tashlash zarur edi.

Vanihoyat, shuni anglab yetdimki, men jamiyatning bu singari hashamatli saroyi ichida yashashni istamas ekanman. Miyam juda ogʻrib ketgandi. Aqlan va ruhan bemorga aylanib qolgandim. Banogoh oʻzimga safdosh, fikrdosh va qoʻldosh doʻstlarim yodimga tushdi, yuzsiz voizlaru vijdonsiz professorlardan koʻra yuragimga oʻzimning oʻsha ongli, halol ishchi oʻrtoqlarim azizroq edi, oʻsha quyosh nuriga chulgʻangan kunlarim, oʻsha yulduzlar charaqlagan fayzli tunlarim xotiramni yoritdi, menga oʻzim izlagan rostakam saodatni ato etadigan, mehru muhabbat hamda xokisor hayot nafasi ufurib turgan jannatiy goʻshamni behad sogʻindim. Yolgʻiz shu sogʻinchgina kuygan dilimga tuganmas harorat bagʻishlab turardi. Kelajakka boqarkanman, endi meni oldinda hamisha yaraqlab, hamisha porlab turuvchi qutlugʻ kunlarim kutayotganiga astoydil umid qildim.

 

Oʻzlikka qaytish

Shunday qilib, oʻzim tugʻilib oʻsgan oilaga, soddagina ishchilar davrasiga qaytdim. Ortiq tepaga koʻtarilish toʻgʻrisida oʻylamay qoʻydim. Bir paytlar oʻzini koʻz-koʻzlab boshim uzra tovlangan mahobatli saroy shu tobda koʻnglimga hech qanday havas oʻtini solmadi. Qasr ichidagi botqoqlik, chirkin muhit – aqlimni kirgizdi. Zotan endi oʻz qoʻllarim bilan, shu muskuldor bilaklarim bilan, shu qoʻldosh, fikrdosh doʻstlarim yonida yelkama-yelka turib, hammamiz birgalikda, oʻzimizning muhtasham saroyimizni quramiz. Biz yaratgan qasr ichida aslo chirik hayot sarqitlari, tiriklayin yerga tiqilgan jonlar nolasi, vahshatli xudbinligu badbin tushunchalar hukm surmaydi. Biz, eng avvalo, zax yertoʻlalarni yaxshilab tozalaymiz va u yerda odamzod uchun yangi bir yashash makonini yaratamiz, u makonda hech qanday hasham, hech qanday jimjimali bezaklar boʻlmaydi, hamma xonalari musaffo va charogʻon boʻladi, biz nafas oladigan havoda esa poklik, oliyjanoblik, halollik harorati ufurib turadi hamisha. Axir, chinakam hayot nafasi shunday boʻlmaydimi?

 

Men anglagan hayot

Ertangi kundan shunday beadogʻ baxtiyor damlarni tiladim va ishondimki, tokim inson oʻz nafsidan koʻra nimanidir yuqoriroq qoʻyib, oʻsha yuksak orzusi yoʻlida kurasha boshladimi, shubhasiz, u albatta baxtli boʻladi. Odam bolasining ana oʻshanday saodatmand onlariga bogʻlangan ishonch tuygʻularimni dilimga mahkam qilib tugib qoʻydim. Yana shunga qattiq amin boʻldimki, ruhiy oromijonlik hamda xokisorlik hammavaqt irkit mechkaylik, olchoqlik, tubanlikni zabt eta oladi. Mening esa bor eʼtiqodim, bor mehru muhabbatim alaloqibat oddiy mehnatkash odamlar uchun fido boʻldi.

 

Jek London

 

Nyuton, Iova

1905 yil, noyabr

 

 

Ingliz tilidan

Qandilat Yusupova

tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/men-anglagan-hayot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x