Mahobatli saroylar, qoʻrgʻonlar, masjidlar, madrasalar, nuragan koʻpriklar vayron, xaroba holida boʻlsa ham juda koʻpchiligi XX asrga qadar yetib keldi. Ushbu asr faqat sanoqli mutaxassisgina tasavvur qila oladigan ulugʻ karvonni ogʻir zambaraklar yetaklagan, bomba uloqtiruvchi uchoqlarda oʻtirgan, eng zamonaviy oʻq otar jang qurollarini qoʻlda mahkam tutgan talonchilar bilan kutib turgan ekan. Olti-yetti ming yil naridan kelayotgan karvonning ahvoli ularsiz ham yaxshi emasdi. Bu karvonni yuz yil talashdi. Bu talonchiliklar oldida Karib dengizi qaroqchilari baʼzan odamning koʻziga farishtaday koʻrinib qoladi.
1955 yillarga qadar ertakday boʻlib turgan Koʻhna Qarshi va Jizzax shaharlari shoʻrolar boshchiligida eskilik sarqiti, deb yer yuzidan deyarli supurib tashlandi. Komsomollardan zarbdor guruhlar tuzilib, afsonalar yashayotgan, koʻhna dunyo panalab turgan qalʼa devorlari yer qatori qilib tekislandi. Buxoro va Samarqand devorlari boshiga ham shunday kun tushgan edi. Ularga birinchi jahon urushida otilgan zambaraklardan birortasining oʻqi yo ikkinchi jahon urushidagi fashistlarning bir dona ham bombasi tushmagan edi. Stalingrad saqlanib qoldi va vayronalari tiklandi. Biroq bu shaharlar keyin qayta tiklanmadi…
Hech boʻlmaganda, hozircha ularni yurakda, tafakkurda tiklashning iloji bor. Turonda vayron etilgan barcha qadimiy kentlar, qalʼalar, hozir ham olimlar nigohiga oʻzini koʻrsatmay turgan olti-yetti ming yillik Ulugʻ oʻtmish qoʻrgʻoniga olib kiruvchi oltin zinalar saqlanib qolgan. Ulardan biri «Tuhfai xoniy» asaridir.
Muallif: Manbalarda ismi Muhammad Vafoi Karmanagiy, mulla Mir Vafo Karmanagiy, Qozi Vafo Karmanagiy, Muhammad Vafo ibn Muhammad Zahir Karmanagiy kabi koʻrinishlarda uchraydi.
U 1685 yili Karmana viloyatida ziyoli oilada tugʻiladi. Otasi Muhammad Zahir Karmanagiy ashtarxoniylar zamonida qozi amalida ishlagan. Albatta, u oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratgan, madrasalarda taʼlim olishini taʼminlagan. Muhammad Vafo Karmanagiy dastlab ashtarxoniy Ubaydullaxon saroyida kitobdorlik vazifasini bajaradi. Keyinchalik lavozimi koʻtarilib, qozilik mansabida faoliyat yuritadi. U oʻz davrining obroʻ-eʼtiborli shaxslaridan edi. Yurtda ashtarxoniylar hukmronligi poyoniga yetib, mangʻitlar davri boshlanadi. Muhammad Vafo Karmanagiy mangʻitlarning ilk hukmdor vakili Muhammad Rahimxonning (1709 – 1758) hurmatini qozonadi. Ushbu «Tuhfai xoniy» (Xon tuhfasi) asari uning taklifi va buyrugʻi bilan yoziladi. Shu sababdan mazkur asar «Tarixi Rahimxoniy» (Rahimxon tarixi) nomi bilan ham ataladi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida asarning №12966 raqami bilan saqlanayotgan nusxasi matni oxirida Qozi Vafo Karmanagiy hijriy 1183 yili (1769 – 1770) Buxoroda vafot etgani qayd etilgan.*
Asar ahamiyati: «Tuhfai xoniy» ham XX asrga qadar juda mashhur asarlardan biri boʻlgan. Qoʻlyozmalar xazinasining asosiy jamgʻarmasida (fond) uning №16 (366 varaq), 2604 (181), 2721 (295), 3530 (228), 4263 (333), 5062 (318), 5359-2 (221: 172 – 393), 5360 (293), 12966 (239), 615-3 (4: 190 – 193) raqamlarda qayd qilingan oʻnta nusxasi saqlanadi.
Kitob ikki juz (qism)dan tashkil topgan. Birinchi qismda mangʻitli Muhammad Rahimxon va otasi Muhammad Hakimbiy otaliqning hayoti, mangʻit hukmdorlaring tarixi, ularning asar yozilayotgan paytda jamiyatda tutgan oʻrni batafsil yoritilgan.
Asarda Buxoro davlati boshqaruv tizimida mavjud boʻlgan mansab va amallarga oid muhim maʼlumotlar bor. Ashtarxoniylar va mangʻitlar hukmronligining ilk davrida mamlakatda kechgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy jarayonlar mohirona va qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Buxoro, Samarqand, Nasaf, Shahrisabz, Jizzax atrofida kechgan tarixiy voqealar, bu hududlarda istiqomat qilayotgan elatlar hayotiga taalluqli axborotlarning koʻpchiligiga muallifning oʻzi guvoh boʻlgan.
Muhammad Vafo Karmanagiy mangʻitlar davlatida 1770 yilgacha boʻlgan voqealarni yozib boradi. Biroq toʻliq kitob holiga keltirishga ulgurmaydi. 12966 raqamli nusxa oxirida matn orti (kolofon) axborotiga koʻra, kitob qoralama holida qolib ketadi va keyinchalik toʻldirilib, kitobat qilinadi. Bu maʼlumotlar asarning birinchi juziga oiddir.
* * *
«Tuhfai xoniy» asarining ikkinchi juzi amir Doniyolbiy (Muhammad Rahimxonning ukasi) otaliqning ragʻbati va buyrugʻi bilan davom ettirilgan. Bu qismni Olimbek ibn Niyozqulibek Nasafiy yozadi. Ikkinchi juzda Amir Doniyolbiy davri va qisman amir Shohmurodning davlat boshqaruvidagi faoliyati yoritilgan. Voqealar oxiri 1782 yil bilan tamomlanadi. Bu paytda amir Shohmurodbiy hali markaziy davlat boshqaruvi tepasiga kelmagan edi.
Asarda Buxoro xonligida yashagan olimlar, markaziy boshqaruvni mustahkamlash maqsadida olib borilgan kurashlar va islohotlar, XVIII asr birinchi yarmida roʻy bergan parokandalik va oʻzaro ichki toʻqnashuvlar oqibatida shahar va qishloqlarning tanazzulga yuz tutishi kabi holatlar toʻgʻrisida muhim axborotlar beriladi. Iqtisodiy jarayonlar, jamiyatda mavjud boʻlgan oʻlchov birliklari va pul munosabatlari, mansablar, ilmiy, adabiy hayot haqidagi maʼlumotlar bugungi kun oʻquvchisi oʻsha davrlar manzarasini aniq va toʻgʻri tasavvur qilishi, anglashiga xizmat qiladi.
Ushbu asardan bir qancha tadqiqotchilar ishlarida foydalanishgan. Biroq qimmatli tarixiy manba boʻlishiga qaramay, hozirgacha oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.
Abdusattor JUMANAZAR,
OʻzRFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi
“Yoshlik”, 2018/5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tuhfai-xoniy/