Bir sozu bir doʻmbira bilan madaniyat yaratib boʻlmaydi

Atoqli qozoq shoiri Oʻljas Sulaymonov bilan suhbat

 

Oʻljas Umarovich Sulaymonov 1936 yil 18 mayda Olmaota shahrida tugʻilgan. Qozogʻiston xalq shoiri, Qozogʻiston Mehnat Qahramoni. Bir qancha Fanlar Akademiyasining Akademigi. Koʻplab orden, medallar  va boshqa mukofotlar sohibidir.

 

—  2018 yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilindi. Dastur doirasida belgilangan tadbirlar oʻtkazildi. Ochigʻi ular ancha qizgʻin va koʻtarinki ruhda oʻtdi. Fikringiz qanday?  

— Bizlar qariyb oʻttiz yil koʻrishmadik. Yozuvchilarni nazarda tutayapman. Balki bundan ham koʻpdir. “Qayta qurish”, hatto oʻzaro munosabatlarimizni ham qayta qurdi. Avvallari bizlar tez-tez koʻrishar, bir birimiznikida mehmonda boʻlar  edik. Qozoq yozuvchilari Toshkentga borishar, oʻzbek yozuvchilari bizlarga kelishar edi. Boshqa jumhuriyatlar ijodkorlari bilan ham shunday doʻstona va qizgʻin munosabatlar oʻrnatilgan edi. Afsuski, yaqin-yaqingacha ham ahvol shunday edi. Biz, hatto eng yaqin doʻstlarimiz boʻlgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning ham bu dunyoni  qachon tashlab ketganligini ham bilolmay qoldik. Bu yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilinishi bu avvalgi doʻstona munosabatlarimiz qaytadan tiklanayotganidan mujda beruvchi, qon-qardoshlik rishtalarimiz avvalgiday kuchli maromga kelayotganidan darak beruvchi xushxabardir. Biz urugʻ-aymoq, qavmu qarindoshligi bir-biri bilan chatishib ketgan eng yaqin qoʻshnilarmiz. Bu ayriliq  biz uchun oson kechgani yoʻq, oʻylaymanki, ayriliq azobini oʻzbeklar ham totib koʻrishdi. Biz bir birimizga suyangan xalqlarmiz. Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilinishi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan hodisa. Bundan juda quvondik.

— Qaysi oʻzbek ijodkorlari bilan doʻst edingiz. Kimlarni koʻp eslaysiz?

— Abdulla Oripov, Erkin Vohidov bilan qalin doʻst edim. Oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandalari, atoqli adib Sharof Rashidov, otashqalb inson Odil Yoqubov, koʻpni koʻrgan oqsoqol Komil Yashinlar bilan bir necha bor suhbatda boʻlganman, ularning donishmandona fikrlaridan  zavq olganman. Shuningdek, Nosir Fozilov,     Mirpoʻlat Mirzoni yaxshi tanir edim. Ajoyib yozuvchi Mehmonqul Islomqulovni taniyman. Yaqinda Issiqkoʻlda Sirojiddin Sayyid bilan birga boʻldim.

— Oʻzbekistonda sizning muxlislaringiz juda koʻp. Sheʼrlaringizni ardoqlab oʻqishadi. Gazetalarimizda maqolalaringiz tez-tez bosilib turadi. Lekin, mana, Oʻzbekistonga bormaganingizga ham 34 yil boʻlibdi…

— Endi boramiz-da. Toshkentda boʻlishni orzu qilaman. Hozir Oʻzbekiston adabiy muhitida ulkan oʻzgarishlar sodir boʻlayotganidan xabarim bor. Prezident Shavkat Mirziyoev adabiyotni sevuvchi inson. U Yozuvchilar uyushmasiga ulkan koshona  qurib berdi, Yozuvchilar xiyobonini yaratdi, yosh ijodkorlarni uy bilan taʼminladi. Yaqinda Qir­gʻizistonda Chingiz Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan televideniyeda chiqish qilganimda, Shavkat Mirziyoevning adabiyot vakillariga qilayotgan bu gʻamxoʻrliklarini barchaga  ibrat qilib koʻrsatdim. Ijodkorlarga bunday gʻamxoʻrlik naqadar zarurligini juda yaxshi tushunaman. Chunki Ulugʻbek hozir Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining Raisi boʻlsa, men hali-hamon bu uyushmaning Faxriy Raisi hisoblanaman.  Sheʼrlarim Oʻzbekistonda tez-tez chop etilishidan mamnunman.    Shuningdek, yaqinda qalin doʻstim, taniqli yozuvchi Sobit Doʻsanovning kitobi Oʻzbekistonda chop etilganini eshitib juda xursand boʻldim. Agar adabiyot va sanʼatimiz yaqinlashsa, oʻylaymanki, iqtisodimiz va siyosatimiz ham yaqinlashadi. Biz barchamiz bundan oʻttiz yillar muqaddam rasmiy ravishda mustaqillikni qoʻlga kiritdik, ammo  mus­taqillik degani oʻz qobigʻiga oʻralashib olish degani emas. Millatlar bir qobiqqa oʻralib olsa, rivojlanish hech qachon roʻy bermaydi. Oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman va boshqa turkiy xalqlar madaniyati hech qachon bir biridan  ajralmaydigan madaniyatdir. Biz bugun mana shu siyosatni oldinga surish istagidamiz. Agar mamlakatimiz rahbarlari ham mana shu siyosat bayrogʻi ostida ish yuritishsa,   xalqlarimizning doʻstligini, hamkorligini kuchaytirishsa, xalqlar oʻrtasida tinchlik boʻladi, rivojlanish boʻladi, taraqqiyot boʻladi, olamshumul oʻzgarishlar yuz beradi.

— Pushkinda shunday misralar bor: “Shoir boʻlish yoshlarga xos”. Bu tushunchaga qanday qaraysiz?

— Sharqda yuz yoshgacha ham shoir boʻlaverish mumkin. Chunki Sharqda sheʼriyat donishmandlikka, aql-idrokka, pand-nasihatga, Ollohga muhabbatga asoslanadi. Firdavsiy, Navoiy, Abaylar keksayib qolganlarida ham ijod qilishgan. Ammo shunday zamonlar keldiki, hamma faqat yorga boʻlgan muhabbatini yozadigan boʻlib qoldi. Shu maʼnoda: “Shoir boʻlish yoshlarga xos”, deganida  Pushkin mutlaqo haq edi.

Bir safar Moskvaga borganimda, Markaziy adabiyotchilar uyida Pavel Antakolskiyning 70 yillik yubileyi ustiga kelib qoldim. U minbarga chiqib olib sevgi haqida rosa sheʼr oʻqidi. Menga juda erish tuyuldi. Yetmishga kirgan odam oʻz hayot tajribalari haqida gapirmaydimi, yoshlar bilan koʻrgan-kechirganlarini oʻrtoqlashmaydimi, ularga pand-nasihat qilmaydimi, yoshlarga zarur boʻlgan yoʻl-yoʻriqlardan gapirmaydimi?! Dono fikrlarni sheʼrga solmaydimi? 70 ga kirgan odamning “sevaman” deb turganini qanday izohlash kerak?! Men oʻsha paytlar ayni qirq yoshda edim. Oʻsha kungi voqeadan keyin  sheʼr yozishni mutlaqo tashlab yubordim. Keyin faqat nasrda ijod qildim. Yoshligimda bir haftada bitta   doston yozardim. “Insonga taʼzim qil, Zamin!” dos­tonim ham bor-yoʻgʻi bir haftada yozilgan. Men davr buyurtmasini bajardim. Keyin Yuriy Gagarin bilan uchrashdim. Keyin dunyoning barcha mamlakatlari minbarlarida ushbu dostonimni yoddan oʻqiy boshladim. Yoshlikning shiddati, shijoati, isyonkorligi umringizni qolgan davrlarida hech qachon  takrorlanmaydi.

— Yaqinda Oʻzbekistonda buyuk oqin Abayning yubileyi boʻlib oʻtdi…

— Kecha, eski qadrdonim bilan koʻrishib qoldik. U hozir Angliya universitetida oʻqituvchi. Gap orasida, “Abay haqiqatdan ham daho ekan” deb qoldi. Men: “Nega birdan bu fikrga kelib qolding, avval bilmasmiding”, deb soʻradim. “Avval ham bilardim, lekin endi iqror boʻldim” deydi u. Mana shunday, avlodlar almashgan sari Abayning buyukligi yaqqol koʻzga tashlanaveradi. Abay oʻz davrida nimani yozgan boʻlsa, oʻsha muammolar bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.  Aksincha keskinroq boʻlib oʻrtaga chiqayapti. U oʻtmishni qalamga olib, aslida kelajak haqida yozgan ekan. U 20 asrda oʻz xalqini katta halokat kutayotganligini bilgandi. 1926 yil aholi  roʻyxatga olinganda, fuqarolar urushidan keyin 6 million 200 ming qozoq bor edi, oʻzbeklar esa oʻsha paytda toʻrt million edi. Keyin ocharchilik davri boshlandi, oʻttizinchi yillarda bu ocharchilikdan 2 yarim million qozoqgina omon qoldi. Bu yerda ayb qozoqlarning oʻzida. Abay oʻsha paytdayoq oʻzbeklardan bogʻdorchilikni, dehqonchilikni, sabzavot ekishni oʻrganinglar deb ogohlantirgandi. Aynan mana shu kasb-hunar oʻzbeklarni ocharchilikdan omon saqlab qoldi. Qozoqlar chorvaga, qoʻy va yilqilarga ishongan edi. Stalin qoʻy va yilqilarni hammasini tortib oldi, chet eldan  zavod va fabrikalarga asbob-uskuna olish uchun goʻshtga ayriboshladi. Ukrainadan donni tortib oldi. Natijada, 5 million ukrainalik, uch milliondan ortiq qozogʻistonlik  och-nahor  oʻlib ketdi. Yer bilan ishlashni bilgani, bogʻ-rogʻ, ekin-tikin ishlarini yaxshi oʻzlashtirgani uchun oʻzbeklar bu halokatlardan omon qoldi.

— Adabiyotimizda Aytmatov, Sulaymonov, Oripov singari buyuklar yana paydo boʻladimi yoki ularni zamon koʻtargan edimi, nima deb oʻylaysiz?

— Haqiqatdan ham ularni davr koʻtargan edi.  Bir paytlar biz kitob oʻqish boʻyicha birinchi oʻrinda edik. Hozir, Rossiya ham, Qozogʻiston ham eng oxirgi oʻrinda turibdi. Endi mashhur yozuvchilarning paydo boʻlishi oʻta mushkul. Bir sozu, bir doʻmbira bilan madaniyat yaratib boʻlmaydi. Doʻmbira aqlni charxlamaydi. Adabiyot esa, aqlni charxlaydi, yuraklarga kuch-quvvat, maʼnaviy ozuqa beradi.     Adabiyot oʻzining avvalgi taxtiga qaytishi kerak. Hozir qanday    asar yozishingdan qatʼi nazar, uni oʻz mablagʻingga chiqarishga, oʻzing  tarqatishingga toʻgʻri kelayapti.   Shuning uchun yozmaslikka harakat qilayapmiz.

— Siz Qozogʻiston Mehnat Qahramonisiz. Juda koʻp orden va medallaringiz bor. Qaysi birini taqasiz?

— Deyarli hech birini taqmayman. Oʻzimni ularga munosib deb  bilmayman. Qachon oʻsha orden, medallarga munosib ish qilsam, yuksak kashfiyotlar yaratsam, ana oʻshandagina taqaman.

— Suhbat uchun tashakkur  Oʻljas  ogʻa.

— Sizga ham rahmat. Barcha oʻzbekistonlik doʻstlarga alangali salomlar boʻlsin!

 

Muhammad ISMOIL
suhbatlashdi.

 

uzas.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bir-sozu-bir-dombira-bilan-madaniyat-yaratib-bolmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x