Hayot magnit – oʻziga tortadi, yozuvchi shu magnitni oʻziga yuqtira olsagina kitobxonni oʻziga torta oladi.
* * *
Yaxshi yozolmaganingni kechirish mumkin, lekin yaxshi yozishni istamaganingni kechirish mumkin emas.
* * *
Mening bir qarindoshim bor, yozuvchi bґlish uchun ilmi ham, layoqati ham boʻlmagani holda, yozuvchilikka havas qiladi; ilmi borligini, boshqa odamlarga qaraganda adabiyotga yaqin ekanini koʻrsatish uchun hamma yerda «P» oʻrniga «F» ishlatadi.
* * *
Kishining bir gʻoyaga sadoqati tanlagan kasbi-hunari bilan shu gʻoyaga qay darajada yaxshi va koʻproq xizmat qilgani, qilayotgani bilan oʻlchanadi.
* * *
Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini oʻtin yorishga sarf qilish kerak emas.
* * *
Sergap, ezma odamni suhbatda izza qilish, sergap, ezma notiqa «qisqaroq boʻlsin!» deb soʻz tashlash kifoya, lekin sergap, ezma yozuvchini albatta sudga berish kerak.
* * *
Mikrob qanchalik xavfli boʻlsa, uni shunchalik katta qilib koʻrsatadigan mikroskop kerak. Satira oʻtiga uchragan kishi, vijdoni boʻlsa, odamlarning yuziga qarolmaydi, vijdoni boʻlmasa, ogʻzidan koʻpik sochib, yozuvchining ketidan bolta koʻtarib yuguradi.
* * *
Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi.
* * *
Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani oʻchirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun talantning oʻzigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak.
Abdulla QAHHOR
https://saviya.uz/ijod/nasr/yondaftardan/