“Tunning zulmati kuchaygani tong yaqinligidan darak”

Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.

 

*****

Faqirlar boylardan koʻra koʻproq qoʻli ochiqroq, saxiyroq boʻlishadi. Chunki, ular ehtiyoj sezgisi nimaligini juda yaxshi bilishadi.

“Xovatir roqiya jurnali” 

*****

Savol beruvchilar turlicha boʻlar ekan. Shunday xulosaga kelindi.

  • Bilmaganini bilish uchun soʻrovchilar.
  • Domlaning bilimini sinash uchun soʻrovchilar.
  • Javobni boshqa domlaning javobi bilan solishtirish uchun soʻrovchilar.
  • Qaysidir masalada ruxsat olmaguncha koʻplab domlalardan soʻrovchilar.
  • Boshqalar eshitib, bilib olsin degan maqsadda soʻrovchilar.
  • Domlani qiyin vaziyatga tushirish uchun ixtilofli, fitnali savollarni soʻrovchilar.
  • Oʻrtada turib soʻrab beruvchi, vositachi soʻrovchilar.
  • Real voqelikda sodir boʻlmagan narsalarni soʻrovchilar.
  • Oʻziga foydasiz narsalar xususida soʻrovchilar.
  • Soʻraydigan zarur narsasini masjidga borib soʻrash oʻrniga, koʻchalarda, mashinada domlaga duch kelib qolsagina soʻrovchilar.

*****

Jim turishlarning barchasi ham rozilik, xotirjamlik alomati boʻlavermaydi. Ayrim jim turuvchilarning ichida ming bir hikoyasi boʻladi.

*****

Ortingizdan baqirib, shovqin koʻtarishyaptimi? Koʻproq sizni chaynashyaptimi? Parvo qilmang, chunki ular sizdan orqada. Sizdek boʻlolmagani uchun ichini hasad kemirib yotibdi. Chinorga, terakka kimdir tosh otganini koʻrganmisiz? Koʻrmagansiz, toʻgʻrimi? Chunki, chinorning va terakning yesa boʻladigan, mazali mevasi yoʻq. Olma, oʻrikka koʻpchilik tosh otadi. Kerak boʻlsa, ular pishmasidan turib yeyishga qiziqib, tosh otiladi.

Oldinga intilishdan, ilmdan, ijoddan toʻxtamang.

 *****

Yozganingni oʻqimaydigan odamga yozishing, oldingga kelmaydigan kishini kutishing, muhabbatingni his qilmaydigan odamni yaxshi koʻrishing va senga ehtiyoji tushmaydigan kishiga ehtiyojing tushishi alamlidir.

*****

Gapirayotganingda, senga tikilib, jim turganlarning barchasi ham gapingni tinglayotgan boʻlavermaydi. Ayrimlar gapirish navbatini kutib jim turadi.

*****

  • Mashaqqatli ishingiz har bir ishsizning orzusidir.
  • Toʻpolonchi farzandingiz har bir befarzandning orzusidir.
  • Kichkina uyingiz har bir qochoqning orzusidir.
  • Ozgina molingiz har bir qarzdorning orzusidir.
  • Ofiyatdaligingiz har bir bemorning orzusidir.
  • Tabassumingiz har bir siqilganning orzusidir.
  • Alloh sizni satr qilgani har bir sharmanda boʻlgan kimsaning orzusidir.
  • Istiqomatda yurganingiz gunoh qilgan ayrim kishilarning orzusidir.
  • Hamd va rizoni hayot yoʻlingiz qilib oling.
  • Bergan neʼmatlari uchun Allohga hamd boʻlsin!

 *****

Ehtirom zaiflik emas, tarbiyadir.

Uzr soʻrash xorlik emas, xulqdir.

 *****

Insonning badani, kiyimi kir boʻlsa, uni sovun, shampun va yana boshqa vositalar bilan tozalaydi. Ammo qalb kirlansa, uni sovun bilan poklashning iloji yoʻq. Qalbning sovuni – istigʻfordir. Istigʻforni koʻp aytish bilan qalb poklanadi. Asta-sekin bu poklik badanga ham oʻtadi. Tanadagi asosiy aʼzo boʻlmish qalb yaxshi boʻlsa, qolgan barcha aʼzolar ham yaxshi boʻladi. Agar qalb buzilsa, boshqa aʼzolar ham buziladi.

 *****

Ehtimol, ota-onang senga sen istagan narsangni berolmagandir.  Lekin, shunisi aniqki, ular senga oʻzlaridagi bor narsalarini berishgan!

 *****

Tunning zulmati kuchaygani tong yaqinligidan darak!

 

 

Internet materiallaridan toʻplab, tarjima qiluvchi

Nozimjon Iminjonov

 

muslim.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/tunning-zulmati-kuchaygani-tong-yaqinligidan-darak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x