Qariyb oʻttiz asrlik tarixga ega qadim Kesh – Shahrisabzda qad rostlab turgan meʼmoriy obidalar serhashamligi, takrorlanmas naqshu bitiklari bilan dunyoda mashhur. Ularning koʻpi Sohibqiron, uning avlodlari davrida koʻhna shaharning hozirgi tarixiy qismida bunyod etilgan va haqli ravishda jahon merosi roʻyxatidan joy olgan.
Sobiq tuzum davrida uzoq yillar xoʻjalik maqsadlarida foydalanilgan, xoʻjakoʻrsinga uyoq-buyogʻi taʼmirlab turilgan mazkur tarixiy yodgorliklarni asl goʻzal qiyofasiga keltirish borasida istiqlol yillarida katta ishlar amalga oshirildi. Natijada bugun bir-biridan koʻrkam, moviy gumbazli, qoʻli gul ustalarimiz isteʼdodi, mehnati bilan qayta sayqal topgan tarixiy yodgorliklarni, tobora chiroy ochib borayotgan koʻhna shaharni koʻrish uchun nafaqat mamlakatimizdan ziyoratchilar, shuningdek, dunyoning turli joylaridan sayyohlar tashrif buyurishmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekistondagi tarixiy obidalar naqshinkor bezaklari va noyob yozuv namunalari bilan ajralib turadi. Ammo ushbu meʼmoriy yodgorliklarni bezab turgan turli mavzudagi bitiklarning aksar qismi haligacha toʻliq oʻrganilmagan edi. Bu Shahrisabz shahridagi tarixiy yodgorliklarga ham taalluqli. Holbuki, ularda Qurʼon oyatlari, hadisi sharif namunalarini, turli duo va hikmatlarni oʻqish, muhim voqealar, tarixiy shaxslar haqida aniq maʼlumotlar olish mumkin edi. Shu nuqtai nazarda istiqlol yillarida ilk marta obidalardagi qadimiy yozuvlarni tadqiq qilish, ularni oʻqish va aniqlashtirishga muayyan loyiha doirasida qoʻl urildi. Buning uchun juda katta ijodiy guruh – tarixchilar, arxeologlar, sanʼatshunoslar, matnshunoslar, islomshunoslar va adabiyotshunoslar jalb etildi. Ular uzoq yillar davomida bepoyon yurtimizning turli joylarida bunyod etilgan meʼmoriy obidalardagi yozuvlarni sinchiklab oʻrganib chiqdilar, tadqiqotlar asosida batafsil sharhlar tayyorladilar. Shular negizida “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” nomli 12 jildlik kitob-albom nashrdan chiqarildi. Uning bir jildi “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar: Qashqadaryo. Shahrisabz” nomi ostida uch ming nusxada oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.
Ushbu kitob-albomda asosan Amir Temur va temuriylar davridagi madaniy uygʻonish davri bilan bogʻliq boʻlgan Shahrisabzning eng mashhur yodgorliklari – Oqsaroy, Dorus saodat, Dorut tilovat majmuasiga kiruvchi obidalar, shuningdek, Malik Ashdar va Abdushukur ogʻoliq madrasalaridagi bitiklar taqdim etilgan. Ularning aksariyat qismi birinchi marta oʻqilib, uch tilga tarjima qilindi, zaruriyat tugʻilganlariga sharhlar ham yozildi.
Kitobda Oqsaroy yodgorligidagi bitiklarga juda keng oʻrin berilib, 145 bet ajratilgan, jami 25 ta bitik ustida tadqiqot oʻtkazilib, ularning arab imlosidagi matni keltirilgan. Bu borada ishlagan tadqiqotchilarning eʼtiroficha, Amir Temur buyrugʻi bilan bunyod etilgan Oqsaroy saroy inshootlarining dongʻi chiqqan bir namunasini oʻzida gavdalantiradiki, binobarin, bu inshootga teng keladigan oliy bino temuriylardan avval ham, keyin ham boshqa bunyod etilmagan.
Mutaxassislar tomonidan qayd qilinishicha, Oqsaroy bitiklarida arab yozuvining har xil turlari mahorat bilan qoʻllanilgan va bu mashhur obidaning naqshinkor bezatilishida muhim bir omil boʻlgan. Biroq, matnlardan faqat kichik bir ulushgina bizgacha saqlanib qolgan, xolos. Shunga qaramay, Oqsaroy yuksak badiiy dekor – manzara maydonchasi va namunasi boʻlib qolmasdan, balki Amir Temur davri xattotlik sanʼati yutuqlarini mujassamlantirgan, degan xulosaga kelish mumkin.
Tadqiqotlar jarayonida Oqsaroy bilan bogʻliq yangi maʼlumotlarning ham aniqlangani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Chunonchi, Oqsaroy binosida usta Muhammad Yusuf at-Tabriziy oʻz dastxatini qoldirganini bilardik. Tadqiqotchilar burchak zanjirli nim ustunlardagi quyidagi bitikni ham aniqlab, oʻqidilar: “Alloh taoloning rahmatidan umidvor ikki (ismlari adash) Muhammad Yusuf at-Tabriziy”. Dastxatning davomi shunday: “Behojat Allohning (rahmatiga muhtoj) faqir bandasi (bir xil ismga ega) (ikki) ustod Muhammad Yusuf at-Tabriziy (atama). Alloh ularning har ikkalasini magʻfirat qilsin”. Bundan oydinlashadiki, Oqsaroyga yanada jilo berish, koʻrk bagʻishlashda Tabriz shahridan bir xil ismli ikki usta qatnashgan.
Saroy bitiklari orasida mashhur arab soʻfiy shoiri Umar Ibn Ali al-Foriz (1181–1235) qalamiga mansub tasavvufiy sheʼr ham borligi aniqlandi. Biroq, 50 baytlik sheʼrdan faqat 12 bayti bitilgan joy saqlanib qolgan. Inshootda saroy bunyodkori Sohibqiron Amir Temur shaʼniga aytilgan tilaknomalar ham yozilgan. Quyidagi bitikda esa Oqsaroy shunday madh etilgan:
“Ofarin, ey moviy gumbazli imorat.
Qalam uchidan toʻkilgan siyoh, xat yoʻliga tushmish oʻxshar.
Undagi yozuv va naqshlardan iborat bitik yulduzlarga oʻxshar”.
Oqsaroy qurilishining boshlanish sanasi bobida olimlar tomonidan deyarli bahslar boʻlmasa-da, ammo koshona qurilishi tugallanishiga oid turli fikrlar bildirilgan edi. Bitiklardagi quyidagi sheʼriy matn bu boradagi munozaralarga chek qoʻyadi, degan fikrdamiz:
(Oltin chiziq) kabi kuydirib, dogʻ paydo qilur.
Sening qahring zahri esa qalbni ogʻritib,
Yetti yuz toʻqson sakkizinchi yilda
Eslanuvchi davron shohining amri bilan.
Agar hijriy 798 yil milodiy yilga aylantirilsa, 1396 yil kelib chiqadi. Demak, Oqsaroy binosi ana shu yilda qurib bitkazilgan. Qolgan davrda bezak ishlari davom etgan. Zero, 1404 yil avgust oyi oxirida Shahrisabzga kelgan ispan elchisi Klavixo Oqsaroyni tomosha qilganida ham pardoz yumushlari davom etayotgan boʻlgan.
Dorus saodat meʼmoriy majmuasi shaharning janubi-sharqiy qismida joylashgan, Amir Temur davrining eng mashhur tarixiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Undagi asosiy yodgorlik hazrat Sohibqironning toʻngʻich farzandi Jahongir mirzo maqbarasidir. Maqbara oʻz vaqtida juda chiroyli boʻlgan, ammo vaqt oʻtgan sayin asta-sekin oʻzining oldingi qiyofasini yoʻqotgan. Holbuki, obidaning gʻarbiy fasadi butun yuzasi kufiy bannoniy xati bilan amalga oshirilgan mahobatli epigrafik kompozitsiyani oʻzida gavdalantirgan handasaviy naqshlar bilan bezatilgan edi. Ammo bitiklarning katta qismi qoʻporilib, yoʻqolib ketgan. Sharqiy fasadda ham sopol koshinlardan ishlangan qadama naqshlarning parchalarigina saqlanib qolgan, shu tariqa bitiklar ham yoʻqolib ketgan.
Maqbaraning oʻymakori eshigidagi bitiklar oʻzida muhim, tarixiy maʼlumotlarni jamlagan. U hijriy 1280, milodiy 1863–1864 yillarda mirdahyaklik saxovatli inson Togʻoy buyurtmasiga muvofiq usta Bobojon tomonidan yasalib, oʻrnatilgan ekan. Eshikdagi sheʼriy matnda “Ey, Muhammad Keshiy” ismi-sharifi diqqatingizni tortadi. Chunki milodiy 786 yilda Keshda tugʻilgan Muhammad Keshiy buyuk imom, zabardast muhaddis, Keshda birinchi hadis maktabiga asos solgan zot sifatida bizga yaxshi tanish. Biroq, matnni tuzgan kishi Jahongir Mirzoni ana shu imom nomi bilan oʻzaro bogʻlagan afsonagoʻylik anʼanalariga ergashgan koʻrinadi.
Shu majmua tarkibidagi, aytishlaricha, Sohibqiron oʻzi uchun qurdirgan maqbara turli mazmundagi bitiklarga boyligi bilan eʼtiborga molikdir. Akademik Yahyo Gʻulomov ular bilan 1933 yildayoq tanishib chiqqan edi. 1942 yilda daxmadagi bitiklarni mashhur olimlar M. Ye. Masson va G. A. Pugachenkova tadqiq qilishdi.
Xilxona devori ravoqlari, ravoqlar ichidagi toshtobut ustki qismidagi bitiklarning koʻpchiligi suls xatining turli usulda yozilgan va Qurʼondan olingan iqtiboslarni ifoda etadi. Shuningdek, Paygʻambarimiz hadislarida uchraydigan duolar yozilgan. Bitiklarda Alloh taoloning 99 goʻzal ismini ham oʻqish mumkin.
Oʻng sharqiy ravoqdan boshlanib chap gʻarbiy ravoqda yakunlangan quyidagi matnni mutaxassislar fikricha, hazrat Sohibqiron oʻzi tasdiqlab bergani ehtimoldan yiroq emas: “Ey, Allohim, meni (ota-onamni) barcha moʻmin va moʻminalarni, musulmon erkak va musulmon ayollarni, ularning tiriklari va vafot etganlarining gunohlarini kechirgil! Bizlar va ular orasida yaxshiliklarni ergashtirgin. Albatta, Sen duolarni ijobat qiluvchi, barakalar yogʻdiruvchi, hojatlarni ravo etuvchi, yomonliklarni daf etuvchi zotsan va yaxshiliklar egasisan! Barcha yaxshiliklar Sening ixtiyoringda. Albatta, Sen barcha ishlarga qodir zotsan!”
Dorut tilovat majmuasidan Koʻkgumbaz jomeʼ masjidi, Shamsiddin Kulol va Gumbazi Sayidon maqbaralari joy olgan. Undagi masjid Mirzo Ulugʻbek farmoyishiga koʻra, 1435 yilda qurilgan. Bitiklar gumbaz gardishi, shuningdek, binoning bosh peshtoqi va interyerida koshinlardan terib chiqilgan. Arab yozuvi xatlarining har xil turlari anʼanaviy naqshlar bilan birgalikda binoga alohida hashamat bagʻishlagan. Ular asosan Qurʼonning turli suralaridan olingan oyatlardan, Allohni ulugʻlovchi kalimalar va duolardan iborat. Qurilishning amalga oshirilgan sanasi va homiysi haqida ham maʼlumotlar berilgan.
Majmuada Mirzo Ulugʻbek farmoniga muvofiq 1437 yilda barpo etilgan xilxona Gumbazi Sayidon (sayidlar gumbazi) deb ataladi. Unda Paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v.) avlodlari – sayyidlarning Termiz xonadoni aʼzolari mangu qoʻnim topgan. Maqbara ichkarisida 4 ta marmar toshdan yasalgan sagʻana bor. Undagi eng yirik sagʻana toshi sayyid Abul Maoliyga tegishlidir. U 1371 yilda Amir Temur farmoni bilan Termizdan Shahrisabzga keladi. Bir necha harbiy yurishlarda Sohibqironga hamrohlik qilgan.
Xilxona binosi ichkarisidagi sagʻana toshlaridagi bitiklar hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan. Qurʼondan oyatlar, Allohni ulugʻlovchi kalimalar suls, nasx va kufiy xatlarida bitilgan. Abul Maoliy sagʻana toshida unga bagʻishlangan qasida ham bor. Albom-kitobda uning yigirma qatori har uch tildagi tarjimasi bilan berilgan. Shuningdek, shu qabrtoshning atrofida va mehrobsimon naqsh ichida Sayyid Abul Maoliyning nasabnomasi suls xatida bitilgan.
Yana shuni ham qayd etish joizki, ushbu tarixiy yodgorliklarni taʼmirlashda, ayniqsa, ulardagi bitiklarni tiklashda koʻpgina kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani ham kitob-albomda koʻrsatib oʻtilgan. Chunonchi, 1980-yillarda Oqsaroydagi qadama naqshlarning bir qismi notoʻgʻri restavratsiya qilingani ayrim bitiklarga ziyon yetkazgan. Koʻp joylarda matn boʻlaklari noaniq qadamalab chiqilgan, koshinlar jiddiy tarzda joyidan siljitilgan. Koʻkgumbaz masjidida 1975 va 1992–1995 yillarda oʻtkazilgan restavratsiya paytida ham bitiklarga zarar yetkazilgan. Bunday holatlar boshqa obidalarda ham koʻzga tashlanadi. Kamchiliklar taʼmirlovchi ustalarning mukammal tajribaga ega emasligi oqibatida yuz bergan.
Demak, yurtimizda bilimdon, taʼmirlash sirlarini puxta egallagan yuqori malakali taʼmirlovchi, loyihachi, meʼmor, xattotlar, koshinkorlar qanchalik koʻp boʻlsa, yodgorliklar shunchalik sifatli taʼmirlanadi, ularning umri uzoq boʻladi. Afsuski, yuqori malakali bunday kadrlar tayyorlash hanuz murakkab masala boʻlib, yangicha yondashuvni talab qilmoqda. Shunda tarixiy obidalar, shubhasiz, xalqimiz oʻtmishi, madaniyati, sanʼati va ulugʻ bunyodkorlik kuchining ifodasi sifatida asrlar osha yashayveradi.
Moʻmin AZIZOV,
tarixchi-jurnalist
https://saviya.uz/hayot/nigoh/bitiklarda-moziy-sadosi/