Majlisdagi ilhom

Yozuvchi uchun ilhomning kelishi joy tanlamas ekan. Xohlagan paytda oʻzi kelib qolarkan. Meniyam keyingi paytda ilhomim qochib kayfiyatim buzilib, ishtahasiz yurgandim.

Ertalab boshlangan katta majlisda birdan ilhomim kelib qolsa boʻladimi? Oʻzim ham hayron qoldim, qayerdan keldi shuncha ilhom? Axir, ilhom yoʻqolgandi-ku? Katta majlisda kamchiliklar aytilib, ayrim mutasaddilarning poʻstagi qoqilyapti-yu, bu yoqda meni ilhomim qaynab-toshyapti, yozishga undayapti.

Xoʻsh, nimani yozish kerak? Tanqidiymi, maqtovmi, maqolami, ocherkmi yoki hajviyami? Yonimda oʻtirgan tashkilot rahbarlaridan biri uxlayapti. Yana biri qoʻl telefonida kim bilandir hiringlashib oʻtiribdi. Maʼruzachi oʻqishni boshlaganiga uch soatdan oshdi, bilmadim u qissadanmi yoki romandanmi parcha oʻqiyapti shekilli, boshini qogʻozdan koʻtarmaydi. Hali-beri soʻzi tugaydiganga oʻxshamaydi.

Mening esa ilhomim qaynab tosh­yapti. Nima qilish kerak? Kimni yoki nimani yozish kerak? Oʻylanib qolaman. Shu payt chap tomonimda oʻtirgan  kishining qoʻl telefoni jiringlab qoldi. U shivirlaganicha: «Men yigʻilishdaman. Kechki paytda uchrashamiz, xayr, goʻzalim!» — dedi past ovozda.

Bir payt oʻng tomonimdagi kishi qogʻozlarini yigʻishtirib, ketishga shaylandi.

— Qayoqqa, hali majlis tugamadi-ku?

— Men yarim stavkada ishlayman, — deb javob berdi yon qoʻshnim.

Oldingi qatorda oʻtirgan ayol oʻrnidan turib, uzr soʻradi.

— Bogʻchadagi bolamni olishga kechik­yapman, ruxsat bersangiz?

— Xoʻjayin, «perekur» qilmasam boʻlmaydi, besh daqiqaga tashqariga chiqishga ruxsat bering, — dedi  yana boshqasi.

Xullas, maʼruzachining soʻzi oxiriga yetmasdan zalda odam qolmadi. Hammaning «ishi chiqib» joy-joyiga tarqashdi. Mendan uch qator oldinda oʻtirgan koʻzoynakli  kishi «uf» deganicha qogʻozlarini yigʻishtira boshladi.

— Yana yarim soat majlis davom etganda jurnaldagi «krossvord»ni  oxirigacha  yechgan boʻlardim-da, attang!

Meniyam shunda ilhomim qochib, shu yerda  yozuvimga nuqta qoʻydim.

 

Yorqul UMAROV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/majlisdagi-ilhom/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x