Oʻzbek tili soʻzga boy. Xalq orasida qoʻllaniladigan baʼzi soʻzlar maʼnosini esa koʻp yoshlar tushunavermaydi. Jumladan, biror qadimgi narsaga taʼrif berilganda “Daqqiyunusdan qolgan” degan ibora ishlatiladi. Uni badiiy asarlarda ham uchratish mumkin. Masalan, yozuvchi Oybekning “Qutlugʻ qon” asarida: “Gulnor daqyonusdan qolgan kafshini kiyib, chirik paranjiga oʻralib, Yoʻlchi bilan joʻnadi”, deyiladi. Xorazmdagi qadimiy shaharlarga afsonaviy shoh – Daqqiyunus asos solgan, degan fikrlar ham aytiladi.
Xoʻsh, “daqqiyunus” soʻzi qanday maʼnoni anglatadi?
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “Daqqiyunus”, “daqqiyonusdan qolgan” soʻz va iboralari – “qadimdan”, “almisoqdan qolgan”, “juda eski”, deb izohlanadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida: “Daqyonus, Daqqiyunus – qadimiy Rim imperatori Diokletian (boshqa bir manbalarga koʻra Detsiy) ismining musulmon Sharqidagi shaklidir. Markaziy Osiyoda arablar istilosiga qadar mavjud shahar xarobalari, tangalar va boshqalarning qadimiyligini anglash uchun “Daqyonusdan qolgan” degan ibora ishlatilgan.
Xususan, Nosiriddin Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy” asarida quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rum shahrida bir Daqyonus degan choʻpon bor edi. Alloh taolo unga benihoya (ganj) karomat qildi. Oxiri podshoh boʻldi, koʻp shaharlarni tobe qildi. Bir katta shaharni bosib olib poytaxt qildi. Oldingi shohning olti oʻgʻli bor edi, ularni oʻziga hamnishin qilib oldi. Bir kuni yov keldi, deb xabar tarqaldi. Daqyonus: “Men xudoman, kim ham men bilan yovlasha olar” dedi. Bir kuni taxtda oʻtirgan edi, tuynukdan ikki mushuk urishib tushib ketdi. Daqyonus qoʻrqib ketdi. Yana bir kuni ovqat yeb oʻtirgan edi, bir xira pashsha oʻralashib qoldi. Shuncha urinsa ham uni haydab yuborolmadi. Buni koʻrib olti aka-uka: “Bir pashshaga kuchi yetmaydiyu, xudolik daʼvo qiladi”, deb Daqyonusdan koʻngillari qoldi. “Qachongacha buning xizmatida boʻlamiz? Undan koʻra bu yerni tark qilib, bir goʻshaga borib, Alloh taologa ibodat qilaylik”, deb maslahat qilishdi”.
Rivoyatga koʻra, ular butparastlar tazyiqidan qochib, gʻorga kirishadi va ibodat bilan mashgʻul boʻlishadi. Ularga yoʻlda bir choʻpon ham sherik boʻladi. Bir kuni ular gʻorda uxlab qoladilar. Bu haqda Qurʼoni karimda: ”Eslang, oʻshanda ular gʻorga panoh istab borishib: Parvardigoro, bizlarga oʻz huzuringdan rahmat-marhamat ato etgin va bizlarning ishimizni Oʻzing oʻnglagin, dedilar. Bas, biz oʻsha gʻorda bir necha yil ularning quloqlariga urib (yaʼni, ularni uxlatib) qoʻydik”, deyiladi (“Kahf” surasi, 10-11 oyatlar). Alloh tomonidan yuborilgan farishtalar bir yilda bir marta ularni u yonlaridan bu yonlariga agʻdarib qoʻyar edi. Ular ancha vaqt oʻtib uygʻonadi, qorinlari och boʻlgani bois biri pul olib bozorga taom uchun joʻnaydi. Bozorni topgach, non sotuvchiga tanga uzatganda, sotuvchi tangalarni koʻrib dahshatga tushadi. Chunki tangalar bundan koʻp yillar ilgari oʻtgan podshoh Daqqiyunus davrida zarb qilingan edi. Non sotuvchi tanga egasini mahkam ushlab: “Bu tanga Daqqiyunusning tangasi-ku, uning olamdan oʻtganiga uch yuz yildan oʻtdi. Sen xazina topgan koʻrinasan, meni sherik qilmasang, podshoga xabar beraman”, deb uni qoʻrqitadi. Bundan ish chiqmagach, podshoning huzuriga olib boradi. Podsho undan kimligini, qayerdan kelganini surishtiradi. Shunda bir olim: “Kitobda oʻqigan edim. Daqyonus davrida olti yigit qochib, togʻlarning biridagi gʻorga yashirinadi. Daqyonusning odamlari ularni izlab topisholmagan”, deydi.
Tarixni hisoblab koʻrsalar oradan uch yuz toʻqqiz yil oʻtgan ekan. Bu haqda Qurʼoni karimda ham: “Ular kahf-gʻorlarida uch yuz yil turdilar va yana toʻqqiz yilni ziyoda ham qildilar”, deyiladi (“Asʼhobu Kahf” surasi, 25-oyat). Podshoh ularni shaharga taklif qildi, ular koʻnishmadi. Yana gʻorda qolishdi va shu yerda vafot etishdi. Shu sababli ularni “Asʼhobu kahf” (gʻor egalari) deb atashadi.
Xoʻsh, Alloh taolo panoh istab gʻorga kirgan yigitlarni buncha yil uxlatib, ularni yana qayta tiriltirishidan maqsad nima edi?
Nosiriddin Rabgʻuziy “Qisasi Rabgʻuziy” asarida: “Ul elda ikki turluk xaloyiq bor erdi. Birisi aytur erdi, Tengri azza va jalla jonni tirgizur, tanni tirguzmas, der erdi. Taqi biri aytur erdi, tanni ham, jonni ham tirgizur. Qachon bularni koʻrdilar ersa bildilarkim, tanni ham tirgizur ermish” deyiladi. Shundan kelib chiqib, Alloh taolo odamlar orasida qayta tirilish masalasidagi ixtiloflarga “Asʼhobu Kahf” hodisasini sodir qilish bilan javob beradi.
Misrlik arxeolog va tarixchi olim Muhammad Taysir az-Zabiyon Iordaniyaning Rajib togʻidagi gʻorlarning birida arxeologik qazishma olib borish natijasida gʻorda dafn qilingan yetti kishining jasadi va ularga hamroh boʻlgan itning kalla suyagi hamda ular nomi yozilgan lavh topilgani haqida maʼlumot beradi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, xalqimiz orasida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelgan “Daqqiyunus”, “Daqqiyunusdan qolgan” kabi soʻz va iboralarda yuqoridagi qadimiy voqeaga ishora bor. Bu esa xalqimizning oʻtmishni yaxshi biladigan, oʻqimishli xalq ekanligini koʻrsatadi.
Ruhiddin AKBAROV tayyorladi.
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/daqqiyunus-nima/