Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, milliy adabiyot va sanʼatimiz rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan adib Abdulla Qahhorning ijodiy merosi oʻlmasdir.
Esimda. 1967 yil Abdulla Qahhor tavalludining 60 yilligi Alisher Navoiy nomli katta opera va balet teatrida tantanali nishonlandi. Yozuvchini tabriklash uchun juda koʻp mehmonlar keldi. Teatrga faqat taklifnomasi borlar kiritildi, agar shunday qilinmasa, kelgan odamlarning hammasi zalga sigʻmasdi. Biz, boʻlgʻusi adabiyotshunoslarga ham taklifnoma berilgani uchun kirishga qiynalmadik (bu taklifnoma hozirgacha xotira sifatida saqlanadi). Prezidiumda Abdulla Qahhorning yoniga xushroʻy bir ayol kelib oʻtirdi. Biz u paytlar yozuvchi shaxsiy hayotini uncha bilmasdik.
– Bu kim? – dedim yonimdagi dugonamga yuzlanib. U kiftini qisib dedi: – Bilmadim, qizlarimikan yoki…
Uning gapi ogʻzida qoldi, oldingi qatorda oʻtirgan yoshi ulugʻ, koʻzoynak taqqan ayol bizga qarab: “Bu ayol Abdulla Qahhorning umr yoʻldoshi Kibriyoxon, u kishining qizlari yoʻq, faqat ikkita oʻgʻillari bor”, dedi.
Yuqori kurslarga oʻtib, yozuvchi ijodi va hayoti bilan chuqur tanishish asnosida juda koʻp narsalarni oʻrgandik va bir narsaga ishondimki, yozuvchi asarlarida maʼlum darajada uning shaxsiyati ham aks etar ekan.
Adibning birinchi – “Qishloq hukm ostida” qissasi 1932 yili chop etilgan. Keyin “Olam yosharadir”, “Qotilning tugʻilishi”, “Qanotsiz chittak”, “Maston” kabi toʻplamlari nashrdan chiqqan. 30-yillarda Abdulla Qahhor ijodida birinchi romani – “Sarob” muhim oʻrinni egallaydi. Asarda bosh qahramon Saidiyning faoliyati koʻrsatilgan, oʻz navbatida unda 20-yillar ikkinchi yarmidagi oʻzbek xalqi hayotining maishiy, etnografik, iqtisodiy va maʼnaviy manzaralari yaqqol aks etib turadi. “Sarob” keng mavzuli roman boʻlgani uchun yozuvchi oʻzining badiiy niyatini yalangʻoch holda koʻrsatmay, uni shu davr hayotining boshqa manzaralari koʻrinishida reallashtirishga uringan. Voqealar tasvirida hayot haqiqati saqlab qolingan.
Abdulla Qahhor hayotdagi ikir-chikirlarga ham katta eʼtibor bergan. Shuning uchun uning kichik hikoyalarida ham katta hayot nafasi bor. “Toʻyda aza” hikoyasida yosh xotinga uylanib, yoshlarday kiyinib, yoshlarday yelib-yugurgan keksa kishining masxarali holatga tushishi tasvirlanadi. Bu hikoyani oʻqir ekansiz, ham kulgingiz qistaydi, ham achinasiz.
“Muhabbat”da esa yoshlarning poʻlatday mustahkam doʻstligi, ikki qalbning otashin hissiyotlari, bu yoʻldagi turli-tuman toʻsiqlarni matonat bilan yengib, qarshiliklarga uchraganda chok-chokidan soʻkilib ketadigan sevgi emas, balki hayot girdoblari toʻlqinlarida yanada mustahkamlanadigan muhabbat madh etiladi. Shuningdek, qissada axloq-odob, insoniy muhabbat, maʼnaviy poklik targʻib qilinadi, molparastlik, xudbinlik qoralanadi.
Yozuvchi hikoyalarining muhim xususiyati shundaki, ularda insonning ichki holati toʻgʻri tasavvur qilinishi bilan birga, ruhiy holati asar mazmuni bilan bogʻlanib ketadi. Abdulla Qahhor jajji hikoyalarida satirik va yumorist sifatida oʻz talantining yangi qirrasini namoyish qildi. U yomonga oʻz idealini, davr nafasini qarshi qoʻyadi, asarlari mazmuni, xarakterlar mohiyatiga kulgi, masxarani singdirib yuborish bilan uning jamiyatdagi ulkan kuchini, ijobiy xarakterini yaqqol koʻrsatadi.
Abdulla Qahhorning oʻziga xos xislatlaridan yana biri talabchanlik edi. Faqat oilaga emas, oʻziga, ijodkorlarga nisbatan ham talabchan edi. Biror asarni yozib tugatgani zahoti nashriyotga olib bormasdi. “Imoratning kamchiligi bitgandan keyin bilinadi deganlaridek, asarning ham kamchiligi yozib boʻlgandan keyin bilinadi”, deb qoʻyardilar, deya xotirlaydi Kibriyo Qahhorova.
Abdulla Qahhor juda noziktaʼb inson boʻlganini umr yoʻldoshi shunday eslaydi: “Bir tanishimiznikiga mehmonga bordik, manti keltirib qoʻydi. Abdulla Qahhor vilkani mantiga sanchdi va qaytarib olib, menga qarab: “Yemayman, pokrishkasi qalin ekan”, dedilar. Yana bir kuni yangi plashimni u kishiga kiyib koʻrsatdim. “Boʻlmapti, bir qop tarvuzga oʻxshab qolibsiz” dedilar. Qaytib plashni kiymadim”.
Abdulla Qahhor tom maʼnoda buyuk yozuvchi edi. Bu buyuklikka mehnati bilan erishgandi. Xotiralarda yozilishicha, kichik bir hikoyasini qirq marta qayta yozgan ekan.
Abdulla Qahhor hayotining soʻnggi kunlarida shoʻro jamiyatida shaxsga sigʻinishning avj olishi orqasida yuz bergan fojialarni tasvirlovchi “Zilzila” qissasi ustida ish olib bordi. Biroq uni tugata olmagan. Ulugʻ sanʼatkor yozuvchimiz ijod bulogʻi qaynab turgan bir pallada ogʻir dard sabab dunyoni tark etdi.
Har gal Abdulla Qahhor asarlarini qoʻlimga olganimda, sochlari qordek oppoq, oq koʻylagining yenglarini shimarib olgan, kelishgan inson koʻz oldimga keladi. Uni xuddi shu qiyofada bir necha marta koʻrish baxtiga muyassar boʻlganman. Biz talabalarga qarata “Qisqaroq gapiring va qisqaroq yozing, koʻp gap hatto eshakka ham yuk boʻladi” degan taʼkidlari hamon yodimda…
Ha, qisqa, loʻnda, ammo mazmunli yozish va gapirish lozim, xuddi Abdulla Qahhordek…
Boʻston RAHMONOVA
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/pokrishka-si-qalin-ekan/