Sohibqiron Amir Temur faoliyatining qaysi qirrasini olib qaramang, barchasining asos-zamirida adolat yotishiga guvoh boʻlasiz. Hatto ulkan harbiy yurishlar va yurt sarhadlaridan olisda kechgan shiddatli janglar tafsiloti oʻrganilsa, bu muhorabalar ham adolatni ustuvor etish yoki qaysidir jinoyatga adolatli jazo tariqasida yuz bergani ayon boʻladi. Binobarin, dunyo tarixida Sohibqiron Amir Temurdek adolat sohibi kamdan-kam topilishi tarixchilar tomonidan yakdil eʼtirof etilgan.
Quyidagi voqea xalq xotirasida, ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, asrlar osha bugungacha saqlanib kelgan. Hozircha bu mavzu “koʻhna manbalarda qayd etilgan tarixiy maʼlumot” sifatida maxsus oʻrganilmagan. Har holda, faktlar va mantiqqa suyanilsa, tarixiy haqiqatlar yuzaga chiqaveradi.
Maʼlumki, bundan olti asr muqaddam, hozirgi Rossiyaning katta qismi Oltin Oʻrda davlati tarkibida boʻlgan. Uning hukmdori Toʻxtamishxon jahongirlik daʼvosida Turkiston shaharlariga ham oʻqtin-oʻqtin xuruj qilib turgan. Sohibqiron Amir Temurning masalani tinch yoʻl bilan hal etish maqsadidagi saʼy-harakatlari natija bermagach, Toʻxtamishxonga qarshi harbiy yurish qilishga majbur boʻladi.
Amir Temur qoʻshini Don va Dnepr boʻylaridagi keng dashtlardan oʻtib, hozirgi Lvov shahriga yaqinlashadi. Turgan gapki, shaharda Sohibqironning jangovar qoʻshiniga qarshi tura oladigan kuch boʻlmagan. Aholi oʻrtasida vahima boshlanadi. Kutilganidek, koʻp oʻtmay, ilgʻor qismlar shaharga kirib kela boshlaydi.
Boyonlar topgan-tutganini peshkash qilib, jahongirdan shafqat soʻrashadi. Ammo shahar ahlining nochor ahvolini koʻrib, Sohibqiron olinajak oʻlpondan voz kechadi. U paytlar Lvov kichik va koʻrimsiz qoʻrgʻon boʻlgan. Tomiga poxol bostirilgan ukraincha uylarning boʻgʻotida kaptarlar koʻp edi (negadir hozir ham u shaharda kaptar moʻl).
Kutilmaganda Sohibqiron, har bir xonadondan atigi bittadan… kaptar olishga amr etadi. Uning muruvvatidan hayratlangan yerlik aholi bu gʻalati talabni shu zahoti bajo keltirishadi. Vaholanki, oʻsha davr odatiga koʻra, shaharlarning katta toʻlov berishi odatiy hol boʻlgan.
Xullas, behisob qoʻshin tinch aholiga ziyon-zahmat yetkazmay, bir necha kun davomida shahar yonidan keti uzilmay oʻtib turishadi. Ilgʻor jangovar qismlar ellik-yuz chaqirim masofaga uzoqlashib ketadi. Nihoyat, bir haftadan soʻng qoʻshin ortidan koʻch-koʻron yuklangan aravalar, chorva hamda xoʻjalik xizmatchilari oʻtayotganida, shahar ahlining fikri buziladi. “Bu sahroyi bosqinchi bizning drujinamizdan qoʻrqdi. Shu sababli durustroq oʻlpon soʻrashga ham botina olmadi”, — deb dadillana boshlaydilar.
Insonning feʼli qiziq-da. Kechagina jonlari omon qolishi uchun bor-budidan voz kechishga tayyor turgan shaharliklar hatto, qoʻshin ortidagi karvonga hujum qilib, bir necha xizmatchilarni nobud etadilar.
Bu noxush xabar tezda Sohibqironga yetib boradi.
Shunday hodisa sodir boʻlishi mumkinligini Amir Temur oldindan sezgan edi. Ammo qoʻshin shahardan juda olislab ketgan, noshukrlarni jazolash uchun ortga qaytilsa, ancha vaqt boy beriladi. Qolaversa, xiyonatchilar Sohibqironning ulkan va jangovar qoʻshiniga arzirli raqib ham emas.
Shunda Amir Temur shahar ahli bergan kaptarlarni ishga soladi. Ot yogʻi shimdirilgan matodan uzun-uzun tasmalar qirqib, kaptarlarning oyogʻiga bogʻlashni, soʻngra ularni yoqib, kaptarlarni uchirishni buyuradi. Ot yogʻi shimdirilgan tasma sekin yonar, ammo shamolda oʻchmas ekan. Tez orada har bir kaptar oʻz makoniga, yaʼni poxol tomlarga borib qoʻnadi. Shu zahoti yongʻin chiqib, tezda butun shahar dahshatli olov ichida qoladi…
Bu rivoyatni harbiy safdoshim hikoya qilib bergan edi. “Shu tariqa sizning katta bobongiz bizning odamlarni jazolagan, — degan edi ukrain doʻstim oʻshanda. – Ochigʻini aytganda, ayb oʻzimizdan oʻtgan. Biznikilar kelishuvga xiyonat qilishgan. Buni kechirib boʻladimi? Adolat Amir Temur tomonida boʻlgan. Oʻsha davr talablaridan kelib chiqqanda, Amir Temur bundan ham qattiqroq jazoni qoʻllashga haqli edi…”
Xizmatdosh doʻstim aytib bergan bu voqea menda katta taassurot qoldirdi. Vatandan uzoqda, oʻarbiy Ukraina tomonlarda bobomiz haqida shunday gʻaroyib rivoyat bugungacha saqlangani qiziq. Demak, Kavkaz, Volgaboʻyi va yaqin Sharq mamlakatlarida ham ulugʻ bobomiz haqida yuqoridagi kabi qiziqarli maʼlumot va rivoyatlar topilsa ajab emas…
Oradan ancha yillar oʻtgach, ulugʻ Sohibqiron Amir Temur haqidagi tarixiy haqiqatlarni xolis oʻrganish imkoniyati paydo boʻldi. Xususan, Ibn Arabshoh va boshqa muarrixlarning guvohlik berishicha, Sohibqiron oʻzidan omonlik soʻragan kuchsiz raqiblariga doimo shafqatli va kechirimli boʻlgan. Ayniqsa, obod va koʻrkam, ilm-madaniyati gurkirab yashnagan, maʼmur shahar va kentlarni, viloyatlarni gʻorat qilishdan oʻzini tiygan. Uning bunday olijanob feʼlidan boxabar yurt arkonlari peshvoz chiqib, peshkashlar qilib, oʻz xalqiga omonlik tilar edi. Ikki orada sulh tuzilib, Temurbek qoʻshini yoʻlida davom etar edi. Bu tarixiy maʼlumot, yuqoridagi hikoya – Lvovda yuz bergan voqeani mantiqiy hamda adolat nuqtai-nazaridan anglashda qoʻl keladi.
Lvovlik xizmatdoshim soʻzlab bergan voqea taxminan qaysi yillarda kechganini aniqlashga harakat qildim. Tarixiy manbalar va olimlar bisotini oʻrganish asnosida, bu masalaga asta-sekin oydinlik kirgandek boʻldi.
1395 yili Amir Temur xiyonatkor Toʻxtamishxonga qarshi uchinchi marta jang boshlashga majbur boʻldi. Shu yilning 10 aprelida Dogʻistondagi Terek daryosi boʻyida kechgan ogʻir jang Sohibqironning gʻalabasi bilan yakunlandi. Amir Temur Toʻxtamishxonni endilikda siyosat maydonidan butunlay surib tashlashga ahd qilib, Oltin Oʻrdaning Dnepr tomondagi gʻarbiy uluslariga borishga qaror qiladi.
Turon qoʻshini chekinayotgan Toʻxtamishxonni taʼqib qilib, Oltin Oʻrda poytaxti Saroy Berkani egallaydi. Shundan soʻng Sohibqiron tutqich bermayotgan Toʻxtamishxon ortidan shimol sari yurishda davom etadi. Toʻxtamishxon hozirgi Moskva shahridan nariga – bepoyon oʻrmonlarga singib, gʻoyib boʻladi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, shundan soʻng Sohibqiron ortga burilib, gʻarbda Dneprga(hozirgi Lvov shahriga)cha boʻlgan yerlarni ishgʻol qiladi. Chunki bu hududlar Oltin Oʻrda hukmdorlariga qarashli boʻlib, hozirgi harbiy ibora bilan aytganda, “front orti xavfsizligini taʼminlash” Amir Temur uchun muhim edi.
Demak, yuqoridagi rivoyatda keltirilgan voqea taxminan 1395 yilda, Amir Temurning Oltin Oʻrdaga qarshi uchinchi yurishi paytida sodir boʻlgan.
Kezi kelganda aytish lozimki, Sohibqironning 1395 yilda Toʻxtamishxon ustidan qozongan gʻalabasi tarixan juda muhim ahamiyatga ega edi. Zotan Amir Temur tomonidan Toʻxtamishxonga berilgan soʻnggi zarbadan soʻng Oltin Oʻrda qayta oʻziga kelmadi va ikkinchi darajali davlatga aylanib qoldi. Uning qoʻl ostida qariyb 170 yildan buyon asoratda yotgan xalqlar, jumladan rus xalqi uchun ham istiqbol yoʻllari ochildi.
Bu haqda A.Yu.Yakubovskiy shunday deb yozadi: “1395 yilda Temurning Toʻxtamish ustidan qozongan gʻalabasi… faqat Oʻrta Osiyo va oʻsha vaqtdagi janubi-sharqiy Yevropa uchungina emas, balki Rus uchun juda katta ahamiyatga ega boʻldi…”
Baxtiyor Haydarov,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
https://saviya.uz/hayot/nigoh/jangovar-kabutarlar/