* * *
Yuragimga sohir bu tuygʻu
Qachon kirdi, kuyday yoqimli?
Qayda edi, keltirgan kim u,
Zarrin qishday, koʻklamday sirli?
Tabassumga lab ochgan kurtak,
Olcha guli yaprogʻidami?
Toshni yorgan matonat, istak
Gul chechagim titrogʻidami?
Qaldirgʻochning inidami yo
Unda intiq jajji parvozlar?
Taraddudlar koʻrgunimcha to
Kirgan kabi umrimga yozlar.
Bu sevgimi? Besoʻz, beimo
Aytmay turib seva bilganim?
Onammi yo toleim Humo,
Diydor istab duo qilganim?
Qay darchaga solmayin nigoh,
Bari tanish, qalbga yaqinim.
Kafti qadoq, diydasi yumshoq,
Biri opam, birisi inim.
Anglaganim, sohir bu tuygʻu
Millat otligʻ, bir tan boʻladi.
Koʻzim tushgan har yeri suyuk,
Yurak ichra Vatan boʻladi!
* * *
Buncha goʻzal, buncha dilrabo
Bahor seni suyganligi rost.
Atrofingda ming turli sabo,
Uning ishqi shamollarga xos.
Soʻz topolmay dashtlar bir ogʻiz
Yer husningdan turadi karaxt.
Oy dalada qoʻrqmayin yolgʻiz
Ayt, qandayin gullading daraxt?
* * *
Zulfiyaxonimga
Buncha dilbar edi.
Bunchalar shinam,
Dil uyining oydin
Oppoq tunlari.
Ichkaridan uzolmayin nigohin,
Derazadan ketmas
Oʻrik gullari.
Chogʻroq xona,
Toʻrda soʻzana azim
Duvollarda hasham
Boʻlmagan sira.
Quloqqa aylanar
Bunda har buyum
Sheʼr oʻqiyapti,
Axir, shoira.
Chogʻroq xona.
Kecha baxtga limmo-lim
Bahor bahorligin
Anglaydi shu on.
Toʻlib borsa dunyo
Sheʼr iforiga
Dunyoga aylanar
Hamid Olimjon…
* * *
Shiftda turgan koʻr chiroqlarga,
Bir kechada kunduz chuv tushar.
Panalardan chiqishsa endi,
Qorovullar oʻgʻriga oʻxshar.
Chor atrofdan koʻz olaytirgan
Boyoʻgʻliga boʻlgan bir nima.
Bir chekkada tunning tushini
Chigirtkalar qilar tarjima.
* * *
Uyulib yotadi stolda qogʻoz,
Boshing koʻtarolmaysan ishdan.
Xonang issiq.
Sovqotdim biroz,
Jonim, xabaring bormi qishdan?
Qiyalatib eshiging nasim
Ostonangdan boʻylasa soʻng bor.
Anglamading,
Sogʻinish kasbim
Qara, axir, ketyapti bahor!
Uvushdimi nedandir tanang?
Qarogʻimda qolsa tilaklar.
Koʻrmaganga yoʻygach ishxonang.
Olib ketdi, meni laylaklar…
Xazonbogʻdan kelsa gar ovoz
Izla, endi tuygʻularimni.
Yillar boʻyi titkilab qogʻoz
Topolmaysan,
Kulgularimni…
* * *
Yana…
Koʻz yummagan tonglar otganda
Meni olib ketgan yoʻllar eltadi.
Sen kutmagan kunda
Ey yolgʻiz odam
Bizga ilxaq kunlar izga qaytadi.
Oʻshanda bariga ishonasanmi,
Muhabbat bor deysanmi
Qaroqlarimga?
Bir yaproq tushmasdan ishq bogʻlaridan
Toʻkilmaysanmi, ayt, titroqlarimga?
Jimgina tikilsam, shomdek beadogʻ,
Yodingga tushmasmi kechagi ogʻriq?
Va, yana… Ohista chiqsamu ketsam –
Ortimdan qolmasmu chuqur xoʻrsiniq?..
* * *
Bu koʻchaning adogʻi bormi,
Yuragingga eltar bekat-chi?
Talatoʻplar aro besado
Oʻtayapman, xabaring bormi?
Oʻngim sohil, soʻlim olomon
Chayqalaman yakka kemaday.
Bu toʻlqinlar biram berahm,
Yetkazmaydi faqat sen tomon.
Kimdir kular, jilmayar, hazil,
Kulmaydi hech taqdir degani.
Koʻzim giryon, koʻzim girgitton
Koʻrinmaydi sen ketgan manzil…
Bu koʻchaning adogʻi bormi?
Nargiza ASADOVA
1984 yilda tugʻilgan. Toshkent davlat madaniyat institutini (hozirgi TDSMI) bitirgan. Uning “Ishq ostonasi”, “Yuragimning sarhadlari”, “Nastarin” nomli sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan.
“Sharq yulduzi”, 2017/9
https://saviya.uz/ijod/nazm/anglaganim-sohir-bu-tuygu/