Abdulla Qodiriy kashfiyoti

Yigirmanchi yuz yillikdagi tariximizda, afsuski, qonli sahifalar ham ozmuncha emas. Oʻsha tahlikali asrda ommaviy qatagʻonning ikki mudhish  toʻlqini ne-ne taraqqiyparvar ziyolilarimizni oʻz domiga tortmadi, deysiz.  Jasur ovozi bizga  yuz yil naridan ham  baralla eshitilib turgan fidoyi ajdodlarimiz haqidagi yana bir kitob shu kunlarda qoʻlimizga yetib keldi. Taniqli adabiyotshunos olim Sobir Mirvaliyevning Oʻzbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” fondi homiyligida chop etilgan bu majmuasi “Abdulla Qodiriy kashfiyoti” deb nomlangan. Quyida oʻzbek qodiriyshunosligini yangi ilmiy dalil va xulosalar bilan boyituvchi mazkur kitob­dan parcha eʼlon qilmoqdamiz. 

Abdulla Qodiriy qisqa umr koʻrgan, qisqa davr ijod qilgan boʻlsa ham, oʻzbek xalqi va adabiyoti uchun gʻoyat katta, salmoqli, ayni chogʻda muhim maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik ahamiyatga molik ijodiy meros qoldirib ketdi. U bir vaqtning oʻzida shoir, publitsist, hikoyanavis, hajviyotchi, qissanavis, dramaturg, eng muhimi, buyuk va takrorlanmas romannavis sifatida xalqimiz maʼnaviy-badiiy rivojida oʻziga xos oʻrin tutadi.

Ayonki, XX asr yangi oʻzbek adabiyotining tugʻilishida, bizningcha, asosan toʻrtta muhim omil yetakchi ahamiyat kasb etgan. Bular: a) tarixiy; b) siyosiy; v) maʼnaviy; va nihoyat, g) til birligi bilan tavsiflanadi. Eʼtibor bersak, bugungi Oʻrta Osiyo xalqlari qadim-qadimdan bir xil tarixiy-jugʻrofiy muhitda yashagan va ijod qilgan. Shu tufayli ularning tarixiy-ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy, hatto oilaviy munosabatlari ham yagona ildizga borib taqaladi. Demak, ana shu tarixiy birlik adabiyotlar, madaniyatlar rivojidagi ilk omil vazifasini oʻtagan, desak xato boʻlmas.

Qolaversa, ana shu xalqlar XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib yangi bir siyosiy-ijtimoiy bosqichni boshdan kechirdi. Xuddi shu davrdan boshlab chor mustamlakachiligi – mustabid tuzum sharoitida yashashga toʻgʻri keldi. Oqibatda milliy ongimizda ikkiyoqlama oʻzgarishlar kechdi. Yaʼni biz, bir vaqtning oʻzida, milliy badiiy-tarixiy qadriyatlardan uzoqlasha boshlaganimizdek, rus va Yevropa badiiyati, maʼnaviyatiga yaqinlashdik. Bu hol badiiy adabiyotimiz rivojiga ham taʼsir etmay qolmadi.

Yuqoridagi tarixiy;  siyosiy omil qatoriga uchinchi bir muhim omil – maʼnaviy-maʼrifiy omil, yaʼni diniy-islomiy eʼtiqod mushtarakligi kelib qoʻshildi. Qurʼoni karim, hadisi sharifning maʼnaviy-maʼrifiy taʼsiri xalq ogʻzaki ijodida ham, yozma adabiyotlar rivojida ham yetakchi omillardan biriga aylandi.

Nihoyat, biz – Markaziy Osiyo ellari turkiy xalqlar hisoblanganimiz bois tilimiz ham mushtarak boʻlib, u yoki bu xalq yaratgan sara asarlar tarjimasiz ham adabiyotlararo umumbadiiy-maʼnaviy mulkka –merosga aylandi. Xullas, biz – oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman, qoraqalpoq xalqlari adabiyoti ana shu toʻrt muhim, yetakchi omil taʼsirida rivoj topdi, maʼlum maʼnoda baynalminallashdi ham deyish mumkin.

Xoʻsh, Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotlari deyarli bir xil tarixiy-ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy omillardan bahra olib rivoj topgan ekan, ularning oʻzaro farqlari, oʻziga xosliklari nimada, degan savol paydo boʻlishi tabiiy, albatta. Oʻziga xoslik, har bir xalqning ogʻzaki ijodiyoti va yozma adabiyotining rivoji darajasi bilan bogʻliq masala boʻlib, xuddi shu nuqtada ular bir-biridan farqlanadi, oʻziga xoslik kasb etadi. Masalan,  qozoq, qirgʻiz, turkman, qoraqalpoqlarda xalq ogʻzaki ijodi ancha qadimiy va boy boʻlgani holda yozma adabiyot ancha kech vujudga kelgan. Shu jihatdan, oʻzbek adabiyoti ogʻzaki va yozma maqomda rivojlanish jarayonida ancha ustuvor boʻlgan. Bu esa oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida ham, yozma adabiyotida ham epik rivoya, epik obraz yaratish tizimini tezlashtirgan, rivojlantirgan.  Goʻroʻgʻli, Alpomish turkumiga kiruvchi xalq dostonlari, Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibidagi yozma sheʼriy romanlardan orttirilgan epik rivoya, epik obraz tajribasi, anʼanasi Abdulla Qodiriyni yetkazib berdi. Agar xalq ogʻzaki ijodi va yozma mumtoz adabiyotida bular sheʼriy shaklda va romantik tasvirda yuzaga kelgan boʻlsa, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari nasriy shaklda, realistik tasvir usulida yaratildi va yangi epik rivoya (bayon), epik obraz tizimini boshlab berdi. Eng muhimi, bu yangilik qardosh xalq­lar adabiyotlari, xususan, Sadriddin Ayniy, Muxtor Avezov, Berdi Kerboboyev, Xidir Deryaev kabi dovrugʻi olamga taralgan sanʼatkorlar timsolida kuchli, baquvvat tizimga aylandi. Abdulla Qodiriy ana shu tizim asoschisi sifatida ham buyuklik maqomiga koʻtarildi. Ayni chogʻda, oʻzbek yozma adabiyotining oʻziga xosligi, mustaqilligi ham taʼminlandi.

Ikkinchi bir gap, Abdulla Qodiriy nafaqat oʻz xalqi, balki butun Oʻrta Osiyo xalq­lari tarixidagi eng muhim burilish pallasining badiiy-estetik talqinini boshlab bergani masalasidir. “Oʻtkan kunlar”da ham, “Mehrobdan chayon”da ham XIX asrning ikkinchi yarmidagi xonliklarning yemirilish davri, mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash jarayonlari ilk bor badiiy nasrda realistik tasvirlab berildi. Xuddi shu holat keyinchalik, S.Ayniy, M.Avezov, B.Kerboboyev, X.Deryaev romanlari mazmun-mundarijasiga ham koʻchib oʻtdi. Bunda Abdulla Qodiriyning oʻz xalqi tarixidagi burilish pallasini tasvirlash anʼanasi, tajribasi ijodiy  oʻrganilib, oʻzlashtirildi.

Uchinchi bir gap, yangi oʻzbek adabiy tilini yaratishga doir adib asos solgan tamo­yillar masalasidir. Bilamizki, Alisher Navoiy davriga kelib turkiy til – eski oʻzbek tili arab, fors tillaridan ajralib, mustaqil adabiy til darajasiga koʻtarildi. Bunda buyuk shoir xizmatlari soʻzsiz beqiyos, chunki hazrat Navoiy oʻz ona tilini arab va fors tillari taʼsiridan tozalab, yagona turkiy adabiy tilga asos soldi. ­Abdulla Qodiriy zamonasiga kelib, ona tilimiz nafaqat arab, fors-tojik tillari qorishigʻida, hatto rus, tatar tillari taʼsirida ham boʻlgani maʼlum. Bir tomondan Yusufbek hoji, Mirzakarim qutidor, boshqa tomondan Otabek va Kumush nutqiga xos shirali, boy, sodda, ravon, ifodali til, qolaversa, ulardagi muomala madaniyati, andisha, rioya, ibo, iffat, tortinchoqlik – xalqimiz, millatimiz xarakterining ham yorqin ifodasi emasmi?! Bejiz Oybek ham “Oʻtkan kunlar” romanining tili haqida toʻxtab, “yozuvchi til ustida katta mahorat koʻrsatgan”ini alohida qayd etmagan: “Romanning tili, haqiqatan boy, boʻyoqli, sodda, ifoda kuchi zoʻr, ommaga anglashilarli bir tildir”. Qolaversa, “Oʻzbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz, gʻoyat kattadir”.

Abdulla Qodiriy ijodiga doir toʻrtinchi masala milliylikning namoyon boʻlishidir. Abdulla Qodiriy ijodida milliylik ikki yoʻnalishda oʻz ifodasini topadi. Birinchidan, adib barcha asarlari, xususan, “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarida badiiy niyatiga mavzuni oʻz ona yurti, ona xalqi tarixi, mentalitetidan kelib chiqib ifodalash orqali erishadi. Ikkinchidan, mavzu, gʻoya, obraz yechimi islom maʼrifati hamda jadidchilik taʼlimotiga yoʻgʻrilgan va bu esa milliylikni yanada chuqurlashtirgan, desak xato boʻlmas.

Adib XX asr yangi oʻzbek adabiyotining tugʻilishi, shakllanishi va kamolotida ana shu toʻrt tamoyilni yaratish bilan soʻz sanʼatimiz rivojiga salmoqli hissa qoʻshdi. Qoʻshibgina qolmadi, balki namuna, anʼana sifatida meros etib qoldirdi. Ayni shu fazilati Abdulla Qodiriyni adib sifatida buyuklik shohsupasiga koʻtardi, unga bar­hayotlik inʼom etdi.

Aytish mumkinki, yangi oʻzbek adabiyotida epik obraz va epik rivoya (bayon), avvalo, Abdulla Qodiriydan boshlangan boʻlib, bunda uning xalq ogʻzaki ijodi va yozma mumtoz adabiyotdagi poetik tasvir shaklini, romantik ifoda usulini realistik nasrga nihoyatda tabiiy koʻchirgani ulkan kashfiyot boʻldi.

Xullas, istiqlol davri adabiyotshunosligi koʻplar qatori Abdulla Qodiriy fenomenini ham yangicha, halol, oshkora, roʻy-rost baholash sari yuz tutgan ekan, ishonamizki, uning hali yetarli oʻrganilmagan ijod yoʻli haqida koʻp va xoʻp yoziladi. Biz faqat bu masalaga yana bir bor eʼtiborni qaratdik, xolos.

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/abdulla-qodiriy-kashfiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x