Xuan Ramon XIMENES
* * *
Yogʻiladi tillo barkashdan
Koʻz olguvchi yal-yal sharora,
Quyilgani sayin tobora
Munavvarlik toʻlar koʻngulga.
Goʻyo quduq tubidan zilol
Chashma sizib chiqqan singari,
Talpinadi osoyish bilmay
Yogʻdu, tashna ona yer sari.
Gul va yulduz shunday yonma-yon,
Esib turar huzurbaxsh sabun.
Baxt toʻkilib qolgan bu joyda
Moviy dunyo yotar yastanib.
* * *
Meni unutmagin,
Kutilmagan quvonch!
Ishonchlarim chilparchin boʻlgan,
Uzoq kutganlarim unutilgan!
Ammo, sen beqaror, kutilmagan quvonch
Unutmagin meni!
Unutmaysanmi?
* * *
…Men ham ketarman.
Avval qanday sayragan boʻlsa,
Qushlar shunday sayrayveradi,
Bogʻ qoladi bogʻligicha,
Bogʻdagi daraxtlar ham,
Quduqning tubida erkalanar oy.
Qoʻngʻiroqlar jaranglab xushhol,
Porillagan kun ogʻushida,
Men haqimda eslar ehtimol.
Ufq bir dam saqlagay sukut.
Oʻzgaradi yoʻllar, soʻqmoqlar,
Oʻtar bir-bir suyganlarim ham.
Bogʻimdagi sokin oʻtloqning
Ogʻushida zerikar soyam.
Men ketaman, hammasi qolar –
Daraxtlar, tonggi shudringlar,
Oyni quchogʻida erkalagan
Qudugʻim ham qolar, shubhasiz.
Avval qanday sayragan boʻlsa,
Qushlar shunday sayrayveradi.
* * *
Keldi umr kabi oʻtkinchi,
Xoʻshlashmoqning sokin oqshomi.
Soʻnggi tugʻishganim, alvido,
Men istayman mangu yashashni!
Shafaqlangan ufq lovullar,
Majruh qilar qontalash yaproq.
Orzularga toʻliqdir dilim,
Men istayman mangu yashashni!
Qanday goʻzal bu turfa olam,
Soʻnib qolma pirpiragan shamʼ.
Men, albatta, mangu yashayman,
Sen ham mangu qolaqol, oqshom!
* * *
Oqshomda yoʻl yetakladi
Zulmat quchgan tun bagʻriga.
Koʻnglim seni izlab borar,
Yoʻl topmayman naryogʻiga.
Koʻnglim seni izlab borar,
Olisdasan shuʼla kabi.
Shamollarning sasi kabi,
Chechaklarning isi kabi.
* * *
Bir kun koʻngil ochib shunchaki,
Desam, mening yolgʻiz tilagim –
Yorim bahor yashnagan chogʻda
Kiyib yursa harir koʻylagin.
Pirpiratib moviy koʻzlarin
Umidla u boqdi irgʻanib,
Shu dam gʻuncha labidan maʼyus
Tabassumi ketdi sirgʻalib.
Shundan buyon may oqshomlari
Taqdir bizni duch qilib turar –
Koʻchasining boshida u qiz
Oppoq koʻylak kiyib oʻltirar.
* * *
Ana ular keldi, chortoq arava…
Qayragʻochlar aytdi, shamollar aytdi.
Aks-sado keldi oydan shivirlab,
Moʻridan burqsigan tutundan qaytdi.
Chortoq aravalar kelar gʻichirlab,
Oqshomda quyoshga yoʻldosh, yoʻl tortib.
Chortoq aravalar kelar pichirlab,
Oʻrmondan daraxtlar tanasin ortib.
Aravalar… nochor, horgʻin irgʻanar,
Pueblo Nuevoning yoʻlida ular!
Yulduzlari rangsiz osmon ostida
Holsiz korandalar suradi xayol –
Hili balqib turgan yozning kelishin
Va issiq boshpana, bir quchoq poxol.
Arava ortidan yoʻlin tusmollab
Qoqshol yelkasida choʻpon tayogʻi,
Koʻzlariga choʻkkan tunning zulmati.
Podaboqar kelar sudrab oyogʻin.
Aravalar… nochor, horgʻin irgʻanar.
Pueblo Nuevoning yoʻlida ular!
Ortda qolar sayhon, daraxt loshlari,
Yuraklarga esa merosning bori –
Payraha hidiyu yaxday havolar,
Ushalmagan orzu – dilning ozori.
Olis-olislardan, qishloq burjidan,
Shomgi qoʻngʻiroqning zori taralar.
Shipshiydami chiqqan sayhonlik uzra
Payrahalar hidi. Qalbda yaralar.
Aravalar… nochor, horgʻin irgʻalar,
Pueblo Nuevoning yoʻlida ular!
* * *
Bulut talvasavor toʻsar osmonni
Tongmi? Oqshommidi? Yoʻqdir daragi.
Huv, unda maqsadsiz aylanar behol
Shamol tegirmonning choʻltoq parragi.
Gʻira-shira tuman, qoʻylar suruvi
Vodiy qoʻriqchisi qoyalar – posbon.
Koʻzga tashlanadi mungʻaygan sharpa –
Tayoqqa suyanib mudragan choʻpon.
Goʻyo faqat toshdan qurilgan qoʻrgʻon,
Bir tutam giyoh yoʻq, chechak, na-da qush.
Kimsasizligidan tong dili xira,
Yaltirab yotibdi burganlar behush.
* * *
Nimadandir asli sening bulbulga xos navolaring –
Chashmadanmi, atirguldan yoki yulduz jarangidan?
Eslagina, qanotlari tillo suvga chayilganday,
Humodanmi, parvoz etsa parlaridan nur yogʻilgan?
Senikimi moviy osmon, kamalaklari tovlangan,
Kim edi u sensiz boʻzlab, yuvayotgan qalb dogʻini?
Eslolmasang kerak chogʻi, koʻl boʻyida bahor fasli
Olib qochganmiding yoki bulbullarning sayrogʻini?
Rus tilidan Oʻktam MIRZAYOR tarjimasi
Xuan Ramon XIMENES – Nobel mukofoti sovrindori. 1881 yilda tugʻilgan. Ispan adabiyotidagi barcha anʼanalarni, xususan, “yigirma yettinchi yillar avlodlari”ning sheʼriyatdagi jozibalarini qalbida mujassamlashtirgan. Qator sheʼriy va nasriy asarlar muallifi. 1958 yilda vafot etgan.
“Sharq yulduzi”, 2017/9
https://saviya.uz/ijod/nazm/shafaqlangan-ufq-lovullar/