Oʻzbek davlatchilik tarixi va madaniyati shakllanishida oʻzining mohirona siyosati va boy sheʼriy merosi bilan oʻchmas iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Boburning faqat yurtimiz tarixida emas, Hindiston xalqlari tarihida ham yuksak oʻrinda turadi. Ulugʻ ajdodimizning tarixi va maʼnaviy merosi bir qancha hamyurt olimlarimiz va chet ellik tarixchilar tomonidan turli jihatlardan oʻrganilgan.
Quyidagi maqolada ana shu mashhur tarixning kam eʼtibor qaratilgan jihatlaridan biri – Mirzo Boburning tasavvufiy qarashlari haqida soʻz yuritamiz.
Tarixga nazar solsak, XIII va XV asrlarda, xususan, Bobur yashagan davrda Movarounnahr hududida tasavvuf taʼlimotlari keng tarqalgan va rivojlangan edi. Buning natijasida mazkur hududda istiqomat qilgan xalqlar turmush tarzida soʻfiylarning oʻrni ahamiyatli boʻlib, oʻsha davr ijtimoiy va siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etishgan va oddiy xalq orasida oʻziga xos hurmat va martabaga ega boʻlishgan.
Mirzo Bobur tasavvuf, undagi tariqatlar va vakillarini hurmat qilgan. Buni biz oʻsha davrdan qolgan yozma manbalar hamda yaqn oʻtmishda qilingan tadqiqotlarda ham koʻrishimiz mumkin. Turkiyalik yetuk olim Mahmud Asʼad Joʻshon oʻzining “Islom, tasavvuf va axloq” asarida: “Temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur ulugʻ shayx Said Amir ibn Mavlono Jaloliddin Xojagi Kosoniy Maxdumi Aʼzam hazratlarini oʻziga maʼnaviy pir deb bilganlar, u kishiga qoʻl berib, nasihatlariga amal qilganlar” – deb yozadi[1].
Yana bir olim B. Toʻrayev Maxdumi Aʼzamni nafaqat Movarounnahr yoki Xuroson, balki Hindistonda ham oʻziga pir deb biluvchilar koʻplab topilishi, temuriy shohlar ichida Zahiriddin Muhammad Bobur bu ulugʻ zotga murid boʻlganligini alohida taʼkidlab, yuqorida keltirilgan maʼlumotni quvvatlaydi[2].
Oʻz navbatida Maxdumi Aʼzam ham Mirzo Boburga alohida hurmat bilan qaragan va unga bagʻishlab “Boburiya” nomli ricola ham yozgan. Olimning mazkur asari aslida Zahiriddin Muhammad Boburning Xoja Ahror Valiyning “Risolai volidiya” asari haqidagi xatiga javob edi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Xoja Ahror Valiy va u kishining avlodlariga ham katta hurmatda boʻlgan. Mirzo Boburning ismini ham Hoja Ahror aytgani haqida tarixiy maʼlumotlar ham mavjud. Xoja Ahror hazratlari va Bobur oʻrtasidagi munosabatlar uning shoh asari boʻlmish “Boburnoma”ning ham bir qancha joylarida oʻz aksini topgan. U hayoti davomida Naqshbandiya tariqati pir va murshidlarining oʻgitlariga amal qilgan.
1528–1529 yillarda pirining “Risolai Volidiya” asarini sheʼriy usulda oʻzbek tiliga tarjima qiladi. Mazkur tarjimada Bobur Xoja Ahrorga bergan taʼrifi orqali u zotga qanchalik darajada ixlos va ehtiromda boʻlganini bilib olishimiz mumkin.
Naqshbandiya tariqatiga Mirzo Boburning keyingi avlodlari ham hurmat va ehtiromda boʻlishib, nasihat va oʻgitlariga amal qilganlar.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining siyosat yuritishida diniy eʼtiqodlar va tasavvuf taʼlimotlariga amal qilgan. Bu orqali davlatdagi turli millat vakillari oʻzaro tinch-totuv yashashi, ijtimoiy hamkorlik, diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik taʼminlangan. Mazkur diniy siyosat oʻzida islomiy qadriyatlar va madaniyatning ustunligini namoyon qilishi bilan birga boshqa din va eʼtiqodlariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni ham taqozo etadi. Shu sababli u faqat oʻz hukmdorligi davridagina emas, balki 300 yildan ortiq hukmronlik qilgan boburiylar sulolasi davridagi jamiyat, madaniyat, sivilizatsiya, dinlar va diniy eʼtiqodlarga nisbatan bagʻrikenglik, sabr-toqatlilik qadriyatlarining tamal toshini qoʻyib ketgan edi.
Abdulloh Abduvohidov,
Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi 2-kurs magistranti
[1] Mahmud Asʼad Joʻshon. Islom, tasavvuf va axloq. -T.: 1999. – B. 236.
[2] Toʻrayev B. Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xojagiy Kosoniy risolati. -T.: 1995. – B. 20.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shoh-va-shoirning-tasavvufiy-qarashlari/