Piramidalarni gigant odamlar qurganmi?

Jahon xalqlari afsona va rivoyatlarida Yer sayyorasida bir zamonlar yashagan ulkan, bahaybat odamlar haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, XIX va XX asrlardagi noyob arxeologik topilmalar ularning haqiqatan Yer yuzida mavjud boʻlganiga ishora qiladi.

Koʻpchilikning fikricha, olimlar bahaybat odamzod haqidagi haqiqatlarni sir tutayotgani ehtimoldan xoli emas, negaki, bu dalil va isbotlar taniqli biolog Charlz Darvin nazariyasini shubha ostida qoldiradi. Bugungi kunga qadar gigant odamlar toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalar hamon olim, tarixchi va tadqiqotchilarning qizgʻin bahs-munozaralariga sabab boʻlib keladi.

 

TOBUTLARDAGI INSON SUYAKLARI

– Dunyo boʻylab kezgan sayohatlarim davomida koʻp marotaba bahaybat odamlarning ulkan izlari, ularning suyak qoldiqlariga oid arxeologik qazilmayu topilmalarni uchratganman, – deydi sayohatchi Viktor Melnikov. – Xususan, Janubiy Amerikaning Peru, Ekvador, Chili kabi qator mamlakatlarida ularning suyak qoldiqlariga duch kelish mumkin…

Aslida bu qanday suyaklar? Ular qadimgi yirik jonzotlarga tegishlimi? Mahalliy olimlarning aytishicha, bu borada olib borilgan tadqiqot natijalari bu fikrni tasdiqlamagan.

Oʻtgan asrlar davomida gigant odamlarga oid koʻplab voqea-hodisalar kuzatilgan. Keling, ulardan faqat tarix zarvaraqlarida tilga olingan hayratlanarli topilmalarning bir nechtasini sanab oʻtamiz. 1821 yili AQSHning Tennessi shtatidagi qadimiy xarobalarda boʻyi 215 santimetr boʻlgan ikki odamning suyak qoldiqlari topilgan. 1885 yili esa Pensilvaniya shtatidagi qabristonlardan birida aynan shu kattalikdagi inson suyaklari joylangan tosh sagʻana topilgan. Qizigʻi, sagʻana devorlariga ibtidoiy davrdagi odam, qush va jonzotlarning suratlari oʻyib chizilgandi.

1899 yili Germaniyaning Rur viloyatida konchilar odatiy ish kunida kondan boʻyi 210 dan 240 santimetrgacha yetgan va tosh qotgan insonlar suyaklariga duch kelishadi. Taxminan oʻsha yillari Misrda bir guruh arxeologlar sarkofag (toshtobut) koʻrinishidagi sopol qabrni topishadi. Uning ichkarisida esa uzunligi ikki metr keladigan mallasoch ayol va yosh bolaning moʻmiyosi (balzamlab chirimaydigan qilingan jasad) yotardi. Oʻz navbatida, mazkur moʻmiyolarning yuz tuzilishi va qaddi-qomati qadimgi misrliklardan sezilarli darajada farq qilgan. Shuningdek, malla sochli moʻmiyolarga oʻxshash topilmalar AQSHning Nevada shtatida ham topilgan.

Uzoq oʻtmishda sayyoramizda bahaybat va uzun boʻyli odamlar yashaganini tasdiqlaydigan koʻplab dalil, isbotlar mavjud. Soʻnggi paytlarda arxeologlar va ayrim hududlardagi mahalliy aholi doimiy ravishda yirik oyoq izlarini uchratishayapti. Masalan, Janubiy afrikalik mahalliy fermer togʻ jinsida chap oyoq kafti izi ustidan chiqadi. Uning uzunligi 128 santimetr edi.

Yana bir misol, Avstraliyadagi Moviy togʻlarning shundoqqina tagidan oqib oʻtuvchi jilgʻa ustiga engashgan bahaybat tosh. Uning yuzasida inson kafti va besh barmogʻining izlari aniq-ravshan koʻrinib turardi. Keng ochilgan barmoqlar oraligʻi 17 santimetrni tashkil etadi. Bundan taxmin qilish mumkinki, bunday iz qoldirgan mavjudotning boʻyi 6 metrlar atrofida boʻlgan.

Bunday topilmalarga dunyoning turli nuqtalarida duch kelishgan. Misol uchun, 1950-yillari ishchilar Alyaskadagi qabristonda ikkita bosh, umurtqa va oyoq suyaklarini topishgan. Hayratlanarlisi, bosh suyaklarining uzunligi 58 santimetr boʻlgan. Umurtqa suyaklari ham xuddi bosh suyaklaridek bir xil oʻlchamda yirik boʻlib, bugungi oddiy odamlarnikidan uch bor katta edi.

 

INKLAR AFSONASI

Janubiy Afrika aborigenlari oʻz hududlarida yashagan gigant odamlar toʻgʻrisida hikoyalar qoldirishgan. Ularda aytilishicha, gigant insonlarga noyob kuch inʼom etilgan. Ular ov vaqtida kun boʻyi yuzlab kilometr masofa bosib oʻtishib, oʻlja – oʻldirilgan hayvonlarni osonlik bilan yelkaga ortib, bamaylixotir uyga qaytishgan. Hattoki bahaybat odamlardan qaysidir biri yoʻtalganida, koʻkdagi qush xuddi shamolga uchragandek qalqib ketardi.

Ulkan insonlar toʻgʻrisida ink (Peru, Ekvador, Boliviya kabi davlatlarda qadimda yashagan hindu qabilalari nomi)larda ham qadimiy afsona mavjud. Unga koʻra, Ink davlatida Ayatarko Kuso XII hukmronligi davrida mamlakatga bahaybat odamlar juda katta qamish sollarda kelishadi. Ular shunchalik ulkan boʻlishganki, hatto eng uzun hindu ham uning tizzasigacha kelgan, xolos. Gigant insonlar inklar shaharlarida mahalliy aholining koʻmagisiz qurish mushkul boʻlgan inshootlarni barpo etishadi. Mahalliy xalq vakillari bunday kelgindilarni qadimgi sivilizatsiyaning avlodlari deya hisoblashgan (Peruda togʻu toshlarga tez-tez boʻyi mamontlardan ham uzun boʻlgan yirik insonlarning suratlarini chizishgan). Umuman olganda, turli xalqlar afsona va rivoyatlarida olis oʻtmishdagi yerliklar oʻta ulkan koʻrinishda boʻlgani haqida soʻz yuritiladi.

Bundan taxminan ming yil oldin yashab oʻtgan arab sayyohi ibn Fadlan oʻz sayohatlari davomida boʻyi 6 metrli insonning suyak qoldigʻini uchratgan, yaʼni unga Xazar hoqonligi fuqarosini koʻrsatishgan. Shu oʻrinda aytish kerakki, aynan shunday hajmdagi inson suyaklarini rus yozuvchilari Turgenev va Korolenko ham Shveysariyaning Lyuserna shahridagi muzeyda koʻrishga muvaffaq boʻlgan.

Tarixchilar oʻrtasidagi gap-soʻzlarga qaraganda, ispaniyaliklar Amerikani istilo qilish paytida mahalliy hindular – atsteklarning ibodatxonalaridan birida boʻyi 20 metr boʻlgan inson suyak qoldiqlari topilgan emish! Eʼtiborlisi, bu gigant insonlarning eng yirigi sanaladi.

Ilm-fan olamida mustaqil ravishda tadqiqot olib borayotgan olimlarning bir guruhi uzoq yillar davomida tarixning haqiqiy manzarasini yaratish ustida ishlashmoqda, yaʼni ularning fikricha, Yerda bundan 12-20 ming yil avval bahaybat zotlar istiqomat qilishgan. Oʻz navbatida, olimlarning xulosalariga koʻra, oʻsha vaqtlarda yashagan gigant odamlarning boʻyi 4 metrdan 12 metrgacha boʻlgan. Shuningdek, bahaybat odamlar jismoniy kuchdan tashqari, noyob aqliy qobiliyatga ham ega boʻlishgan. Savol tugʻiladi: bu yerda gap ayrimlar afsona deb biladigan, yana birovlar esa rostdan boʻlgan va tanazzulga yuz tutgan deb hisoblaydigan atlantlar tamadduni haqida ketmayaptimi oʻzi?

Olimlarning taʼkidlashicha, aynan gigant odamlar nafaqat Misrdagi, balki butun sayyoradagi piramidalarni barpo etishgan. Bundan tashqari, bahaybat insonlar shunday imoratlardan 600 tasini qurishga muvaffaq boʻlgani haqida aytiladi. Darvoqe, mazkur bunyodkorlik ishlari yuksak darajada amalga oshirilgan boʻlib, ular geometriyaning qatʼiy talablari asosida olib borilgan…

 

Muallif: Dmitriy VLADIMIROV

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/piramidalarni-gigant-odamlar-qurganmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x