Noshukur banda tush koʻribdi. Tushida bir kishi uni qoʻlidan ushlab yetaklagancha, notanish uyga olib kiribdi. Uyning shiftidan toʻxtovsiz chakki oʻtayotgan ekan.
“Ey birodar, nima, bu uyning egasi shu qadar qashshoqmi? Hatto chakki oʻtayotgan shiftni ham taʼmirlamabdi?” – noshukur kishi yoʻlboshchisidan asta soʻrabdi.
Hamrohi javob beribdi: “Yoʻq, bu Xudoning bandalariga nozil qilayotgan rizq-nasibasi. Uni osonroq tushunishing uchun senga mana shu tarzda koʻrsatilyapti. Ana, qara, bir joydan koʻproq, bir joydan kamroq suv tushyapti. Chelaklab tushayotgani oʻziga toʻqniki, tomchilab tushayotgani esa kambagʻalniki”.
“Bu yerda mening ham rizqim tushayotgan teshik bormi?” – soʻradi noshukur.
“Ha”, javob berdi yoʻlboshchi va tomchi bir tomib, bir toʻxtab tushayotgan joyni koʻrsatdi.
“Bu tomchini koʻpaytirishning iloji yoʻqmi?” kayfiyati tushib ketgan noshukur achchiqlanib soʻradi.
“Bor, buning uchun shukur kilish kerak”, dedi hamrohi bunga javoban.
“E-e-e, yoʻq, yaxshisi teshikni kattalashtirish kerak”, deb noshukur banda yerdan choʻp olib, teshikni kovlashga tushdi. Toʻsatdan choʻp rizq tomayotgan teshikka tiqilib, sindi va tomayotgan bir tomchi suv ham toʻxtab qoldi.
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi
“Ijod olami”, 2018/5
https://saviya.uz/ijod/nasr/noshukur/