Matnazar ogʻa rus adabiyoti, rus adabiy tilini mukammal bilar edi. Bir kuni “Xorazm haqiqati” gazetasiga borib qoldim. Xodimlardan biri kichikroq bir matnni oʻzbek tilidan ruschaga tarjima qilayotgan ekan.
– Menga qarang, qadoqlovchining ruschasi nichik boʻladi? – soʻradi u men eshikdan kirishim bilan.
Men ham bu soʻzning ruschasini bilmas ekanman. Muxbir nima qilarini bilmay, hayron boʻlib boshini qashladi.
– E, qisinmang! – dedim men Matnazar ogʻaning bilimdonligini bir koʻrsatib qoʻyish imkoni paydo boʻlganidan quvonib. – Hozir “xodyachiy ensiklopediya”dan soʻrab olamiz!
Matnazar ogʻaga telefon qildim.
– Matnazar ogʻa, qadoqlovchining ruschasi nichik boʻladi?
Ustoz nimadandir asabiylashib oʻtirgan ekanmi, javobi qisqa boʻldi:
– Boshimni qotirma!
Haligi doʻstimizning yonida noqulay ahvolda qoldim. Ishga qaytib kelganimdan keyin Matnazar ogʻadan oʻpkalandim:
– Dim uyatga qoʻydingiz lekin…
– Na gap?
Men boʻlgan voqeani aytib berdim.
– Eee, ot-obroʻ masalasi oʻrtada turganligini nega aytmading oʻshanda, – dedi qizishib. – Qadoqlovchining ruschasi farsovshʼik boʻladi, darrov telefon qilib ayt!
Keyin oʻzining gapi oʻziga nashʼa qilib miriqib kuldilar.
Shuhrat Matkarim
“Ijod olami”, 2018/5
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/ot-obro-masalasi/