Matnazar ogʻa baliq oviga ham juda ishqiboz edi. Ijoddan, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va tinmay goh u, goh bu doʻstlari holidan xabar olishdan sal boʻshagan paytlari baliq oviga ham borib turar edilar.
Oʻtgan asrning 80-yillari. Matnazar ogʻa bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyat boʻlimida ishlaymiz. U kishi adabiy maslahatchi. Kamina Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Badiiy adabiyotni targʻib qilish byurosining Xorazm viloyatidagi vakili. U kishi “Soyuz”ga ijod namunalarini olib kelgan qalamkashlarning asarlarini avra-astarini chiqarish bilan band. Biz esa xizmat vazifasi yuzasidan viloyatning u yogʻidan kirib bu yogʻidan chiqish bilan ovvoramiz.
Yozning ayni chilla kunlaridan birida Bogʻot tumaniga yoʻlim tushib qoldi. Bogʻot Qizilqum bilan chegaradosh tuman. Katta-kichik koʻllariyu tumanni kesib oʻtgan zahkash va kollektorlarning son-sanogʻi yoʻq. Ichki yoʻldan oʻtib ketayotsam, katta bir kollektorning suvi yonidagi koʻlga urib ketibdi. Kollektor suvi shovullab koʻlga oqib yotibdi. Shu yerda odam qozondagi barakday qaynaydi. Hammasi boyagi suv yiqqan joyda. Koʻldan oqimga qarshi intilgan baliqlarni tutish bilan ovvora. Besh-oʻn minut tomosha qilib turdim. Kim baliq toʻlgan chelak koʻtargan, kim liq toʻla xalta orqalagan… Hamma shoshgan, hamma hayajonda. Barchaning gʻami bitta. Koʻproq baliq tutib qolish… Kech boʻlib qolgan edi. Mashinani toʻgʻri Matnazar ogʻaning uyiga haydadim…
– Azonda ishga emas, baliqqa boramiz! – dedi Matnazar aka. – Erkin akaga (Oshiq Erkin boʻlim boshligʻi edilar) oʻzim aytaman. Sen ham tayyorgarligingni koʻrib ertalab biznikiga kel. Shu yerdan ketamiz.
Ertalab aytilgan muddatga yetib keldim. (Matnazar aka tartib-qoidani juda yaxshi koʻradigan, kechikkan, aytilgan gapidan topilmagan odamni jinidan battar koʻrar edilar.) Qaydasan Bogʻot, deb joʻnab ketdik. Ortiqcha gaplashmadik. Ikkovimizning ham soʻzamolligimiz qayoqqadir gʻoyib boʻlgan. Matnazar ogʻa bot-bot yap-yangi qarmoqlarini, turli tuman xoʻraklarini birbir qoʻlga olib koʻzdan kechiradi.
– Baliqning qaysi turi koʻproq ekan u yerda? – soʻraydi Matnazar ogʻa.
Men egnimni qisaman.
– Xoʻrakni shunga qarab tanlaymiz-da, – deydi Matnazar ogʻa. – Buni bilish juda muhim.
Kechagi joyga yaqinlashgan sari boʻyinni choʻzib-choʻzib qarayman. Odam afandi koʻrinmaydi. Atrof ham ilon yalaganday tap-taqir.
– Yanglishmadingmi? – deydi Matnazar ogʻa.
– Yoʻq, – deyman. – Mana shu yer edi.
Matnazar ogʻa mashinadan tushib, jiddiy qiyofada atrofni oʻrganadi.
– Toʻgʻri, – deydi Matnazar ogʻa. – Adashmabsan. Faqat zaxkashning suv yiqib ketgan yerini, mana, mahkamlashibdi.
Koʻl oʻz yoʻliga, zahkash oʻz yoʻliga oqib yotibdi.
– Endi ne ish etamiz? – dedim tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib. – Ketamizmi?
– Navchun ketar ekanmiz? Baliq tutamiz. Unday suv urib ketgan yerlardan tayyor baliqni tutish brakonyerlarning ishi. Biz esa haqiqiy baliqchilarmiz. Men senga shu kungacha bu toʻgʻrida aytgan barcha gaplarim bekor emasligi, oʻzimning zoʻr baliqchi ekanligimni isbotlayman…
Kollektorga qarmoq tashladik. Oramiz oʻn besh, yigirma metr. Yarim soat oʻtdi, bir soat, ikki soat. Baliq degan jonivor qarmoqqa “tiq” etib urmaydi. Kun ham qizib ketdi. Matnazar ogʻa haqiqiy baliqchi sifatida joyida “qilt” etmay oʻtiribdi. Men sabrim chidamay joyimni yuz marta oʻzgartirdim. Foydasi yoʻq. Biz goʻyo zaxkashga emas, basseynga qarmoq tashlab oʻtirgandaymiz. Nihoyat omadimni sinab koʻrish uchun koʻlning toʻriga qarab ketdim. Matnazar ogʻa oʻrnida qoldi. Koʻlni ham “choʻlpilab” boʻldim. Tavba, u yerda hech qachon baliq boʻlmagan va bundan keyin ham boʻladigan emasday edi. Quyoshda sargʻayib oʻtiraverish jonimga tegdi. Aybdorligim bois Matnazar ogʻaning koʻziga koʻrinishga ham tortinaman. Shu payt koʻl toʻridan toʻrlarini koʻtargan ikki yigit kelaberdi. Oyoqlarini sudrab olishlariga qaraganda ular ham bizlarga oʻxshagan kechikkan omadsizlardan ekanligi koʻrinib turar edi.
– Assalomu alaykum, yigitlar! – dedim. Qadimgi xorazmliklarning ovchilarni qutlovini eslab qoʻshib qoʻydim: – Ov qonli!
Mening bunday bilagʻonligim ularni zarra ham ruhlantirmadi. Aksincha xafsalalarini pir qildi.
– Maling! – dedi bittasi qoʻlidagi bir qarich kelar-kelmas baliqni menga otib. – Ov suzib bir baliq tutdik, desak uyat boʻladi. Qarmoqda bir baliq tutish ham harqalay ish…
Darrov baliqni qarmoqqa ildirdim-da Matnazar ogʻa koʻrib qolmasin deb, shosha-pisha koʻlga otdim. Ov koʻtargan yigitlar koʻzga koʻrinmay qolgach qarmoqni suvdan koʻtarib, baliqni salanglatganimcha jon holatda qichqirdim:
– Matnazar ogʻa-aaaa! Tutdi-iim!
Baliqni qarmoqdan olmay Matnazar ogʻaning yoniga zipillab bordim. Oʻylab topgan xiylamga oʻzim qoyil qolib, Matnazar ogʻadan maqtov kutaman. Tinmay iljayaman. Matnazar ogʻa esa baliqqa beparvogini bir nazar tashladi-da,
– Buni sen tutmagansan! – dedi.
– Navchun? – dedim taslim boʻlmay. – Oʻzim tutdim!
– Bekor gap! – dedi Matnazar ogʻa. – Baliqning bu turi qarmoqqa kelmaydi…
Shalvirabgina baliqni qarmoqdan olib otib yubordim…
Bu voqeani Matnazar ogʻaning qanday zoʻr baliqchi ekanligini isbotlash uchun koʻp davralarda aytib yurdim. Matnazar ogʻa esa bunday vaqtlarda miyigʻidagina kulib oʻtirar, oʻzidan hech narsa qoʻshmasdi. Oradan koʻp yillar oʻtib yangi bir davrada yana shu gurungni boshladim. Matnazar ogʻa bu safar birdan xoxolab kulib yubordilar. Yayrab, odatiga koʻra tizzasiga urib-urib kuldilar. Atrofdagilarga qarayman, oʻzimga qarayman. Matnazar ogʻani bunchalik zavqlantirgan narsani topolmayman.
– Shuhrat! Dim soddasan uka! – dedi nihoyat Matnazar ogʻa kulgidan toʻxtab, yosharib ketgan koʻzlarini artar ekan. – U baliqni qarmoqda tutilmaganligini bilish uchun zoʻr baliqchi emas, oddiygina farosat egasi boʻlishning oʻzi kifoya edi!
– Tushunmadim, – hayron boʻldim men.
– Sen qarmoqda tutdim, deb koʻrsatgan baligʻingning quyrugʻi quyoshda koʻp yotaverganidan qayrilib qotib qolgan edi. Suvdan hozirgina chiqarilgan baliq esa bir minutga yetar-yetmas bunday qotib qolmaydi. Shunga qarab men senga, “baliqni oʻzing tutmagansan”, degan edim. Sen esa shuncha yildan beri mening zoʻr baliqchiligim haqida choʻpchak aytib yuribsan…
Kulish navbati endi menga kelgan edi. Bu gapni qanday davralarda va kimlarga aytib berganim, ularning qanday qoyil qolganliklarini, Matnazar ogʻamni qanday soʻzlar bilan olqishlaganlarini eslab kula boshladim…
Toʻgʻrisi keyin ham goʻyo Matnazar ogʻamdan yuqoridagi tanbehini eshitmaganday bu gurungni aytishdan toʻxtamadim. Oʻrni kelsa hozir ham aytib yuraman. Chunki arzimagan bir detal deb axlat qutisiga tashlab yuborishga odamning koʻzi qiyamaydi bunday gurungni.
Shuhrat Matkarim
“Ijod olami”, 2018/5
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/baliq-ovida/