ELIOT Tomas Steriz (1885.26.9, Sent Luis, Missuri shtati — 1965.4.1, London) — inglizamerika shoiri va adabiy tanqidchisi. Garvard un-tini tugatgan (1910). Dastlabki sheʼriy toʻplami — «Prufrok va boshqa kuzatishlar» (1917). 1920-yilda «Sheʼrlar» majmuasi va «Muqaddas oʻrmon» adabiy-tanqidiy asari nashr etilgan.
Eliot 1927-yilda Angliyaga koʻchib kelgan, Britaniya fuqaroligini qabul qilib, ingliz katolitsizmiga eʼtiqodini «Yayenselot Endryus himoyasi» (1928) Publitsistik asarida yorqin bayon etgan. «Kulga qoʻmilgan muhit» (1930), «Turt kvartet» (1943) kabi asarlari Eliotning mazmun va shaklda yangi pogʻonalarga koʻtarilganidan dalolat beradi. Taqdiri azalning qudrati, erk tushunchasining tom maʼnodagi mohiyati uning «Ibodatxonadagi qotillik» (1935) sheʼriy dramasida aks etgan. Bundan tashqari, «Oilaning qaytadan birlashishi» (1939), «Kokteyl bilan tashkil qilingan oʻyinkulgi kechasi» (1950), «Shaxsiy kotib» (1954), «Yoshi ulugʻ davlat arbobi» (1956) kabi asarlarida ham ana shunday gʻoyalar yetakchilik qiladi.
Eliotning adabiy tanqid va tarix ilmi sohasidagi serqirra faoliyati uning uchun dasturiy koʻrinish olgan «Poeziya va tanqidni belgilash» (1933), «Madaniyat» tushunchasini belgilash yuzasidan qaydlar» (1948), «Shoirlar va sheʼriyat haqida» (1957) kabi ishlarida aks etgan.
E. Lafarg asoslagan fransuz simvolizmi, E. Paundning estetik dunyoqarashi taʼsiri oʻlaroq uning sheʼrlarida oʻlim va mangulik, hayot mohiyati mavzulari metafizik nuqtayi nazardan talqin qilingan. Siqiqlik, takrorlanmas obrazlilik, tasvirdagi aniqlik, tildagi joziba Eliot uslubining oʻziga xos belgilaridandir. Nobel mukofoti laureati (1948).
As: Besplodnaya zemlya, M., 1971.