ESHAKEMI, urtikariya — teriga, baʼzan shilliq qavatlarga toshmalar toshishi bilan kechadigan kasallik. Organizmning allergik reaksiyasi (q. Allergiya), ayrim ovqatlar (tuxum, shokolad, qulupnay, mandarin) va dorilar (antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar, xinin va boshqalar)ga nisbatan sezuvchanlikning ortishi, hasharotlar (ari, chayon) chaqishi, gul hidlash yoki biror oʻsimlik (qichitqi oʻt) tegib ketishi tufayli vujudga keladi. Bir necha soatdan keyin Eshakemi batamom yoʻqoladi, baʼzan qaytalanib turadi. Eshakemining botbot qoʻziydigan surunkali shakli oylab choʻziladi; bu, odatda, organizmda moddalar almashinuvi va meʼdaichak faoliyatining buzilishi, jigar, buyrak kasalliklari; gijja kasalligi va sekin kechadigan oʻchoqli infeksiyalar: murtak bezi, burunning yondosh boʻshliqlari va quloqning yalligʻlanishi (tonzillit, gaymorit, otit) bilan bogʻliq. Kishilarning issiq yoki sovuqqa nisbatan sezuvchanligining ortishi ham surunkali Eshakemiga sabab boʻladi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi: badanga shakli har xil, kattakichik, och qizgʻimtir qavariqlar toshib, qattiq qichishadi; teridan boʻrtib chiqib turadi; ular tezda kattalashib, bir-biriga tutashib ketadi; palaxsapalaxsa boʻlib chiqqan toshmaning oʻrtasi oqaradi; bemor lohaslanadi, t-rasi koʻtariladi. Baʼzan teridagi Eshakemi toshmalari juda yirik boʻlib (yirik Eshakemi yoki Kvinke shishi), bunda yumshoq tanglay, halqum va ichki aʼzolarning shilliq qavatlari ham shishishi mumkin. Eshakemining bu shakli ogʻirroq kechadi. Davo vrach koʻrsatmasiga binoan olib boriladi. Sutoʻsimlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar (tuz va qand mikdori kam) buyuriladi; allergik reaksiya beradigan tuxum, shokolad, limon, shuningdek, qazi, kolbasa, spirtli ichimliklar va achchiq ovqatlar isteʼmol qilmaslik; ichaklarning normal yurib turishini taʼminlash lozim. Eshakemining oldini olishda eng asosiysi odam oʻziga yoqadigan yoki yoqmaydigan ovqat hamda dorilarni ajrata bilishi va yoqmaydiganini isteʼmol qilmasligi zarur.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые