Bizning tanglayimiz hassos va otashnafas shoir Hamid Olimjonning mazkur satri bilan koʻtarilgan, desam yanglishmayman. Zero, koʻz oʻngingda jilolanib, bor boʻy-bastini namoyon qilayotgan bahor yanayam tarovatli. Dalalarga chiqqing, qiygʻos gul ochgan oʻrik, olcha, gilos, behi, allaqachon gulini toʻkib, koʻm-koʻk barg yozgan bodomlar ostida yosh boladay yayrab oʻynaging keladi.
Bayram arafasida yaqinlaringni yoʻqlash, xursand lahzalariga sherik boʻlish, diydorga talpinish – bu tabiiy hol. Ikki hafta davomida yomgʻir yogʻmay, kunlar birdaniga isib ketgani, garchi hali tuproqni chanqatib qoʻymasa-da, koʻngilda mudom bi-ir yomgʻir yogʻib bersaydi, degan istak tugʻilgan edi. Buni qarangki, koʻngildagi shu xohish bayram kunlari ijobat boʻlib tursa…
Yomgʻir havoni chang-gʻubordan tozalaydi. Suvsagan maysa-giyohning tomiriga jon ato etadi. Tuproqni koʻpchitib, hamalga, hosildorlikka yoʻl ochadi. Otam rahmatli har zamon “Sabil izgʻirin oʻtning boʻgʻzidan oldi”, deb qolardi. Keyin anglasam, bu shamolning yer yuzasini qotirib, maysaning oʻsishiga yoʻl bermay qoʻyishi ekan. Yomgʻir qatqaloqqa barham berib, oʻt-oʻlanning avjiga yordam berarkan. Odamlar shu bois oʻz vaqtida boʻladigan yogʻingarchilikni kutisharkan.
Toshkentda tong azonda sepalab, soʻng jalaga aylangan yomgʻir, ajabki, hali Jizzaxga yetib bormabdi. Koʻylakchan, maykachan bolakaylar koptok tepib, varrak uchirib yuribdi. Qizchalar chuchmoma, qoqigullar uzishgan, olisdan kelayotgan mehmonlarning koʻnglini olishga intiq.
Jizzaxdan Zarbdorga qarab ketaverishdagi tekis yoʻl boʻyi xandon pista daraxtlari bilan oʻralgan. Soz tuproqda oʻsgan pistalar boshqa joylardagidan tanasi va shoxlarining kattaligi, xuddi boshqa mevali daraxtlar kabi tarvaqaylab oʻsgani bilan odamni hayron qoldiradi. Ular olisdan qaraganda yozdagi gujum daraxtiga oʻxshab koʻrinadi, yaqin boraversangiz barra yaproqlarini yoyib yam-yashil tusga kirganini koʻrasiz. Pista olmaga oʻxshab avval barg yozib, keyin gullaydi. Yurtimizda oʻsadigan xandon pistalar dunyoning eng mazali, hatto Eronning magʻizi bir boʻgʻin keluvchi pistalaridan koʻra chandon qimmat baholanishini bilamiz.
Oʻnlab gektar maydonni egallagan pistazorni asrash zarur. Sababi mevazor atrofi ihotalanmagan. Mahalliy aholi, qolaversa, yoʻlovchilar daraxt mevalariga pishmay turib chang solishadi, behuda nobud qilishadi. Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasiga qarashli pistazorni, balki mahalliy fermerlarga shartnoma asosida boʻlib berish samara berar. Oqsoqollarning, jumladan, Boʻston qoʻrgʻonida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigator Oʻrish Majidovning ham qatʼiy fikri shunday. Axir, bu tansiq meva uvol boʻlmasligi, xalqning dasturxoni koʻrkiga, qolaversa, davlat manfaatiga ham xizmat qilishi kerak. Aytishlaricha, pista yetilib mevaga kirgunicha oz emas-koʻp emas, naqd yigirma yil kerak boʻlarkan.
Xovos, Yangiyer, Gulistonga eltuvchi katta yoʻlning oʻng tarafida poyezdlarni janubga eltuvchi temir yoʻl tushgan. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, “Afrosiyob” poyezdi xuddi shu joyda eng yuqori tezlikka chiqadi. Atrof biyday dala, yoʻlga yaqin aholi punkti yoxud boshqa obʼyektlar yoʻq. Undan ham narida koʻzingizni qamashtiruvchi shuʼlalar jilvalanadi. Toʻxtab, sinchkov nazar solsangiz, toʻlqinsimon yirik toʻsiqday gavdalanuvchi Turkiston tizma togʻlari, togʻ boshidagi oppoq qor quyosh yorugʻida jilolanib yotibdi. Naryogʻi Urgutu Baxmaldan kelib, bu yogʻi Zominu Oʻratepaga tutashib ketgan purviqor togʻlar. Koʻz ilgʻaydigan yaylovlarda qoramol, ushoq mollar koʻrinadi. Uloq va qoʻzichoqlar birpas yangi chiqqan maysadan chimdib, soʻngra dikonglab sakrashga, oʻynoqlab bir-birini joʻrttaga suzishga tushib ketishadi.
Qoʻlimda oʻn besh oylik nevaram. U bunday manzaraga birinchi bor duch kelishi. Sakrayotgan, maʼrayotgan, “moʻ”layotgan, akillayotgan jonivorlarni endi koʻrishi. Oʻzi istab-istamay bir narsalar deb chuldiraydi, soʻng zavqi toshib qichqira boshlaydi. Chin-da: uloqcha va qoʻzichoq uchun bu dunyo qanchalik yangi boʻlsa, qoʻlimdagi chaqaloq uchun bularning barchasi yangi hamda moʻjiza. Texnika taraqqiyoti chunon avjiga chiqqan ushbu kunda bola televizor yoki mobil telefonda bu hayvonlarni koʻrgan boʻlishi turgan gap. Ammo hayotdagisi bari bir moʻjiza.
Yengil shabada esib turibdi. Havo toza, osmon tiniq. Toshkentu Gulistondagi sharros quygan yomgʻirdan bu joyda darak ham yoʻq. Oftob charaqlaydi. Katta yoʻl boʻyida qator tizilgan namunali uylar. Bunday havoda uyda oʻtirib boʻlmaydi. Har uyning hovlisida bolalar shovqini. Yoʻlga yaqin joyda choponini bir chekkaga yechib qoʻyib kuymalanib yurgan odamga duch keldik. Yer tozalab yuribdi. Yonida ikki yigitcha, oʻgʻillari boʻlsa kerak.
Taxminimiz toʻgʻri chiqdi. Oʻzini Toʻymurod Jumanazarov deb tanitgan oʻrta yosh odam namunali uylar ortidagi boʻsh yerlarni uzumchilik xoʻjaligi qilib rasmiylashtiribdi. Bir yarim gektar joyni olib, shakarangul, maska, baxtiyori, rizamat, gigant, qora kishmish, oq kishmish, oq novvot, husayni, toyfi kabi uzum navlaridan 1600 tup oʻtqazibdi.
– Yigirma yildan buyon mayiz savdosi bilan shugʻullanaman, – deydi u. – Zarbdorda deyarli uzum ekishmaydi. Sababi oq yerda uzum boʻlmaydi deb hisoblashadi. Qoʻshnilar ham, hokimiyatdagilar ham ovora boʻlasan, mehnatingga kuyasan, deb ishonishmadi. Tavakkal qilib uy oldiga oʻttiz tup qalamcha oʻtqazgan edim, mana, toʻrt yil boʻldi, binoyidek hosil olyapman. Faqat qora kishmishni koʻtarib ekib boʻlmas ekan, hosili qotib qoldi, boshqalari yaxshi – koʻngildagidek uzum va mayiz olyapman.
Zarbdorliklar yer oq, shoʻr, ikki qarichdan soʻng gips chiqadi, deb daraxt ekishga choʻchishadi. Tajribamda koʻrdim, yer unaqa shoʻr emas, ikki ketmon ursang gips chiqishi bor gap, ammo daraxt koʻchatini iliq suvga goʻng qoʻshib sugʻorsangiz, boyagi gips eriydi. Natijada oʻq tomir uch-toʻrt metrlab pastga ketaveradi. Ilgari oʻz tomorqamda sinab koʻrganim uchun bu ishga astoydil kirishdim. Bankdan 42 million soʻm kredit oldim. Zarbdorliklar ham daraxtdan, tokdan moʻl hosil koʻtara olishini isbotlamoqchiman.
Yigitlarga kuch-gʻayrat tilab, yoʻlda davom etamiz. Qarindoshlarni yoʻqlab bir piyola choy ichdik-da, ulovda Jizzax dovoniga qarab oʻrladik. Ortimizdan bulutlar quvlaydi. Boyagi Zarbdor kengliklari qora tusga kirdi. Demak, yomgʻir yogʻayotir, baraka yogʻayotir.
Yoʻl boʻyi oʻynoqlagan buzoqlarga koʻzimiz tushadi. Ular onalaridan ayri boqiladi. Aks holda endi uvuzdan sutga oʻtgan sigir egalarini sutsiz qoldirishi tayin. Nevaram tagʻin qiyqirib shodlanadi.
Baland qirda suratlarga tushdik. Tepada, pastda, oʻtirib, turib, yonboshlab… Yaydoq yaylov, qoʻy-qoʻzilar, musaffo osmon, yam-yashil maysazor, qoqigullar, toʻrgʻay, koʻk kaptarning chugʻur-chugʻuri, elas-elas koʻzga tashlanayotgan oqbosh togʻlar, yangi fasl va… yayrab-quvnayotgan chaqaloq. Oʻshanda eʼtibor bermabman, fotosuratda alvon kamalak aks etibdi. Ana xolos: osmon va yerning, odam va tabiatning ajib uygʻunligi!.. Odam kayfiyati bilan osmon hodisasi mos kelishi mumkin ekan. Uygʻonish, murgʻaklik, maʼsumlik, tiniqlik jam boʻlgan gʻaroyib manzara.
Bugungi Oʻzbekiston bu! Hamid Olimjon kuylagan manzillar bu:
Koʻm-koʻk,
koʻm-koʻk,
koʻm-koʻk,
koʻklam quyoshidan koʻkargan
qirlar…
Sobir OʻNAR
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/koklam-quyoshidan-kokargan-qirlar/