Eng beoʻxshov duellar: “Marhamat qilib soliqlarni toʻlab qoʻying…”

1909 yilning 5 dekabrida Peterburgda Nikolay Gumilyov va Maksimilian Voloshin oʻrtasida duel uyushtirildi. Unda shoirlardan hech biri jabr koʻrmadi, shunga qaramay, ziddiyat hangoma sifatida tarixga kirdi.

Kunlarning birida qalin doʻstlar – Maksimilian Voloshin va Yelizaveta Dmitriyeva bir finjon choy ustida oʻtirib, jamoatning koʻnglini oʻyin-kulgi bilan biroz ovlash maqsadida oʻyga tolishadi. Soʻngra ular bir necha sheʼriy asarlar yozib, ispan ayoli Cherubina de Gabriak nomi ostida nashr etishadi. Oʻquvchilar esa sheʼrlardan qoyil qolib, nafaqat davomini talab qildi, balki goʻzal shoirani oʻz koʻzi bilan koʻrishni xohlab qoldi. Ammo sirli ispan ayoli omma oldida oʻzini namoyon etishga shoshilmadi, u faqatgina kitobxonlar sabrsizlik bilan kutayotgan asarlarini nashr ettirishni davom ettiraverdi.

Ayniqsa, shoir Nikolay Gumilyov betoqat edi – u notanish ayolga gʻoyibona oshiq boʻlgandi, uni uchratish yoʻlini izlar, tahririyatlar boʻylab qatnab yurardi… Oxir-oqibatda Voloshin va Dmitriyevaning Gumilyovga rahmi keldi va “karta”larni ochishdi. Gumilyovning xatti-harakati esa oldindan aytib boʻlmas darajada oʻzgarardi. U jazavaga tushib, Voloshinni duelga chaqirdi. Duel joyi sifatida aynan Pushkin va Dantes oʻq uzishgan Qora daryocha tanlanadi. Nikolay Gumilyov raqibining adabini berib qoʻyishga ishonchi komil edi, Voloshin esa choʻchir va yarashishni xohlardi. Yoʻlda Voloshin kovushini yoʻqotib qoʻyadi, oqibatda kechikib qoladi. Uning baxtiga, Gumilyov raqibi kechikkanidan shunchalik jahli chiqadiki, qahr-gʻazabdan qoʻllari qaltirardi, shuning uchun ham oʻq Voloshinga tegmasdan uchib oʻtadi. Voloshin esa javob oʻqini osmonga otadi.

Ehtimol, uchiga chiqqan duel qatnashchisi sifatida rus sheʼriyatining quyoshi Aleksandr Sergeevich Pushkinni atash mumkindir. U duel chizigʻiga 29 kishini chaqirgan! Pushkinning litseydagi oʻrtogʻi Kyuxelbeker shoirdan uni masxara qilgan epigrammasi (qisqacha hajviy sheʼr) uchun gʻoyat ranjib, doʻstini orani ochiq qilib olishga chaqiradi. Kyuxelbeker qoʻliga toʻpponcha olganida, Pushkin istehzo bilan kulib, oʻz sekundantiga murojaat qiladi: “Taqsir, joylarimizni almashishni xohlamaysizmi? Rostdanam, duel chizigʻida turish xavfsizroq!” Haqiqatan, bir daqiqadan soʻng Kyuxelbekerning oʻqi sekundantning qulogʻi yonidan vizillab oʻtib ketgan. Shu bilan duel tugagan. Darvoqe, aytib oʻtish joizki, Pushkin tomonidan yoʻllangan chaqiriqlarning koʻpchiligi baribir duelgacha yetib bormagan, sababi, uning doʻstlari mirshablar bilan kelib, kurashchan shoirni vaqtincha hibsga olishardi.

 

17 yillik boykot

1860-yillarda oqsuyak jangari, Sevastopolning qahramonona mudofaasi qatnashchisi, atoqli rus yozuvchisi Lev Tolstoy duellar oqibatida ancha tanilib qolgandi. Durdona asar – “Urush va tinchlik”ning boʻlajak muallifi feʼl-atvori oʻsha mahallar u qadar shirinsuxan emasdi, u tez-tez janjallar tashabbuskoriga aylanar, har kimsaga pand-nasihat qilib qoʻyishga urinardi. Shuningdek, bu urinishlardan oʻzining eski oʻrtogʻi Ivan Turgenev ham bebahra qolmagandi. Turgenev esa uzoq vaqt sabr qildi. Ammo bir kuni ikkisi shoir Fetning uyida mehmon boʻlishganida, Tolstoy achchiq ustida Turgenevni haqorat qiladi. Shundan soʻng Turgenev Tolstoyga duelga tayyorlanishni soʻraydi. Agarda oʻshanda yozuvchilar mojarosiga obroʻli doʻstlari aralashmaganida, kim biladi deysiz, ehtimol, biz klassik adiblarning biridan judo boʻlishimiz mumkin edi. Duelni bekor qilishdi, Tolstoy esa Turgenev bilan bir-biriga boykot eʼlon qilishdi, bu boykot 17 yilga choʻzildi.

Duellar tarixi Gumilyov va Voloshinnikiga qaraganda, xiyla tuturiqsiz voqealarni ham boshdan kechirgan. Masalan, bir vaqtlar Germaniya kansleri boʻlgan Otto fon Bismark Rudolf Virxov bilan tortishgandi. Bahsning natijasi esa duelni eʼlon qilish bilan xotima topdi. Virxov jang qilishni taklif etgan, faqat toʻpponchalarda, hattoki shpagadlarda (qilichsimon nayza) ham emas, aksincha… sosiskalarda, shartga koʻra, gʻoyat katta taomda sosiskalar tizilar, ikkisidan biri esa zaharlanishi kerak edi. Bismark oʻz vaqtida fikridan qaytib, duelni bekor qilgan, negaki, sosiskadan zaharlanib oʻlishni xiyla ahmoqlik deb hisoblagan.

 

Bugungi duellar

Bugungi zamonaviy duellarning “umri” chaqiriq bosqichida tugaydi. Bundan bir necha yil ilgari mashhur fransuz aktyori Jerar Depardye Fransiyaning oʻsha paytlardagi bosh vaziri Jan-Mark Eroni duelga chaqirgandi. Buning asosiy sababi, vazir soliq oshishini nazarda tutadigan qonun qabul qilinishining faol tashabbuskori edi. Aktyor shamshirlarda kurashishni taklif etgan. Amaldor esa aktyorga buning oʻrniga soliq toʻlab qoʻyishini taʼkidlagandi.

Yaqin tarixda yozuvchi Aleksandr Proxanov duelga Andrey Makarevichni chaqirgandi. Aslida Proxanov chaparasta duelni tashkillashtirishni taklif qilgan, yaʼni u Makarevich bilan va Plotnitskiy Poroshenko bilan. Makarevich oʻz javobida yozuvchiga avvalo ozishi, keyin esa otishishni maslahat bergan. Taʼkidlash joiz, duellarning juda ishqibozi va tarafdori bu – aktyor Nikita Jigurda. Donetskda u Aleksandr Turchinov va Arsen Yasenyukni kurashga chaqirgan. Haqiqatda, Jigurda bu uch oyga moʻljallangan yulduzli duel boʻladi, deb qayd etgandi. “Sizni ishontirib aytamanki, yaramaslar va pastkashlar duelga javob berishmaydi, ular duel oʻrniga bir-birini urishishga tayyorlarni gijgijlab, oʻzlarining pastkashliklarini qilishadi, – degandi Nikita Jigurda. – Pushkin va Lermontovni ham shunday tuzoqqa tushirishgandi. Ular taqdirlarini sinab koʻrishgandi, ularni esa oʻldirishdi. Shu boisdan ixtiloflarni tinchlik yoʻli bilan haq qilishni yoki qon toʻkmasdan duel uyushtirishni yoqlayman. Men duelni gʻayrishuuriy tarzda qabul qilaman, yaʼni ijodda”.

 

Valentina OBEREMKO

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi

 

http://qashqadaryogz.uz/oz/read/eng-be-khshov-duellar-mar-amat-ilib-soli-larni-t-lab-jing

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/eng-beoxshov-duellar-marhamat-qilib-soliqlarni-tolab-qoying/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x