OʻZBEKISTON MADANIYATI VA SANʼATI TARIXI DAVLAT MUZEYI, Akmal Ikromov nomidagi Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi davlat muzeyi — madaniy-maʼrifiy muassasa; Samarqand shahrida. 1982-yildan Samarqand badiiy muzeyqoʻriqxonasi tarkibidagi bosh muzey. 1896-yilda Samarqand statistika qoʻmitasi muzeyi sifatida ochilgan; 1911-yildan Samarqand shahri muzeyi, 1921-yildan Samarqand viloyati muzeyi, 1927-yildan oʻlka muzeyi, 1930-yildan Oʻzbekiston Markaziy davlat muzeyi, 1937-yildan Samarqand viloyat oʻlkashunoslik muzeyi. 1945-yildan Oʻzbek xalqi madaniyati respublika muzeyi, 1955-yildan Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi respublika muzeyi; 1968 yil A. Ikromov nomi berilgan; 1969-yildan hoz. nomda.
Muzeyda 5 ta ekspozitsion boʻlimlar (tarix, sanʼat va etnografiya, ilmiymaʼrifiy, koʻrgazmalar va fond), kutubxona, kinozal, fotolaboratoriya, ilmiy taʼmirlash ustaxonasi, arxiv bor. Muzey xazinasi va ekspozitsiyalari arxeologiya, numizmatika, etnografiya, amaliy bezak va tasviriy sanʼat asarlari, meʼmoriy qismlar, qimmatli hujjatlar, kitob va qoʻlyozmalarning boy toʻplamiga ega.
Muzey xazinasida 208 ming dan ziyod eksponat bor (2005), tomoshabinlar soni yiliga 50 mingdan oshadi.
Muzey ilmiy muassasa sifatida ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, 1976-yildan respublika va xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etadi; xorijiy muzeylar bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Xazinasidagi hamda respublikadagi boshqa muzeylar va chet mamlakatlar muzey va toʻplamlari materiallari asosida yiliga 20 dan ortiq koʻrgazmalar uyushtiradi. Muzey Xalqaro muzeylar qoʻmitasi aʼzosi.
Muzeyda turli davrlarda V. L. Vyatkin, M. Ye. Masson, L. M. Rempel va boshqalar olimlar ishlagan.
Muzey 1911-yildan muzey va kutubxona uchun qurilgan binoda, 1930-yildan Ulugʻbek va Sherdor madrasalarida, 1934-yildan savdogar A. Kalontarovning sobiq uyida joylashgan; 1978-yildan Registon maydonida muzey uchun maxsus qurilgan binoda (meʼmori M. S. Bulatov); umumiy mayd. 10 ming kv. m. ekspozitsiya va koʻrgazma zallari maydoni 5 ming kv. m.