Oʻzi bir tanga, toʻni qirq tanga

Kommunal xizmatlar narxi daromadimizga mutanosibmi?

 

Xalqimizda hayotiy bir ibora bor: qars ikki qoʻldan chiqadi. Ayniqsa soʻnggi vaqtlarda kommunal xizmatlarga toʻlovlar masalasida tez-tez shu ibora ishlatilmoqda. Foydalandingmi, toʻlab qoʻy!

Haqiqatda shunday, uyimizning doim charogʻon boʻlishi, joʻmragidan uzluksiz suv tushib turishi uchun ularning haqini oʻz vaqtida toʻlab qoʻyish kerak-da! Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, buni hisobga olmaslik – gʻirt adolatsizlik boʻladi.

Bugun odamlar toʻlov intizomiga ancha-muncha oʻrgandi. Kommunal toʻlovlar narxi qancha oshib bormasin, odamlar toʻlayapti. Toʻlamasa undirib olinmoqda. Biroq, shunga yarasha koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati odamlar talabiga, toʻgʻrirogʻi, bugungi kun talabiga javob beryaptimi? Oshib borayotgan narxlar aholi daromadlariga mutanosibmi? Tanganing ikkinchi tomoni – ana shu!

Mana, yaqinda hukumat qarori bilan 2030 yilgacha boʻlgan davrda respublikamizda elektr energiya tarmogʻidagi tarif siyosatining asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabarida maʼlum qilinishicha, hujjatda 2023 yilgacha tariflarni shakllantirish metodikasiga bosqichma-bosqich oʻtilishi hamda 2023 yildan boshlab elektr energiyasi uchun tariflar kamida 3 yil muddatga amal qilishi belgilangan. Qaror bilan oʻzaro maqbul tariflarni belgilash orqali isteʼmolchilar va elektr energetika tarmogʻi tashkilotlarining manfaatlari muvozanatga keltiriladi.

Bundan anglash mumkinki, 2023 yilgacha elektr energiyasi tariflari bosqichma-bosqich oshirilib, ekspertlarning fikricha jahon bozori narxiga yaqinlashtiriladi. Eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat – narx miqdori “asoslangan” tariflar bilan yaratilishidir. Asoslangan – yaʼni narx 1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga ketgan real sarf-xarajatdan kelib chiqiladi.

Bularning barchasi yaxshi. Ammo bizni boshqa savol oʻylantiradi: asosli tariflarga bosqichma-bosqich oʻtish jarayonida aholining elektr energiyasi uchun toʻlov qobiliyati ham “asoslanganmi”?

 

Ot bilan tuya boʻlarmidi

“Kommunal toʻlovlarni har oyda toʻlab borishga xarakat qilaman. Mabodo, bolalarga kiyim-kechak olishga toʻgʻri kelib yoki biri betob boʻlib bir-ikki oy toʻlov kechiksa, qarzni uzishga qiynalib qolaman. Baʼzan oʻz uyimda ijarada yashagandek his qilaman…”, deydi oʻz fikrini bildirgan poytaxtlik fuqarolardan biri.

Darhaqiqat, bugun bir oila uchun oylik kommunal toʻlovlar umumiy qiymati qancha boʻladi? Keling, kichik bir roʻzgʻor – er-xotin va uch nafar yosh farzandi bilan uch xonali uyda istiqomat qiluvchi oila xarajatlarini hisoblab koʻraylik:

Elektr energiyasi. Ushbu xonadonda (kam sarfli LED chiroqlari, muzlatgich, televizor va dazmoldan foydalanilganda) oʻrtacha elektr sarfi bir oyga – 150 kVt tashkil etdi. Bu kilovattiga 250 soʻmdan 35 500 soʻmni tashkil etadi. Agar bunga konditsioner yoki hovlilarda elektr bilan ishlovchi suv isitgich qoʻshilsa 250-350 kVtgacha (62 500–87 500 soʻm) etadi.

Ichimlik suv sarfi faslga qarab oyiga va 7-9 m3 ni tashkil etdi. Bu oʻrtacha (850 soʻmdan) oyiga 7 ming soʻm boʻladi.

Tajriba xonadonimizda issiq suv qishda oʻrtacha 9-10 m3 ni tashkil etdi. Soha mutaxassislari ham yashovchilar soniga nisbatan bu koʻrsatkichni tasdiqlashdi. Bu oyiga 10×4765,20 = 47 652 soʻm.

Makaziy isitish tizimi 1 metr kvadrat – 1610.99 soʻm. “Xrushevka” uyda bu 74 mingni tashkil etadi. Maʼlumki, isitish tizimi uchun toʻlov yil davomida amalga oshiriladi.

Tabiiy gaz yozda 35-40 m3, qish oylarida esa 130 m3 gacha foydalanilgan. Uning narxi (1 m3–350 soʻm) 14 mingdan 50 minggacha boʻladi. Hovlida yashovchilar qishda gaz uchun toʻlovda ancha qiynalishadi: oyiga 1000–1200 m3 gacha (350–420 ming soʻm) sarflaydi.

Maishiy chiqindi. Jon boshiga 4500 soʻm. Oilaning besh aʼzosiga jami 22 500 soʻm.

Koʻp qavatli uylarda uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish uchun uy-joy mulkdorlari shirkatlariga xonadon umumiy maydoniga nisbatan tarif boʻyicha toʻlanadi. Bizning misolimizda bu 82 000 soʻmni tashkil etadi.

Soliqlar. Mol-mulk soligʻi 2019 yil uchun 180 mingdan oshdi (bu oyiga – 15 ming soʻm).

Kommunal xizmatlarga kabel televideniyesini ham qoʻshmasdan ilojimiz yoʻq. Axir, odamlar gazeta oʻqimaganidan keyin hech boʻlmasa TV koʻrishi kerak-ku. Bugun kunda poytaxtda kabel TV xizmati 25 mingga koʻtarilgan.

Bularni qoʻshsak, 323 ming soʻmdan 385 ming soʻmgacha yetadi. Demak, bir oila uchun kommunal xarajatlar miqdori oyiga oʻrtacha 350 ming soʻmni tashkil qilmoqda.

 

Bu kammi yoki koʻp?

Statistikaga koʻra, Oʻzbekistonda aholi jon boshiga real daromadlari miqdori 1 mln. 719 ming soʻmni tashkil etgan. Albatta, bu raqam oʻrtacha nisbatda. Oylik daromadga nisbatan kommunal toʻlovlar hissasi qanchaga toʻgʻri keladi? Agar bu raqamni yuqoridagi maʼlumotga nisbatan oladigan boʻlsak, bu 20,3 foizni tashkil etadi. Amaldagi eng kam ish haqiga (202 730 soʻm) nisbatan olinsa, 172 foizga koʻp.

Ha, bu raqamlar tahlilga muhtoj emas. Kommunal toʻlovlarning umumiy miqdorini daromadimizga mutanosib deb boʻlmaydi. Axir, kommunal toʻlovlardan tashqari bu oila yashashi ham kerak emasmi?!

Toʻgʻri, alohida olinsa, elektr yoki issiq suv narxi qimmat emasdek goʻyo… Ammo toʻlovlarning barchasi yigʻilsa, anchagina pul boʻlishiga guvoh boʻldik. Bejiz emas, shifoxonaga tushibmi yoki boshqa obʼyektiv sabab bilan toʻlov bir oy kechiksa qarzdorlik 700 ming, uchinchi oyga oʻtsa milliondan oshmoqda. Eshigingizda MIB turibdi-da.

 

Narx qanday belgilanadi?

Kommunal xizmatlar narxi yiliga kamida ikki marta oshyapti. Baʼzan issiq suv va issiqlik taʼminoti tarifi uch marta ham oshgan paytlar boʻldi. Misol uchun, elektr narxi oʻtgan yiliyoq 16 noyabrdan 250 soʻm, joriy yil 1 iyunidan 280 soʻm qilib oldindan belgilangan. Bu qiymat qayerdan kelib chiqqan, qanday omil eʼtiborga olingan? Yoki iyunga kelib koʻmir narxi oshadimi?

Ha, bizda kommunal tulovlar uchun oʻrnatilgan narxlar qayerdan kelib chiqqani doimo nomaʼlum boʻlib kelgan.

Tarif oshishi borasida aholi bir oy oldin ogohlantiriladi. Aslida ogohlantirish xabarida narx oshish sabablari aniq va asosli tarzda koʻrsatilishi kerak emasmi?!

 

Qachongacha koʻmir yoki gaz yoqib elektr olamiz?

Yana bir gap. Kommunal toʻlovlar narxini belgilovchi asosiy omil bu elektr va gaz. Agar hayotiy resurslarimizni shu ikkalasi oʻrnini bosuvchi tabiiy manbalarga bogʻlamas ekanmiz, narx oʻsishini toʻxtatib boʻlmaydi.

Soʻnggi yillarda OAVlarida respublikamizning hali u viloyati, hali bu hududida quyosh elektr stansiyasi barpo etilishi, yiliga falon quvvatda elektr energiyasi ishlab chiqarilishi borasida bot-bot xabarlar eʼlon qilindi. Ammo, yillar oʻtsa hamki bu loyihalar suvga tushgan toshdek jim-jit boʻlib ketmoqda. Eʼtibor bersangiz, respublikamizda quyosh energiyasidan foydalanish borasida islohotlar negadir olgʻa siljimaydi… yoki amaldagi monopoliyadan voz kechishni istashmaydi…

Tabiiy va arzon elektr energiyasidan foydalanishni yoʻlga qoʻymas ekanmiz nafaqat narx mutanosibligi, balki rivojlanish ham boʻlmaydi.

 

Odamlar rozimi?

Bugungi iqtisodiy sharoitimiz va imkoniyatimizni hisobga olsak narx oʻsishi tabiiy. Biz ham koʻr-koʻrona tarzda narxni pasaytirish kerak, demoqchi emasmiz. Masalaga boshqacha yondashaylik. Aholi kommunal toʻlovlarni bola-chaqasi rizqini qiyib boʻlsa ham, kechikib boʻlsa ham toʻlayapti. Ammo kommunal tashkilotlar xizmatidan odamlar rozimi?

Komunnal xizmatlar sifati va muammolar borasida yuzlab, minglab misollar keltirish mumkin. Uzoqqa bormaylik, bu yil bahor seryogʻin va ancha salqin boʻldi. “Dom”lar zaxlab ketdi. Issiqlik tizimi esa doimgidek 26 martdanoq uzib qoʻyildi. Mana bir oydan oshdiki, aksariyat xonadonini elektr pechlar yordamida isitsa, koʻpchilik oshxona gaz plitasini yoqib qoʻygan. Bu isitish uchun qoʻshimcha xarajat emasmi? Yoki kimdir farzandlari shamollab, issiqlik taʼminoti uchun yil davomida toʻlaydigan pulidan ham koʻp chiqimga tushib oʻtiribdi-ku? Kuzda ham ahvol shu. Uyi yaxshi isimaydiganlar “Toshissiqquvati” bilan uy-joy mulkdorlari shirkati orasida sarson. Nima uchun “asosli narx” oʻrnatilishi adolat tarozisiga solinmaydi?

Isitish mavsumi boshlanishi va tugashini qayta koʻrib chiqish, issitish taʼminotida haroratni ob-havoga qarab balanslashtiruvchi tizimni joriy etish vaqti yetmadimikan? Markazlashgan isitish tizimidan “yakka koʻpqavatli uy” yoki “yakka xonadon” isitish taʼminoti tizimiga oʻtadigan payt ham yetib keldi.

Odamlarning mana shunday haqli eʼtirozlari eʼtiborga olinsa, koʻpchilikni aslida mavjud boʻlmagan katta qarzdorlik uchun sudga berish toʻgʻrisidagi “Toshissiqquvati”ning dagʻdagʻali xatlari toʻxtarmidi…

Yoki 40 °S dan past boʻlganda issiq suv uchun toʻlov sovuq suv tarifi boʻyicha amalga oshirilishi kerak, degan qoida amalda ishlagan boʻlar edi. Axir, joʻmrakni ochib, issiq suv isishi uchun qancha suv oqizishingizni oʻzingiz bir hisoblab koʻring!

Suvsoz tashkilotining koʻp qavatli uylar atrofidagi daraxtlar va gullarni sugʻorishga moʻljallangan suv tarnovlarini yoppasiga kestirib, yopib tashlaganini qanday izohlash mumkin?

Butun dunyoda maishiy chiqindilarni olib ketish narxi odam soniga emas, chiqariladigan chiqindi massasiga qarab belgilangan. Bizda-chi, propiska boʻyicha… “musor” chiqarasizmi yoʻqmi, barcha bir xil. Chiqindilar esa haftalab “dom” atrofiga noxush is taratib turaveradi.

Uy-joy shirkatlari xizmati (sifati haqida gapirish erta) bilan bogʻliq muammolari endi bu alohida mavzu. Soʻnggi bir yilda uy-joy mulkdorlari shirkatlariga toʻlov narxi qariyb ikki barobarga oshib ketishida shikatlarning bajarilmagan ishga pul yozishi, arzimas ishga osmon narx qoʻyishi ham sabab emasmikan?

 

* * *

Xulosa sifatida aytish joizki, kommunal soha rahbarlari faqat qarzdorlikni undirish bilan emas, aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash borasida ham oʻylab koʻrishsa yaxshi boʻlar edi. Mayli, narxlar bosqichma-bosqich oshib borsin. Ammo puliga yarasha sifat ham oshsin-da.

 

Baxtiyor HAMIDOV,

“Oila davrasida” muxbiri

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ozi-bir-tanga-toni-qirq-tanga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x