I
Dam olish kunlari u shaharda sandiroqlab yurardi. Havo ochiq boʻlsa kedasini olib, yomgʻir yogʻayotgan bulutli kunlarda rezina etikda, rangi oʻchib ketgan soyabonda tashqariga chiqar, tramvay yoki avtobusga tushib, boshi oqqan yoqqa qarab ketaverar edi.
Oʻzi chekmasa ham tamaki doʻkonidan bir quti sigareta sotib olgach, “yaqin atrofda koʻp qavatli uylar bormi?”, deb soʻrardi. Kutilgan javobini olgach, uyga qanday borilishini surishtirar, uni topgandan keyin yana soʻroqni davom ettirardi:
– Bu yerda Mitobe Misa ismli qiz yashamaydimi?
Ismini notoʻgʻri aytmadimmikin, degan xavotirda qizning qiyofasini ikki-uch soʻz bilan taʼriflar va yana qoʻshib qoʻyardi:
– Yoshi oʻn sakkizda. Qora mushuk koʻtarib yuradi.
Koʻp qavatli uyda qora mushuk koʻtarib yuradigan qizlar kam uchrasa kerak, koʻpchilik yigitning taralmagan qoʻngʻirsimon sochlari, kir bosgan tik yoqali koʻylagini koʻrishi bilanoq, “bunday qiz bu yerda yoʻq” deb qoʻyaqolishar edi. Baʼzilari ehtiyotkorlik ila:
– Oʻzingiz kimsiz? – deb qiziqsinib soʻrardi.
Yigit: – Ayda Koxey, – deb ularni aldamas, ammo Misaga kim boʻlishini aytishga har gal qiynalib qolardi. – Biz bir qishloqdanmiz… – gʻoʻldirardi u, soʻngra koʻchaga chiqib, yoʻlda davom etardi.
Koʻpincha, u nima qilayotganiyu, koʻchalarda, ustiga-ustak, yakshanbada nega daydib yurganini oʻzi ham bilmasdi.
Shaharda qosh qorayguncha sangʻir, bu vaqt ichida choʻntagida uch-toʻrt quti sigareta yigʻilib qolgan boʻlardi. Uyga kelganda ularni keksa eshik ogʻasiga berar, u esa patinko[1] oʻynab yutib olgan degan xayolda: “Sovgʻangiz uchun rahmat. Qoʻlingiz yengil kelibdi-da”, deya xushomad qilardi.
II
Shaharda daydib yurish joniga tekkandan keyin Ayda yakshanba kunlari Fukagava koʻchalaridan birida kichkina bogʻchada uzluksiz argʻimchoq uchishga odatlandi.
U bolalarga oʻxshab, hamisha taxta ustida tik turib uchmasdi. U oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, baland koʻtarilib uchishni xohlaganda ham shunday qilolmasdi, sababi oʻng qoʻlida bosh va koʻrsatkich barmoqlari yoʻq, arqonni siqib ushlay olmasdi.
Bolalar oyogʻini qoʻyadigan taxtacha ustiga oʻtiradi-da, oldinga-orqaga sekin borib kelaveradi. Argʻimchoqda oʻtirib, bu oʻyinchoq qishloq maktabida oʻqituvchilar xonasi roʻparasida osilib turadigan katta devor soati kafgirining tebranishiga oʻxshaydi, deb oʻylaydi. Baʼzan ochiqib, holdan toyay deganda qishloq yonidan oqadigan irmoqda qayiqda suzganini eslaydi. Argʻimchoq ham qayiqqa oʻxshab tebranadi.
Ochlikdan koʻngli ayniy boshlaganda bogʻ burchagidagi qari himolay kedri tagida joylashgan qahvaxonaga kirib, oden[2] olib yeydi. U chap qoʻlida ovqatlanadi, ikkinchisini choʻntagidan olmaydi, ammo qahvaxona xoʻjayini oʻng qoʻlida ikki barmogʻi yoʻqligini biladi. Bir kuni Ayda qahvaxonaga kirganda oden juda shirin koʻrinib, yana buyurtma berdi. Nihoyat, u “Mana shunisidan boshqa yemayman”, deb sixga qoʻl uzatganda xoʻjayin luqma tashladi:
– Ikki yuz qirq iyen.
Ayda beixtiyor qoʻlini choʻntagidan chiqarib, hamyonini izlashga tushdi.
– Bemalol yeyavering, pulingiz boʻlsa bas, – xoʻjayin kulimsiradi. – Qoʻlingizga achinaman. Nima boʻlgan oʻzi?
Sezgir boʻlsa, aytishga toʻgʻri keladi. – Toʻshak jildlari chiqaradigan fabrikada ishlar edim. Mashina kesib ketdi, – dedi yigitcha soddalik bilan.
– Toʻshak jildi deysizmi?
– Xuddi shunday. Soch, jun, neylon chiqindilari suyuq rezinkaga aralashtiriladi, yoʻgʻon-yoʻgʻon boʻlaklarga aylantirilib, mexanik arrada boʻlak-boʻlak qilib kesiladi.
– Arra kesib ketdimi?
– Parishonxotirligim tufayli.
Aslida bunday maʼlumotni Aydaga hushiga kelganida fabrika egasi va usta aytgan. Oʻzi esa hech narsani sezmagan. Haqiqatni hamon bilmaydi. Faqat arra oʻynab ketib, qoʻliga tekkan deyish mumkin.
– Mayli, hammasi ortda qolibdi-ku. Lekin eng kerakli barmoqlar ketipti-da, attang, – qahvaxona xoʻjayini kuyinganday boʻldi.
Yigitni bu tashvishga solmasdi, ammo kelajagini oʻylaganda gʻamga botib ketardi.
“Hatto qalamni ham ushlay olmaganingdan keyin qanday qilib non topib yeysan?”, – derdi u. Avval boshdanoq idoralar haqida oʻylamadi. Ogʻir mehnatga yaramaydigan qoʻl bilan stanok oldida turish amri mahol. Nozik yumushlarga ham abjir emas. Faqat iflos ishlarni bajarishi mumkin, ular ham ogʻirlik qilishiga yigitning aqli yetadi.
– Hozir ham shunday toʻshaklarni tayyorlaysizmi?
– Yoʻq, bosmaxonada ishlayman. Yuk mashinasida.
– Mashinani bemalol haydaysizmi?
– Haydash qayoqda. Yuk ortib-tushirishga yarayman, xolos.
Qahvaxona xoʻjayini tushundim degandek boshini tebratdi, keyin indamay oʻng qoʻlini koʻrsatdi. Jimjilogʻi yoʻq edi.
– Barmogʻimni arra kesmadi. Pulemyot oʻqi yulib ketdi, – tushuntirdi u.
Ertasiga qahvaxona xoʻjayini:
– Yaqin joyda turasizmi? – deb Aydani gapga soldi.
– Menmi? Kanda turaman.
– Kanda deysizmi? Shuncha uzoqdan kelasizmi?
– Avtobusda kelaman. Tokio metrosining janubidagi oʻn toʻqqizinchi chiqish yoʻlidan yuradi.
– Qarang-a! Shu yaqin atrofda turasiz, deb oʻylarkanman.
Xoʻjayin uni har yakshanbada ertalabdan to quyosh botguncha argʻimchoq uchib oʻtirganini koʻrardi.
– Bu yerda ayol tanishim yashaydi, – dedi u xoʻjayinga koʻzini qisib.
– Doim yolgʻiz yurasiz-ku?
– Tanishim uydamas-da…
Qahvaxona xoʻjayini yuzida hayrat ifodasi koʻrindi. Yoʻq boʻlsa, poylab oʻtirmasdan keyin kelish mumkin-ku, – deb xayolidan oʻtkazdi.
– Toxoku odamlari juda sabr-bardoshli boʻladi-da.
Ayda hayron qoldi, axir qahvaxona xoʻjayiniga qayerda tugʻilgani haqida gapirmagan edi.
– Gap-soʻzlaringizdan bilib oldim. Armiyada toxokulik yigitlar bilan xizmat qilganman. Hammasi halok boʻldi, shoʻrliklar.
Ayda indamasdan argʻimchoqlar oldiga qaytdi. Bu yerdan qarama-qarshi tomondagi koʻrimsiz tor koʻcha yaxshi koʻrinardi. Unga kiraverishda – imorat peshtaxtasi orqasida – oqlangan ikki qavatli uyning uchta derazasi yaqqol koʻzga tashlanadi. Oʻrtadagi deraza Misaniki edi. Xonasiga qimmatbaho karovat qoʻyilgan uyda Tama laqabli qora mushugi bilan yashardi.
Misa mushukni qishloqdan olib kelgandi. Karovatini esa barda ishlayotganda sotib olgandi. Yigit bu karovatga birinchi marta oʻtirgan daqiqani yaxshi eslaydi. Oyogʻi oʻz-oʻzidan koʻtarilib ketgan, bir oldinga, bir orqaga borib kelar, xuddi yotsa turib ketaveradigan qoʻgʻirchoqqa oʻxshab qolgandi.
Ayda juda hayratga tushdi. Toʻshak bilan toʻldirilgan karovat ham shunchalik yumshoq boʻladimi? Avvaliga lohaslik sezdi, keyin qovogʻi osildi. Endi esa bu falokat belgisi ekanligini yaxshi biladi.
III
– Agar derazada qizil sochiq ilingan boʻlsa – uxlayapman, bezovta qilmaslik kerak, – dedi qiz.
Yozning soʻnggi kunlaridan birida, soat oʻnda eshikni taqillatgan edi, Misa tanbeh berdi:
– Derazada oq sochiq koʻrsang, oldimga chiqish mumkin. Hech qanday sochiq koʻrinmasa, uyda yoʻq boʻlaman.
Oʻshanda Misa eshikni ochmasdan soʻragan edi:
– Ko-tyan[3], senmisan? – soʻng birozdan keyin: – Bogʻda kutib tur, – degandi.
Shundan keyin hatto kapalak qanotidek hilpirab turgan yengil kiyimda boʻlsa ham eshikni ochadigan boʻldi. Ammo baribir gap qoʻshib qoʻyardi: “Men hali uxlayapman. Kirasanmi?”, “Koʻchada boʻlaman”, rad etardi yigit va Misaning tor koʻchaga qaragan oynasi ochilguncha kutib oʻtirardi. Oʻsha kuni ertalab eshikni ochmagani yetmaganidek, qattiq tanbeh berdi. Qishloqdan birga kelganidan beri yaxshi yurishgandi, koʻz tegdimi, nima balo?!
“Barda biron narsa boʻlganga oʻxshaydi yoki ogʻrib qoldimikan?” – u tayinlagan joyga borar ekan, oʻyga toldi yigit. Saldan keyin boʻyalgan qoʻngʻir sochlari toʻzgʻigancha yugurib chiqib keldi-da, shartta:
– Endi shunday qilamiz… – dedi.
“Nimalar demoqchi oʻzi?” – koʻngildan oʻtkazdi yigit. Gap sochiqlar haqida ekan.
– Aks holda, toʻyib uxlamasdan yiqilib qolaman. Ikkimiz ham ikki xil dunyoda yashaymiz. Hatto dam olishimiz bir-biriga oʻxshamaydi. Meni tushunishing kerak.
Misa oson oʻzlashtirib olgan tokioliklar lahjasida tez-tez soʻzlab, koʻnglida koʻpdan beri tugun boʻlib kelayotgan gaplarini ochiqchasiga toʻkib tashladi. Yigit shu kungacha uning oldida boshini egib, taʼna-dashnom eshitishini xayoliga ham keltirmagandi. Misaning boʻyoq surilmagan qonsiz lablariga tikilganicha indamay turdi. Qiz gapini tugatganidan keyin:
– Tushundim. Sen nima desang shu, faqat biz har xil dunyoda yashaymiz dema.
Misa shishinqiragan zilday qovoqlarini osiltirib jim tingladi. Ayda vaziyatni yengillashtirish uchun oʻng qoʻlida omon qolgan barmoqlarini bukib, quvnoq ohangda gapni davom ettirdi:
– Demak, qizil – toʻxtashni, oq – yurishni koʻrsatar ekan-da, hech qanday belgi yonmasa, dumingni xoda qil, shundaymi?
Biroq Misa loaqal tishining oqini koʻrsatmadi. Teskari qarab, sovuqqina:
– Nima deb oʻylagan eding, bu yer senga qishloq koʻchasi emas, – dedi. Shu kuni yoshlarning gap-soʻzlari qovushmadi, koʻchada bir oz turgach, oddiygina xayrlashishdi. Keyingi yakshanbada Misaning derazasida hech qanday sochiq koʻrinmadi. Bu uyda yoʻqligini bildirar edi. “Balki sochiq osishni unutgandir? – oʻylardi yigit tor koʻchada turgancha. – Har qanday odamni bevaqt uygʻotsang achchiqlanadi-da. Jahl ustida gapirib qoʻydi.
Ayda uning eshigini taqillatib koʻrmaguncha tinchimasdi. U zinadan koʻtarilib borayotganda hojatxona eshigi gʻijirlab, paxtalik kamzul kiygan, tish choʻtkasini tishlagan Misaning qoʻshnisi Xayasida-san koʻrindi.
– Misa-tyan qayoqqadir ketib qoldi, – dedi.
Unga taʼzim qilib, juftakni rostlashdan boshqa iloj qolmadi. Demak, Misa shartlashilgan belgini unutmagan. Tor koʻchaga chiqqanda oʻgirilib qaradi – Misaning derazasida hech narsa yoʻq edi. Misa goʻyo “Qorangni oʻchir, men uyda yoʻqman” – deb kulayotgandek tuyuldi.
U koʻchani kesib oʻtib, boqqa qarab ketdi. Doʻkonchilar yoʻq edi. Argʻimchoqqa oʻtirdi. Unga tor koʻcha bilan Misaning xonasi koʻrinib turardi. Qayerga borishini bilmasdi. Uyida uni qattiq koʻrpa-toʻshak hamda boʻm-boʻsh xona kutmoqda; u yoqqa borgisi kelmadi. “Mayli, shu yerda oʻtirib, Misani kutaman”, – oʻyladi u.
Misa oqshom ham boʻy koʻrsatmadi. Keyingi ikki yakshanba shu zaylda oʻtdi. Xonada hech qanday sochiq koʻrinmas, gʻira-shira tushganda chiroq yoqilmasdi. Undan keyingi yakshanbada ham qaysarligini qoʻymay boqqa yoʻl oldi. Yoʻl-yoʻlakay qalban uning bugun ham kelmasligini sezar, biroq toʻxtab, ortga qaytishga kuchi yetmasdi. U uyida bor yoki yoʻqligini faqat derazaga qarab bilishi mumkin. Uyda boʻlsa-chi? Ehtimol, derazaga oq sochiq ilgandir?
Boyaqish ne-ne umidlar bilan bogʻda qorongʻi tushguncha oʻtirdi. Har yakshanba asosiy mashgʻuloti kutish boʻldi. Kun yarmida argʻimchoqda tebranib oʻtirishdan toliqar, lekin kayfiyatini tushirmasdi. Qahvaxona xoʻjayini uning sabr-toqatiga qoyil qolardi. Ammo gap boshqa yoqda. Ayda Tokioga kelganidan beri har yakshanbani Misa bilan oʻtkazar, boshqa koʻngilochar ermagi yoʻq edi.
U yolgʻizlik va bekorchilikdan zerikmas, aksincha, Misani kutayotganidan ilhom va quvvat olardi. Qiz baribir qaytmas, yigit esa vaqtini behuda sovurayotganidan tashvishlanay demasdi. Misaning derazalari botayotgan quyosh shafagʻidan qizara boshlaganda yigitning dimogʻiga xushxoʻr taomlarning hidi urilar, maʼyuslanib, koʻzlariga yosh quyulguncha sabr qilib, tufugini ichiga yutib oʻtiraverardi. U argʻimchoqdan qoʻzgʻalar ekan, “tezgina uch hissa ovqat yeb, yana qaytib kelaman”, – degan oʻyni dilidan oʻtkazdi.
Qahvaxona xoʻjayini: – Bugun ham juda intizor kutdingiz, – deb dardiga sherikday peshvoz chiqardi. Bunday gapni koʻtarishning oʻzi boʻlmaydi, Misa qayerga yoʻqoldi? Tirikchiligi qanday kechayotganiykin? Hatto yakshanbada uyiga kelay demaydi-ya.
IV
Bir kuni u: “Misa uyni butunlay tashlab ketmadimikan?”, deb oʻylab qoldi. Ohista yurib, zinapoyadan yuqori koʻtarildi. Misaning eshigi tagida xuddi qorovuldek qora mushuk oʻtirardi. Tama shu yerda ekan, Misa ham uyda boʻladi.
U xotirjam edi. Mushukning boshiga chertib qoʻygandi, Tama pinagini buzmay, koʻzlarini ham ochmay, arang “miyov” deb qoʻydi.
Aydaning qishloqda ham mushuklarni jini suymasdi. Tamaning mehrini qozonishga urinib koʻrdi, chunki u Misaning jonu dili edi-da. Ammo urinishlar zoye ketdi. Mushuk uni yoqtirmasdi.
Ular Tokioga kelishganda u zoʻrgʻa miyovlaydigan mushukcha edi. Misa uni savatchaga solib olib kelgandi. Yigit Misaning boshiga tushgan barcha musibatlarga mana shu Tama aybdor, deb hisoblardi. Misa bu kulfatlar uyasini oʻz qoʻli bilan Tokioga olib kelgan edi.
Misa qishloqdaligidayoq zavodga yollangandi. Uch oy oʻtgach doʻkonda ishlay boshladi. Toʻrt oy oʻtar-oʻtmay oshxona xizmatiga ishga kirdi. Undan soʻng sartaroshxona, qahvaxona, tamaddixona va yana qayerlardadir ishlab, mana hozir mayxonada xosutesu[4]lik qiladi. Uch yil ichida kam deganda oʻn marta xizmat joyini oʻzgartirdi.
Oʻzining barcha sarson-sargardonliklariga Tamani aybdor qiladi. U tufayli goʻyo omadsiz, ishdan-ishga koʻchib, sayohatchi qurbaqa boʻlib yuradi. Ehtimol yengil tabiatli qizdir, degan fikr uning yetti uxlab tushiga kirmaydi. Aslida Misa Tokioga kelishi bilan bir zumda oʻzgarib, u biladigan qishloq qiziga oʻxshamay qolgandi. Yigit buni sezmasdi. Hammasiga Misa emas, mushuk sababchi deb hisoblar, goʻyoki Tama bekasining pinjiga kirib, butun shahar boʻylab yetaklab yurarmish.
Toʻgʻri, oʻzining ishlari ham koʻngildagidek emas. Dastlab, susi sotadigan qahvaxonada ishladi. U yerda taʼna-dashnomga qoldi. Mijozlar oldida baland ovoz bilan “Marhamat, keling”, deb yetti bukilish qoʻlidan kelmadi. Ayda indamay taʼzim qilgandan keyin yana jilpanglab gap qotishni beʼmanilik, deb hisoblardi. Oʻzi uyatchanligi tufayli bu yerdan ketdi-ku.
Qahvaxonadan keyin yevropacha shirinliklar tayyorlaydigan korxonada, Xitoy restoranida ishlab koʻrdi. Hamma joyda uni xoʻrlashar, ammo hech kim hunar oʻrgatay demasdi. Nihoyat, savdo korxonalarida turtinishni yigʻishtirib, toʻshak tayyorlaydigan fabrikaga bordi. Bu yerda yarim yil oʻtar-oʻtmas, oʻng qoʻlidagi eng zarur ikki barmogʻidan ajraldi. Tamani Misaga yomonlik keltiruvchi yovuz ruh deb hisoblaydigan bu yigit oʻz vujudiga ham qandaydir vahshiy kuchlar kirib olgan va undan qutilib boʻlmasligiga qattiq ishonardi.
Hozir Tama toʻrt yoshga yaqinlashgan, yoʻgʻon, surbet mushukka aylangandi. Yigit yumshoq oʻrinda tizzasiga mushukni qoʻyib yotgan Misaga qarar ekan, xavotir ichida koʻzini olib qochar, ogʻir hayollarga choʻmar edi: “Nahotki, mana shu qiz bundan toʻrt yil avval Tokioga kelgan Misa boʻlsa?”
V
Noyabrning oʻrtasida, yakshanba kuni tushlikka yaqin, u bogʻdagi qahvaxona peshtaxtasi ustida susini[5] yeb boʻlib, xoʻjayin bilan hisob-kitob qilayotgan paytda kongasuri[6]dan tikilgan kalta kimono kiygan Xoyasida-san yonidan oʻtib qoldi. Koʻrinishiga qaraganda, Xoyasida-san hammomga borganga oʻxshaydi. Qoʻlida sochiq, sochlari hoʻl. Ayda taʼzim qildi. Xoyasida-san qadamini sekinlatib, hayron boʻlib qaradi.
Qahvaxonada ishlayotganda oʻrgangan odatiga koʻra Ayda yana bir marta taʼzim qilgach, argʻimchoqqa qarab yurdi.
– Kechirasiz, – xitob qildi Xoyasida-san uning orqasidan borib. Maʼlum boʻlishicha, Misa uch kun avval boshqa tumanga koʻchib ketgan ekan. Ayda ogʻzini ochishga urindi. Ammo bironta soʻz aytolmadi.
– Uni kutayapsiz deb oʻylagan edim, – dedi Xoyasida-san. – Mayli, salomat boʻling.
Xoyasida uyiga qarab yurmoqchi edi, Ayda uni toʻxtatdi.
– Qayerga koʻchib ketdi?
– Bilmadim. Indamadi-ku. Hech kim bilmaydi. Hatto keksa eshik ogʻasiyam.
Xoyasida-san ikki hafta oldin Misa “katta uyga ketadigan boʻldim”, – deb xursand gapirganini aytdi. Bunday uylar Tokioda kam deysizmi? – Sizga xabar bermaganmidi?
Ayda boshini chayqab:
– Yoʻq… – dedi qishloqcha ohangda.
U dovdirab qolgan edi.
– Hechqisi yoʻq, tez orada qayerda ekanini albatta xabar qiladi. Kutishdan boshqa ilojimiz qancha? Mayli, men boray. – Xoyasida-san bogʻ eshigidan tez chiqib ketdi. Ayda sekin orqasidan ergashdi. Shu daqiqalarda qahvaxona xoʻjayini bilan xayrlashish zarurligini oʻylamadi ham. Endi, chamasi, bu bogʻchaga qaytib kelmaydi. Birdan sovqotayotganini sezdi va jemperi yoqasini koʻtarib qoʻydi.
U avtobus bekatidan oʻtib, Monmae Nikamataga kelib qolganini bilmadi. Avtobusga oʻtirishni xohlamadi. Boʻm-boʻsh xonaga qaytish dahshatli edi. Piyoda ketdi.
Daryodan Enʼyobais koʻprigiga qarab esayotgan kuchli shamol uni hozir osmonga uchirib ketadigandek tuyuldi. Toʻxtadi va nomaʼlum tomonga uchib ketishdan qoʻrqib, temir panjaraga suyandi. Aslida u emas, Misa undan qochib, ipini uzgan varrakdek gʻoyib boʻlgan edi.
Nixonbasi tumanigacha yayov yurib keldi. Uyga qaytay desa, hali erta. Univermag oldidagi katta yoʻlkada odamlar dengizday chayqalib yotibdi. U ham ancha shu dengiz ichida suzda. Chiqish joyida “Yapon bonsayi[7] durdonalari” degan lavha osilib turardi.
Harflar orasidagi “bon” iyeroglifiga koʻzi tushganda boshi aylanib ketdi. U jemperi yengi bilan koʻz yoshini artib, yana lavhaga tikildi. Naqadar dilga yaqin harf. Uning yurtida Bon[8] boshqa joylardan bir oy keyin – oʻn uchinchi avgustda nishonlanadi. Qorongʻi tushganda hamma togʻ etagiga, qabristondagi ibodatxonaga kelar, qarindosh-urugʻlari qabri ustida qaragʻay ildizlaridan gulxan yoqishardi. Qorongʻi tushganda togʻning qabriston tomonida ikki yuztadan koʻproq mashʼala yonib turar, qabristonga olib boradigan tosh zinalar yonayotgan koʻl ustidagi koʻprikka oʻxshab qolardi.
Tokioga ketganidan beri u biron marta – Yangi yilda ham, Bon bayramida ham yurtiga borgani yoʻq. Toʻgʻri, uyidan qochib ketgan emas. Faqat qaytgisi kelmaydi. Otasi oʻlganidan keyin daydi savdogar onasiga ilakishib qoldi, shundan beri uyidan begonasiraydi. Maktabni bitirishi bilanoq, qishloqqa qaytib kelmaydigan boʻlib ketish hamda umuman qishlogʻini unutish taraddudiga tushdi. Ammo “bon” iyeroglifi qabriston otashkadalarida yonadigan gulxanlar tutuni dimogʻiga urganday edi. Lavhadagi “say” iyeroglifi qanday maʼno berishini tushuna olmadi. U koʻrgazmaga qoʻyilgan, Bon bayrami Yaponiyaning turli joylarida ishlatiladigan buyumlarni anglatmasa kerak, deb oʻyladi. Bunday koʻrgazmani bosib oʻtish mumkin emas.
Ammo eskalatordan chiqib, zalga kirganda oʻnlab choʻzinchoq idishlarda oʻstiriladigan jajji daraxtlarga koʻzi tushdi. Ular oq matoga oʻralgan pastak tokchalarga terib qoʻyilgandi. Hayratga tushib shox-butoqlari yaxshi oʻsgan mitti qaragʻayni tomosha qilayotganda kimdir yelkasiga turtdi.
– Ayda-kun?
Hayron boʻlib oʻgirilibdi qaradi. Toʻshak fabrikasining qorovuli – Suru-san ekan. “Gʻalati joydagi kutilmagan uchrashuv”. Suru-san ham, chamasi, hayratga tushgan edi.
– Seni bu yerda koʻraman deb oʻylamagan edim, – quvonib xitob qildi u.
– Bonsayga qiziqar ekansan-da?!
Ana shunda Ayda idishlar ichida oʻsadigan jajji daraxtlar bonsay deb atalishi haqida ilk bor eshitdi.
Ular koʻrgazmaga kelganlarga xalaqit bermaslik uchun bir chekkaga chiqib gaplasha boshladi. Suru-san qoʻling qalay deb soʻradi, u choʻntagidan qoʻlini bilintirmay chiqarib koʻrsatdi. Fabrikadaligi paytida Ayda boʻrsiqqa oʻxshagan Suru-sanni yoqtirib qolgan edi, Suru-san ham bir yoʻla barmogʻidan ajralgan bu yigitga xayrixoh edi.
Ayda koʻrgazmaga birinchi marta kirgani uchun Suru-san birgalikda tomosha qilishni taklif qildi, ular idishlar qoʻyilgan tokchalar oldiga borishdi. Bungacha Suru-san zalni bir necha marta aylanib chiqqan edi. Shuning uchun u koʻrgazmaning oʻziga xos tomonlari va tashkilotchilar duch kelgan qiyinchiliklarni batafsil gapirib berdi. Aydaning qulogʻiga zavq bilan shivirlar, u esa hayajon bilan:
– Qoyil, hammasini bilar ekansan, – der edi.
– Men bir necha yildan beri bu sanʼat bilan shugʻullanaman-da. Toʻgʻri, asarlarim koʻrgazmaga qoʻyiladigan darajada emas, lekin ajoyib ijod namunalarim bor. Ishonmasang, borib koʻramiz, – dedi Suru-san.
Ayda daraxtlar oʻz tabiiy holatida saqlangani maʼqul, – degan fikrda edi. Ularning tana hamda butoqlarini u yoqdan-bu yoqqa egib, tanasida besoʻnaqay butoqlar chiqarmaslik kerak. Butoqlari tarvaqaylab ketgan yapon archasi va ularning yonida oʻsgan uchta xinoki[9] unga yoqdi. Idish ichida kichkina oʻrmonzor manzarasini oʻzida mujassam etgan qalin daraxtlar toʻdasini ham zavqlanib tomosha qildi. Bir idishda oʻstirilgan arrasimon bargli elma daraxtlarida ham jonli tabiatning nafasi ufurib turardi. Bular jajji tabiatning haqiqiy bir boʻlagi edi.
Koʻrgazmani aylanib chiqishgandan keyin Suru-san Aydadan nima koʻproq yoqqanini soʻradi. Yigit darhol:
– Tabiat manzaralari, – deb javob berdi.
– Buni qara-ya! Oʻylaganimday, – xursand boʻldi Suru-san. – Men ham manzarali bonsaylarni yoqtiraman. Ularni oʻstirishga ishtiyoqim baland. Chin soʻzim, vaqting boʻlganda uyimga kel. Manzara uslubida xilma-xil bonsaylarim koʻp.
Suru-san yon daftaridan bir varaq olib, metro bekatidan uyigacha qanday borishni chizib koʻrsatdi.
– Keyingi yakshanbada bora olasanmi? – soʻradi u.
Bunday taklifni kutmagan Ayda dovdirab qoldi, keyin Fukagavadagi bogʻchaga borib, kutib oʻtirishdan endi xalos boʻlganligi, mutlaqo erkinligi esiga tushdi. Suru-san bilan birga bonsayni koʻrayotgan chogʻida Misa uni tashlab, nomaʼlum tomonga ketib qolganini eslamadi ham.
VI
U haftani gʻirt bekorchilikda oʻtkazdi. Misa Fukagavada turganda kunning oʻtishi nihoyatda qiyin boʻlardi. Hozir esa hafta qanday tamom boʻlganini sezmadi ham, koʻz ochib yumguncha yakshanba keldi. Odatga koʻra, koʻchaga chiqdi, ammo qayoqqa yurishni bilmay oʻylanib turdi. Nihoyat, Suru-sannikiga yoʻl oldi.
Suru-san chizib bergan yozuvga qarab, Arakava toʻgʻoni yaqinidagi iflos koʻchalardan birida joylashgan uyni juda tez topdi. Uy tor koʻcha ichkarisida boʻlib, kutganidan koʻra kichkina ekan. Hovliga kirgach, koʻzlari hayratdan charaqlab ketdi – tokchalar jajji daraxtlar oʻsgan idishlarga toʻla edi. Suru-sanning bunchalik boy xazinasi borligini xayoliga ham keltirmagandi.
Suru-san qadrdoni yaxshilab koʻrsin, deb manzarador bonsaylarini tokchaga alohida terib qoʻygan edi. Eng avval unga shularni koʻrsatdi. Bir manzara Aydaga qattiq taʼsir qildi. Chuqur talinkani eslatadigan choʻzinchoq idish ichiga tuproq solib, bir tomoni baland, bir tomoni past chinakam tepalik yasalgandi.
Tepalikni maysa-oʻtlar va shox bosgan, ana shu koʻm-koʻk maysalar oʻrtasida qadrdon qishlogʻining janub tomonidagi emanzor oʻrmonni eslatadigan yigirmaga yaqin pakana, mitti daraxtchalar gurkirab oʻsib turardi. Ayda bu manzarani koʻrib, hayratdan qotib qoldi.
– Xoʻsh, qalay? Birontasi yoqdimi? – soʻradi Suru-san.
Ayda indamasdan bir barmogʻi bilan shisha ichidagi vatanining bir parchasini koʻrsatdi.
– Ha-a, emanlarmi? – dedi Suru-san. – Yomon emas. Lekin archalar yaxshiroq, shunday emasmi?
Ammo Ayda eman oʻsgan oʻrmonzordan boshqa hech narsaga qaramay qoʻydi. Undan nari ketolmadi, ular qishlogʻidagi emanzorga nihoyatda oʻxshab ketardi. Koʻziga yosh quyilib keldi. Xayolida hozir vatanida kezmoqda edi.
Suru-san uni yelkasidan turtib qoʻydi. Ayda shu zahotiyoq Tokio koʻchalariga qaytdi. Suru-san uning yuziga tikildi, Ayda orqaga oʻgirilib koʻzlarini artdi, xijolat boʻlib, sochlarini siladi.
– Qishlogʻimizdagi daraxtzorga juda oʻxshaydi. Bizda ham xuddi shunday oʻrmon bor. U yerda oʻynab yurardik.
– Yoqib qolgan boʻlsa, mayli ola qol. Butunlay emas, albatta, maʼlum muddatga. Umuman, butunlay olsang ham roziman, faqat parvarish qilish qiyin. Meʼdangga tegib, keyin oʻzing qaytarib berasan. Kuniga ikki mahal suv quyasan. Buni uddalashingga ishonaman.
Ayda boshini tebratdi. Kutilmaganda qimmatbaho sovgʻa qoʻliga tegdi. Uyiga taksida qaytdi, Misa yonida boʻlmasa, taksiga kam tushar edi.
Shu kechasi gultuvakni toʻshagining bosh tomoniga qoʻyib, jajji manzaralarni uzoq tomosha qilib yotdi. Uxlab qolganini ham sezmadi. Shu kundan boshlab ishdan qaytgandan keyin gultuvak yoniga choʻzilib, jajji daraxtlardan koʻz uzmaydigan boʻldi.
Bonsay uning uchun qadrdon yurtini eslatadigan musaffo buloqqa aylandi. Unga qarar ekan, yuragining eng aziz xotiralari qaynab chiqayotganday tuyulardi. Kichkina oʻrmonchaga tikilib oʻtirish sevimli mashgʻulotiga aylandi. Tepalik bagʻrida oʻsgan butalar, oʻt-oʻlanlarga qarar ekan, u hali kichkina goʻdaklik chogʻlarida maysalar orasida rohatlanib yotgan damlarni koʻz oldida jonlantirardi. Boshini kaftlari ustiga qoʻyar, koʻzlarini yumib olar, nazarida, oʻzi ham kichrayib, gugurt choʻpiday boʻlib qolar edi. Eman koʻchatlari oʻsib, ulkan daraxtlarga aylanar, ildizlari uni chirmab oʻrab olayotganday tuyulardi. Ularning ichida shamollar shivirlar, daryo shovullar, qushlar sayrardi. Olisdan bugʻdoy yanchayotgan mashinaning gurillashi, ibodatxona qoʻngʻirogʻining yoqimli jaranglashi eshitilar edi… u koʻzlarini ohista ochib, yuqoriga tikilardi. Koʻm-koʻk tiniq osmonda eman butoqlari bir-biriga chirmashib turar, uzilib tushayotgan yaproqlari koʻzga tashlanardi. U oʻrnidan turar, soʻqmoqdan yurib, oʻrmon ichiga kirib ketar edi…
Bir kuni koʻzlarini yumib, ana shunday xayol surib yotganida ayol kishining ovozi keldi.
– Ko-tyan!
U boshini koʻtardi. Daraxt orqasidan Misaning yoshlik jozibasiga toʻlgan qirmizi yuzi koʻrindi.
– E, senmisan? Qayerga gʻoyib boʻlgan eding? – hayrat ichida soʻrardi u. Sakrab turmoqchi boʻlganda uygʻonib ketdi.
“Misani izlab topish kerak”, – oʻyladi shunda. Xoyasida-san kutish kerak, oʻzi bir enlik qogʻoz yuborib, qayerdaligini maʼlum qiladi, degan edi. Maʼlum boʻldiki, Xoyasida-san unga tasalli berish uchun shunday gapirgan ekan.
Yakshanba kunlari Misa biron yoqqa boradigan boʻlsa, uni ogohlantirib oʻtirmas edi, hozir esa anchadan beri daragi yoʻq, oʻzi izlab topishi kerak.
U Tokioda qancha koʻpxonadonli uylar borligini bilmasdi. Bir kunda ikki-uch uydan surishtiradigan boʻlsa, hammasiga kirib-chiqish uchun necha yil kerak boʻladi?
Har yakshanba, Bonsayni ham unutib, yana shaharda tentirab yuradigan boʻldi. Ammo hamma urinishlari foydasiz edi.
VII
Dekabrning oxirgi yakshanbasida, Yangi yil arafasida kechqurun yuraverib charchab holdan toyib qaytib keldi-da, shundoq yonginasidagi hammomga bordi. Qoʻlidagi eski yaralar ogʻrir edi, chamasi, sovuqqa oldirgan boʻlsa kerak. Hammomda yaxshilab yuvindi va toza, yengil boʻlib uyiga qaytdi. Faker eshik orqasidan uy boshqaruvchi ayolning ovozi eshitildi:
– Uxlaganingiz yoʻqmi, Ayda-san?
– Yoʻq, uygʻoqman, – javob berdi u va yecha boshlagan jun koʻylagini qaytadan kiyib, eshikni ochdi. Boshqaruvchining yonida oʻrta yoshlardagi qiltiriq, koʻzlari titrab turadigan, keng yopinchiq kiygan notanish odam bor edi. Uy bekasi uni tergovchi deb tanishtirdi. Ayda beixtiyor orqaga tisarildi. Oʻzicha: “Uyma-uy yurib, Misani surishtirayotganim uchun tanbeh berishga keldimikan?” – deb oʻyladi.
– Ayda Koxey Siz boʻlasiz, shundaymi? – tergovchi muloyimlik bilan savol berib, ostonadan oʻtdi. – Siz Mitobe Misa degan ayolni taniysiz, shundaymi?
“Tergovchi Misani qayerdan biladi?” – oʻyladi Ayda va taniyman deb javob berdi. U kimingiz boʻladi, degan savolga javob berishi qiyin boʻlmadi, chunki shaharda daydib, surishtirib yurganida hammani shu savol qiziqtirardi.
Tergovchining: – Yaqin oʻrtada Misa bilan uchrashdingizmi? – degan savoliga u sentyabrdan beri koʻrganim yoʻq, deb javob qaytardi.
Tergovchi boshini tebratdi, Ayda savol-javob tugadi deb oʻyladi, ammo tergovchi muloyim jilmaydi va kecha qayerlarda boʻlgani, qanday ishlar bilan mashgʻul boʻlganini soʻradi.
– Kechqurunmi? Mana shu yerda. U poldagi tatami[10]ni ohista bosib koʻrsatdi.
– Faqat shu yerda boʻldingizmi? – tergovchining chehrasiga tabassum yoyildi, ammo koʻzlari jiddiy edi. – Nima ish qildingiz?
– Nima ish deysizmi? Manzaralarni koʻrib oʻtirdim.
– Qanday qilib?
– Bonsay ichida.
–Hm! – hayratlandi tergovchi va xonaga tez koʻz yugurtirdi.
– Qani ular?
– Mana shu yerda. – Ayda oynavand eshikni ochib, darchani surdi va nam balkonchada shundoq oyoq ostida turgan bonsayni koʻrsatdi. Tergovchi bukildi, qoʻllarini tizzasiga qoʻyib, gul tuvak ustiga engashdi.
– Shularni manzara deyapsizmi?
– Ha.
– Bular qanaqa daraxtlar?
– Emanlar.
– Emanlar? Ularning ildizi borligi hayolga ham kelmaydi. Butoqlari sanchib qoʻyilgandek.
Ayda qaltirab ketdi. Ahvol gʻalati tus olmoqda edi. Hech narsa demasdan ostonaga oʻtirdi-da, bitta emanni sugʻurib oldi.
– Mitobe Misa ismli qiz oʻldi.
Qoʻrqib ketgan Ayda qoʻlini emandan tortib oldi.
– Gazdan zaharlangan. Meguro tumanidagi eski uyda, – dedi tergovchi.
Ayda turmoqchi edi, ammo qandaydir dahshat bosib, joyida oʻtirib qoldi.
–Oʻzini oʻldirganmikan?.. qoʻllarini tizzasiga qattiq tirab, nam bosgan balkonning besunaqay beton devoridan koʻzini uzmasdan soʻradi u. – Xat qoldirmagan. Oʻzini oʻldirganga oʻxshamaydi. Gaz kolonkasidagi rezina trubkasi qiyshayib qolgan, oyogʻi bilan surib yuborganga oʻxshaydi. Qattiq mast boʻlgan. Kecha yangi yil bayrami edi-ku!
Tergovchi hamon egilib, tizzasiga tayanib turardi.
– Misa-tyan yolgʻiz ekanmi?
– Yolgʻiz. Mushugi bor edi, deyishadi. Bu mushukni koʻrmadik. Eshik yopilmagan ekan.
Ayda oʻgirilib qaradi. Tergovchi oʻrnidan turdi.
– Yangi yilda qishlogʻingga borsang, Misa-tyanning qarindoshlariga xabar ber, – dedi tergovchi eshikka qarab yurar ekan. – Bezovta qilganimiz uchun uzr.
Shu kuni kechasi Ayda Koxey gʻoyib boʻldi. Ertalab ish yurituvchi kampir u koʻrinavermaganidan keyin biron narsa boʻldimikan, deb xabar olgani keldi. Toʻshak yigʻishtirilgan, ammo hech kim yoʻq edi. Chiroq yonib turar, oynavand eshik va darcha ochiq qolgan edi. Xonadagi hamma narsa kechqurun kampir ijarachiga xayrli tun tilash uchun kelganda qanday boʻlsa, shunday turar edi. Faqat Koxey jajji oʻrmonzor oʻrnashgan gul tuvak oldida – ostokada koʻrinmasdi.
Kampir xonadan jemper va paypoq topdi. Oyoq kiyimlari turadigan qutida geta yotardi. Demak, Koxey qayoqqadir oyoqyalang, bitta koʻylak va jinsida ketganmikan? Ish joyiga qoʻngʻiroq qildi. Koxey ishga kelmadi, deb aytishdi. Kampir stol gʻaladonini koʻzdan kechirdi – xat yoʻq edi.
U uyiga ertasi kuni ham, keyingi kuni ham kelmadi. Yangi yil taʼtillari boshlandi. Kampir yurtiga ketdimikan degan oʻy bilan, qishloqqa telegramma joʻnatdi. Besh kundan keyin: “Koxey kelgani yoʻq” degan javob qaytdi. Oradan oʻn kun, yigirma kun oʻtdi – Koxey koʻrinmadi.
Bonsay avvalgidek balkonda turar edi. Hech kim uni sugʻormas, tuproq qurib, maysalarni chang bosgan, ular sargʻayib ketgan edi. Oʻrmon nobud boʻlgandi. Chang-toʻzon esgan paytlarda bir daraxtning pastki butogʻiga qoʻngan jajji kapalak ohista chayqalardi.
Hech kim u kapalak emasligini tasavvur ham qilolmasdi.
U yerda jonsiz Koxey osilib turardi.
Tetsuo MIURA
Rus tilidan
Ortiqboy ABDULLAYEV
tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2018/1
[1] Patinko – oʻyinchoq avtomat.
[2] Oden – batat, soya suzmasini dumaloqlab, sixga qadab suvda pishirilgan ovqat nomi.
[3] Ko-tyan – Koxeyning kichraytirilgan shakli.
[4] Xosutesu –mayxonada mijozlarga xizmat koʻrsatuvchi choʻri qiz (inglizcha hostess – beka).
[5] Susi – pishirilgan guruchga baliq, tuxum va sabzavotlar qoʻshib, sirkalab tayyorlanadigan boʻgʻirsoq.
[6] Kongasuri – paxtadan toʻqilgan, oq noʻxat gulli qoramtir-koʻkish gazlama.
[7] Bonsay – shisha idish yoki patnis ustida oʻstiriladigan pakana daraxt, jajji bogʻcha.
[8] Bon – marhumlarni xotirlash bayrami.
[9] Xinoki – sarv daraxti.
[10] Tatami – deyarli barcha yapon uylarida polga solinadigan anʼanaviy bordon toʻshama.