Fransisko Luis BERNARDES[1]
MEVA
Yuragimni qoldirdim
koʻmib. Tovush daraxting
soya bergan yerlarda.
Va tovushing daraxti
gullar ochdi muhabbat
yoʻgʻrilgan soʻzlardan.
Tovushing daraxtida
aks etardi oqligi
yuragimning pokligin.
Tovushing daraxtidan
taralar edi ifor –
tuygʻularimdan izhor.
Tovushing daraxtida
etildi qizil meva –
bu muhabbat mevasi.
Va tovush daraxtingdan
uzilib tushdi meva
qoq yuragim ustiga.
Bamisoli yuragim
edi tovush daraxting
etiltirgan mevasi.
Bodom daraxtiga tashbehlar
I
(Alla)
Yangi tugʻilgan yerni
Koʻklam – mehribon ona.
Bodom gullari bilan
Yoʻrgaklar gʻoyibona.
II
(Tashakkur)
Dalalarga buyuk tabiat
Bergani-chun sogʻligʻin qayta.
Har bir bodom daraxti bilan
Oppoq gulli tashakkur aytar.
III
(Upadon)
Kelganida doktor janob Gul
Garchi gʻamgin boʻlsa-da oʻtloq,
Darhol ochar tabassum bilan
Upadonin bahoriy oppoq.
IV
(Maktublar)
Koʻklamdagi bodomlar:
Qayligʻimning maktubi,
Bahorda koʻrdim uni.
Koʻklamdagi bodomlar:
Maktublardan parchalar,
Kutgan edim qanchalar.
V
(Taʼtil)
Qishki mashgʻulotlardan
Chiqdilar tolib dillar.
Gullayotgan bodomdan
Qoʻllarida oq daftar.
VI
(Bahoriy taqdimot)
Butun borliq rangi par
Bejo boqar hammaga.
Chunki libosin ilk bor
Taqdim etar ommaga.
VII
(Lid[2])
Gulgun bodom nozik hilolga
Aylantirdi lidni nogahon.
Yangrab ketdi Rembo[3] soʻzi-yu,
Debyussining[4] kuyi shu zamon.
VIII
(Ilmi bahor)
Xoʻp tajriba boʻldi bodomga
Oqartirdi soqolini qor.
Endi esa kurtak yozmoqda
Nazokat-la ilmi bahor.
IX
(Nonushta)
Yarim mudroq dalalar
Erinib koʻzin ochar.
Kiyinib, soʻng bodomgul
Piyoladan choy ichar.
X
(Ibtido)
Yigitcha – bodomvoyga
Koʻklam koʻz qirin tashlar.
Qogʻozdan qushcha yasab
Oʻzi suhbatni boshlar.
Ispan tilidan
Hilola Roʻziyeva
tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2018/1
[1]* Manba: Migel de Servantes Virtual kutubxonasi. 2006 y. Sheʼriy antologiya; www. poemas-del-alma.com
[2] Lid – Vokal musiqa janri.
[3] Artyur Rembo, fransuz shoiri (1854–1891).
[4] Klod Debyussi, fransiyalik bastakor, musiqiy impressionalizmining yorqin namoyandasi (1862–1918).