Elias Kanetti,
Nobel mukofoti laureati,
Nemis adibi
Odatda, oʻz gʻoyalarini sheʼriy yoʻl bilan ifodalovchi mistiklarga shoir sifatida qaralmaydi, ammo fors shoirlari bundan mustasno. Nega? Chunki ular oʻz asarlarida real olamning noreal qahramonlari boʻlmish majnunlar va hayvonlar haqida soʻz ochadilar. Ularning yozganlaridagi junun biznikiga oʻxshamas, ehtiyojlari ham oʻta gʻayrioddiy koʻrinadi. Rosti, ular qanchalik Oliy Ruh — Tangriga intilmasinlar, biroq yozganlari ibodatgohlarning zerikarli va yasama sukutidan xoli, bunga sari ular odatiy xudojoʻyning koʻnglida koʻr-koʻrona vujudga keltirilgan sipolik ularga begona. Siz ularning bitiklarini oʻqirkan, mazkur baytlarni qoralashdan avval juda uzoq vaqt uzlatga, uzlat boʻlganda ham bir billur uzlatga chekinganliklarini va nihoyat jom sharobga toʻlgani singari muallifning qalbi ham oʻta latif va muqaddas ehtirosga toʻliqqachgina yoza boshlaganlarini sezib turasiz.
Fors shoirlari chindan donishmand edilar, biroq aql oʻrgatmaganlar. Zabonida soʻz lashkari janga shay boʻlsa-da, ular sukut bilan sulh tuzishni afzal koʻrganlar.
Biz ularga gʻarbona, kiborlarga xos kir nigoh bilan qaramasligimiz kerak. Saʼdiy yo Qosim Anvor poeziyasi biz oʻylagan, biz eʼtiqod qilgan mayda gʻoyalardan ancha baland. Axir, mana shu oddiy aksiomani anglash uchun Borxesdek katta adabiyotshunos boʻlish shart emas-ku?!
Sizga bularni zoʻr berib tushuntirishga urinayotganimning oʻziga xos sabablari bor. Birinchidan, bugungi Yevropa oʻzligidan chandon uzoqlashdiki, natijada zamonaviy texnologiyalar bizni temirga aylantirib qalbimizni-da ehtiyojlarga mute qilib qoʻydi. Sharq sheʼriyati esa mana shu mutelikni yorib chiqish uchun imkoniyat beradi bizga.
Gap faqat fors nazmi haqida ketmayapti. Xuddi nemis poeziyasida sovuqqonlik, farang sheʼriyatida nafislik, ingliz nazmida didaktika ustun turgani kabi Sharq sheʼriyatida ham oʻziga xos uslubiy tabaqalanish bor. Boya aytib oʻtganimdek fors sheʼriyati odamni oʻz jozibadorligi, fikriy tovlanishlari bilan rom etsa, arab gʻazaliyoti oʻzining donishmandligi va sirliligi bilan, turkiy xalqlar poeziyasi esa olovdek joʻshqin tili va oʻta mustahkam anʼanalari bilan odamni oʻquvchini lol qoldiradi.
Modomiki turkiy sheʼriyat haqida gap borar ekan, Ozarboyjon shoiri Fuzuliy xususida nimadir demay iloj yoʻq. Uning har qanday noziktaʼb kitobxonga birday xush yoquvchi gʻazal va ruboiylari bor. Bu, albatta jahon soʻz sanʼati uchun katta yutuq, unutilmas voqea.
Biz nega Sharqni oʻqimay qoʻyganimizni qoʻlimga qalam olganimizdan buyon tushunolmayman. Axir Bodler bilan maqtangan xalq Yunus Emroni, Heyneni takrorlab yuradiganlar Navoiyni oʻqimaganman, deyishi uyat emasmi? Sharqliklarning oʻzi ham Gʻarb sheʼriyatidagi ohangjamalarga, turli sovuqqon tajribalarga aldanib qolayotgani kishini ranjitadi.
Biz modern adabiyotni yuzaga chiqardik, unga Shaxsiyat masalasini ustuvor qoʻydik, biroq vaqtlar oʻtib modernizm qandaydir noʻnoq, isteʼdodsiz va erinchoq shoirlar uchun tomosha maydoni boʻlib qoladi, deb oʻylamagandik. Ming afsuslar boʻlsinki, zamonaviy sharq shoirlari ham mana shunday besamar tajribalarga, yuzaki soʻzbozlikka aldanib qolmoqdalar.
Arab sheʼriyatining bugungi ahvoli qay darajada? Forslardan yana Saʼdiy chiqdimi? Turkiylarga boqing, endi ularga Tangrim Navoiyni berarmikan? Axir Navoiy va Fuzuliy, Lutfiylar butun vujudi bilan Sharq odami edi-ku?!
Biz nomini sanab oʻtgan shoirlarning avlodlari toʻgʻri yoʻldan ketayapmanmikan, deb oʻzlariga savol bersalar yomon boʻlmasdi. Men eskilik tarafdori emasman, aslo! Barcha oʻzidan avvalgi stereotiplarni sindirishga, mezonlarni oʻzgartirishga haqli va majbur. Ammo… Monten aytganidek, ijodkor cheksizlikka chiqib olganidan soʻng mana shu cheksizlik ham unga qolip vazifasini oʻtay boshlaydi.
Soʻzim oxirlayotir. Men oʻz fikrimni muxtasar bayon eta oldim, nazarimda. Xitoy va yapon sheʼriyatidan koʻnglim toʻq. Isikavo Takuboku kabi shoirlar hamon oʻz anʼanalarini davom ettirmoqdalar. Ishonamnki, qolgan Sharq nozimlari ham faqat Ovroʻpaga koʻr-koʻrona taqlid qilavermay ildizlariga chuqurroq, oʻzgacha nigoh bilan yondoshsinlar.
Ingliz tilidan
Mirzohid Muzaffar
tarjimasi