SUNBOD HARAKATI — Shim.
Sharqiy va Markaziy Eronda Abbosiylar xalifaligiga qarshi xalq (asosan, dehqonlar) gʻarakati (755-y.). Harakatni Nishopur atrofidagi Oxan qishlogʻidan boʻlgan Sunbod ismli kishi boshqargan. Sunbod harakatining boshlanishiga asosiy sabab — abbosiylarning xalqdan xiroj yigʻish va majburiy ishlatish (qasrlar qurish, kanallar qazish va b.)dan ozod qilish haqidagi vaʼdasini bajarmagani boʻlgan. Xuroson va Movarounnaxr noibi Abu Muslimning xalifa Mansur buyrugʻi bilan oʻldirilishi Sunbod harakatiga bahona boʻlgan. Bu harakat sunniy abbosiylarga qarshi qaratilgan boʻlib, unda zardushtiylar, shialar va xurramiylar qatnashgan. Tabaripniyat yozishicha, harakat 2 oy davom etgan. Xalifa Mansur bu harakatni bostirish uchun 10 ming kishilik qoʻshin yuborgan. Bu qoʻshin Hamadon bilan Ray oʻrtasidagi choʻlning chekkasida Sunbod qoʻshinini tormor keltirgan. Shu jangda Sunbod ham halok boʻlgan. Sunbod harakati bilan bir vaqtning oʻzida Movarounnahrda ham abbosiylarga qarshi harakat boshlangan. Unchalik katta boʻlmagan bu harakatga Abu Muslim tarafdori — Isʼhok boshchilik qilgan.