SUBSTANSIYA

SUBSTANSIYA (lot. substantia — mohiyat) — narsa va hodisalarning mohiyatini, asosini ifodalovchi tushuncha. Odatda, materiya, modda soʻzining sinonimi sifatida qoʻllaniladi. Substansiya falsafada xilmaxil olamning, obyektiv reallikning, tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkuri tarixini, inson bilimlarining natijalarini ham oʻziga qamrab oluvchi konkretlikning nazariy inʼikosi, bilish nazariyasining asosiy tushunchasi sifatida talqin etiladi. Bunday universal mohiyat muayyan narsa, hodisalar va ularning oʻzaro aloqadorliklari orqali namoyon boʻladi. Yunon faylasuflari Substansiya deb narsalarning doimiy, tub va oʻzgarmas xususiyatini, asl mohiyatini anglashgan, un-ta aksidensiya tushunchasini qaramaqarshi qoʻyishgan. Keyinchalik sxolastlar butun mavjudotning asl mohiyatini tashkil etuvchi Substansiya — xudodir degan gʻoyani ilgari surdilar (q. Sxolastika). Olamning moddiy sababi va ilohiy Substansiya haqidagi dualistik talqinni R. Dekart olgʻa surdi, u Spinoza falsafasida yanada rivojlantirildi. I. Kant Sni tafakkurning aprior shakli, yaʼni tajribadan olingan bilimlarni sintezlovchi shakli deb izohladi. Uning fikricha, Substansiyaning doimiyligi barcha vaqt mobaynida oʻtkinchi boʻlgan narsalarga nisbatangina namoyon boʻladi. Gegel Sni narsalardagi oʻzgaruvchan, oʻtkinchi tomonlarning yaxlitligi sifatida taʼriflab, uni «har qanday haqiqiy rivojlanishning asosidir», deydi.

Sharq falsafasida Forobiy Sni eng umumiylik sifatida tushuntirgan. Ibn Sino Sni «substansional umumiylik va aksidental umumiylik»ning oʻzaro munosabati doirasida talqin etib, ularning birbiri bilan bogʻlanganligiga, biri ikkinchisisiz mavjud boʻla olmasligiga eʼtiborni qaratdi. Sni tushunishda ham materialistik, ham idealistik qarash bor. Materialistlar Substansiya deb obyektiv reallikni, materiyani, idealistlar esa, xudoni, mutlaq gʻoyani, ruhni, umuman moddiy boʻlmagan asosni tushunadilar. Pozitivistlar Sni mavhum tushuncha sifatida taʼriflab, bu tushuncha tadqiqotchini chalgʻitib, uning fikrini yoʻq narsaga bogʻlab qoʻyadi, aslida odam xilmaxilliklar va ularning birliklaridan iborat, bunga esa moddiylik ham, maʼnaviylik ham kiradi deb hisoblashadi. Hoz. zamon tabiatshunosligi uchun Substansiya faqat rasmiy tushuncha boʻlib, hodisalarni ifodalovchi degan maʼnoni bildiradi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x