Post Views:
38
O‘zbek xalqi milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyati hukumati alohida ajralib turadi. Muxtoriyat hukumati qisqa fursat (1917 yil 27 noyabr’ – 1918 yil 22 fevral’) faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa ham, u tariximizda chuqur iz qoldirdi. Shu kunlarda Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilinganligiga 100 yil to‘lmoqda. Faqat O‘zbekistonda emas, balki qardosh turkiy davlatlarda ham bu sana ilmiy jamoatchilik tomonidan keng nishonlanmoqda.
Tarixdan ma’lumki, Qo‘qon shahrida 1917 yil 26 – 28 noyabrda (yangi hisob bilan 8 – 10 dekabrda) bo‘lib o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilindi. Qurultoy Turkiston o‘lkasini Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi. Shuningdek, Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyatni Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Milliy [Millat] Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak deb hisobladi.
Qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan Turkiston Muxtoriyati hukumati (8 nafar kishidan iborat) tuzildi. Yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi uchun ularga ham yana 4 o‘rin ajratildi. Hukumatning dastlabki tarkibiga quyidagilar kiritildi:
1. Muhammadjon Tinishboev [Tinishpaev] (1879 – 1938) – Bosh vazir hamda ichki ishlar vaziri, II chaqiriq Davlat Dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti a’zosi, yo‘l muhandisi.
2. Islom Sulton Shoahmedov [Shoislom Shagisultanovich Shagiaxmedov] (1882 – 1921) – Bosh vazir o‘rinbosari, Butunrossiya musulmonlari Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi, huquqshunos.
3. Mustafo Cho‘qay [Mustafo Cho‘qay o‘g‘li; Mustafo Cho‘qaev] (1890 – 1941) – tashqi ishlar vaziri, Turkiston musulmonlari Markaziy Sho‘rosi raisi, huquqshunos.
4. Ubaydulla Xo‘jaev [Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev] (1886 – 1942) – xalq milisiyasi rahbari [harbiy ishlar vaziri], Butunrossiya musulmonlar Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi, huquqshunos.
5. Hidoyatbek Yurali Agaev [Hidoyatbek Yurg‘uli Akaev] (? – 1918) – yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
6. Obidjon Mahmudov (1871 – 1936) – oziq–ovqat vaziri, Qo‘qon shahar Dumasining rais o‘rinbosari, tog‘–kon sanoati mutaxassisi.
7. Abdurahmonbek O‘razaev (1888 – ?) – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, huquqshunos.
8. Solomon Abramovich Gersfel’d (1881 – 1918) – moliya vaziri, huquqshunos.
Turkiston tarixidagi dastlabki demokratik hukumatning tarkibi bilan birgalikda qurultoyda Xalq Majlisi [Milliy Majlis] ham tashkil qilindi. Xalq majlisiga 54 o‘rin belgilandi. Unga 32 nafar vakil musulmonlardan va yana 4 nafar kishi mahalliy boshqarmalardan kiritilib, ular 36 nafar bo‘ldi. Yevropaliklarning tashkilotlariga esa 18 o‘rin ajratildi.
Qurultoy jarayonida Milliy Majlis tarkibiga quyidagi 32 nafar kishi saylandi: Ubaydulla Xo‘jaev, Mustafo Cho‘qay, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Sadriddinxon Sharifxo‘jaev, Qo‘ng‘irxo‘ja Hojinov, Ismatulla Ubaydullin, Saidnosir Mirjalilov, Sherali [Serali] Lapin, Said Ja’farboy Saidov, Islom Sulton Shoahmedov, Abdurahmonbek O‘razaev, Hidoyatbek Yurali Agaev, Nosirxon To‘ra [Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li], Mirodil Mirzaahmedov, Toshxo‘ja Ashurxo‘jaev, Abdulqodir Qo‘shbegiev, Obidjon Mahmudov, Jamshidboy Qorabekov, Solomon Abramovich Gersfel’d, Abdusamad Abdusalimov, Ubaydulla Derbisalin, Musa Akchurin, Mustafo Mansurov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ibrohim Dalshin, Muhammadjon Tinishboev, Xalil Shirinskiy, Tolibjon Musaboev, Kamol Rahmonberdiev [Kamol qozi], Olimxonto‘ra Shokirxonto‘raev, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov. Xalq Majlisi raisi lavozimiga saylangan Sherali Lapin (1868 – 1919) bu taklifni rad etdi.
Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga 1917 yil dekabrda Nosirxon To‘ra [Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li] (1871 – 1935) maorif vaziri sifatida kiritildi, Saidnosir Mirjalilov (1884 – 1937) hukumat xazinachisi (g‘aznachisi) bo‘ldi. Shuningdek, Mirodil Mirzaaxmedov ham hukumat tarkibiga kiritildi. Bundan tashqari hukumat tarkibida boshqa o‘zgarishlar ham bo‘ldi. M.Tinishboev Alash O‘rda hukumati faoliyatida qatnashish uchun dekabr’ oyi boshlarida Orenburgga jo‘nab ketgach, 1917 yil 12 dekabrda Mustafo Cho‘qay uning o‘rniga Bosh vazir lavozimini egalladi. Islom Shoahmedov S.A.Gersfel’d o‘rniga moliya vaziri, yirik sarmoyador Rafael’ Potelyaxov O.Mahmudov o‘rniga oziq–ovqat vaziri qilib tayinlandi. Sovet va partiya tarixchisi P. Alekseenkovning yozishicha, Obidjon Mahmudov yustisiya vaziri bo‘ldi. Polkovnik Magdi Chanishev hukumatning harbiy kengash raisi bo‘ldi. Harbiy ishlar vaziri bo‘lgan Ubaydulla Xo‘jaevning lavozimi o‘zgartirilib, u xalq milisiyasi rahbari va jamoat xavfsizligi vaziri lavozimini egalladi. Bundan tashqari hukumat tarkibiga etnik jihatdan buxoro yahudiylariga mansub bo‘lgan yirik sarmoyadorlar aka–uka Yoqub Vad’yaev (1868 – 1936) va Sion Vad’yaev (1878 – 1943), “Yusuf Davidov” va “Knapp–Zigel’” savdo firmalari vakillari ham kiritildi.
Qo‘qon shahri 1918 yili yanvar’ oyi oxiri va fevral’ oyi boshlarida Toshkent, Skobelev va boshqa shaharlardan keltirilgan bol’sheviklarning harbiy kuchlari: qizil gvardiyachilar otryadlari va arman dashnoqlari drujinalari tomonidan o‘rab olingan paytda Turkiston Muxtoriyati hukumati ichida yana o‘zgarishlar yuz berdi. 1918 yil fevral’ oyi o‘rtalarida ulamochilar hukumatni egallashdi. Bosh vazir Mustafo Cho‘qay va uning yaqin safdoshlari hokimiyatni tark etdi hamda Qo‘qondan chiqib ketdi. 18 fevralda (yangi hisob bilan) Qo‘qon shahar mashrablarining boshlig‘i (qo‘rboshisi) Kichik Ergash (1885 – 1918) muxtoriyat hukumatida hokimiyatni egalladi. Kichik Ergash tomonidan harbiy vazir M.Chanishev va ayrim vazirlar, rus ofiserlari qamoqqa olindi. Qisqa muddat davomida hukumatda “Sho‘roi Ulamo” vakillarining ta’siri kuchli bo‘ldi. Kichik Ergash qo‘rboshi 20 fevralda Qo‘qon shahridan jang bilan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. U 18 – 22 fevralda Turkiston Muxtoriyati hukumatini boshqargan edi.
O‘lka bol’sheviklari Turkiston Muxtoriyati hukumatiga katta xavf deb qaradilar. Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va krest’yan deputatlarining Toshkentda 1918 yil 19 – 26 yanvarda bo‘lgan favqulodda IV s’ezdida muxtoriyat hukumatiga munosabat masalasi asosiy o‘rinda turdi. S’ezd Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holda deb hisoblab, hatto vazirlarni qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. 1918 yil 30 yanvarda Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti Turkiston Muxtoriyatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Toshkentdagi bol’sheviklar buning uchun qizil gvardiyachilar otryadlari va arman dashnoqlari (“Dashnaksutyun”) drujinalaridan keng foydalandi. Qo‘qon yangi shahar Soveti raisi bol’shevik Yefim Babushkin (1880 – 1927) muxtoriyat hukumatiga qarshi boshlangan sovet hokimiyatining dastlabki qurolli tajovuziga rahbarlik qildi. Milliy matbuotning yozishicha, 31 yanvarda (yangi hisob bilan 13 fevralda) janglar boshlandi. Bol’sheviklar 31 yanvarda Skobelev (hozirgi Farg‘ona), Andijon, keyinchalik Perovsk (hozirgi Qizil O‘rda) shaharlarida 200 nafardan ortiq askarlarni Qo‘qonga tashladi. Skobelevdan keltirilgan harbiy otryadga Konstantin Osipov boshchilik qilgan. Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti 1918 yil 14 fevralda (yangi hisob bilan) Farg‘ona viloyatida harbiy holat e’lon qildi.
Dastlabki jangda muxtoriyatning taxminan 1000 nafar kishidan iborat milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, ketmon, o‘roq, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni 10 000 nafar kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil gvardiyachilar Qo‘qon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shu orada muxtoriyatchilar safida parokandalik yuz berdi, yuqorida aytib o‘tilganidek, 18 fevralda ulamochilarning tazyiqi bilan Mustafo Cho‘qay iste’foga chiqdi va ba’zi vazirlar singari Qo‘qonni tark etdi. Ayrim vazirlar janglarda halok bo‘ldi yoki dushman qo‘liga tushib qoldi. Mustafo Cho‘qayning keyinchalik yozishicha, “Bu paytda hukumat a’zolaridan Mirodil [Mirodil Mirzaahmedov], Abdurahmon O‘roziy [Abdurahmonbek O‘razaev], Hidoyatbek Yurg‘uli [Hidoyatbek Yurali Agaev] hamda men [Mustafo Cho‘qayning o‘zi ko‘zda tutilmoqda – Q.R.] Qo‘qonda edik… Nosirxon To‘ra Namanganda, Harsfeld [Solomon Gersfel’d] Samarqandda, Ubaydullo Xo‘ja [Ubaydulla Xo‘jaev] Ashxobod – Samarqand yo‘lida, Obidjon [Obidjon Mahmudov] Buxoroda, Shoahmadbek [Islom Sulton Shoahmedov] esa Qo‘qon qo‘rg‘oni ichida ekan, bol’sheviklar qo‘liga tushib qolgan edilar”.
Bol’sheviklar va sovet hokimiyati bu bilan cheklanmasdan muxtoriyat hukumatini tugatish uchun qo‘shimcha harbiy kuchlarni bu yerga jo‘natdi. 1918 yil 19 fevralga o‘tar kechasi Toshkentdan Turkiston o‘lkasi harbiy komissari Ye. Perfil’ev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11ta eshelondan iborat qo‘shin yetib keldi. Umumiy qo‘mondonlik K.Osipov zimmasiga yuklandi. 19 fevraldan boshlab 3 kun davomida bol’sheviklarning harbiy kuchlari shahar ustiga to‘plardan yondiruvchi snaryadlar yog‘dirishdi. Shahar butunlay vayron bo‘ldi va o‘t–olov ichida qoldi. Qo‘qonning o‘zida 3 kun davomida 10 000 nafardan ziyod kishi o‘ldirildi.
“Ulug‘ Turkiston” gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, “20 (7) fevral’ kuni Ho‘qand (Qo‘qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Bunda armanilar ayricha faoliyat ko‘rsatganlar…” Gazetadagi ushbu maqola “Ho‘qand – hozir o‘liklar shahri” degan dahshatli ibora bilan tugaydi. Nihoyat, 1918 yil 22 fevralda Qo‘qon shahridagi Rus–Osiyo banki binosida bol’sheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolandi. Ushbu shartnomaning ikkinchi moddasida “Aholi o‘lka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oladi”, deb yozilgan edi. Ha, o‘qqa tutilgan, o‘ldirilgan, talangan va tahqir etilgan qo‘qonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini rasmiy ravishda tan olishga majbur bo‘ldi.
Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko‘rgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. Bu hukumatning zo‘rlik bilan ag‘darilishi turkistonliklar tomonidan sovet Rossiyasining Turkistonga nisbatan tajovuzkor rejalari mavjudligining yana bir dalili sifatida qabul qilindi. Turkistonliklar tinch yo‘l (parlament) bilan milliy davlatchilikni qayta tiklash mumkin emasligini tushunib, 1918 yil fevral’ oyining oxirida qo‘llariga qurol olgan holatda Turkistonda sovet rejimi va bol’sheviklarga qarshi qurolli harakatni boshlab yubordilar. Sovet davrida “bosmachilik” harakati deb qoralangan turkistonliklarning mazkur milliy ozodlik kurashi tarixga istiqlolchilik harakati sifatida kirdi.
Qahramon RAJABOV
t.f.d., prof.,
O‘zbekiston FA Tarix instituti bo‘lim mudiri
“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr’