OʻT UNI — yuqori haroratda quritilgan, maydalangan oʻtlardan tayyorlanadigan chorvachilik ozuqa mahsuloti. Oʻt unini tayyorlashning texnologik jarayoni oʻtlarni oʻrish (dukkakli oʻsimliklarni gʻunchalash, qoʻngʻirboshlilarni boshoqlash fazasida), maydalash (ushoqlash), quritish, ushoqlarni tuyish, gragʻgula (donador)lashdan iborat. Oʻt unini tayyorlashda oʻtlar maxsus agregatlarda quritiladi va maydalanadi. Karotinning yaxshi saqlanishi uchun omborlarda saqlanadigan Oʻt uniga antioksidantlar (santoxin va boshqalar) qoʻshiladi. Poyasi qotmagan, barra, serbarg oʻtlardan tayyorlangan Oʻt uni toʻyimliligi jihatidan koʻplab donli yemlardan qolishmaydi, hatto oqsil, mineral moddalar, vitaminlar miqdoriga koʻra ulardan ustunlik qiladi. 1 kg Oʻt unida 0,7—0,9 ozuqa birligi, 140—150 g hazm boʻladigan protein, 200—300 mg karotin, Ye,K,V guruh vitaminlari bor. Oʻ. u. barcha q. x. hayvonlari yemiga qoʻshiladigan qimmatli, proteinli va vitaminli qoʻshimcha. Qoramollar ratsionida 30—40% donli aralash yemni Oʻt uni bilan almashtirish mumkin. Oʻt uni qoʻshilgan yem aralashmalarini vitaminlarga zarar yetkazmasligi uchun bugʻlash va qaynatish mumkin emas.
Talʼat Akmalxonov.