UZUN — Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi qishloq, tuman markazi. T. y. stansiyasi. Qishloq 1920-y. gacha Kultepa deb atalgan. Viloyat markazi (Termiz)dan 192 km. Oʻrtasidan Obizarang daryosi kesib oʻtgan. Aholisi 12 ming kishi (2004). Obizarang va Qorasuv daryolaridan suv oladi.
Uzunda tuman hokimiyati binosi, t. y. vokzali, avtostansiya, paxta tozalash, temirbeton buyumlari, ixtisoslashtirilgan tajriba z-dlari, «UzunKomron» qoʻshma korxonasi, dehqon bozori, mehmonxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. 3 umumiy taʼlim maktabi, musiqa maktabi, iqtidorli bolalar internat maktabi, 2 kasbhunar kolleji (q. x. va maishiy xizmat koʻrsatish), kutubxona, kasalxona, markaziy dorixona ishlab turibdi.
«Xotira va qadrlash» bogʻi, «Turon» stadioni, tennis korti mavjud. Uzundan Termiz, Denov va b. shaharlarga avtobuslar qatnaydi.