SYUITA (frans. suite — qator, izchillik) — cholgʻu musiqaning asosiy turkumli shakllaridan biri va musiqiy janr. Qismlar tartibi, soni, xarakterining maʼlum qonunqoida bilan katʼiy chegaralanmaganligi, aksariyat hollarda qoʻshiq va raqs bilan uzviy bogʻliqligi Syuitani sonata va simfoniyadan ajratib turadi. Bir necha mustaqil (odatda, kontrast) qismlardan tashkil topib, ular umumiy badiiy maqsadda birlashtiriladi. Syuitaning ilk koʻrinishlarida 16-a. ga xos sekin va tez surʼatli raqslar qiyoslangan. 17-a. da I. Ya. Froberger ijodida qadimiy raqs Syuitaning mumtoz namunasi yuzaga kelgan. U 4 raqs — oʻrtacha surʼatli allemanda, tez — kuranta, sekin — sarabanda va jadal — jigadan tashkil topib, lyutnya, klavesin, orkestr va b. uchun moʻljallangan. Klassik Syuitaning yuksak namunalarini I. S. Bax va G. F. Gendellar yaratgan (18-a.). Dramatik spektakllarga yozilgan musiqiy lavhalardan tuzilgan Syuitalar (E. Grigning «Per Gyunt», J. Bizening «Arlezianka»), shuningdek, balet Slari (P. Chaykovskiy, D. Shostakovich, I. Stravinskiy va b.), kinofilmga yozilgan musiqiy lavhalardan tanlangan Syuitalar (S. Prokofyev, G. Sviridov) ham keng oʻrin olgan. «Syuita» atamasi bir qancha raqslardan iborat musiqali xoreografik kompozitsiyani ham bildiradi. 19—20-a. larda raqsiy boʻlmagan (R. Shuman, «Karnaval»; A. Shyonberg, Fortepiano uchun Syuita va b.), baʼzan dasturli (N. RimskiyKorsakov, «Shahrizoda»; M. Musorgskiy, «Koʻrgazmadan suratlar»), vokal (D. Shostakovich, «M. Svetayevaning 6 ta sheʼri») S. lar yaratildi. Oʻzbekiston kompozitorlaridan V. Uspenskiy, A. Kozlovskiy, M. Burhonov, M. Ashrafiy, S. Yudakov, D. Soatqulov, D. Zokirov, B. Giyenko, S. Boboyev, Sayfi Jalil kabilar simfonik va oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestri, shuningdek, fortepiano va b. sozlar uchun turli Syuitalar yaratishgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые