Bolalarda appenditsit – sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Appenditsit – appendiksning yoki koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasining yalligʻlanishi. Koʻp hollarda chuvalchangsimon oʻsimta ingichka ichakning yoʻgʻon ichakka oʻtish joyida joylashadi. Ammo, ayrim insonlarda chuvalchangsimon oʻsimta jigar ostida, kichik chanoqda va yoʻgʻon ichak koʻtariluvchi qismi boʻylab joylashishi mumkin. Bundan tashqari, koʻrichak sohasi faqatgina qorin boʻshligʻining oʻng tomonida joylashmaydi, balki chap yonbosh sohada ham joylashadigan holatlar bor. Appenditsit koʻproq katta yoshli insonlarda kelib chiqadi, ammo bu maqolada biz bolalarda koʻrichak kelib chiqish sababi, ulardagi belgilar va davo choralari haqida batafsil yoritamiz.

bolalarda appenditsit

Appenditsit kelib chiqishi sabablari

Aappenditsit kelib chiqishida xavf omillari ich qotishi, disbakterioz va gijjalar invaziyasi, hamda juda koʻp shirinlik isteʼmol qilishdir.

Koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasi (appendiks) ning funksiyasi toʻliq oʻrganilmagan va uning yalligʻlanishi nima sababdan roʻy berishi ham aniq emas. Appendiksning yalligʻlanishi shu sohada yot jism toʻplanishi va ichak mikroflorasining taʼsiri natijasida kelib chiqadi deb hisoblanadi. Obstruksiya (jism toʻplanishi) najasli tosh, gelmintlar, yot jismning ichak boʻshligʻida toʻplanib qolishi natijasida kelib chiqadi.

Appendiks boʻshligʻining berkilib qolishi va ichaklar bilan bogʻliqligi uzilishi – shu sohada joylashgan limfa tugunlarining kattalashishi sababli ham kelib chiqishi mumkin. Tugʻma anomaliya holatlarida appendiksning buralib yoki egilib joylashishi va shu joyda ichak mikroflorasining boʻlishi ham yalligʻlanish ehtimolini oshiradi.

Chuvalchangsimon oʻsimtaga mikroblar qon yoki limfa oqimi bilan borishi mumkin, angina, otit, OʻRVI va boshqa kasalliklar oʻtkazgan bolalarda appendiksning yalligʻlanishi ham kuzatilgan. Ayrim guruh infeksiyalar – iersinioz, sil tayoqchalari, qorin tifi va boshqalar appenditsitga toʻgʻridan toʻgʻri sababchi boʻlishi oʻrganilgan.

Bakteriyalar chuvalchangsimon oʻsimta boʻshligʻida tez koʻpayadi va yalligʻlanishga sabab boʻladi, shilliq sintezlanishi koʻpayadi, shish kelib chiqadi va ichakda venoz dimlanish yuzaga keladi. Uning oqibatida chuvalchangsimon oʻsimta nekrozga uchrashi, aʼzo devori yorilishi va ichakdagi barcha massalar (yiring, najas) qorin boʻshligʻiga tushib – peritonit chaqirishi mumkin.

Bolalarda appenditsit rivojlanishida xavf omillari ich qotishi, gijjalar invaziyasi, koʻp ovqat isteʼmol qilish, shirinliklarga mukkasidan ketish, disbakterioz va ovqat bilan birga yetarlicha kletchatka tushmasligi boʻla oladi.

2 yoshgacha boʻlgan bolalarda appenditsit kam uchraydi (yangi tugʻilgan chaqaloqlarda ham rivojlanishi mumkin). Bu albatta bolaning ovqatlanish tartibi va chuvalchangsimon oʻsimtada limfa tugunlarining yetarlicha shakllanmaganligi bilan bogʻliq. Bolalarda appendiks keng va kalta boʻlganligi sababi, u joyda toʻplangan jismlar ichakka qaytib tushishi oson boʻladi. Bolaning 6 yoshligidan boshlab appendiks torayib, uzunlashadi va shu joydagi limfa tugunlari kattalashadi, aʼzo yalligʻlanish ehtimoli ortadi.

Bolalarda appenditsit klassifikatsiyasi

Appenditsitning oʻtkir va surunkali shakllari farqlanadi.

Oʻtkir appenditsitning quyidagi turlari bor:

  • Appendikular xuruj: chuvalchangsimon oʻsimtaning kuchsiz yalligʻlanishi, 3-4 soat ichida bu jarayon oʻtib ketadi;
  • Kataral appenditsit: oddiy, chuvalchangsimon oʻsimtaning yuzaki yalligʻlanishi, bunda aʼzo toʻqimalari buzilmaydi;
  • Destruktiv appenditsit:
  • Asoratli appenditsit.
  • Flegmonoz appenditsit (perforatsiya bilan yoki perforatsiyasiz): chuvalchangsimon oʻsimtaning yiringli yalligʻlanishi, shilliq qavat zararlanishi va u yerda yiring toʻplanishi bilan namoyon boʻladi. Bunda chuvalchangsimon oʻsimta kulrang tusga kiradi;
  • Gangrenoz appenditsit (perforatsiya bilan yoki perforatsiyasiz): appendiks qon tomirlari trombozi natijasida kelib chiqadi, chuvalchangsimon oʻsimtaning yashil-qoraygan rangli boʻlishi va badboʻy hid kelishi, bolaning umumiy ahvoli ogʻirilashishi bilan namoyon boʻladi.

Bolalarda appenditsit belgilari

Bolalarda appenditsit belgilari bolaning yoshi, appendiksning joylashuvi, yalligʻlanish turi va darajasiga bogʻliq boʻladi.

Kichik yoshdagi bolalar holsiz, oʻyinlar oʻynashga ishtiyoqi yoʻq, ovqat yeyishdan bosh tortadigan boʻlib qoladilar. Appenditsitning eng asosiy belgisi – ogʻriqdir. Bolakaylar koʻpincha ogʻriqli sohalarini himoya qilishga harakat qilishadi: chap yonbosh sohaga yotadi, oyoqlarini tizzasidan bukib oladi, bolani qoʻlga olganingizda yigʻlaydi, qorin sohasini koʻruvdan oʻtkazmoqchi boʻlganingizda qarshilik koʻrsatadi, qoʻllari bilan itaradi.

Bola tana harorati 38 oC gacha koʻtariladi, baʼzida undan ham baland koʻrsatkichda boʻladi. Bola rangpar, yurak urishi tezlashgan, qayt qilish va ich ketishi kuzatiladi. Bola qancha kichik boʻlsa, shuncha koʻp marotaba qayt qiladi, organizm tez suvsizlanadi.

Appenditsitni 3-4 yoshli bolalarda aniqlash qiyinchilik tugʻdiradi: kasallik toʻsatdan boshlanadi, har doim ham tipik namoyon boʻlavermaydi, baʼzida chaqmoqsimon belgilar bilan namoyon boʻladi. Bolalar ogʻriq sohasini aniq koʻrsatib bera olishmaydi, koʻpincha qoʻllari bilan kindik sohasida yoki butun qorin sohasida ogʻriq borligini koʻrsatishadi.

Bolalarda yuqorida sanab oʻtilgan belgilarning barchasi ham kuzatilmaydi, appendiksda yalligʻlanish jarayoni belgilarsiz ham rivojlanishi mumkin, bunda bir necha soatlar ichida peritonit kelib chiqadi. Bunday holatda ogʻriq butun qorin sohasi boʻylab tarqaladi, bola rangpar, tana harorati 40 oC gacha koʻtariladi, qorin shishgan, ich qotishi kuzatiladi.

Eng xavfli jihati shundaki, ota-onalar bunday yoshda appenditsit uchramaydi, deb oʻylashadi va boladagi holatni ovqat bilan bogʻlashadi (ovqatdan zaharlanish, koʻp yeb yuborish). Hattoki, ayrim ota-onalar mustaqil ravishda davo choralarini qoʻllay boshlaydilar. Jarrohlik amaliyoti oʻtkazilmasa, chuvalchangsimon oʻsimta yorilishi (25-50 % bolalarda kuzatiladi), natijada shifoxonada uzoq muddat davolanishga toʻgʻri keladi.

Bola 6-7 yoshda qorin sohasidagi ogʻriqli nuqtani koʻrsata oladi. Klassik koʻrinishda ogʻriq avval kindik atrofida paydo boʻladi, keyin (2-3 soat oʻtib) oʻng qovurgʻa osti sohasiga koʻchadi. Appendiksning jigar ostida joylashuvida ogʻriq oʻng qovurgʻalar orasida, koʻrichak orqa sohasida joylashganda esa ogʻriq bel sohasida, appendiksning chanoq sohasida joylashuvida ogʻriq qov simfizi sohasida yoki uning tepa sohasida paydo boʻladi.

Appenditsitda ogʻriq xarakteri doimiy boʻladi, buning natijasida uyqu buzilishi, bolaning holsizligi, ovqatdan bosh tortishi, qayt qilish, ich qotishi kelib chiqadi.

Tana harorati 37,5 oC dan yuqori, baʼzida juda yuqori koʻrsatkichda yoki normal holatda ham boʻlishi mumkin. Kattaroq yoshdagi bolalarda puls soni va tana harorati nisbati oʻzgaradi. Odatda tana harorati 1 gradusga koʻtarilsa puls soni 10 taga oshadi. Appenditsitda esa puls soni tana haroratiga nisbatan koʻroq oshib ketadi.

Appendiksning chanoq sohasida joylashishida appenditsit kelib chiqqan holatlarda – peshob ajralishining koʻpayishi kuzatiladi. Kataral appenditsitda til nam, til ildizi oq karash bilan qoplangan, flegmonoz turida til nam, ammo til butunlay oq karash bilan qoplanadi, gangrenoz koʻrinishida esa til quruq va toʻliq oq karash bilan qoplangan boʻladi.

Appenditsitning eng koʻp qayd etiladigan bola yoshi 9-12 yoshlar oraligʻidir. Koʻp holatlarda appenditsit klassik koʻrinishda namoyon boʻlsada, bolalarda kattalarga nisbatan appenditsit tashxisini qoʻyish qiyinroq. Bunday yoshdagi bolalar qorinda ogʻriq kelib chiqsa ham maktabga borishda davom etishadi. Ammo, yalligʻlanish jarayoni kuchayib boradi va bolaning umumiy ahvoli toʻsatdan ogʻirlashadi, appenditsit asoratlangan holatga oʻtadi.

Bolalar orasida surunkali appenditsit juda kam uchraydi. Bunda qaytalanuvchi appenditsit belgilari kelib chiqadi, yaʼni vaqti vaqti bilan tana harorati oshib, qayt qilish kuzatiladi.

Appenditsit asoratlari

Asoratlardan qochish uchun oʻz vaqtida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi kerak. Agar appenditsit oʻz vaqtida davolanmasa, bir qator asoratlar kelib chiqishi mumkin:

  • Perforatsiya – aʼzoning yorilishi, buning natijasida peritonit (qorin pardaning yalligʻlanishi) kelib hiqadi;
  • Appendikulyar infiltrat – chegaralangan peritonit, ichak qovuzloqlari, charvi va qorin parda bilan oʻralib qolishi;
  • Appendikulyar absesss – chegaralangan yiringli hosila, chuvalchangsimon oʻsimta sohasida yoki undan uzoqroqda ham paydo boʻlishi mumkin;
  • Ichak tutilishi;
  • Sepsis – yalligʻlangan aʼzodagi mikroorganizmlarning qonga tushishi va turli aʼzolarga tarqalishi.

Bolalarda appenditsit diagnostikasi

Shifokor qorin boʻshligʻi palpatsiyasida oʻng qovurgʻa osti sohasida ogʻriqli nuqtani aniqlaydi, hamda appenditsit uchun xos boʻlgan bir nechta simptomlar musbat boʻladi. Appenditsit diagnostikasida quyidagi usullardan foydalaniladi:

  • Bola qorin sohasi palpatsiyasi;
  • Laborator tekshiruvlar – qon va peshob umumiy analizi, koʻrsatmaga binoan najas tahlili, koprogramma;
  • Instrumental tekshiruvlar: qorin boʻshligʻi, kichik chanoq aʼzolari UTT (UZI) tekshiruvi, elektromiografiya, tashxis qoʻyishda qiyinchiliklar kelib chiqsa qorin boʻshligʻi aʼzolari rentgenografiyasi yoki kompyuter tomografiyasi tekshiruvlari oʻtkaziladi, hamda aniq diagnoz qoʻyish uchun laproskopiya amaliyoti bajariladi;
  • Balogʻatga yetgan qizlarda bolalar ginekologi tekshiruvi ham kerak boʻladi.

Qorin sohasi koʻruvi va palpatsiyasida ogʻriq tarqoqligi yoki mahalliy kuzatilishi, nafas olishda qorin mushaklarining ortda qolayotgan qismi, qorin mushaklari qattiqlashuvi, hamda qorin pardani qoʻzgʻatuvchi maxsus simptomlar (Shetkin-Blyumerg, Voskresenskiy, Rovsing simptomlari) dan foydalaniladi.

Ota-onalar appenditsitni mustaqil ravishda aniqlashlari mumkin emas: yuqoridagi belgilarni aniqlash va sinamalarni oʻtkazish uchun malakali shifokor yordami kerak boʻladi. Kichik bolakaylarda belgilarni aniqlash uchun uning uxlayotgan vaqtidan ham foydalaniladi.

Qon analizida appenditsit holatida leykotsitlar soni oshganligi, neytrofillyoz kuzatilayotgani aniqlanadi. Peshob analizida siydikda eritrotsitlar, leykotsitlar, oqsil topilishi mumkin.

Kichik yoshdagi bolalarda qorin mushaklari taranglashganligini aniqlash uchun elektromiografiya usuli oʻtkazilishi mumkin. Appenditsitni aniqlashda eng ishonarli tekshiruvlardan biri (95 % gacha aniqlik): UTT (UZI) tekshiruvi hisoblanadi. Bu tekshiruv nafaqat appenditsitni, balki qorin boʻshligʻida toʻplangan suyuqlik hajmi, infiltratlar va absesslarni ham aniqlashda yordam beradi.

Baʼzida tashxis qoʻyish uchun shifoxona nazoratida bola 6-12 soat ichida kuzatiladi.

Appenditsit davosi

Ota-onalar uchun asosiy qoidalar:

  • Qorinda har qanday ogʻriq kelib chiqsa mustaqil ravishda ogʻriq qoldiruvchi vositalardan foydalanmang – bu aniq tashxis qoʻyishda qiyinchiliklar tugʻdiradi;
  • Bolaga yumshatuvchi preparatlar berish va klizma qilish mumkin emas;
  • Ogʻriqli sohaga issiq ham sovuq ham qilib boʻlmaydi, ular yalligʻlanish jarayoni tezlashishiga olib keladi;
  • Bolaga koʻp suyuqlik ichirmang: agar appenditsit diagnozi tasdiqlansa bola narkoz ostida boʻlishi va jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi uchun ovqat yeyish va suv ichish mumkin emas. Agar bola juda chanqasa lablarini paxtaga suv shimdirilgan holda namlab turing;
  • Qorinda ogʻriq kelib chiqsa kechiktirmasdan, darhol shifokorga murojaat qiling.

Appenditsit tashxisi qoʻyilgandan keyin – surunkali yoki oʻtkir boʻlishidan qatʼiy nazar jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi. Jarrohlik amaliyoti ikki xil usulda: anʼanaviy ochiq usul yoki laproskopik usulda olib boriladi. Har ikkala holatda ham umumiy narkoz beriladi.

Jarrohlik amaliyoti 30-60 daqiqa davom etishi mumkin. Oʻz vaqtida oʻtkazilgan davo oqibati ijobiydir. Operatsiyadan soʻng bolakayga suyuqlik ichirish mumkin emas, lablarini hoʻllashingiz mumkin. Ovqat tarkibi ham shifokor tomonidan buyuriladi. Asoratlar kelib chiqmasa bolaga 5-8 kun ichida uyga ketishga ruxsat beriladi.

Laproskopik usul samarali hisoblanadi, chunki bu usul kam jarohatlidir: jarroh kichik hajmda kesadi va maxsus asboblar yordamida yalligʻlangan appendiks olib tashlanadi. Bolakay bu kabi jarrohlik amaliyotidan keyin tez tiklanadi. Ammo, appenditsitning asoratli koʻrinishlarida ochiq usuldan foydalaniladi.

Appenditsitning destruktiv koʻrinishida jarrohlik amaliyotidan avval 2-4 soat ichida bola operatsiyaga tayyorlanadi: infuzion terapiya (intoksikatsiyani bartaraf etish uchun vena ichiga suyuqliklar yuboriladi) va antibiotiklar buyuriladi. Kasallikning bu koʻrinishida jarrohlik amaliyoti biroz qiyinroq va operatsiyadan soʻng bola shifoxonada uzoqroq davolanadi. Bola uyga ketishga ruxsat berilganidan soʻng ota-onasi tomonidan doimo nazorat ostida boʻlishi kerak, tana harorati koʻtarilganda va boshqa belgilar namoyon boʻlganda darhol shifokorga murojaat etish talab etiladi.

15-20 % bolalarda appenditsit perforatsiyasida (yorilishida) operatsiyadan keyingi asoratlar kelib chiqishi kuzatiladi (qorin boʻshligʻida absess shakllanadi). Bunday asoratlarni davolash individual yondoshgan holda olib boriladi (qorin boʻshligʻidan yiringlagan hosila olib tashlanadi, antibiotiklar yuboriladi va dezintoksikatsion terapiya olib boriladi). Destruktiv appenditsitdan keyin spaykali kasallik rivojlanishi ham mumkin.

Bolalarda appenditsit tufayli oʻlim kuzatilish darajasi 0,1-0,3 % ni tashkil qiladi.

Appenditsit profilaktikasi

Ota-onalar tomonidan bolakay ovqatlanish tartibi, ichaklari boʻshalishi, surunkali va oʻtkir kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash va davolash talab etiladi.

Qaysi shifokorga murojaat etish kerak?

Bolada davomli qorin ogʻrigʻi kuzatilsa “Tez tibbiy yordam”ga murojaat etish kerak. Shifoxonada bola jarroh, anesteziolog, ginekolog, UTT (UZI) diagnostikasi mutaxassisi koʻrigidan oʻtadi. Koʻrsatma boʻlsa jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi.


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x