Ureaplazmoz va mikoplazmoz qanday kasallik?

Ureaplazmoz va mikoplazmoz – siydik ayiruv tizimi aʼzolari infeksion kasalligi boʻlib, ularning qoʻzgʻatuvchilari bir birdan farq qiladi, ammo klinik kechuvida oʻxshashliklar koʻp. Erkaklarda uretrit belgilari namoyon boʻlsa, ayollarda esa parauretrit va vulvit belgilari, bachadon boʻyni psevdoeroziyasi belgilari bilan yuzaga chiqadi. Kasallik oʻz vaqtida davolanmasa surunkali shakliga oʻtadi.

Ureaplazmoz

Yalligʻlanish jarayoni ichki jinsiy aʼzolarini ham qamrab oladi, ogʻir holatlarda bepushtlikka olib keladi. Kam holatlarda mikoplazmoz sistit va piyelonefrit ham shakllanishi mumkin. Bundan tashqari mikoplazma bilan teri, ichki aʼzolar va boʻgʻimlar ham zararlanishi mumkin.

Ureoplazmoz va mikoplazmoz – juda kichik oʻlchamga ega boʻlgan, viruslar va bakteriyalar orasida turuvchi, mikoplazma oilasiga mansub boʻlgan mikroorganizmlar tomonidan kelib chiqadigan kasallikdir. Ularda DNK va membrana boʻlmaydi, shu sababli boshqa organizm hujayralari ichida hayot kechiradi, koʻpincha siydik ayiruv tizimi, nafas yoʻllari, oshqozon ichak tizimi shilliq qavatida, eritrotsitlar, spermatozoidlar, makrofaglarga ham yopishib olishi mumkin. 

Mycoplasmataceal oilasiga: Mycoplasma (100 dan ortiq turi bor) va Ureaplasma (2 turi bor) urugʻi kiradi. Koʻpchilik mikoplazmalar kasallik chaqirmaydi. Inson organizmida 14 ga yaqin kasallik chaqirmaydigan (saprofit) mikoplazmalar, 4 ta – Ureaplasma urealyticum (ureaplazma), Mycoplasma hominis, Mycoplasma pneumoniae, Mycoplasma genitalium turlari kasallik chaqiradi.

Ureaplazmalar – mikoplazmalarning alohida turi boʻlib, oʻziga xosligi shundaki ular mochevinani parchalash xususiyatga ega. Siydik ayiruv tizimida yalligʻlanish chaqirib ureaplazmozga sabab boʻladi. Ammo, ushbu mikroorganizm har doim ham kasallik chaqiravermaydi, buning uchun maxsus sharoit kerak boʻladi. 

Koʻpincha ureaplazmoz kasalligi jinsiy yoʻl bilan yuquvchi boshqa kasalliklar bilan birgalikda yuzaga chiqadi (gonokokk, xlamidiylar, trixomonadalar, Gardnerella, gerpes virusi) yoki disbakterioz holatlarda ham kasallik rivojlanish ehtimoli yuqori boʻladi (75-80 % holatlarda). Bunday holat miks infeksiya deb ataladi va mikroorganizmlar dori preparatlarga chidamli boʻlishda bir biriga “koʻmaklashadi”, yaʼni kasallik yaqqol namoyon boʻlishi kerak boʻlgan belgilar biroz oʻzgacha yuzaga chiqadi.

Ureaplazmoz – jinsiy yoʻl bilan yuquvchi kasallik hisoblanadi. Kasallik koʻpincha surunkali shaklda kechadi. belgilarsiz, “tinch” yotgan ureaplazmoz xuruji inson immun tizimi pasayganda (sovuq qotish, stress, jarrohlik amaliyotlari, surunkali boshqa kasalliklar, homiladorlik) siydik ayiruv tizimi shilliq qavatlari hujayralariga kirib oladi va faol koʻpayadi. Ureaplazmalar kislorodni yutib yuboradi va anaerob mikroblar koʻpayishiga sharoit yaratib beradi.

Erkaklarda kasallik koʻpincha siydik pufagi, uretra, prostata, moyaklar, ayollarda esa qin, bachadon va bachadon boylamlarini zararlaydi. Ureaplazmoz taʼsirida spermatozoidlar harakat faolligi kamayadi (ureaplazma ajratib chiqaradigan fermentlar spermatozoidlar membranasini parchalaydi).

Ureaplazmoz natijasida bepushtlik kelib chiqishi, ovulyatsiya va spermatogenez jarayoni buzilishi mumkin. Bundan tashqari ureoplazmoz asoratlariga homiladorlikdagi patologiyalar, muddatidan avval tugʻruq roʻy berishi kabi holatlar kiradi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi bachadonda oʻtkir yalligʻlanish jarayoniga sabab boʻladi (endometrit), natijada tugʻruq kesarcha kesish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.

Ushbu kasallik 14-29 yoshdagi insonlarda koʻp qayd etiladi. Bunga sabab aynan mana shu yoshlarda insonlar jinsiy faol boʻladilar va tartibsiz jinsiy aloqa yoʻli bilan oʻzlariga infeksiyani yuqtirib oladilar. 

Ureaplazmoz rivojlanishida xavf omillariga jinsiy hayotni erta yoshlarda boshlash, tartibsiz jinsiy aloqa, avval oʻtkazilgan tanosil kasalliklari. Ureaplazma asosan jinsiy yoʻl bilan, kam holatlarda shaxsiy gigiyena vositalari orqali, homilador onadan zararlangan homila suyuqligidan tugʻruq vaqtida bolaga yuqishi mumkin.  Yashirin davri oʻrtacha 2-3 haftani tashkil etadi.

Ureaplazmoz oʻtkir, surunkali va tashuvchi koʻrinishida kechadi. koʻpincha ayollar infeksiya tashuvchisi boʻlib hisoblanadilar, hatto ayrim ayollar qin mikroflorasida ureaplazma topiladi.

Ureaplazmoz belgilari

Ureaplazmoz kasalligida belgilar kam namoyon boʻladi, koʻpincha kasallik simptomlarsiz kechadi (tashuvchi ayollarda). Ureaplazmoz belgilari boshqa urogenital kasallik belgilari bilan oʻxshashdir.

Erkaklarda ureaplazma siydik pufagi, uretra, moyaklarni zararlaydi.
Bunda quyidagi belgilar namoyon boʻladi:

  • Kunning tongi qismida siydik yoʻlidan ajralmalar kelishi;
  • Peshob ajratish vaqtida ogʻriq va achishish hissi;
  • Prostatitga xos boʻlgan belgilar;
  • Orxoepidemit.

Erkaklarda uretrit nogonokkok koʻrinishida kechadi, yaʼni uzoq muddat davom etadi (olatdan keladigan ajralmalar maʼlum bir muddat toʻxtab, soʻng qayta namoyon boʻladi).

Ayollarda ureaplazmoz quyidagi belgilar bilan namoyon boʻladi:

  • Surunkali kolpit belgilari: qindan keladigan shaffof yoki xira boʻlgan ajralamalar kelishi, peshob ajralishining koʻpayishi;
  • Jinsiy aloqa vaqtida ogʻriq boʻlishi, achishish hissi;
  • Qorinning pastki sohasida ogʻriq – kuchli, baʼzida oʻz oʻzidan oʻtib ketuvchi va qaytalanuvchi xarakterga ega boʻladi.

Koʻpincha ureaplazmoz belgilarsiz kechishi sababli, kech aniqlanadi va asoratlar rivojlangan boʻladi.

Diagnostika

Ureaplazmoz uchun spetsifik simptomlar xos boʻlmaganligi sababli, klinik belgilarga asoslanib ureaplazmoz tashxisi qoʻyish mumkin emas. Hozirgi kunda ureaplazmoz tushunchasi asosida urogenital aʼzolar yalligʻlanishi kuzatilgan holda, tekshiruvda ureaplazma urealitikum aniqlanishi yotadi.

Zamonaviy tekshiruv usullari oʻylab topilgan boʻlsada ureaplazmoz qoʻzgʻatuvchisini aniqlash qiyinchilik tugʻdiradi, bunga sabab ularning hujayra ichida hayot kechirishidir. Mikroskop ostida mikroorganizmni aniqlash qiyin, shunchaki leykotsitar hujayralar soni oshganligi aniqlanadi.

Teri-tanosil kasalliklari mutaxassislari ureaplazmoz diagnostikasida quyidagilardan foydalanadilar:

  • Diagnostik usul;
  • Mikrobiologik usul;
  • Serologik usul;
  • PZR (PSR);
  • Genetik zond usuli;
  • Bevosita immunofluoresensensiya (RIV) va immunofermen analizi (IFA).

Tekshiruvdan har ikkala juft aʼzolari oʻtishlari kerak, hatto ularda kasallik klinik belgilari boʻlmasa ham. Ureaplazmoz kasalligini faqatgina shifokor kerakli tekshiruvlar oʻtkazgach aniqlay oladi.

Ureaplazmoz davosi

Ureaplazmoz davosida urogenital soha mikroflorasini tiklash va anaerob infeksiyalar faoliyatini toʻxtatish muhim hisoblanadi. Ureaplazmalarning oʻziga xos xususiyati – ayrim antibiotiklarga sezuvchanligining yoʻqligidir (penitsillin, sefalosporinlar).

Mikroorganizmlar sezuvchanligi yuqori boʻlgan guruhlar quyidagilar:

  • Tetratsiklinlar: tetratsiklin, doksitsiklin;
  • Makrolidlar: makropen, roksitromitsin, klaritomisin, azitromisin, eritromisin;
  • Linkozamidlar: linkomisin, klindamisin;
  • Immunomodulyatorlar (timus ekstrakti, lizotsim, levamizol, metilurasil).

Bundan tashqari davo muolajalarida zamburugʻlarga qarshi va sodda organizmlarga qarshi preparatlar ham buyuriladi. Normal mikroflorani tiklash uchun bifido va laktobakteriya saqlovchi preparatlar qoʻllaniladi.

Homiladorlar ayollar ureaplazmoz bilan kasallangan boʻlsa, homiladorlik muddati 22 haftasidan boshlab antibiotiklar bilan davolash mumkin. 

Ureaplazmoz davo muolajalari bilan birgalikda diyetaga rioya etish, sut va sut mahsulotlarini koʻproq isteʼmol qilish, vitaminlar qabul qilish hamda organik yogʻlar, dudlangan, qovurilgan, achchiq va oʻtkir mahsulotlar, spirtli ichimliklar isteʼmol qilmaslik zarur.

Davolanish vaqtida jinsiy aloqaga kirishish mumkin emas.

Oshqozon ichak tizimini sorbentlar bilan tozalash, vitaminlar ayniqsa B va C guruhiga kiruvchi preparatlar, gepatoprotektorlar hamda oʻt haydovchi vositalardan foydalanish ham muhim hisoblanadi.

Kasallik davosi bemor individual xususiyati, kasallikning bosqichi va ogʻirlik darajasiga qarab shifokor nazorati ostida olib boriladi. Muolajalar oʻrtacha 2 hafta davom etadi. Ureaplazmoz butunlay davolanadi, muolajalardan soʻng 1-2 oy oʻtgach ureaplazmoz aniqlanmasligi davoning samarasidan dalolat beradi.

Antibiotiklar bilan ureaplazmozni davolash juda samarali hisoblanadi, ammo normal mikroflora buzilishini ham inobatga olish kerak boʻladi.

Davolarsiz ureaplazmoz xuruj qilishi mumkin, organizm zaiflashganda – shamollash, stress, spirtli ichimliklar ichish va boshqa holatlarda infeksiya oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Ayollarda surunkali ureaplazmoz davo muolajalarsiz bachadon boylamlari spaykasiga sabab boʻladi, yaʼni ayolda bepushtlik, bachadondan tashqari homiladorlik roʻy berishi mumkin.

Homilador ayollarda esa infeksiya homilaga yuqishi, homiladorlik asoratlarini rivojlanishiga sabab boʻladi. Kasallikning oqibati – davo muolajalari oʻz vaqtida va toʻgʻri olib borilgan boʻlsa ijobiydir.


Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.

Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.

Hoziroq bepul yuklab oling

4 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x