Ayollarda genital gerpes – oddiy gerpes virusi 1, 2 keltirib chiqaruvchi jinsiy yoʻllar shilliq qavatini zararlanishi bilan kechadigan kasallik. Urogenital sohada vezikulyar toshmalar toshishi, eroziyalar hosil boʻlishi, ekssudatsiya, achishish va ogʻriq hissi kasallik klinik belgilaridir.
Koʻpincha umumiy ahvol oʻzgarishi: isitma, holsizlik, uyquning buzilishi ham kuzatiladi. Genital gerpes diagnostikasida viruslarni aniqlab beruvchi tekshiruv usullari oʻtkaziladi (PZR, hujayra kulturasida OGV ni oʻstirish, IFA analizi). Kasallik davosida immunitetni ragʻbatlovchi va viruslarga qarshi qoʻllaniladigan preparatlardan foydalaniladi.
Ayollarda genital gerpes – gerpetik infeksiyaning bir koʻrinishi boʻlib, mahalliy oʻzgarishlar genital sohalarda kuzatiladi. Virus jinsiy yoʻl orqali yuqishi inobatga olib kasallikni ginekologik hamda venerologik deb qarasa ham boʻladi. Kasallik inson hayoti oxirigacha kechishi va xuruj qilib turishi bilan xavflidir. Jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalar orasida gerpes virusi uchinchi oʻrinda turadi.
Ayollar genital gepres virusi bilan erkaklarga nisbatan ikki barobar koʻproq zararlanadilar. Kasallikning eng koʻp qayd etiladigan yosh 20-24 va 35-40 yoshlar oraligʻi hisoblanadi. Ayollar jinsiy aʼzolar tizimi gerpes virusi bilan doimo zararlangan boʻladi, ammo virus ayrimlarda oʻz taʼsirini koʻrsatadi, ayrimlarda esa belgilarsiz oʻz haot faoliyatini davom ettiraveradi. Shunday boʻlsada, yashirin gerpes virusi ham ayollarda jiddiy asoratlarga sabab boʻlishi mumkin, masalan homila tushishi, homila infeksiyalanishi, homiladorlik roʻy bermasligi, tugʻma nuqsonlar.
Genital gerpes sabablari
Tekshiruvlarga koʻra, 70 % dan koʻp holatlarda kasallik qoʻzgʻatuvchisi OGV 2 tipi va 30 % holatlarda OGV 1 tipi boʻlib hisoblanadi. Gerpes tashuvchisi va manbasi boʻlib kasallangan inson yoki latent shaklda viruslarni tashuvchi insonlar boʻlib hisoblanadi. Infeksiyaning yuqishi asosan jinsiy aloqa yoʻli bilan amalga oshadi, bunda noodatiy jinsiy aloqa usullari ham kasallik qoʻzgʻatuvchisi yuqishiga olib keladi (oral-genital, anal-genital, genital). Kam holatlarda virus maishiy vositalar orqali yuqadi (gigiyena vositalari) va tibbiy yoʻl (tibbiyot asboblari, qoʻlqoplar) ham virus yuqishiga sabab boʻlishi mumkin. Bundan tashqari virus bilan zararlash inson oʻzi tomonidan ham roʻy berishi mumkin, masalan ogʻzi boʻshligʻidagi viruslarning jinsiy yoʻllarga oʻtishi. OGV uchun kirish darvozasi jinsiy aʼzolar shilliq qavatlaridir.
Infeksiya yuqishida xavf omillariga jinsiy hayotning boshlanishi, himoyalanmagan jinsiy aloqa va tartibsiz jinsiy aloqaga kirishish kabilar kiradi. Yashirin kechuvchi gerpes virusi yuqish ehtimoli 75-80 % ni tashkil etadi. Genital gerpes koʻpincha boshqa jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklar bilan birga kechadi, ayniqsa gonoreya (soʻzak) kasalligi bilan. Bundan tashqari gerpes natijasida hosil boʻlgan eroziya va shilliq qavat mikrotravmalar OIV-infeksiyasi yuqishini osonlashtiradi.
Gerpes virusi shilliq qavatlar orqali organizmga kirgach gemotogen yoki transnevral yoʻl orqali paravertebral gangliylarga joylashib oladi va inson butun umri davomda saqlanib qoladi. Turli xil omillar taʼsirida (stress, shamollash, charchash, hayz koʻrish vaqtida va boshqalar) latent virusning yuzaga chiqishi roʻy beradi. Aksonlar orqali gerpes virusi jinsiy aʼzolar shilliq qavatiga boradi va genital gerpes klinik belgilarini yuzaga chiqaradi.
Klassifikatsiyasi
Klinik holat va kasallik kechishiga qarab quyidagicha tasniflash mumkin:
- Birlamchi genital gerpes – kasallikka tashxis qoʻyilgan vaqtda gepres virusi bemorni umuman bezovta qilmagan boʻladi, OGV ga qarshi antitelo qonda aniqlanmaydi;
- Genital gerpes ilk namoyon boʻlishi – gerpes virusi ekstragenital sohalarda ilgari namoyon boʻlgan, qonda OGV ga qarshi antitelo shakllangan, ammo virus jinsiy aʼzolarni ilk marotaba zararlagan holat;
- Xurujlanuvchi genital gerpes – genital gerpes belgilari qayta namoyon boʻlib turishi;
- Belgilarsiz kechuvchi genital gerpes – bemorda gerpes belgilari yuzaga chiqmagan ammo, bemor jinsiy aloqa vaqtida sherigini zararlash ehtimoli bor.
Ayollarda genital gerpes ogʻirlik darajasi kasallik klinik belgilari namoyon boʻlishi soniga asoslanib farqlanadi: yengil daraja – kasallik xuruj qilishi yil davomida 1-3 marotaba roʻy beradi; oʻrtacha ogʻirlik – yil davomida 4-6 marotaba; ogʻir daraja – klinik belgilar har oyda yuzaga chiqadi.
Kasallik lokalizatsiyasi va tarqalganlik darajasiga qarab 3 ta bosqichga boʻlinadi:
- Oraliq va tashqi jinsiy aʼzolar shilliq qavatlari zararlanishi (gerpetik vulvit);
- Qin, bachadon boʻyni, uretra zararlanishi (gerpetik vulvovaginit, uretrit, kolpit, endoservitsit);
- Bachadon, bachadon naylari, siydik pufagi zararlanishi (gerpetik endometrit, salpingit, sistit).
Jinsiy va siydik chiqaruv aʼzolaridan tashqari yalligʻlanish jarayoni anal kanali va toʻgʻri ichak ampulasini ham qamrab olishi mumkin.
Ayollarda genital gerpes belgilari
Birlamchi genital gerpes
Birlamchi genital gerpes kechishida 5 ta davr farqlanadi:
- inkubatsion;
- prodromal;
- toshmalar;
- tiklanish;
- bitish.
Inkubatsion davr – infeksiyaning yashirin holatda boʻlishi 2 sutkadan 14 sutkagacha davom etishi mumkin. Bu davrda virus jadal replikatsiyalanadi va klinik belgilar yuzaga chiqmaydi. Prodromal davrda mahalliy va umumiy klinik belgilar yuzaga chiqa boshlaydi.
Umumiy holsizlik, tana haroratining subfebril darajaga koʻtarilishi, mushaklarda ogʻriq kuzatiladi. Lokal belgilardan qichishish va tashqi jinsiy aʼzolar sohalarida parezlar, dizuriya holatlari namoyon boʻladi.
Toshmalar davrida – shilliq qavatlarda gerpes virusiga hos boʻlgan vezikulyar toshmalar toshadi. Pufakchalar diametri 2-3 mm.ni tashkil etadi, guruh-guruh boʻlib joylashadi va oʻzida shaffof suyuqlik saqlaydi. Sekin astalik bilan boshqa toshma elementlari hosil boʻla boshlaydi.
Umumiy belgilar toshma toshish davrida kamayadi, ammo mahalliy belgilar qichishish, shish, ogʻriq, achishish hissi saqlanib qoladi. Bu davrda bemor uyqusi buzilgan, nevrotik holatlar kelib chiqadi. Toshmalar toshish davri oʻrtacha 7-10 kun davom etadi.
Tiklanish davrida pufakchalar xiralashadi, yoriladi va eroziyalar hosil boʻladi. Baʼzida pufakchalar oʻrnida yarachalar paydo boʻladi, ularning chuqurligi 1 mm.ni tashkil etadi. Yakka eroziyalar kengayib eroziv oʻchoqlarni hosil qilishi mumkin, eroziyalar ogʻriqli, qonamaydi ammo yiringli karash bilan qoplangan boʻlishi mumkin.
Bitish davrida umumiy va mahalliy belgilar kamayadi. Eroziya-yarali oʻchoqlar sekin asta bita boshlaydi, epitelizatsiyalanish boshlanadi. Yaralar bitganidan soʻng chandiq hosil boʻlmaydi, ammo maʼlum bir vaqt davomida giperemiyalangan yoki giperpigmentatsiya holatida saqlanib turishi mumkin.
Qaytalanuvchi genital gerpes
Qaytalanuvchi genital gerpes tipik (yashirin) yoki atipik shaklda kechishi mumkin. Tipik shaklida vezikulo-eroziyali toshmalar tashqi jinsiy aʼzolarda paydo boʻladi. Qaytalanish davri 7-10 kunni tashkil etadi. Atipik kechuvida esa shish, qichishish yoki subklinik belgilar qoʻshiladi.
Shishlar vulva sohasida diffuz giperemiyalanish koʻrinishida namoyon boʻladi. Qichishish esa shilliq qavatlar chuqur yaralari va eroziyalari taʼsirida yuzaga chiqadi. Subklinik belgilar esa jinsiy aʼzolarda paydo boʻladigan belgilarning barchasi namoyon boʻlishi mumkin, ammo ancha kuchsiz baʼzida belgilarsiz kechishi ham mumkin.
Atipik shakllariga yana quyidagilar ham kiradi: vuvodiniya, psevdoeroziya, bachadon boʻyni leykoplakiyasi, kondiloma va chanoq ganglionevriti. Genital gerpes radikulopatiya, ishuriya, meningit, gepatit va boshqa aʼzolar zararlanishi bilan asoratlanishi mumkin. Genital gerpesdan aziyat chekuvchi ayollarda bachadon boʻyni oʻsma kasalliklari rivojlanish ehtimoli yuqori boʻladi.
Kasallik diagnostikasi
Kasallik tashxisotida bemor anamnezi, shikoyatlari, ginekologik koʻruv, biologik ajralamalardan naʼmuna olish hamda laborator analizlardan foydalaniladi.
Diagnozni aniq qilish uchun viruslarni aniqlab beruvchi usullar PZR, IFA, virus kulturasini hujayrada oʻstirish kabi tekshiruvlar oʻtkazilishi kerak. Tekshiruv uchun qon, vezikula ichidagi suyuqlik, urogenital yoʻllardan olingan surtma olinadi.
Ginekologik koʻruvda kasallik oʻtkir kechuvida toshmalar va tashqi jinsiy yoʻllarda eroziyalar aniqlanadi. Genital gerpes dermatit, qoʻtir, qizil lishay, yuqumli mollyuska, streptokokkli impetigo, zahm va boshqa jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalar bilan differensatsiya qilinadi.
Genital gerpesni davolash
Hozirgi kunda OGV ni organizmdan toʻliq chiqarib yuboruvchi dori preparati oʻylab topilmagan. Shu sababli medikomentoz davo muolajalari kasallik xurujlarini kamaytirish hamda klinik belgilarni bartaraf etishga qaratiladi. Eng asosiysi jinsiy aloqaga kiruvchi juft ham tekshirilishi kerak.
Hozirgi kunda OGV ni organizmdan toʻliq chiqarib yuboruvchi dori preparati oʻylab topilmagan. Shu sababli medikomentoz davo muolajalari kasallik xurujlarini kamaytirish hamda klinik belgilarni bartaraf etishga qaratiladi. Eng asosiysi jinsiy aloqaga kiruvchi juft ham tekshirilishi kerak.
Etiopatogenetik davo maqsadida viruslarga qarshi preparatlar (atsiklovir, valatsiklovir, famsiklovir) qoʻllaniladi. Preparat dozasi va davomiyligi kasallik ogʻirlik darajasi va shakliga qarab belgilanadi. Qoʻshimcha sifatida mahalliy qoʻllaniladigan viruslarga qarshi gel, krem, maz va aerozollar ham buyuriladi. Yoriqlar va eroziyalarni antiseptiklar bilan qayta ishlash mumkin.
Immun tizimini ragʻbatlash uchun interferon preparatlari qoʻllaniladi. Qaytlanuvchi shaklida kechuvchi gerpetik kasalliklarga qarshi emlanish mumkin. Bunga koʻrsatma – homiladorlar, boshqa infeksiyalarga ham moyil boʻlgan ayollar boʻlishi mumkin.
Genital gerpes profilaktikasi jinsiy yoʻl orqali yuqadigan boshqa infeksiyalar kabi olib boriladi, yaʼni jinsiy aloqaga kirish tartib qoidalariga rioya qilish, jinsiy juftni faqatgina yagona inson bilan olib borish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish kabilar.
Homiladorlik va genital gerpes
Genital herpes virusi yo’ldosh orqali oʻtishi mumkin, bu esa homilaning rivojlanayotgan nerv toʻqimalariga taʼsir qiladi. Ayniqsa, homiladorlikning dastlabki uch oyligida chaqaloqning ichki organlari shakllanayotgan davrda virusning taʼsiri juda xavflidir.
Bundan tashqari, genital gerpes homila tushishi va erta tug’ilish xavfini keskin oshiradi. Tug’ruq vaqtida virusni onadan bolaga o’tishini oldini olish maqsadida shifokor kesarcha kesish o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar homilaga infektsiya yuqsa, virus bolaning ko’zlarini, terisini, shilliq qavatlarini va yurak-qon tomir tizimiga ta’sir qilishi, zararlashi mumkin. Davolash amalga oshirilmasa, afsuski zararlangan chaqaloqlarning o’lim ko’rsatkichi oshishi mumkin.
Jinsiy aloqa va genital gerpes
Boshqa jinsiy yo’l orqali yuqadigan kasalliklar kabi genital gerpes bilan zararlanishni oldini olishning asosiy usuli – bu prezervativ. Ammo agar kasallangan jinsiy sherikning genital hududida kasallik keng tarqalgan boʻlsa, prezervativ ham qarshi himoya qila olmaydi. Agar genital gerpes virusi ikkala hamkorda topilgan boʻlsa, davolanish bir vaqtning oʻzida amalga oshirilishi kerak, bu infeksiya bilan muvaffaqiyatli kurashish imkoniyatini oshiradi.
Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.
Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.