HAYVONLARNI TASVIRLASH USLUBI — ibtidoiy davr sanʼat namunalaridagi uslub. Osiyo va Yevropaning qad. amaliy bezak sanʼatida keng tarqalgan. Ayrim hayvonlar (bugʻu, ot, ayiq va b.), ularning tana qismlari (koʻz, bosh, shox va b.) tasviri, shuningdek, bir necha hayvonlar tas-viridan iborat murakkab kompozitsiyalar yaratish sanʼati jez davrida yuzaga kelgan, temir davrida keng tarqalgan. Uslubning kelib chiqishi hayvonlarni muqaddaslashtirish bilan bogʻliq boʻlib (q. Totemizm), keyinchalik bu tasvirlar shartli bezakkagina aylangan. Ibtidoiy sanʼat namunalari — mayda va mahobatli haykallar ushbu uslubning ilk namunalaridir. Hayvonlarni tasvirlash uslubi dastlab qurollar va ot ab-zallari bezagida, keyinchalik zargarlik sanʼatida koʻp uchraydi. Eng qad. namunalari Mesopotamiya (mil. av. 3-ming yillik), Gʻarbiy Osiyo (mil. av. 2-ming yillik)da maʼlum; Oʻrta Osiyoda mil. av. 1-ming yillikda yuzaga kelgan. Ayrim tadqiqotchilar fikriga koʻra, eng rivojlangan holati skiflar, saklar, frakiyaliklar va b. sanʼa-tidir. Jumladan, Eron va Gʻarbiy Osiyo sanʼati (Qora dengiz boʻylarida yunon sanʼati) taʼsirida shakllangan skif madaniyatiga tabiatni nozik his etish, hayvon shakli va harakatlarini aniq berish xos: ularda oʻsimlikxoʻrlar, vahshiy hayvonlar va qushlar, afsonaviy maxluqlar (grifonlar) tasviri koʻp uchraydi. Metallarni oʻyib, quyib ishlash, yogʻoch va suyak oʻymakorligi, teri va kigizlardan quroq (applikaiiya) qilish usullari qoʻllanilgan. Mil. 1-ming yillikda ushbu uslub oʻz ahamiyatini yoʻqota bordi, bunga ayniqsa Gʻarbda xristian dini, Sharqda islom dinining tarqalishi kuchli taʼsir koʻrsatdi. Oʻrta asrlar amaliy sanʼatidagina hayvonlarni tasvirlash davom etdi.
Oʻzbekiston hududida, ayniqsa amaliy sanʼatda ushbu uslub taʼsirini, zargarlik va kandakorlik buyumlari bezaklarida, roʻzgʻor idishlari bezaklari (ayrim qismlari)da hayvonlar shakllari ishlanganini koʻrish mumkin (yana q. Animalistika).