HARBIY NIZOM, Harbiy Ustav — qurolli kuchlar va qoʻshin turlarining qoʻshilma, qism va boʻlinmalaridan jangovar harakatlarda foydalanish tamoyillari, ularning maqsadlari, vazifa va usullarini, harbiy xizmatchilarning majburiyatlarini, ular orasidagi oʻzaro munosabatlarni, kundalik turmush faoliyatini. harbiy xizmatni tashkil etish, oʻtash yoʻl-yoʻriqlarini izga soluvchi hamda odob-axloq normalarini va harbiy nizomni mustahkamlash asosini belgilab beruvchi rasmiy meʼyoriyhuquqiy hujjat.
Harbiy Nizom jangovar va umumharbiy turlarga boʻlinadi. Jangovar Nizomlar qurolli kuchlar qism va boʻlinmalari turlarining jangovar tayyorgarlik asoslari hamda jangovar harakatlarni olib borishni belgilab beradi. Umumharbiy Nizomlar harbiy xizmatchilarning oʻzaro munosabatlari, ularning umumiy va lavozimga oid majburiyatlari, huquqlari, ichki, garnizon va qorovullik xizmatlarini oʻtash tartiblari va b. ni belgilovchi qurolli kuchlarning hamma turlari uchun umumiy majburiy qoidalardir.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat, intizom, garnizon va qorovullik xizmatlari Nizomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-y. 9 okt. dagi farmoni b-n, Saf nizomi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 1996-y. 14 okt. dagi 238-sonli buyrugʻi bilan joriy etilgan.